SIFATNI TEKShIRISh UChUN ShAROIT YeTARLIMI?

101

    Mamlakatimizda mahsulotlarning raqobatbardosh, xaridorgir tayyorlanishi va ishlab chiqarilishi uchun texnik standartlar yetarli darajadami? Mahsulotlar sifatini tekshirishga mo'ljallangan laboratoriya jihozlarining ahvoli qanday? “O'zstandart” agentligida “Yangi O'zbekistonning yangi standartlari amalda” mavzusida bo'lib o'tgan ochiq eshiklar kunida jurnalistlar o'zlarini qiziqtirgan shu kabi barcha savollarga javob olishdi.

– “O'zstandart” instituti qoshidagi me`yoriy hujjatlar fondida bugungi kunda 37 mingdan oshiq mahsulotlarning standartlari mavjud. Ularning 18 mingdan oshig'ini davlatlararo standartlar tashkil etadi, qolganlari mahalliy standartlardir, – deydi “O'zstandart” agentligi qoshidagi Standartlar instituti direktori G'ayrat G'oziev. – Bosqichma-bosqich mazkur standartlar elektron shaklga o'tkazib borilmoqda. Oldimizdagi eng muhim vazifalardan biri mavjud standartlarimizni xalqaro me`yorlarga moslashtirishdir. Chunki tadbirkorlarimiz ishlab chiqarayotgan mahsulotlar jahon bozori talablariga javob berishi, eskportbop bo'lishi uchun xalqaro standartlarga javob berishi kerak. Buning uchun bizning muassasamiz xalqaro standartlar va talablarni o'rganib, o'zimizdagi mavjud hujjatlarni ularga moslashtirish ustida ishlamoqda.  Joriy yil boshida bu ko'rsatkich 10,5 foizni tashkil etgan bo'lsa, yil yakuniga yetgach 29 foizga yetishi rejalashtirilgan. 

    Mutaxassislarning aytishicha, standartlarning ko'p yoki kamligi soha rivojini belgilab bermaydi.  Ularning yangilangani muhim. Agar standartlar qanchalik tez-tez yangilansa, o'sha mahsulotni ishlab chiqirish borasida siljish, takomillashuv bo'layotganini tushunish mumkin.

Shundan so'ng jurnalistlar  Respublika sinov va sertifikatlashtirish markazi hamda O'zbekiston milliy metrologiya institutlariga qarashli laboratoriyalar majmuasi bilan tanishishdi. Bu yerda shirinliklar va oziq-ovqat mahsulotlari, elektrotexnik buyumlar, qurilish mollari, bolalar o'yinchoqlari, sanoat sohasida ishlatiladigan zararli nurlardan himoyalovchi moslamalar, barcha-barchasi guruh-guruh holda sinovdan o'tkaziladi.

– Muassasamizda barcha mahsulotlarni qiyoslash, ularning belgilangan talab va normalarga mosligini tekshirish uchun sharoitlar yetarli. 2015 yildan boshlab agentligimizga avval o'zimizda bo'lmagan uskunalar ham keltirila boshlandi, – deydi “O'zstandart” agentligi direktor o'rinbosari  Rustam Qiyomov. – Masalan, suyuqlikda va havoda gaz bosimini o'lchaydigan, qurilish mahsulotlari zichligini sinovdan o'tkazadigan uskunalarni tekshirish moslamalari ilgari mavjud emasdi. Buning uchun Rossiya, Belarus, Vetnam kabi davlatlarga borib qiyoslash amalga oshirilib kelinar va har bir ashyoni tekshirtirish uchun 1000 Aqsh dollaridan 2000 AQSh dollarigacha mablag' sarflanardi. Endilikda esa zamonaviy texnika uskunalari davlatimiz tomonidan  sotib olinib, o'zimizda amalga oshirilmoqda. Buning ustiga Tojikiston, Qirg'iziston va Turkmaniston davlatlaridan keltirilgan ashyolar ham qiyoslovdan o'tkazib berilmoqda. Natijada, avvalo xarajatlarimiz tejalmoqda, so'ngra qo'shni davlatlarga ham xizmat ko'rsatishga muvaffaq   bo'lmoqdamiz. Agentligimizga kelgusida ham yangi qiyoslov uskunalari keltirishni rejalashtirganmiz.

Zebo NAMOZOVA,

«Ishonch»  

Boshqa xabarlar