Qashqadaryoda ilk bor kataraktani davolashning “oltin standarti” qo'llanildi

30
Foto: Qashqadaryo gazetasi

Qashqadaryo viloyatida ikki kun davomida 41 nafar bemorning ko'zi ko'rikdan o'tkazildi, 17 ta jarrohlik amaliyoti o'tkazildi.  Viloyat ko'z kasalliklari shifoxonasida respublika ixtisoslashtirilgan ko'z mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi mutaxassislari tomonidan zamonaviy fakoemulsifikator apparati yordamida ilk bor  kataraktani davolashning  “oltin standarti” qo'llanildi. Bu haqda “Qashqadaryo gazetasi” ma`lum qildi.  

– Shu paytgacha shifoxonamizda ko'zga sun`iy gavhar qo'yish amaliyoti asosan qo'lda bajarilgan, – deydi shifokor Shokir Lutfullaev. – Bunda shoh parda 12 millimetr kesilar edi. Bu esa tabiiyki, kattagina kesim jarohatiga sabab bo'lardi. Fakoemulsifikatorda shu kesim 2-2,8 millimetrni tashkil etadi. Mazkur uskunani amaliyotda ishlatish orqali kesim jarohati kichrayadi, jarohat tez bitadi, jarrohlik amaliyoti vaqti, bemorning stasionarda qolish davomiyligi qisqaradi, uni ambulator sharoitda davolab, bir kunda javob berish imkoniyati yuzaga keladi. Bu dunyo oftalmologiyasida kataraktani davolashning “oltin standarti” hisoblanadi. Endi bemorlar bu “operasiya” uchun poytaxtga qatnab yurishlariga hojat qolmadi.

– Bir muddat avval o'ng ko'zim xiralashib, ko'rmay qoldi, – deydi Chiroqchi tumanining Ko'ktosh qishlog'ilik Abdurasul bobo Kenjaev. – Shifoxonaga tekshirtirgani kelsam, yangi apparat yordamida operasiya qilamiz, deyishdi. “Operasiya” o'n daqiqa ham davom etgani yo'q. Baraka topishsin, bir zumda gavhar qo'yishib, muammoni hal qilishdi.

Ha, bir paytlar o'ta murakkab va qimmat bo'lgan, faqat xorijlik mutaxassislar tomonidan bajarilgan bu jarrohlik amaliyoti uchun endi do'xtirlaru bemorlar hazil-chin aralash qayd etishayotganidek, “lampochka” almashtirgancha ham vaqt sarflanayotgani yo'q”. Bemor ham darrov oyoqqa turayapti.

– Shifoxonamizdagi navbatdagi yangi apparat “OST” – optik kogerent tomografiya, ya`ni ko'z tomografiyasi uskunasi  bo'lib, ko'z tubidagi o'zgarishlarni, to'qimalarning mikroskopik darajadagi gistologik holatini ko'rsatib beradi, – deydi shifokor Shohista Fayzieva. – Shu orqali aniq tashxislash imkoni yaratiladi. Ko'zning to'rparda kasalliklari, glaukomani, shuningdek, gipertoniya, qandli diabet va irsiy kasalliklarda ko'rish o'tkirligining pasayishi bilan bog'liq barcha kasalliklarni bosqichma-bosqich aniqlaydi. Davolash jarayonida ko'z holatini muntazam nazoratga olish imkonini beradi. 

Shifoxona mutaxassislarining qayd etishicha, keltirilishi kutilayotgan yashil lazer uskunasi bulardan-da yaxshi imkoniyatlar yaratadi. Bu orqali ko'z tubida bo'ladigan miopiya kasalligi asoratlari, to'rpardaning qisman ko'chishi va yorilishi, to'rparda qon tomir kasalliklarida, qandli diabetning ko'z to'rpardasidagi o'zgarishlarida, glaukoma, ikkilamchi kataraktada lazer jarrohlik amaliyotlari qon ketishsiz, og'riqsiz, qisqa muddatda (20 daqiqagacha bo'lgan vaqtda) amalga oshiriladi. 

Shohista BOZOROVA

Boshqa xabarlar