Birinchi muallim!

85

…Umr – yo'l, bu yo'lning bekatlari ko'p. Hayotning o'zidir katta darsxona. Qay manzilni ko'zlab safarga chiqmang, oddiy alifbodan boshlanar dunyo. Maktab deb atalgan qutlug' go'shaning ostonasi ziyo, nurdan yaralgan. Aslida yer sharin kaftida tutib, ilmdir olamni obod aylagan. Bilim – xazinadir, topmoqlik uchun, «Igna ila quduq qazmoqlik darkor». Buning-chun katta bir hozirlik kerak, tunlarni o'tkazmoq kerakdir bedor. Pildirab, chop­qillab yurgan bolalik, toliblik hissini tuymog'i qiyin. Barmoqlar tutolmas hatto qalamni, xayolni o'g'irlar ko'cha-yu o'yin. O'quvchilik mehnat, mashaqqat erur. Uning odobini o'rgatadi kim? ­Sabr-qanoatla suyub erkalab, injiqlik, hurlikni aritib dildan. Yurakda ishtiyoq, havas uyg'otib, so'ngra, Bilimlar bog'iga qo'lingdan tutib, Boshlab kirar hazrati – Birinchi muallim!
Shundan boshlanadi hamma-hammasi. Tarbiya ta`limga berar zeb, chiroy. Yozuv taxtasida oq bo'r turtinar, raqamlar sonlarga borar jamlanib. Murg'ak shuurlarga dunyo bo'ylaydi: zehnlar charxlanar: «Bu nima? U kim?» savollar savollarga ketar ulanib. Hammasiga javob berar erinmay, hijjalab uqtirar ilg'amasangiz. Sho'xlik qilsangiz ham jilmayib qo'yar, Sochlaringiz silar avaylabgina. Shu sehr taftida balki ulg'ayar, ko'ngilda bilimga mehr-muhabbat. Shu shahdni kamolga yetkazmoq uchun. Izlanar, o'rganar o'qib tolmaydi. Shul mehnatlarla bir kun dono bo'lasiz, o'qishda, har ishda a`lo bo'lasiz. Qanotingiz bo'lar ilm, xush fe`llar. Shu mukofatla sizni – qaldirg'ochday har yonga yo'llab. Yashayverar kitob, daftar varaqlab – Birinchi Muallim!
Buyuk kashfiyotlar, ulug' rejalar sari narvon qo'ysa sizning fikr, o'y. Yurtga kamar bo'lsa xizmatlaringiz. Vatanda boshlansa to'y ustiga to'y. Omad kirib kelsa eshigingizdan, el aro e`tibor, izzat topsangiz. Baroridan kelsa boshlangan har ish. Bu – sizning zafardir, lek ortga qarang: mitti iste`dodni ko'ksiga bosib, uni nihol misol parvarish etgan, Har bir chizgingizni mo'`jiza atab, Ko'ksingizga ishonch hissin jo etgan. Oldga intilmoqni o'rgatgan sizga. Qoqilsangiz, bardam turingiz degan. «Do'st bo'ling, qadrlang bir-biringizni» deya shirin orzu-niyatlar qilgan. Gohida yo'qlab, goh so'rmasangiz ham, «Mening falonchim» deb duolar qilgan – Birinchi muallim!
Ko'p narsa unutilar yillar qatida. Ehtimol kimlarni taniyolmaymiz. Ammo, bolalikni sog'inar hamma. Go'zal xotirasiz to'yg'ular rangsiz… O'sha oppoq bino, sinfxonalar. Bir-birin quvlashar bolalar shodon. Unda bir inson bor: kamtarin, haqso'z. Hammadan chiroyli, xushbichim, dilbar. U bizga adabu axloq ne, aytgan. Halollik, yaxshilik suratin chizib, qalbimiz to'riga muhrlab qo'ygan. Hurmat ne, izzat ne undan o'rgandik. Ahd qildik Vatanni jondek sevmoqqa. Ezgu maqsadlarga mahkam bel bog'lab, ajdodlarga loyiq voris bo'lmoqqa… Qumsaymiz beg'ubor damlarni ko'p bor, yodga tushar sizni talashganimiz. Qo'lingizdan tutib, so'ngra maqtanib, sumkangiz ko'tarsak entikkanimiz. Albomimda turar aziz bir surat – o'rtada siz va sizga yaqinroq o'tirmoqqa talpingan o'ttiz bir yurak. Chehrangizda o'sha nur, oftob – umr yo'llarimni charog'on etgan. Ustoz, ustozlarga murabbiy bir zot – Birinchi muallim!

Oybuvi OChILOVA,
jurnalist

Boshqa xabarlar