O'zi bor-u ro'yxatda yo'q

64

yoxud unutilgan «Avesto» muzeyi

«Ishonch» gazetasiing 2019 yil 10 sentyabr sonida chop etilgan muzeylar haqidagi tanqidiy-tahliliy maqolalarni o'qir ekanman, ularda meni ko'p yillardan beri qiynab kelayotgan masalalar, muammolar aksini ko'rdim. Avvalo, tahririyat bugungi kundagi eng dolzarb masalalardan birini ko'tarib chiqqanini e`tirof etish lozim. Zero, muzeylar oddiy tomoshagoh yoki ko'ngil ochar maskan emas, o'tmishimiz, bugunimiz, ma`naviyatimiz, madaniyatimizga tutilgan ko'zgudir.

Har bir muzeyning ahamiyati tom-tom kitoblarga teng desam, mubolag'a emas. Biroq, ayrim mutasaddilarning e`tiborsizligi oqibatida bugungi kunda ko'pchilik muzeylar faoliyati achinarli ahvolga kelib qolgan. Xususan, bizning muzey ham…
Gapni uzoqroqdan boshlasak. Urganch shahrida «Avesto» muzeyi tashkil qilish maqsadida 2000-2001 yillarda voha bo'ylab ilmiy-amaliy ekspedisiya tashkil qilindi. Uning tarkibida etnograf, arxeolog morfogeolog, tarixchi olimlar, muxbirlar bor edi. Ekspedisiya ikki yil bahor va kuz oylarida Tuyamo'yin darasidan Orol dengizigacha, Xiva atrofidan Ayoz qal`a­gacha bo'lgan 400 kilometr yo'lni qadam-baqadam bosib, ko'hna qal`alar, xarobalar, ziyoratgoh va qabristonlardan 5-7 ming va hatto million yillik o'tmishga doir noyob ashyoviy dalillar topdi, 100 dan ziyod toponomik joylar nomi tadqiq qilindi.
«Avesto»ning 2700 yilligi nishonlanishi munosabati bilan barpo etilgan bog'-majmua amfiteatrining ­pastidan muzey uchun joy ajratildi. Shu tariqa «Oltin meros» xalqaro xayriya fondi Xorazm viloyati bo'limi qoshida «Avesto» xayriya muzeyi faoliyat ­boshladi. Unga «Avesto» deb nom berildi.
Muzeyda zardushtiylar zamonidan to bugungi kungacha bo'lgan davr haqida so'zlovchi osori-atiqalar bisyor. Ikki mingga yaqin eksponatning 850 tasi moddiy, qolgani rasmlar, fotosuratlar, kitoblar, qo'lyozmalardir. Yura davriga oid toshga aylangan daraxt, «Xamsa»ning nodir qo'lyozmasi, Sulton Uvays tog'idan topilgan Qur`oni Karimning teriga yozilgan oyati, turli davrlarga oid sopol buyumlar, uy anjomlari, kiyim-kechak­lar… Ularning har biri haqida ilmiy risola yozish mumkin.
Ammo… Hozirda muzey hech bir ro'yxatda yo'q. Ba`zi-ba`zida tarix o'qituvchilari, ilmiy izlanuvchilar kelib mendan maslahat olishadi, bu yerdagi hujjatlar, qo'lyozmalardan foydalanishadi. Xayriya asosida faoliyat ko'rsatganimiz bois mablag'imiz yo'q. Bu biron xodimni ishga olish imkoniyatimizni cheklaydi. Supur-sidirni ham ba`zida o'zim qilishimga to'g'ri keladi. Ba`zida savobtalab insonlar yordam berishadi. Mahalliy rahbarlar muzeyimizning ahvolidan xabardor bo'lganliklari bois xorijlik sayyohlarni jalb qilishga uyalishadi.
Menga esa 2700 yillik tarixni o'zida mujassam etgan, ilmiy, ma`naviy, madaniy ahamiyatga ega muassasa e`tibordan chetdaligi, qarovsizligi alam qiladi. Himoya vositalari bilan ta`minlanmagani bois, bir necha marta o'g'ri tushib, ayrim noyob eksponatlarimizdan ayrildik.
Yanada alam qiladigani, muammoning tayyor yechimi bo'lgani holda, mutasaddilar o'ta muhim masalaga sovuqqonlik bilan yondashayotganidir. Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 11 dekabrdagi «2017-2027 yillarda davlat muzeylari faoliyatini takomillashtirish va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash bo'yicha kompleks chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash to'g'risida»gi qarori asosida 2019 yilda sobiq FHDYo binosida «Xorazm madaniyati va tarixi» muzeyi tashkil etilishi belgilangan. Lekin, negadir mutasaddilar amaliy choralar ko'rishni turli bahonalar bilan paysalga solib kelishmoqda. Unda nafaqat bizning muzey, balki O'zbekiston zamonaviy san`ati muzeyi ham faoliyatini davom ettirishi ko'zda tutilgan. 2018 yilga qadar Urganch suratlar galereyasi sifatida faoliyat ko'rsatib kelgan ushbu muzey hozirda joylashgan bino tarixiy ahamiyatga ega bo'lib, 1910-1912 yillarda qurilgan. Biroq, bugungi kunda anchayin yaroqsiz ahvolga kelib qolgan.
«Avesto» muzeyi amfiteatrning tor, zax, qorong'i, isitilmaydigan xonalarida 19 yildan buyon faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Bu ne ko'rgilikki, mahalliy rahbarlarga, Madaniyat vazirligiga qilgan murojaatimizga quruq va`dadan boshqa javob olmadik.
Yuqorida shahardagi bittagina davlat muzeyi sanalmish San`at galereya­sining ahvoli haqida ham aytib o'tdik. Aslida-ku Xivadagi muzeylar ham butun tariximizni to'laligicha yoritib berolmaydi. Vaholanki, o'tmishimiz faxrlansa arzigulik, dunyoga ko'z-ko'z qilgulik. Hozirda xorijlik sayyohlarning Urganch shahri bilan tanishishi uchun bir soat atrofida vaqt ajratiladi. Avtobus yoki boshqa transport vositasi yordamida aylantirib, «Mana bu Jaloliddin Manguberdi bog'-majmuasi», «Mana bu «Avesto» bog'-majmuasi» deb aytib o'tiladi, xolos. Vaholanki, soatlab tomosha qilish mumkin bo'lgan eksponatlarimiz, hikoya qilishimiz mumkin bo'lgan tarixiy voqealar ozmunchami?!
Ayrim davlatlardagi muzeylarga kirish uchun odamlar soatlab navbatda turishini ko'rib, havasim keladi. Bizda esa muzeylarga faqat xorijliklarni jalb qiluvchi, sayyohlikni rivojlantirishga xizmat qiluvchi muassasa sifatida qaraladi. Aslida, muzeylar o'zimiz, ulug' xalq, buyuk millat ekanimizni his qilishimiz uchun kerak. Buni anglab yetadigan, shu yo'lda amaliy choralar ko'radigan fursat allaqachon keldi. Mayli, xorijlik­lar uchun bo'lsa ham muzeylarimizni asraylik. Balki, bizdan keyingi avlod ularni lozim darajada qadrlar…

Komil NURJONOV,
o'lkashunos, «Oltin meros» xalqaro xayriya jamg'armasi Xorazm viloyati bo'limi rahbari

Boshqa xabarlar