O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Qudratilla Rafikovning «Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida» respublika tanlovi g'oliblarini taqdirlashga bag'ishlangan tantanali tadbirdagi nutqi

39

Assalomu alaykum, aziz ustozlar, qadrli do'stlar!
Muhtaram ustozlarimiz, o'qituvchi va murabbiylarimizni kasb bayrami munosabati bilan sharaflashga bag'ish­langan tantanali tadbirimizga xush kelibsiz!
O'zbekiston Respublikasi Prezidenti, muhtaram ­Shavkat Miromonovich Mirziyoevning qat`iy sa`y-­harakatlari, rahnamoligi bilan, mana uch yildirki, aziz ustozlarimizning kasb bayrami alohida ­e`tibor va ehtirom bilan nishonlanmoqda.
Aslini olganda, davlatimiz rahbari jamiyat taraqqiyotida o'qituvchining, ustoz va murabbiyning beqiyos o'rni, ulkan salohiyati muhim ahamiyat kasb etishini qalban his qilgan holda, mamlakat rahbarligiga saylangan kundanoq ta`lim sohasiga, shu sohada zahmat chekib yillar davomida munosib qadr topolmay, ruhan iztirob chekayotgan aziz insonlarning hurmatini joyi­­ga qo'yish, ularning kelajak avlodni Vatanga munosib qilib tarbiya­lashdagi beqiyos xizmatlarini e`tiborga olishni davlat siyosatining ustuvor vazifasi darajasida kun tartibidan tushirmay kelmoqdalar.
O'tgan qisqa davr ichida o'qituvchilarning oylik maoshlari ikki yarim barobarga oshirildi. Bu dunyodagi sanoqligina davlat rahbarlari tomonidan amalga oshirilgan siyosatdir.
Va, eng muhimi, hali iqtisodiyoti rivojlanib ulgurmagan, jamiyatda hal etilmagan minglab muammolar mavjudligiga qaramay, Prezident ­ertangi kun uchun eng muhim muammoni to'g'ri tanlab oldi. Bu o'z-o'zidan bo'ladigan ish emasligini bu yerda o'tirganlarning har biri juda yaxshi idrok etishi, shubhasiz.
E`tibor qiling, birgina xalq ta`limi tizimida 550 ming nafardan ortiq o'qituvchi ishlaydi, oliy va o'rta maxsus ta`lim, maktabgacha ta`lim sohalarida esa 130 ming nafardan ziyod muallimlar, tarbiyachi va murabbiylar faoliyat yuritmoqda. Bu esa Prezidentning mazkur siyosati natijasida O'zbekis­tondagi qariyb uch yarim-to'rt million kishi mana shu g'amxo'rlikni bevosita o'z ­oilasi, dasturxonida his etmoqda, deganidir.
Eng muhimi esa sohaga e`tibor tufayli ta`lim sifatining keskin oshishi kutilmoqda. Eng yaxshi natijalarga erishayotgan ustozlarni esa yanada ko'proq rag'batlantirish tizimi yaratilmoqda. Axir biz bu kunni naqadar mushtoqlik bilan kutmaganmidik?
Shavkat Mirziyoevning ta`lim sohasiga qilayotgan bunday yuksak rahnamoligi nafaqat O'zbekistondagi o'qituvchilarimiz, ustozlarimiz, balki butun dunyo jamoatchiligining ham e`tirofiga sazovor bo'lmoqda.
To'g'risini aytganda, bu siyosat zamirida juda katta raqamlar turibdi.
O'tgan qisqa vaqt ichida ko'plab ta`lim muassasalari rekonstruksiya qilingani, yangi maktablar qurilib, foydalanishga topshirilgani sohadagi rivojlantirish tizimli va kompleks ravishda amalga oshirilayotganining yorqin timsolidir.
Aziz ustozlar!
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­­si ham muhtaram Prezidentimizning ushbu g'amxo'rligidan ruhlanib, tizimda fidokorona mehnat qilib kelayotgan, ta`lim sohasining asl jonkuyarlarini taqdirlash, ularga doimiy e`tibor ko'rsatib borishni o'z oldiga maqsad qilib qo'ydi.
Bugungi kunda, Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tizimidagi 17 ming 981 ta boshlang'ich tashkilotning qariyb 55 foizi umumta`lim maktablarida faoliyat ko'rsatmoqda.
Mazkur muassasalarda kasaba uyushma qo'mitalari va ish beruvchilar o'rtasida imzolangan Jamoa shartnomalari orqali o'qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlari himoyalanmoqda.
