Farg'ona viloyati hokimligi axborot xizmati bayonoti

73

Yolg'on, taxminiy, tuhmat axborot tarqatishning “haddini olgan” “Ozodlik” radiosi Farg'ona viloyatida yo'l harakati hodisasi tufayli ikki nafar halok bo'lgan va 2 nafar shifoxonaga tushgan Dang'ara tumanidagi maktab direktor o'rinbosarlari fojeasini viloyat hokimi Sh.G'anievga bog'lamoqchi bo'lganlar. “Farg'ona hokimi Sh.G'aniev tungi selektorga chaqirtirgan maktab rahbarlari avariyada halok bo'ldi” sarlavhali maqolasida shunday yozadi: “Guvohlarning Ozodlikka aytishicha, maktab rahbar muovinlari Farg'ona viloyati hokimligida soqol va ro'mol masalasida 30 sentyabrga o'tar kechasi o'tkazilgan tungi majlisda qatnashish uchun qariyb 90 kilometrlik masofaga “Neksiya 1” mashinasida yo'lga chiqqan”. Maqolada yozilishicha, haydovchi Qo'qon shaxriga kiraverishda mashinani chiroq ustuniga urgan.

Farg'ona viloyati hokimligi yo'l transport hodisasida halok bo'lganlar oila a`zolariga chuqur hamdardlik bildiradi. Jarohat olganlar tezroq sog'ayib ketishini tilaydi.

Farg'ona viloyati xokimligi Axborot xizmati “Ozodlik”ning tuhmatchi jurnalistlari iddao qilayotganidek, 30 sentyabrga o'tar kechasi Farg'ona viloyat hokimligida hech qanday selektor yig'ilishi o'tmaganligini, boshqa biron bir sabablar bilan ham hech kim, jumladan Dang'ara tumanida avtohalokatga uchragan shaxslar viloyat hokimligiga chaqirilmaganini bildiradi.

Bu Farg'ona viloyati hokimi Shuxrat G'anievga, davlat boshqaruv idoralariga qarshi g'arazli niyatda atayin uyushtirilayotgan, O'zbekistonda ijtimoiy-siyosiy vaziyatni izdan chiqarish, fuqarolarning noroziligini shakllantirishga qaratilgan qabix rejaning amaliy ijrosidan bo'lak narsa emas.

Shu munosabat bilan Farg'ona viloyati hokimligi Axborot xizmati mamlakatimiz aholisi, internet, ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarini bunday tuhmat o'yinlariga ishonmaslikka, ularga munosib javob berib xalqimiz birdamligini mustahkamlashga chaqiradi.

Farg'ona viloyati hokimligi axborot xizmati

Boshqa xabarlar