“Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” Respublika tanlovi. Avtomashinalar kimga nasib etarkin?

307

Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatrida “Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” tanlovi respublika bosqichi g'oliblarini taqdirlash marosimi boshlanmoqda. Ayni daqiqalarda ishtirokchilar tantanali kutib olinyapti.

Eslatib o'tamiz, bir muddat oldin O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan respublikamizdagi umumiy o'rta ta`lim maktablarida boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi sifatida faoliyat ko'rsatayotgan o'qituvchilar o'rtasida “Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida” respublika tanlovi o'tkazilishi e`lon qilingan edi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev huzurida 2019 yilning 23 avgust kuni “Yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va jamiyatda o'qituvchi mavqeini oshirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi mavzuga bag'ishlab kengaytirilgan tarzda o'tkazilgan yig'ilishda belgilab berilgan vazifalarning to'laqonli amalga oshirilishiga, xususan, maktab ta`limini rivojlantirish, ustozlarga yuksak hurmat-ehtirom ko'rsatish, ular ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish borasidagi ishlarga munosib hissa qo'shish maqsadida tashkil etilib, 3 bosqichda o'tkazilgan mazkur tanlovda umumta`lim maktablarida kamida 20 yillik pedagogik, boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi sifatida esa kamida 10 yillik ish stajiga ega bo'lgan pedagoglar qatnashdi.

Jonkuyar, o'z kasbining fidoyisi bo'lib, tanlovning respublika bosqichi g'olibligiga qadar bosqichga yetib kelgan bir guruh ustozlar shu damda hayajonli onlar ostonasida turibdi. Sababi ular O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan diplom va qimmatbaho sovg'alar bilan taqdirlanadi. Xususan, 1-o'ringa munosib deb topilgan  soha xodimi “Spark” avtomobili, 2o'rinni egallagan ishtirokchi “Samsung” muzlatgichi, 3-o'rin sohibi “Samsung” kir yuvish mashinasi egasiga aylanadi. Shuningdek, rag'batlantiruvchi mukofot sohiblariga noutbuk topshiriladi.

“Spark” kimga nasib etadi? Kasaba uyushmalari tomonidan ustoz va murabbiylarga qanday ehtirom ko'rsatilyapti? Bu kabi savollarga javob topishni istasangiz, albatta, “ishonch.uz”ni kuzatib boring.

Salim ABDURAHMONOV,

Ishonch.uz

Boshqa xabarlar