Ta`kidlash lozimki, respublikamiz umumta`lim maktab­laridagi boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitalari raislari jamoatchilik asosida faoliyat ko'rsatadilar. Ya`ni, o'zlarining asosiy ishlari bilan bir vaqtda, boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi vazifasini ham bajaradilar.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­­si «Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida» respublika tanlovini tashkil etdi. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad fidoyi va jonkuyar o'qituvchi va murabbiylar mehnatini munosib qadrlashdan iboratdir.
unda ta`lim muassasasida 20 yildan ortiq pedagogik staj­ga ega bo'lish bilan birga 10 yildan ortiq kasaba uyushma qo'mitasi raisi sifatida faoliyat ko'rsatib kelayotgan 1 ming 135 nafar o'qituvchi ishtirok etish istagini bildirdi. Quvonarli tomoni, ular orasida respublikamizning eng chekka va olis hududlarida faoliyat yuritayotgan o'qituvchi va murabbiylar juda ko'pchilikni tashkil etdi.
Maxsus komissiyalar nomzodlarning faoliyatini oshkora va adolatli baholab, g'oliblarni aniqlab berdi. Biz bugun ushbu tanlov g'oliblariga katta hurmat va ehtirom bilan mukofotlarni topshirmoqchimiz.
Bir so'z bilan aytganda, ko'rik-tanlovimizdan ko'zlangan maqsadga erishdik, deb ayta olamiz. Avvalo, o'qituvchiga bo'lgan yuksak hurmat masalasi har bir ta`lim muassasasida muhokamada bo'ldi.
Aslini olganda, ko'rik tanlovda ishtirok etishga jazm etgan 1135 ta boshlang'ich tashkilotning har biri ham o'ziga xos g'olibdir, deya olaman.
Komissiya a`zolarining tanlov bo'yicha xulosalari mening shunday deyishimga asos bermoqda. Shulardan kelib chiqib, ijozatingiz bilan respublika bosqichiga yetib kelgan 42 ta boshlang'ich tashkilotning barchasiga «Ibrat namunasi darajasidagi tayanch bosh­lang'ich tashkiloti» degan maqom bersak, nima deysizlar?
Tashkilotchilar, shuningdek, joylardan tushgan ko'plab takliflarni inobatga olib, tanlov doirasini kengaytirgan holda uni har ikki yilda bir marta an`anaviy tarzda o'tkazib borish taklifini ilgari surmoqchiman.
Aziz do'stlar!
1 oktyabr nafaqat ustozlar bayrami, balki ular tarbiyalab voyaga yetkazgan millionlab insonlarning ham bayramidir. Shunday ekan, biz ham faqatgina tanlov natijalari bilan kifoyalanmoqchi emasmiz.
Men sizlarni bugungi tadbirimizda o'z hayotini kelajak avlodning barkamol bo'lib ­voyaga yetishi, ona yurtimizga munosib voris­larni tarbiyalash ishiga bag'ishlab kelayotgan, o'nlab, yuzlab shogirdlar yetishtirib xalqimizning katta hurmat va e`zoziga muyassar bo'lgan aziz mehmonlarimiz bilan ham tanishtirib o'tmoqchiman.
Xorazm viloyatining Xiva shahridan tashrif buyurgan, qariyb qirq yildan buyon «ustoz» degan tabarruk nomni sharaflab kelayotgan Hurmat Matchanov Xiva shahridagi 121-davlat maktab-internati boshlang'ich sinf o'qituvchisi, o'ttiz uch yildirki, mazkur maktab-internatning kasaba uyushma qo'mitasi rai­­si. «Xalq ta`limi a`lochisi», «Shuhrat» medali sohibi Hurmat akaning shogirdlari bugungi kunda xalq xo'jaligining turli sohalarida samarali faoliyat ko'rsatmoqda. Ulardan yetti nafari ustozi yonida o'qituvchi bo'lib ishlaydi. Demak, Hurmat aka bugun haqli ravishda ustozlarning ustozi hamdir.
Kasaba uyushma qo'mitasi sardori sifatida amalga oshirib kelayotgan ishlari tahsinga loyiq Hurmat akaning hayot yo'li ham nafaqat shogirdlari, izdoshlari, balki barcha uchun ham ibrat maktabidir.
Jizzax viloyati Zomin tumanidagi 51-umumiy o'rta ta`lim maktabi jismoniy tarbiya fani o'qituvchisi, 1994 yildan ­boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi Bahrom Nomozov.
2014-2016 yillarda ushbu maktab qator ko'rik-tanlov, spartakiada va fan olimpiadalarida yuqori o'rinlarni egallagan. Mehnat muhofazasi va xavfsizligi bo'yicha jamoatchilik nazoratini tashkil etish yuzasidan respublika ko'rik-tanlovining 2018 va 2019 yillarda viloyat bosqichi g'olibi bo'lgan Bahromjonga kelgusidagi ezgu ishlarida ulkan omadlar tilab qolamiz.
