Majburiy mehnatsiz mavsum haqiqatan shundaymi yoki…?

34

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev­ Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida so'zlagan nutqida O'zbekis­tonda bolalar mehnati va majburiy mehnat batamom tugatilganini e`lon qilgandan buyon o'tgan yillar mobaynida barcha sohalarda majburiy mehnatning oldini olish va unga to'liq barham berish maqsadida qator huquqiy hamda amaliy chora-tadbirlar ko'rildi. Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik yangi bosqichga ko'tarilib, ushbu tashkilotning bir qancha asosiy konvensiyalari ratifikasiya qilindi. XMT ekspertlari ishtirokida ­qishloq xo'jaligida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanish yuzasidan monitoring o'tkazildi.
Ko'rilgan chora-tadbirlar va kuzatishlar bolalar mehnatiga to'liq barham berish, shuningdek, majburiy mehnatning oldini olish va unga yo'l qo'ymaslik uchun yetarli me`yoriy-huquqiy bazani shakllantirish imkonini berdi. Buni jahon hamjamiyati, XMT, Jahon banki va Yevroparlament yuqori baholadi.
Ammo, afsuski, ayrim hokimlar va mansabdor shaxslar tomonidan ta`lim, sog'liqni saqlash va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini obodonlashtirish, qishloq xo'jaligidagi ishlarga majburiy jalb etish, mehnat qonunchiligini buzish, xizmat mavqeini sui­iste`mol qilish, xodimlarga do'q-po'pisa qilish kabi holatlar hamon kuzatilmokda.
Vaholanki, amaldagi qonunlarda xodimlarni majburiy mehnatga jalb etgan shaxs­larga nisbatan javobgarlik, jazo choralari aniq belgilab qo'yilgan.

Aytish mumkinki, bugun yurtimizda bolalar mehnatiga barham berildi, majburiy mehnatni yo'q qilishga qaratilgan muhim qarorlar qabul qilindi. Natijada ko'p narsa o'zgardi. Masalan, qo'lda terilgan bir kilogramm paxta uchun 2016 yilda 260 so'm to'langan bo'lsa, joriy yilda bu ko'rsatkich 800 so'mni tashkil etmoqda. Mehnatga to'lanadigan haqning sezilarli darajada oshirilishi, birinchidan, majburiy mehnatning oldini olishda muhim asosiy omillardan biri bo'lib xizmat qilgan bo'lsa, ikkinchidan, mavsum asnosi terimchilarning qo'shni respublikalarga chiqib ketishiga chek qo'yildi.
Agrosanoat majmui xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi va uning tuman, shahar kengashlari joylarda paxta terimi mavsumi oldidan majburiy mehnatga oid qonunchilik, xalqaro konvensiyalar va mehnat standartlarining mazmun-mohiyati haqida keng targ'ibot ishlarini amalga oshirdi. O'tkazilgan 300 dan ortiq uchrashuv va davra suhbatlarida 5000 nafardan ziyod ishtirokchilarga atroflicha tushunchalar berildi.
Bundan tashqari, O'zbekiston fermer, dehqon xo'jaliklari va tomorqa yer egalari Kengashi bilan tuzilgan kelishuvga muvofiq, har haftada o'quv-mashg'ulotlari tashkil etilmoqda. Shu kungacha qariyb 420 nafar tinglovchi o'qitildi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashining 2019 yil 9 sentyabrdagi «2019 yilgi paxta yig'im-terimi mavsumida terimchilar uchun shart-sharoitlar yaratib berilishi, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik bo'yicha kasaba uyushmalarining jamoatchilik nazoratini tashkil qilish to'g'risida»gi qaroriga asosan hududlarda monitoring o'tkazilib, bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.
Mavsum davomida asosan 3 ta muhim yo'nalishga e`tibor qaratildi.
Birinchisi, terimchilar uchun yaratilgan shart-sharoitlar, jumladan, toza ichimlik suvi ta`minoti, ovqatlanish joyi, hojatxona, yuvinish xonasi talab darajasida bo'lishi, mehnatga haq to'lanishi kabi masalalar yuzasidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirish;
Ikkinchisi, yig'im-terim mavsumida terimchilar uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, mavsum davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik yuzasidan nodavlat-notijorat tashkilotlar vakillari ishtirokida Milliy monitoring o'tkazish hamda amalga oshiriladigan ishlar yuzasidan kunlik ma`lumotlar berib borilishini ta`minlash;
Uchinchidan esa paxta mavsumida kasaba uyushmalari Federasiyasi va viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalaridagi yuridik klinika hamda qayta aloqa mexanizmi faoliyatining tun-u kun uzluksiz rejimda ishlashi yo'lga qo'yildi.
Barcha hududlarda fermer xo'jaligi rahbari va xodim o'rtasida mehnat shartnomasi tuzilishini ta`minlash, har bir ishchi-xodim uchun mehnat daftarchasi yuritilishini nazorat qilish, terimda ishtirok etish orqali qo'shimcha daromad olishni maqsad qilganlar uchun imkoniyat yaratish, paxta yig'im-terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatdan foydalanmaslik, ta`lim va sog'liqni saqlash muassa­salari xodimlari, umumta`lim maktab­lari o'quvchilarining terimda ishti­rok etishiga qat`iyan yo'l qo'ymaslik yuzasi­dan ta`sirchan nazorat o'rnatilmoqda.
Joriy yilgi paxta yig'im-terim mavsumini uyushqoqlik bilan tartibli o'tkazishga jiddiy e`tibor qaratilmoqda. Hudud­lar­da uyushmagan aholidan iborat terim otryadlari tashkil etildi. Otryadlarga obro'-e`tiborli shaxslarni tanlab olish, ularga byudjet hisobidan 2 million so'mdan ish haqi berish, otryadlarda terimchilarning soni 50-70 nafardan oshmasligiga alohida e`tibor qara­tilayotir.
Bundan tashqari, shu yil 24 sentyabr kuni O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasida Xalqaro mehnat tashkilotining «O'zbekistonda munosib mehnat bo'yicha mamlakat dasturini bajarishga ko'maklashish» loyihasi doirasida «2019 yil paxta yig'im-terimi mavsumida bolalar mehnati va majburiy mehnatga yo'l qo'ymaslik bo'yicha Milliy monitoringni o'tkazishga oid uslubiyot va tashkiliy-texnik sharoitlar» mavzusida seminar-trening tashkil etildi.
Tadbirda so'zga chiqqanlar majburiy mehnatga barham berish borasida XMT va O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi hamkorligi haqida to'xtalib, oxirgi ikki yil ichida terim pullarining sezilarli darajada oshirilishi, O'zbekistonda mahalliy huquq himoyachilari faoliyatiga ruxsat berilishi ijobiy natijalar berayotganligini alohida ta`kidlashdi. Bundan tashqari, milliy monitoringda ishtirok etish uchun bu yil chet el kasaba uyushmalari tashkilotlari vakillarining taklif qilingani va Federasiya tizimidagi «Qayta aloqa mexanizmi» faoliyati namunali yo'lga qo'yilgani ijobiy baholandi.
Bir so'z bilan aytganda, xorijiy ekspertlar paxta mavsumi vaqtida majburiy mehnatga yo'l qo'yilmaslik holatiga yuqori baho berishdi.

Alijon
ABDURAHMONOV,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar