Ozish uchun emas, yashash uchun harakat qiling!

54

Keyingi paytlarda OAV va ijtimoiy tarmoqlarda ozishni xohlaganlar uchun reklamalar ko'paygandan-ko'paydi. Ularni ko'rib, «ozish» yer yuzida global muammoga aylanib bormoqda», degan xulosaga kelasan kishi. Muammoni yechish uchun «To'g'ri ovqatlanish» salomatlik markazlari, fitnes klublariga qatnayotganlar ham ko'pchilikni tashkil etadi. Ayniqsa, shaharlarda. Xo'sh, semizlik yoxud ozish davrning muhim masalasiga aylandimi? Umuman, bu kabi usullar qanchalik naf beradi?

Do'ppini boshdan olib…

– «To'g'ri ovqatlanish» salomatlik markazlari va fitnes klublariga qatnab, ortiqcha vazndan xalos bo'lish mumkinligi ayni haqiqat – deydi neyropsixolog Rasulbek Polvonov. – Ammo mashg'ulotlarni to'xtatgach, «amallab» yo'qotilgan vazn yoniga vazn qo'shib olganlar ham kam emas. Bu bilan turli markazlar faoliyatini qoralashdan yiroqmiz, albatta. Ayt­moqchi bo'lganimiz shuki, ularga borishdan avval «do'ppini yerga qo'yib», organizmimiz bilan «dildan suhbatlashib», unga nima kerag-u, nima kerak emasligini bilib olish darkor.
Semizlik fobiyasiga uchraganlar xayolida faqat bir o'y bo'ladi: bir oydan so'ng falonchinikida to'y, falon bayramgacha ozib, chiroyli bo'lib olishim kerak…» . Ular shu o'rinda bir narsani unutmasligi lozim: Shuncha pulni bekorga sovurib, kimningdir cho'ntagini qappaytirmayaptimi? Ertaga mashg'ulotlar tugasa, yana semirib ketmaydimi?
Aslida, haqiqatning ko'ziga tik qaralsa, 35 yoshdan so'ng nafaqat ayollar, balki erkaklar ham semira boshlaydi. Sababi oddiy – gormonlar almashinuvi boshlangan bo'lishi mumkin. Tavsiya: ortiqcha vazn yig'ishni boshladingizmi, birinchi o'rinda shifokorga murojaat qiling. «ozish uchun» har xil vositalarni iste`mol qilish yaramaydi. Organizmni stressga solish o'rniga unga muhlat berish kerak.

Taomnomada nimalar bor?

Yaqinda bir tanishim murojaat qildi: Nimagadir sochlarim bosim to'kilyapti. Nima qilsam ekan-a?
Men ham undan so'radim: Mabodo, taomnomangizdan nonni olib tashlamadingizmi?
– Qaerdan bildingiz? Ikki oydan beri «To'g'ri ovqatlanish» markaziga qatnayap­man. Non yemayapman. Shu ikki oy ichida 15 kilogramm vazndan xalos bo'ldim. Lekin… «Faqat mening sochim to'kilyaptimi?» desam, guruhda hammada shu hol emish…
Aslida, har bir inson parhez taomlar tanovul qilgani ma`qul. Ammo avval parhez nimaligini bilib olish lozim.
Parhez – kaloriyasi past, yog'siz, qaynatilgan yoki qozonga solib dimlangan taomlar. Organizmni kerakli vitamin va moddalardan cheklab, och qolish, degani emas.
Dengiz mahsulotlarida inson organizmiga kerakli bo'lgan vitaminli moddalar ko'p. Biroq bunday imkoniyatdan hamma ham birdek foydalana bilmaydi. Shuning uchun parhez qilganda nonni cheklash maqsadga muvofiq emas. Eng yaxshisi, kam miqdorda, tandirdan yangi uzilganini emas, balki suvi qochgan yoki qora nonni nonushta vaqtida yeyish lozim.

«Aldangan oshqozon» muammosi

Inson organizmida ishtaha tizimini nazorat qiluvchi to'rtta gormon mavjud. Bular – insulin, grelin, kortizol, neyropeptidlardir.
Ochlik yoki nafsimizni talab qilgan narsani cheklash bilan oshqozonni aldab bo'lmaydi. Chunki, aldangan oshqozon grelin gormonini yig'ishni bosh­laydi. Kunlardan bir kun bu gormon nazorat qilib bo'lmas va eplab bo'lmas darajada ishtahani qo'zg'atib yuborishi aniq. Bu yig'indi moddalar almashinuv jarayonini ham yomonlashtiradi va qarabsizki, ozish uchun qilgan harakatlar chippakka chiqadi.
Ozish uchun parhezning keragi yo'q. Chunki oshqozon bilan miya baravar ishlaydi. Masalan, ertalab manti yegingiz keldi. Buni darrov miya «ilib» oladi va kutadi. Siz esa qomatingizni saqlash maqsadida tushlikka manti emas, grechka yedingiz. Oshqozon esa miyaga «men manti yemadim» deya signal berib turaveradi. Miya esa va`da qilingan mantini kutib o'tiraveradi. Shu sabab to'rtta manti o'rniga bittagina manti yeb qo'ya qoling, olam guliston.
Shu sabab doimiy tanovul qiladigan taomlar miqdorini asta-sekin kamaytirib borishni yo'lga qo'yish lozim. Bu oshqozonni toraytirish imkonini yaratadi.
Go'zal bo'lish ishtiyoqida o'ylamay bosilgan qadam, masalan, tanovul qilinayotgan taomlar kaloriyasini sezilarli darajada pasaytirish natijasida organizmni qattiq stressga solish va uning muvozanati buzilishi sababchi bo'lishi mumkin. Shuning o'zi kamdek, biz yana ekspress parhezga o'tib, oshqozon va miyani och qoldirsak, ortiqcha vaznni yo'qotganimiz taqdirda ham boshqa dardlarni orttirib olishimiz mumkinligini aslo unutmasligimiz kerak.

Mizojning ham o'rni bor

Inson qomatini saqlash harakatini qilar ekan, o'z fiziologik va ruhiy holatini yodda saqlashi darkor. Chunki odamlarning tashqi ko'rinishi turlicha bo'lganidek, organizm ham har xil bo'ladi. Qolaversa, organizm issiq va sovuq mizoj bo'ladi. Issiq mizoj kishilar kaloriyasi past taom va ichimliklarni tanovul qilishi kerak. Sovuq mizojlilar esa buning aksi. Lekin kuzatishlar shuni ko'rsatyaptiki, issiq mizojlar ko'proq kaloriyali, sovuq mizojlar esa kaloriyasizni xush ko'radi. Shu sababli bu borada bilimini oshirgan odam salomatligini ham mustahkamlaydi.

Hammasi o'zingizga bog'liq

Ozishning eng to'g'ri yo'li – fiziologik mehnat bilan ko'proq shug'ullanishdir. Birovlarga chiroyli ko'rinish uchun yoki «semirib, xunuk bo'lib ketyapman, chiroyli bo'laman» deb emas, balki yig'ilayotgan ortiqcha vazn evaziga hansirashni yo'qotish, qandli diabetning oldini olish va hokazolar uchun harakat qilish kerak.
Semirishga olib keluvchi birgina misol: televizorni yotgan joyimizdan yoqib-o'chiryapmiz, kir yuvish mashinasi o'zi yuvib, o'zi quritib ham beryapti. Misollarni keltiraverish mumkin. Hammasi bitta narsaga borib taqaladi – kamharakatlikka!
Shu bois, ko'proq harakatda bo'lish, ertalabki badantarbiyani unutmaslik lozim. Ko'proq harakat qon aylanish tizimini yaxshilaydi. Qolaversa, doim kaloriyalarning cheki-chegarasini bilishimiz shart. Shunda nafaqat ortiqcha vazndan qutulamiz, balki xavfli kasalliklarning oldini ham olgan bo'lamiz.

Dilorom XUDOYBERGANOVA
tayyorladi

Boshqa xabarlar