Abdurashid Ergashev – 2003 yildan Andijon viloyati Asaka tumani 26-umumta`lim maktabi boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi. Uning bevosita tashabbusi bilan maktab ma`muriyati va kasaba uyushma qo'mitasining ijtimoiy sherikchilik asosidagi faoliyati ko'lami kengaydi. Ayniqsa, ta`lim sifatiga maktab miqyosida alohida e`tibor qaratilgan.
Abdurashidjonning shogirdlari fan olimpiadalarining barcha bosqichlarida ko'p bor faxrli o'rinlarni egallab kelishmoqda.
Toshkent davlat texnika universiteti ­kafedra mudiri, texnika fanlari doktori, professor Paraxat Matyakubova. Paraxatxonning keyingi uch yilda 97 ta ilmiy maqolasi chop etilgan, ilmiy tadqiqot o'tkazish uchun rejalashtirilgan 17 ta ishda ilmiy rahbar bo'lgan, 7 ta darslik, 5 ta o'quv qo'llanma tayyorlagan. 37 yillik pedagogik stajga ega.
2019 yil «Do'stlik» ordeni bilan taqdirlangan. Nazarimda, Paraxatxon o'z hayot yo'li, qilayotgan ezgu ishlari bilan har qancha faxrlansa arziydi.
Paraxatxonni Muhtaram Prezidentimiz istayotgan ta`lim va fan fidoyilari qatorida eng oldingi o'rinlarda, deya baralla ayta olamiz.
Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi akademik liseyning matematika fani katta o'qituvchisi Jamshid Bo'ronov. 2018-2019 o'quv yilida u rahbarlik qilgan guruh bitiruvchilarining milliy va xorijiy oliy ta`lim muassasalariga kirish ko'rsatkichi 100 foizni tashkil etgan.
Biz yosh o'qituvchilar orasida Jamshidjondek malakali, vatanparvar, o'z kasbiga butun mehrini bera oladigan ustozlarning ko'payishini juda-juda istar edik.
Sayyora Matkarimova – 2004 yildan Qoraqalpog'iston Respub­likasi Xo'jayli tumani 1-umumta`lim maktabi kasaba uyushma qo'mitasi raisi, «Qoraqalpog'iston xalq ta`limi a`lochisi», 2006 yilda «Eng namunali boshlang'ich tashkilot» ko'rik-tanlovi g'olibi bo'lgan.
Shubha yo'qki, oramizda yuksak marralarni zabt etgan va undan-da yuqori cho'qqilarni ko'zlab, intilib yashayotgan yana ko'plab ustoz va murabbiylar bor.
Biz Federasiya rayosati a`zolari bugungi tantanali tadbirga yanada bayramona fayz berishga qaror qildik. Ta`lim sohasidagi fidokorona mehnatlariga hurmat ramzi sifatida 5 nafar o'qituvchi va ustozga kasaba uyushmalari Federasiyasining eng yuksak mukofoti – «Ehtirom» nishonini topshirishga qaror qildik.
Bu mukofot ustozlarning ko'p yillar kasaba uyushmalari tomonidan e`zoz va e`tiborda bo'lishini ta`minlaydi. Ularga tizimdagi dam olish maskanlari, davolash muassasalarida imtiyozli dam olish va davolanish imkoniyatlari yaratiladi.
Shu bilan birga fidoyi ustozlardan 7 nafariga tizimdagi sanatoriylarda bepul dam olish yo'llanmalarini taqdim etmoqchimiz. Bu esa kasaba uyushmalari tizimidagi zahmatli va sharafli mehnatingizga bizning minnatdorligimiz ramzi bo'lib qoladi, deb o'ylaymiz.
Rayosat a`zolarining yakdil qaroriga ko'ra, uch nafar o'qituvchiga qimmatbaho sovg'a hozirlaganmiz.
O'ylaymizki, bugungi bayram shukuhi bizni uzoq vaqt tark etmaydi. Va yana sizlarga va`da berib aytamanki, biz muhtaram yurtboshimizdan o'rnak olib, ta`lim sohasining eng yaqin tayanchi, hamkori bo'lib qolamiz.
Aziz do'stlar, yana bir bor barchangizni O'qituvchi va murabbiylar bayrami bilan samimiy qutlayman.
Sizlarga mustahkam sog'lik-salomatlik, yurtimiz kelajagi uchun olib borayotgan ezgu ishlaringizda ulkan zafarlar tilayman.

Boshqa xabarlar