USTOZLAR – KASABA UYuShMALARI E`ZOZIDA

110

Poytaxtimizdagi Alisher Navoiy nomli O'zbekiston davlat akademik katta teatrida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan o'tkazilgan «Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida» res­publika tanlovi g'oliblarini taqdirlashga bag'ishlangan tantanali tadbir bo'lib o'tdi.

Tadbirda katta ish tajribasiga ega pedagoglar, sohaga endigina kirib kelayotgan yosh muallimlar, ta`lim muassasalaridagi boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotlari raislari va faollar ishtirok etdi.
Tantanali tadbirni O'zbekis­ton kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi Qudratilla Rafikov ochib, soha xodimlarini bayram bilan qutladi. Prezidentimiz ­Shavkat ­Mirziyoev rahnamoligida amalga oshirilayotgan islohotlar, kasaba uyushmalari tomonidan soha xodimlariga ko'rsatilayotgan e`tibor va ehtirom haqida so'z yuritdi. Har bir sohadagi islohotlar inson manfaatlarini ta`minlashga qaratilayotgani, mazkur jarayonda ta`lim tizimini takomillashtirish, mas`uliyatli va sharafli kasb egalari bo'lgan o'qituvchi va murabbiylarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, jamiyatda ularning nufuzini oshirishga katta ­e`tibor berilayotganini ­e`tirof etdi.
Keyingi yillarda xalq ta`limi tizimini tubdan isloh qilish, ta`lim sifatini yangi bosqichga olib chiqish maqsadida bir qator farmon va qarorlar qabul qilindi. Ota-­onalar va jamoatchilik fikri inobatga olinib, mamlakatimizda 11 yillik maktab ta`limi tizimi tiklandi. Pedagog­larga har tomonlama e`tibor qaratilib, oylik maoshi ikki yarim baravarga oshirildi. Bularning barchasi soha rivoji va ustoz va muallimlarga bo'lgan beqiyos e`tiborning yorqin namunasidir.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi faoliyatida ham o'qituvchi va murabbiylarga yuksak hurmat-ehtirom ko'rsatish, ularning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirishga munosib hissa qo'shish maqsadida tizimli tadbirlar amalga oshirilmokda. Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi ­Respublika kengashi tizimidagi muassasalarda kasaba uyushma qo'mitalari va ish beruvchilar o'rtasida imzolangan Jamoa shartnomalari orqali o'qituvchi va murabbiylarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari hamda mehnat huquqlari himoyalanmokda.
Shu o'rinda aytish joizki, Prezidentimiz ­Shavkat ­Mirziyoev raisligida 23 avgust kuni xalq ta`limi tizimini rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma`naviyatini yuksaltirish masalalariga bag'ishlangan videoselektor yig'ilishida belgilab berilgan vazifalarning to'laqonli amalga oshirilishiga munosib hissa qo'shish maqsadida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi tomonidan «Ustoz­lar – kasaba uyushmalari ­e`zozida» respub­lika tanlovi o'tkazilishi e`lon qilingan edi.
Mazkur tanlov uch bosqichda tashkil etilib, unda eng chekka va olis hududlarda faoliyat ko'rsatayotgan o'qituvchi va murab­biylar ham qamrab olindi.
Ishtirokchilarni baholashda ularning yosh avlodga ta`lim-tarbiya berish, o'g'il-qizlarning ma`naviy va intellektual olamini boyitish, vatanparvarlik ruhida tarbiya­lash, kasaba uyushma qo'mitasi faoliyatini takomillashtirish, soha xodimlarining ijtimoiy himoyasini ta`minlashdagi amaliy ishlariga alohida e`tibor qaratildi.
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi tuman (shahar) kengashlarida tuzilgan komissiyalar tomonidan ishtirokchilarning faoliyati adolatli baholanib, yuqori natija ko'rsatgan nomzodlar viloyat bosqichiga yo'llanma oldi. Hududiy kasaba uyushma tashkilotlari birlashmalarida tashkil etilgan maxsus komissiyalar respublika bosqichi qatnash­chilarini aniqlab berdi.
Kasaba uyushmalari Federasiyasida tuzilgan maxsus komissiya respublika bosqichida har bir hududdan bittadan eng yuqori ball to'plagan 14 nafar soha xodimi orasidan final bosqichi g'oliblarini saraladi.

