Samaradorlikning bosh omili – munosib mehnat

40

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasida «7 oktyabr – Butunjahon munosib mehnat kuni» munosabati bilan «O'zbekiston Respub­likasida mehnat sohasining holati va rivoj­lantirish istiqbollari» mavzusidagi davra suhbati bo'lib o'tdi.
Tadbirni Federasiya raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev kirish so'zi bilan ochib, ushbu muloqotdan ko'zlangan asosiy maqsad – mehnatkashlarning ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy manfaatlarini ta`minlashda e`tibor qaratilishi lozim bo'lgan jihatlarga to'xtalib o'tdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Band­lik va mehnat munosabatlari vazirligi, Ish beruvchilar konfederasiyasi, kasaba uyushma faollari, shuningdek, qator vazirlik va idoralar, nodavlat notijorat tashkilotlari mutasaddilari ishtirokida tashkil etilgan davra suhbatida mavzu muhokamasi yuzasidan atroflicha ­fikr-mulohazalar bildirildi.

Xalqaro mehnat tashkilotining «O'zbekistonda munosib mehnat bo'yicha mamlakat dasturini bajarishga ko'maklashish» loyihasi katta texnik maslahatchisi Anastasiya Dubova o'z ma`ruzasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini ta`minlash, munosib mehnat sharoiti yaratish hamda xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirish zarurligini ta`kidlab o'tdi.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi raisi Mavluda Xo'jaeva O'zbekis­ton Respublikasining yangi tahrirdagi «Aholini ish bilan ta`minlash to'g'risida»gi qonuni loyihasi va undagi o'zgartish va qo'shimchalar, qonunning afzalliklari xususida so'z yuritdi.
XMTning «Paxtachilikda bolalar mehnati va majburiy mehnatning Uchinchi tomon monitoringi» loyihasi katta texnik maslahatchisi Yonas Astrup paxtachilikda majburiy mehnatga barham berish bo'yi­­cha Xalqaro mehnat tashkiloti va O'zbekiston Respublikasi o'rtasidagi hamkorlik to'g'risida ma`ruza qildi.
O'zbekiston Ish beruvchilar konfederasiyasi Ijrochi direktori Farrux Omonovning munosib mehnat konsepsiyasini tatbiq etishda konfederasiya tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar to'g'risidagi ma`ruzasi ham ko'pgina masalalarga oydinlik kiritdi.
O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Mehnatni muhofaza qilish bo'limi mudiri Nodira Karimovaning mehnat muhofazasi va xavfsizligi sohasidagi ishlarning jahon hamda yurtimizda qay darajada amalga oshirilganiga oid ma`lumot va dalillari qatnashchilarda katta qiziqish uyg'otdi.
Davra suhbatida mehnat munosabatlari va mehnat muhofazasiga oid masalalar atroflicha muhokama etildi.

A`zam ABULFAYZOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar