“Oq terakmi, ko'k terak?.. yoxud chorasiz cho'kayotgan uy

85

Tahririyatimizga Termiz shahri, A.Jomiy ko'chasi, 6-burilish, 3-uyda yashovchi Ibodat Jo'raboevadan kelgan xat mazmunini o'rganish davomida uning “Cho'kayotgan uy”ini borib ko'rganimizga ikkinchi yil ketayapti. Hozir ham ahvol yaxshi tomonga o'zgargani yo'q, – “Surxon tongi” gazetasi muxbiri fuqaro murojaati yuzasidan mutadasaddilarning “otangga bor, onangga bor” qabilida ish tutayotgani xususida yozdi. Quyida maqolani to'liq o'qishingiz mumkin.

2018 yilning 2 yanvarida tuzilgan “Suvoqova” DUK Termiz shahar filiali dalolatnomasidan;

“2017 yilning oktyabr oyida investisiya dasturiga asosan yangi tashqi ichimlik suv quvurlari qurilib, xonadon egalari tomonidan ichki suv tarmoqlari tortilgan. Ushbu ishlar jarayonida fuqaro Iroda Jo'raboevaning qo'shnisi o'zboshimchalik bilan tashqi suv quvuriga ulanishda quvur xomut yordamida mustahkam o'rnatilmagani natijasida ko'chaga ichimlik suvi chiqib, I. Jo'raboevaning uy binosi devorida yorilishlar vujudga kelgan”, degan xulosa yozilgan. Agar xonadon egalari tomonidan ichimlik suv tarmoqlari tortilgan ekan, nima uchun ular orasida I. Jo'raboeva qo'shnisining ulanishi noqonuniy, degan to'xtamga kelindi. Ushbu suv quvuriga ulanishlarni kim nazorat qilgan? Javobgar aslida kim?

Yoki 2018 yil 16 yanvarda Termiz shahar prokuraturasi Termiz shahar IIB boshlig'i va “Suvoqova” DUK Termiz shahar filiali boshlig'iga “…o'zboshimchalik bilan tashqi suv quvuriga ulangan shaxslarga chora ko'rish murojaatini vakolatingiz dorasida ko'rib chiqib, qonuniy hal qilish uchun yuborilmoqda” degan mazmunda xat chiqaradi. Xo'sh nega ushbu xatning ijrosi ta`minlanmadi?

2018 yilning 25 yanvarida Termiz shahar IIB tomonidan ushbu ko'chada yashovchi fuqarolardan tushuntirish xati olinadi. Bu xatlarda suv quvurlari soha xodimlari tomonidan shoshmashosharlik bilan talabga xilof tarzda yotqizilgani va usti yopilgan suv quvurlari ustidan asfalt ishlari davomida suv quvurlarining yorilib ketganligi qayd etilgan. Shuningdek “Do'stlikBunyodkori” MChJ korxonasining bu ishlari foydalanishga qabul qilinmagani yozilgan. Nega fuqarolarning tushuntirish xatlarida bildirilgan bu fikrlar mutasaddilarning biron bir hujjatida qayd etilmagan?

 Aksincha, 2018 yilning 26 yanvarida viloyat “Suvoqova” DUK ning viloyat uy-joy kommunal xizmat ko'rsatish boshqarmasi boshlig'iga yozgan xatida va xonadon sohibiga yo'llagan nusxasida “…qo'shnisi M. Xudoyqulova suv taqsimlash qudug'i orqali ulanmasdan to'g'ridan to'g'ri o'zboshimchalik bilan xomut orqali tashqi ichimlik suv quvuriga ulangani ma`lum bo'ldi” deb yozilgan. Bu xulosani ham aynan “Suvoqova” DUK Termiz shahar filiali mutasaddisi berayapti. Nega suv taqsimlash quvuriga aholi kimning ko'rsatmasi bilan ulangani, aslida asosiy suv taqsimlash qudug'iga aholining ichki suv quvurlari qanday tartibda ulangani va quvurlarning keyingi ahvoli va yaroqliligi qay ahvolda ekanligi xususida lom-mim deyilmagan?

