Yangilanayotgan O'zbekistonni qalb ko'zi-la ko'rib quvonaman

105


– deydi Kasaba uyushmalari Federasiyasi
«Ehtirom» nishoni sohibi Hurmat Matchonov

Xivalik o'qituvchilar Ahmad va Guljon kenja farzandiga yaxshi niyat bilan Hurmat deb ism qo'yishdi. Biroq taqdir sinovini qarangki, Hurmatning ko'zi ko'rmay qoldi. Ota-ona uni Xivadagi ko'zi ojizlar maktabiga o'qishga berishdi. Iqtidorli Hurmat bu yerda brayl va kirill alifbosini qunt bilan o'rgandi. Bundan tashqari, tor va doira chalishning ham hadisini oldi. Badiiy havas­korlar to'garagi a`zosi sifatida turli ko'rik-tanlovlarda faol ishtirok etib, g'oliblikni qo'lga kiritdi.

O'sha kezlari maktab 9 yillik edi. Hurmat ota-onasiga bilimlarini yanada mustahkamlash niyatini bildirib, Toshkentdagi ko'zi ojizlar maktabiga yo'l oldi. Bu yerda eng bilimli o'quvchilardan biriga aylandi. Matemaktika, ona tili va adabiyotdan o'tkazilgan fan olimpiadalarida g'olib bo'ldi. Usftozlari ko'magida brayl­­cha nota yozuvini o'rgandi. Maktabni muvaffaqiyatli tamomlab, oliy o'quv yurtiga hujjat topshirdi. Lekin jiddiy sinovlardan biriga duch keldi. Uning attestatiga qandaydir nuqta tushib qolgani qabul komissiyasi a`zolarida shubha uyg'otdi. Hamma bahosi a`lo bo'lgan abiturientning hujjatini qalbaki deb topishdi. Hujjatni qayta ko'rib chiqish esa ancha vaqt oldi. Bu paytda qabul mavsumi tugagan edi.
– «Har yomonning bir yaxshisi bor» degan gap yuradi xalq orasida, – deya xotirlaydi Hurmat aka. – Xivadagi o'quv ishlab chiqarish kombinatiga ishga kirdim. Bizga maktabda poyandoz to'qishni ham o'rgatishgan edi. Shu bois, kombinatda mohir to'quvchiga aylandim. Lekin niyatimdan qaytmadim.
1974 yili Xorazm davlat pedagogika institutining boshlang'ich ta`lim metodikasi fakultetiga o'qishga kirib, uni imtiyozli ­diplom bilan bitirdim va o'zim tahsil olgan maktab-internatga ishga kirdim.
Boshlang'ich sinf o'qituvchisi bo'lish oson emas. Ayniqsa, maxsus maktabda ishlashning mas`uliyati o'n chandon og'ir. Muallim, avvalo, hayot zulmat emasligini, nur avvalo qalbda bo'lishini uqtirishi, o'sha nurni topishiga yordam berishi zarur.Hurmat muallimning mana shunday mas`uliyatli vazifani zimmasiga olganiga qirq bir yil bo'lyapti. Bugun shogirdlari muallimdan minnatdor. Ularning ko'pchiligi o'qituvchi, mohir sozanda, xonanda, sportchi, usta hunarmand bo'lib yetishdi. Yetti nafar shogirdi esa shu maktabda ustoz bilan bir safda ishlamoqda.
Hurmat muallim o'ttiz yildan buyon musiqa fanidan ham saboq beradi. Uning yordamida ­ko'plab bolalar rubob, doira chalishni, qo'shiq aytishni o'rgandi. Ustoz rahbarligidagi maktab badiiy havaskorlik to'garagi viloyatning taniqli ansambllaridan biriga aylandi. Shu sababli maktabning sobiq o'quvchilari orasida madaniyat uylari xodimlari, musiqa muallimlari ko'pchilikni tashkil qiladi.
1987 yilda unga hamkasblari ishonch bildirib, maktab boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitasi raisi qilib saylashdi. Muassasada jamoa shartnomasi shartlari har yili to'liq ijro qilinishiga erishiladi. 2016 yilda maktabning yangi binoga ko'chib o'tishida kasabaqo'm yetakchisining hissasi katta. Hurmat aka uzoq yillar davomida ushbu masala bo'yicha mutasaddi idoralarga murojaat qildi. Nihoyat, Xivadagi 121-ko'zi ojiz bolalar uchun ixtisos­lashtirilgan davlat maktab-internati uchun 100 o'rinli bino qurilib, foydalanishga topshirildi. Hurmat aka bundan mamnun bo'lgani holda sharoitlarni yanada yaxshilash yuzasidan mutasaddilarga qator takliflar bermoqda. Chunki ayni paytda bu yerda 160 o'quvchi tahsil olayotgani uchun maktab binosi torlik qilmoqda. Ko'rgazmali qurollar bilan ta`minlanish haqidagi so'rovlarining bir qismi ijobiy yechim topdi. Hozirda ustoz kompyuter sinfi tashkil qilish niyatida yelib-yugurmoqda.
Ko'zi ojiz bo'lishiga qaramasdan Hurmat aka axborot texnologiyalaridan foydalanishni yaxshi o'zlashtirgan. Dars o'tishda ko'rgazmali vositalarni keng qo'llaydi. Ertaklar, hikoya va she`rlarning audiomatnlarini tayyorlashda unga farzandlari yaqin ko'makdosh.
Davlat rahbari xalqimizni kitobxonlikka da`vat qilgani maktab-internat jamoasini behad quvontirib yubordi. Hurmat aka farzandlari, shogirdlari bilan yuzlab durdona asarlarning audiovariantlarini tayyorlashga bosh-qosh bo'ldi. Kitobxonlikni targ'ib qiluvchi tadbirlar, viktorinalar o'tkazish an`anaga aylandi. O'tgan yili maktab o'quvchisi Umidjon Qutlimurodovning «Yosh kitobxon» respublika tanlovida g'oliblar safidan joy olgani mutolaani qalb amriga aylantirigan o'quvchilar sonining yanada oshishiga turtki berdi.
Hurmat Matchonov izlanishdan charchamaydi. U tayyorlagan alifboni o'rgatishda foydalanishga mo'ljallangan bo'rtma surat va matnlar jamlangan albom yurtimizdagi turdosh maktablarda ommalashtirilgan.
Muallim darslarni zamonaviy uslublarda o'tishni yaxshi ko'radi. Imkoni yetsa, ko'rgazmali qurollarni o'zi yasaydi, tayyorlaydi. Qo'lidan kelmaganini sotib oladi. Ba`zida bunga-da imkonsiz qolgan chog'larida «Eh, qani edi mamlakatimizda ko'z ojizlar uchun mo'ljallangan bittagina do'kon bo'lsa…», deb qo'yadi. Ilgarilari zarur jihozlarni chetdan buyurtma berib olishardi. Keyingi yillarda bu xizmat nimagadir to'xtab qoldi. Mana, shu kunlarda narxi 200 AQSh dollari turuvchi yer shari xaritasini ham xorijdan olishga to'g'ri kelyapti.
Ta`lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Xiva shahar kengashi a`zosi sifatida Hurmat Matchonov kengash faoliyatini yanada yaxshilashga, rejada belgilangan tadbirlarning o'z vaqtida ijro qilinishiga yaqin ko'makdosh. Tajribali kasabaqo'm yetakchisi yosh hamkasblaridan o'z maslahat va tavsiyalarini ayamaydi. Mana shunday fidoyiliklari tufayli Hurmat Matchonovning ko'ksini «Shuhrat» medali, «Sog'liqni saqlash a`lochisi» ko'krak nishoni bezab turibdi.
Yaqinda ular qatoridan «Ehtirom» nishoni ham joy oldi. «Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida» tanlovining viloyat bosqichida g'olib chiqqan Hurmat Matchonovni Toshkent shahriga, tanlovning respublika bosqichi g'oliblarini taqdirlash marosimiga chaqirishganida quloqlariga ishonmadi.
Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatr eshigidan ichkari odimlar ekan, bundan 47 yil burun opera tomosha tinglash uchun kirgan damlarini esladi. Bu teatrga yana tashrif buyurishni orzu qilardi. Ammo uning sahnasiga chiqaman deb hech o'ylamagan edi.
Shu o'rinda «Ustozlar – kasaba uyushmalari e`zozida» tanlovi nafaqat o'qituvchilarning mehnatini qadrlashga xizmat qilgani, balki boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitalarining nufuzini oshirishga ham o'ziga xos turtki bo'lganini ta`kidlash joiz.
– Men yurtimizdagi har bir o'zgarishni, ayniqsa, ustozlarga ko'rsatilayotgan hurmat-e`tiborni, yangilanayotgan O'zbekiston manzaralarini qalb so'zi bilan ko'rib, quvonaman, – deydi tajribali ustoz. – Bu e`tibordan qaddimiz yuksalmoqda.
Ko'plab yoshlarni oyoqda mustahkam turishga, o'z yo'lini topib yurishga o'rgatgan, qancha qalblarni uyg'otgan Hurmat muallim zamonamiz qahramonlaridan biridir. U kabi o'z kasbi, yurtini sevadigan, halol va fidoyi o'qituvchilar bor ekan, yurtimiz taraqqiyoti yanada jadallashaveradi.

Muhabbat TO'RABOEVA,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar