Beg'ubor va betakror onlar yaratib…

67

Jizzax viloyatida maktab o'quvchilarining joriy yil yozgi ta`til davri ko'ngilli va maroqli kechdi. Forish, Zomin, Sharof Rashidov, G'allaorol tumanlari hududida joylashgan 10 ta stasionar oromgohda 5304 nafar, viloyatdagi ta`lim muassasalari qoshida tashkil etilgan 161 ta kunduzgi oromgohda 9975 nafar bola sog'lomlashtirildi. O'tgan yili 5,5 foiz bolajonlar oromgohlarga qamrab olingan bo'lsa, bu yilgi ko'rsatkich 7,9 foizga yetdi.

Mavsumda viloyat kasaba uyushma tashkilotlari birlashmasi kengashi shahar va tumanlar hokimlari bilan hamkorlikda nogiron, boquvchisini yo'qotgan voyaga yetmaganlar, shuningdek, ijtimoiy himoyaga muhtoj bolalarni imtiyozli va bepul yo'llanma bilan ta`minlashga alohida e`tibor qaratdi. Xususan, joriy yilda 100 nafar nogiron va ehtiyojmand oilalar farzandlari kasaba uyushmalari mablag'i, 100 nafar Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari va 80 nafar Orolbo'yi mintaqasi bolalari davlat byudjeti, 62 nafar kam ta`minlangan oilalar farzandlari homiylar mablag'lari, 165 nafar profilaktik hisobda turuvchi oilalar bolalari hokimliklar, 749 nafar o'quvchilar jamoa shartnomalari orqali oromgohlarda bepul hordiq chiqardi.
Aksariyat bolalar oromgoh­lari mavsumda 4-5 bosqichda, Sharof Rashidov nomli oromgoh esa 7 bosqichda faoliyat ko'rsatib, respublikadagi eng ilg'or oromgohlar qatorida e`tirof etildi.
Jizzax shahridagi 1-bolalar musiqa va san`at maktabida 2019 yil yozgi bolalarni dam oldirish va sog'lomlashtirish tashkilotchilarining mavsum yakunlariga bag'ishlangan anjumani bo'lib o'tdi.
Unda bolalarni yozgi dam oldirish va sog'lomlashtirish mavsumini uyushqoqlik bilan tashkil etgan tashkilotlar hamda oromgohlarda faoliyat yuritgan eng faol, tashabbuskor xodimlar rag'batlantirildi.
«Lochin» oromgohi tarbiyachisi Gavhar Xudoyqulova «Eng g'amxo'r tarbiyachi», «Zangori olov» oromgohi bosh yetakchisi Yodgor To'laganov «Eng faol yetakchi», «Zomin sanrayz» oromgohi xodimi Xurshid Jonibekov «Eng yaxshi sport murabbiyi» deb topildi. Shuningdek, «Eng yaxshi tibbiyot xodimi», «Eng yaxshi pazanda», «Eng namunali stasionar oromgoh», «Eng ­mas­`­uliyatli tashkilotchi», «Eng yaxshi oromgoh boshlig'i», «Eng yaxshi hamkor», «Eng g'amxo'r homiy» nominasiyalari bo'yicha g'oliblar munosib taqdirlandi.
– Bolalar bilan ishlash, ularning beg'ubor olamini his qilishning o'zi bir baxtdir, – deydi «Lochin» bolalar sog'lomlashtirish oromgohi tarbiyachisi Gavhar Xudoyqulova. – Shunday sharafli kasbda ishlayotganim, ushbu anjumanda «Eng g'amxo'r tarbiya­­chi» nominasiyasi g'olibi bo'lganimdan xursandman.
Mavsumda eng namunali faoliyat ko'rsatgan oromgohlar, ularda faoliyat yuritgan xodimlar, mavsumni tashkil etishda faol ishtirok etgan homiy tashkilotlar, xo'jalik organlari, hokimliklar, hamkorlar, idora va tashkilotlar munosib taqdirlandi.

Muqimboy ISMOILOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar