Ko'prik qulaylik uchun qurilgan, ammo…

111

Kun sayin chiroy ochib borayotgan poytaxtimizdagi o'zgarishlarni ko'rib, beixtiyor bahri dilingiz ochiladi. Ayniqsa, yo'llardagi tirbandliklarni bartaraf etish, xavfsizlikni ta`minlash maqsadida yo'lo'tkazgichlar, ko'priklar qurilayotgani tahsinga sazovor. Ammo… Me`morchilik nazariyasiga ko'ra, har qanday yangi inshoot uch muhim talabga javob berishi: qulay, mustahkam va chiroyli bo'lishi kerak. Agar ushbu talablarning biri amalga oshmasa ham, inshoot kutilgan vazifasini to'liq bajara olmaydi. Xo'sh, zamonaviy inshootlarimizda ahvol qanday?

Zinalar ko'p, eskalator esa…

Poytaxtimizning G'afur G'ulom nomidagi metro bekatidan chiqishda Olmazor va Shayxontohur tumaniga qarashli hududda 2014 yilda qurilgan piyodalar o'tishi uchun mo'ljallangan yo'lo'tkazgichning bugungi kundagi ahvoli haqida, afsuski, yurtdoshlarimizning fikri ijobiy emas. Chunki mazkur ko'p­riklarga chiqish uchun bir tomondan 40 ta zina, ikkinchi tomondan 43 ta zinadan ko'tarilishga to'g'ri keladi.
Ikki yil muqaddam shu ko'prikdan o'tganimizda eskalator ishlamayotgani tufayli yo'lovchilarning noroziliklarini eshitgan edik. «Oradan ancha vaqt o'tdi, endi vaziyat yaxshi tomonga o'zgargandir», degan ehtimol bilan yana shu manzilga yo'l oldik. Afsuski, hamon «eski hammom – eski tos» ekan. Ikkita yo'lo'tkazgichning 4 ta chiqish-tushish eskalatori bor. Ammo ularning atigi bittasi ishlab turganini nima bilan izohlash mumkin? Yo'lovchilar bilan suhbatda bildikki, bu eskalator ham ba`zan ishlamay qolayotgan ekan.

Panduslar kerak emasmi?

– Mirzo Ulug'bek tumanida yashayman, – deydi 63 yoshli Margarita Po'latova. – Yo'lning narigi tarafidagi do'konga tez-tez kelib turaman. Nogironman. Bu ko'prikdan chiqib-tushish menga juda og'irlik qiladi. Zinalar ko'p, eskalator esa… Aslida, bunchalar baland ko'prikka chiqish uchun ham, tushish uchun ham eskalator o'rnatilishi lozim edi. Ammo ular faqat chiqish uchun xizmat qiladi. Buning ustiga muntazam ishlamaydi. Nega loyihalashda bu jihatlar e`tiborga olinmagan? Qolaversa, ko'prikdan o'tish chog'ida shu paytgacha har ikkala eskalator ham ishlab turganini kamdan-kam ko'rganman. Axir, odamlarning og'irini yengil qilish, xavfsizligini ta`minlash uchun qurilgan inshoot qulay bo'lishi kerak emasmi?
– Nabiramni bog'chaga eltishda shu yerdan o'taman. Albatta, eskalator yaxshi ishlamasligi katta muammo. Qolaversa, nogiron va bolalar aravachasida go'dagini olib ketayotgan onalar uchun ham maxsus yo'lakchalar barpo etilmaganiga sira tushunmayman, – deydi 56 yoshli Gulnora Ismatullaeva. – Ko'pincha bolali ayollar zinadan tushayotganlarida aravachasini birorta erkak kishidan tushirib qo'yishini iltimos qilishga majbur.
Metro bekatidan chiqqanda «Xalq banki» joylashgan, u yerga tez-tez nafaqasini olgani keksalar kelishadi. Aksariyati shu ko'prikdan o'tishdagi noqulaylikdan norozilik bildirishadi.

Mutasaddi nima deydi?

Muammo yuzasidan Toshkent shahar sun`iy inshootlardan foydalanish va ularni saqlash, ta`mirlashga ixtisos­lashgan boshqarmaning ishlab chiqarish texnik bo'limi ­boshlig'i Bahodir Zohidovga murojaat qildik.
Uning aytishicha, mazkur inshootlar shu yilning avgust oyigacha qurilish kompaniyasidan to'liq qabul qilib olinmagan va rasmiy jihatdan Toshkent shahar sun`iy inshootlardan foydalanish va ularni saqlash, ta`mirlash ixtisoslashgan bosh­qarmasiga o'tkazilmagan. Bu hududdagi yo'lo'tkazgichlarning biri Shayxontohur, ikkinchisi Olmazor tumani ma`muriyatiga qarashli. Ayni paytda Olmazor tumanidagi ko'prikning eskalatori elektr energiyasi xarajatlari to'lanmagani uchun ishlamay turibdi. Ushbu inshoot qurilishiga buyurtmachi korxona – Toshkent shahar hokimiyatiga qarashli «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi yuzaga kelgan 16 million 700 ming so'm miqdordagi qarzdorlikni Olmazor tumani elektr tarmoqlariga to'lasagina, eskalatorlar ishga tushishi mumkin.
– Hozirda ushbu muammoni hal qilish choralarini ko'ryapmiz. Toshkent shahar hokimligi huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi yaqin kunlarda qarzdorlikni to'lashni o'z bo'yniga olgan, – deya qo'shimcha qildi suhbatdoshimiz.
Sir emaski, mazkur inshootning qurilishi uchun katta mablag' ajratilgan, xorijdan texnik uskunalar olib kelingan. Yo'lo'tkazgichning mustahkam, chiroyli qurilganiga ham aminmiz. Biroq… Beixtiyor ajablanasan kishi: zamonaviy moslamalar ishlatilmas ekan, undan ne naf? Axir, asl maqsad aholi uchun qulay va zamonaviy sharoit yaratish emasmi?

So'ngso'z o'rnida

Maqolani chop etishga tayyorlagan kunimiz, tahririyatimizga qo'ng'iroq bo'lib, Shayxontohur va Olmazor tumanidagi ko'priklarning eskalatorlari to'liq ishga tushganligi haqida xabar qilishdi. Haqiqatdan, hududdagi ikkala ko'p­rikning ham eskalatorlari ishlab turgan ekan.
– Mana, ishlatib qo'ysa bo'larkan-ku! – deydi faxriy shifokor Adham Ochilov. – Onda-sonda shu yerdan o'tib turaman. Bugun texnik qurilmalarning ishlayotganini, aholi undan mamnuniyat bilan foydalanayotganini ko'rib, xursand bo'ldim. Xayr­­li ishga bosh qo'shganlar baraka topsin!
Hamyurtlarimizning fikrlarini tinglab, ko'nglimiz tas­kin topdi. Xayriyatki, mutasaddilar bergan va`dalarining ustidan chiqishibdi. Toshkent shahar sun`iy inshootlardan foydalanish va ularni saqlash, ta`mirlash ixtisoslashgan boshqarmasi sa`y-harakatlari bilan Toshkent shahar hokimiyati huzuridagi «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniya­­si elektr energiyasidan qarzdorlikni to'liq to'lab beribdi.
Shundan so'ng «Novza» metro bekati va Chilonzor tumanidagi «Oqtepa» hududida joylashgan yo'lo'tkazgich – ko'prik­lar holati bilan ham yaqindan tanishish fikri tug'ildi. Met­ro bekatidagi ko'prikning lift qurilmasi ishlab turgan ekan. Yo'lovchilar liftning muntazam ishlayotganini aytishdi. Ammo «Oqtepa» hududidagi 2 ta ko'prikning har bir tomonida 44-45 tadan zina bo'lishiga qaramay, lift yoki eskalator qurilmasi o'rnatilmagan. Shu bois, ayrimlar yo'lning narigi tarafiga o'tishda ko'prikdan foydalanayotgani holda, aksariyat odamlar o'z salomatligini xavfga qo'yib, yo'lni kesib o'tmoqda. Sababini so'rasak, yo'lovchilar ko'prikdan o'tish ko'p vaqt olishini, boz ustiga, noqulayligidan yozg'irdi. Bu yerda yo'lo'tkazgich bosh­­qa joylardagiga qaraganda qisqaroq. Ammo bu hol mas`uliyatdan qochish uchun asos bo'la olmaydi. Buning ustiga, nogironlar va yosh bolali ayollar aravachada o'tishi uchun ham qulaylik­lar mavjud emas.
Ortiqcha izohga hojat yo'q. Inshootlarni loyihalash jarayonida har jihatdan puxta o'ylanganida bugun ahvol boshqacha bo'lishi mumkin edi.

Zebo Nomozova,

«Ishonch»

Boshqa xabarlar