ARDOQQA MUNOSIB FAXRIYLAR

Tadbirda dastlab ta`lim tizimida uzoq yillardan beri mehnat qilib, yuqori natijalarga erishib kelayotgan fidoyi ustoz va murabbiylardan bir guruhiga kasaba uyushmalari tizimidagi sanatoriylarda dam olib, salomatligini ­mustahkamlashi uchun yo'llanmalar topshirildi.
– 37 yildan buyon murabbiylik qilaman, – ­deydi Toshkent davlat texnika universiteti professori Paraxat Matyakubova. – O'tgan yillar davomida Koreya, Germaniya va Kanada davlatlarida bo'lib o'tgan ilmiy anjuman va xalqaro konferensiyalarda ishtirok etdim. Yaqindagina Kanadada o'tkazilgan butunjahon forumida «Yil mutaxassisi» nominasiyasini qo'lga kiritib, oltin medal va diplom bilan taqdirlandim. Ekspertlar yaratgan ilmiy yangiligim, ya`ni don mahsulotlari namligini nazorat qilish bo'yicha qurilma loyihasi va uning dasturiy ta`minotini yuqori baholashdi. Ayni paytda Innovasion rivojlanish vazirligi ushbu yangilikni amaliyotga tatbiq etish ustida ishlamoqda. Kasaba uyushmalarining faoliyatimni e`tirof etib, yurtimizdagi eng yaxshi sanatoriylardan biriga yo'llanma berishi esa quvonchimga quvonch qo'shdi.

FAOLLIK RAG'BATI

Shundan so'ng oliy va xalq ta`limi, maktabgacha ta`lim, ixtisos­lashtirilgan maxsus ta`lim muassasalarida samarali mehnat qilib kelayotgan, sohani rivojlantirish hamda yosh avlodni har tomonlama barkamol insonlar etib tarbiya­lash bilan birga kasaba uyushma ishini rivojlantirishga munosib hissa qo'shayotgan pedagoglar Kasaba uyushmalari Federasiyasining «Eng faol yosh o'qituvchi», «Innovasion faol xodim» va «Eng mahoratli o'qituvchi» nominasiyalariga sazovor bo'lib, munosib taqdirlandi.
«Innovasion faol xodim» nominasiyasi sohibasi Yunusobod tumanidagi 560-ko'p ixtisosli maxsus maktabgacha ta`lim muassasasi metodisti Feruza Karimova yangi pedagogik texnologiyalar, interfaol usullarni amaliyotga joriy etgan va bir qator innovasion tadqiqotlari bilan yuqori natijalarga erishgan.
«Eng mahoratli o'qituvchi» nominasiya­­si sovrindori Shayxontohur tumanidagi 527-maktabgacha ta`lim muassasasining jismoniy tarbiya yo'riqchisi Aziza Yunusova esa sport sohasini rivojlantirishga salmoqli hissa qo'shgan. Uning shogirdlari 100 dan ziyod musobaqalarda g'olib bo'lgan.
«Eng faol yosh o'qituvchi» nominasiyasiga munosib topilgan Toshkent davlat texnika universiteti qoshidagi akademik liseyning matematika fani o'qituvchisi Jamshid Bo'ronov oliy ta`lim muassasalariga o'quvchilari eng ko'p kirgan ustoz sifatida e`tirofga sazovor.

EHTIROMIMIZ SIZGA!

Tadbir davomida ko'plab shogirdlar yetishtirib, soha rivoji yo'lida barcha imkoniyat va salohiyatini namoyon etish barobarida boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi sifatida faollik ko'rsatib, xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlari va mehnat huquqlari himoyasini kuchaytirishga munosib hissa qo'shib kelayotgan fidoyi ustozlar, shuningdek, mehnat faxriylaridan bir guruhi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining ««Ehtirom» nishoni bilan taqdirlandi.
– Cheksiz hayajondaman, – deydi Xorazm viloyati Xiva shahridagi 121-ko'zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan davlat maktab-internati boshlang'ich sinf o'qituvchisi, «Ehtirom» nishoni sohibi Hurmat Matchanov. – 41 yillik faoliyatim davomida yosh avlodga qo'ldan kelgancha ta`lim-tarbiya berib kelyapman. Shogirdlarim hayotda o'z o'rnini topayotganidan quvonaman. Mehnatim qadr ­topganidan baxtiyorman.

MO'YNOQLIKLARGA TUHFA

Prezidentimiz joriy yilning avgust oyida Qoraqalpog'iston Respublikasiga tashrifi davomida Mo'ynoq tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, mazkur hududda yashayotgan aholini har tomonlama qo'llab-quvvatlash, turmush darajasini oshirish masalasiga alohida e`tibor qaratib, qator ­tashabbuslarni ilgari surgan edi.
Belgilab berilgan vazifalarning amalga oshirilishiga munosib hissa qo'shish maqsadida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­­si tomonidan ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Tantanali tadbirda Mo'ynoq tumanidagi «Oq kema» bolalar sog'lomlashtirish oromgohiga «Damas» avtomobili sovg'a qilingani buning yana bir amaliy ifodasi bo'ldi.
Avtomobil kaliti Mo'ynoq tumanidagi 2-umumta`lim maktabi direktori, Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Mo'ynoq tumani kengashi raisi Mirzabek Xojametovga topshirildi.
Yosh avlod vakillarini ma`naviy, jismoniy va intellektual jihatdan rivojlantirish, shuningdek, yozgi mavsum davomida o'g'il-qizlarning maroqli hordiq chiqarishlarini ta`minlashda muhim ahamiyat kasb etadigan muassasa uchun ushbu sovg'a munosib tuhfa bo'ldi.
– Tumanimizda 31 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularning farzandlari ta`lim va tarbiya olishi yo'lida hududdagi 17 ta umumta`lim maktabda 720 nafar pedagog xodim mehnat qilmoqda, – deydi M.Xojametov. – Bundan bir necha yil muqaddam og'ir tabiiy sharoit tufayli ayrim ustozlar o'z ishini tashlab ketishga majbur bo'lgandi. Endilikda Prezidentimizning hududimizga tez-tez tashrif buyurib, yoshlarimiz, aholi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratish kerakligi haqidagi g'oyalari xalqimiz, shu jumladan, pedagoglar uchun ham kelajakka umid va ishonch bo'lmoqda. Ayni paytda tumanimizda mo'ynoqlik bolalar uchun 200 o'rinli «Oq kema» sog'lomlashtirish oromgohi qurilmoqda. Shu kunlarda uning qurilishi yakunlanib, pardozlash ishlari olib borilyapti. Keyingi yil yoz mavsumida oromgoh besh navbatda 1000 nafar bolani qabul qiladi.
Bundan tashqari, aholi salomatligini mustahkamlash uchun hududimizda sanatoriy qurilishi ham rejalashtirilgan. Hademay, mazkur inshootlar qurib bitkazilsa, tumanimiz ko'rkiga ko'rk bag'ishlaydi.

LOBARXON «SPARK» SOHIBASI

Tantanali tadbirning «Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida» respub­lika tanlovi g'olib va sovrindorlarini taqdirlashga bag'ishlangan qismi nihoyatda hayajonga boy bo'ldi.
Dastlab, sovrindor bo'lgan 11 nafar o'qituvchiga diplom hamda noutbuk topshirildi. Shundan so'ng eng hayajonli daqiqalar boshlandi. Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi 69-umumta`lim maktabi boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi Dilorom Toshmurodova tanlovning 3-o'rin sohibasi bo'ldi. Unga 3-darajali dip­lom hamda «Samsung» kir yuvish mashinasi topshirildi. Navoiy viloyati Konimex tumanidagi 2- umumta`lim maktabi kasaba uyushma qo'mitasi raisi Nuriya To'raqulova 2-o'ringa munosib topilib, 2-darajali diplom va «Samsung» muzlatgichi bilan taqdirlandi.
– Faoliyatim davomida jamoa xodimlarining ijtimoiy himoyasi, dam olishi, sog'lomlashtirilishi kabi jihatlarga qo'limdan kelgancha e`tibor qaratib kel­yapman, – deydi Dilorom Toshmurodova. – 2017 va 2018 yillarda bo'lib o'tgan «Yilning eng yaxshi fan o'qituvchisi» ko'rik-tanlovining respub­lika bosqichida maktabimiz o'qituvchilari yuqori o'rinlarni qo'lga kiritgan bo'lsa, maktab boshlang'ich kasaba uyushma tashkilotining faoliyati viloyatimizda hamisha birinchilikka munosib ko'riladi.
Bugungi erishgan yutug'im mehnatlarimning amaldagi e`tirofi bo'ldi. Buning uchun tashkilotchilarga rahmat. Kelgusida ham qo'limdan kelguncha jamoa manfaati yo'lida faoliyat olib boraman.
Va nihoyat, tanlovda muvaffaqiyatli ishtirok etgan Namangan viloyati, To'raqo'rg'on tumanidagi 1-umumta`lim maktabining o'zbek tili va adabiyoti fani o'qituvchisi, boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi Lobarxon ­Rustamova 1-o'ringa munosib ko'rildi. Unga O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining 1-darajali diplomi va «Spark» avtomobili topshirildi.
– 25 yildan buyon o'qituvchilik kasbida faoliyat yuritib kelaman, – deydi haya­jon bilan Lobarxon Rustamova. – Ustoz maqomini «Eng ­e`tiborli, eng aziz kasb» deb ta`kidlashlaridan juda quvonaman. Bu kasbni egallaganimga ko'ksimda hamisha faxr tuyib kelaman. Mukofotga kelsak, u o'qituvchilarni moddiy qo'llab-quvvatlash yo'lidagi muhim qadam, ta`lim tizimidagi fidoyilar uchun munosib rag'batdir. Shu bilan birga, barcha taqdirlanganlar qatorida, menga berilgan o'ziga xos katta ­mas`uliyat hamdir. Kelgusida ham yoshlarni barkamol avlod qilib tarbiya­lashda o'z mehnatimni aslo ayamayman.
Tantanali tadbirga taniqli san`atkorlar ishtirokidagi konsert dasturi yanada fayz baxsh etdi.

Salim ABDURAHMONOV, Zebo NAMOZOVA,
Ozoda RO'ZIQULOVA, «Ishonch» muxbirlari

Boshqa xabarlar