Bu yetmagandek, 2018 yil 10 fevraldagi DAQN (Davlat arxitektura va qurulishi nazorati) inspeksiyasi, FVB xodimi, viloyat suv nazorati inspeksiyasi boshlig'i hamkorlikda tuzgan dalolatnoma ham shoshmashosharlik bilan, hatto yozilgan sanasi qayd etilmagan, palapartish bitilgan bo'lib, FVB xodimining cho'kayotgan uyning yashashga yaroqliligi yoki yaroqsizligi xususidagi xulosa ham e`tibordan chetda qolib ketgan. Mana sizga mas`ul rahbarlarning zimmalariga ishonib topshirilgan vazifaga sovuqqonlik! Qolaversa, bu dalolatnomaga ham aynan Termiz shahar “Suvoqova” DUK xulosalari qanday bo'lsa, shu holicha ko'chirib qo'yilgan. Nahotki, inson taqdiriga shunchalik befarq yondashilsa?

2018 yilning 14 fevralida Termiz shahar prokuraturasi I. Jo'raboevaga yuborgan javob xatida murojaatida ko'rsatilgan masalalar yuzasidan qo'shimcha chora-tadbirlarni belgilash maqsadida 14.02.2018 yilda Termiz shahar hokimligiga xat kiritilgani qayd etilgan va kelgusida ushbu masalada shahar hokimligiga murojaat etishi tavsiya etilgan. Biroq 2018 yil 13 aprelda Termiz shahar hokimligi I. Jo'raboevaga talafot ko'rgan uyini qo'shnisi ta`mirlab berishi yuzasida tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishi bayon etilgan xat chiqaradi.

Bundan norozi bo'lgan I. Jo'raboeva yana tegishli idoralarga murojaat qiladi. 2018 yilning 7 mayda Termiz shahar prokuraturasi yana unga “…muqaddam ushbu murojaatingiz o'rganilib, Termiz shahar hokimligiga xat kiritilgani ma`lum bo'ldi”, degan mazmunda xat yo'llaydi. Xullas, mutasaddilarning “Oq terakmi, ko'k terak?..” o'ynayotgan javob xatlaridan boshi aylangan bechora ayolning toqatini yana sinab ko'rish uchun 2018 yilning 23 mayida Termiz shahar hokimligining “qo'shningizning ta`mirlab berishi yuzasidan tegishli huquqni muhofaza qiluvchi organlarga murojaat qilishingiz lozimligi ma`lum qilinadi”, degan “shablon” xati keladi.

Agar shu joyda bir bechora ayolning “kuygan ko'rpasini ustiga kuydirgan” xatlarning tili bo'lganda “qog'oz bo'lganimga ming pushaymonman”,— deb ayrim “xattot”lik hadisini olganlarning sha`nini “sharaflab” yuborgan bo'lardi.

Ammo 2018 yilning 6 iyulida esa Termiz shahar hokimligi tomonidan berilgan “uy-joyingiz 3-sektorga biriktirilgan jamoat tashkilotlarining homiylik mablag'lari hisobidan ta`mirlab berilishi ma`lum qilinadi”, degan javobdan qog'ozning ham bag'ri yayrab ketadi.

Biroq bu shirin gaplar qog'ozga taskin berish uchun yozilganmikan, Iroda opaning qalbiga hech kim chiroq yoqmapti. Noumid shayton, deyishadi. Bizning esa shayton bo'lgimiz yo'q. Sababi, jazirama issiqni ko'chada o'tkazgan 61 yashar kasalmand, yolg'iz onaxonni qishli-qirovli kunlar kechirmaydi-yov. Shuning uchun umid qilib qolamiz, ammo “Oq terakmi, ko'k terak?..” o'ynashga hushimiz yo'q.

Bu holatdan mutassadilarni ogohlantirganimizga va ularning “taskinli“ va “chiroyli” gaplarini eshitib, xatni “yopganimiz”ga ikki yil bo'layapti. Aksiga olib, nabirasini bag'riga bosib, yashashga yaroqsiz ahvolga kelib qolgan uyda sovuq kunlarga bardosh bergan onaning sabri hali ham sinalayotganidan bexabar qolibmiz. Eng achinarlisi, momosining uyqusiz tunlaridan boxabar murg'ak nabira jamiyatga va davlatga nisbatan qanday munosabatda kamol topadi? Xo'sh, sabrning chegarasi hali poyoniga yetmadimi? Yana umid bilan mutasaddilarga yuzlashmoqchimiz. Yoki “yaraning gazak otishigacha” ancha bormikan? Biz, albatta, mutasaddilardan javob kutib qolamiz.

Aliyor RAJABOV,

“Surxon tongi“ muxbiri

Boshqa xabarlar