Bu kasbda eng muhimi mahorat

49

Korxonamizda mehnat muhofazasi va xavfsizligi birlamchi o'rinda turadi. Mehnat xavfsizligini ta`minlash va korxonadagi holatni yaxshilash choralari doimiy nazoratda. Hamma bo'linmalarda joriy yil uchun xodimlar bilan ishlash rejalari tayyorlab chiqilgan bo'lib, unga qat`iy amal qilishga alohida e`tibor qaratilmoqda.

Bo'linmalar tegishli ­instruksiya, me`yoriy hujjatlar, mehnat xavfsizligi uchun zarur barcha himoya vositalari, moslamalar, jihozlar hamda maxsus kiyim bilan ta`minlangan. To'qqizta o'quv maydonchasi va 13 ta texnik o'qish xonasi belgilangan talablar asosida jihozlangan. Ularda xodimlar malakasini oshirish va faoliyatda xavfsizlik talablariga rioya etish bo'yicha texnik o'qishlar muntazam o'tkaziladi. Profilaktik tadbirlar ish vaqtida jarohatlanish va shu kabi ko'ngilsiz hodisalarning oldini olishga qaratilgan.
Har chorshanba kuni xavfsizlik qoidalariga qay darajada rioya etilayotgani o'rganilib, monitoring qilinadi. Aniqlangan qoidabuzilish holatlari joyida bartaraf etiladi. Qolaversa, yong'in xavfsizligi qoidalarining buzilishi bo'yicha alohida tekshiruvlar o'tkaziladi. Jumladan, birgina shu yilning o'tgan davri mobaynida korxona tasarrufidagi bo'linmalarda 1904 nafar xodim ishtirokida 269 ta yong'in va avariyaga qarshi mashqlar o'tkazildi.
Mehnat muhofazasi, texnika xavfsizligi, texnika ekspluatasiyasi, yong'in xavfsizligi qoidalarini tushuntirish bo'yicha maslahat xonalari tashkil etilgan. Bundan tashqari, xodimlar bilan har kuni ertalab ish boshlanishidan oldin yarim soat davomida mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo'yicha o'quv mashg'ulotlari o'tkaziladi. Korxonada ish vaqtida jarohatlanish xavfi yuqori bo'lgan «tor joylar» aniqlanib, ularni bartaraf qilish bo'yicha tadbirlar ishlab chiqiladi.
Yaqinda ishchi-xodimlarning o'zaro tajriba almashinuvini ta`minlash maqsadida viloyatdagi elektr ta`minoti korxonalarining ta`mirlash brigadalari o'rtasida kasb mahorati bo'yi­­cha musobaqa tashkil qildik. Unda ishchilarning birinchi yordam ko'rsatish, ish joyini ­tayyorlash, avtotransport holati va texnika xavfsizligi qoidalariga qanchalik amal qilishlari bo'yicha bilimlari sinovdan o'tkazildi. Natijalar bo'yicha Pitnak, Urganch va Yangiariq TETK jamoalari faxrli o'rinlarni egalladi va jamiyatning faxriy yorliq hamda qimmatbaho sovg'alari bilan taqdirlandi.
Rahbar xodimlarning mas`uliyati, mehnat muhofazasi talablarining bajarilishi ustidan nazoratning kerakli darajada o'rnatilgani, xodimlarning fidokorona mehnati tufayli 2014 yildan buyon korxonamizda xodimlarning ish jarayonida jarohatlanishiga yo'l qo'yilmadi.

Rajabboy OTAJONOV,
«Xorazm hududiy elektr
tarmoqlari» AJ
bo'lim boshlig'i

Boshqa xabarlar