Tariximsan, taqdirimsan, kelajagimsan, ona tilim!

300

Prezidentimizning 2019 yil 4 oktyabrdagi «O'zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi Qonuni qabul qilinganining o'ttiz yilligini keng nishonlash to'g'risida»gi qarori yurtdoshlarimizni, xususan, ziyoli va olimlarimizni juda ruhlantirib yubordi. Chunki unda belgilab berilgan qator vazifalar ona tilimizni asrab-avaylash, uni bor go'zalligi va jozibasi bilan yuksaklarga ko'tarish, tarixiy mavqeini tiklab, kelgusida xalqaro miqyosda ishlatiladigan tillar safiga qo'shishga imkon yaratadi.

Millat taraqqiyotining birlamchi sharti

– Dunyodagi eng ilg'or mamlakatlar, birinchi navbatda, o'z milliy tillari vositasida tafakkur qilgani natijasida yuksak taraqqiyotga erishgan.
Ona tilimizga davlat tili maqomi berilganini, ta`bir joiz bo'lsa, bahor oldidan uchib keladigan qaldirg'ochga o'xshatish mumkin. O'sha pallada biz talaba edik. Tarixiy voqelikni o'z ko'zimiz bilan ko'rdik: o'zbek tilining sofligi, mavqei, martabasi uchun ziyolilar jon-jahdi bilan kurash maydoniga chiqdi…

Ona tilimiz o'sha mahallarda sal bo'lmasa, oila doirasida gaplashiladigan maishiy bir tilga aylanib qolish xavfi ostida turgan edi. Hayriyatki…
O'sha kunlarning o'tganiga ham mana o'ttiz yil bo'libdi. Bu orada o'zbek tili ko'p yangiliklarga yuz tutdi. Ona tilimizga xorij tillarining xavf solishiga hech bir o'zbekistonlik ziyoli befarq bo'la olmaydi.
Boshqa hamma soha dunyoning istalgan joyida taraqqiy qilishi mumkin. Biroq o'zbek tili va adabiyotining rivoj­lanish negizi O'zbekistondir.
Nutqdagi nuqson va kamchiliklar ustida ko'plab mulohaza bildirish mumkin. Ziyolilarimiz fikrlarini ravon ifodalashi uchun mamlakatdagi barcha oliy ta`lim dargohlarida o'zbek tili va adabiyoti o'qitilishi shart. Maktab va lisey davrida o'zbek tili va adabiyotidan olingan saboqlar ziyoli uchun kamlik qiladi.
O'zbek tilining boyishiga qaysidir ma`noda adiblar ulkan hissa qo'shadi. Hazrat Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur shunday vazifani bajargan. «O'zbek tili kambag'al emas, balki o'zbek tilini kambag'al deguvchilarning o'zi kambag'al. Ular o'z nodonlik­larini o'zbek tiliga to'nkamasinlar». Abdulla Qodiriyning o'zbek tili qadri haqidagi fikri shunday. U o'z asarlari bilan bu mumtoz tilning ifoda imkoniyatlarini, so'z vositasida xuddi rassomdek nafis va latif manzaralar chizish, so'zdan bebaho ma`naviyat qasrlarini bunyod qilish mumkinligini isbotlab berdi. Cho'lpon esa «Men suyub…men suyub…kimni suyubmen? Men suygan «suyukli» shunchalar go'zal, Oydan-da go'zaldir, kundan-da go'zal!» kabi o'nlab benazir misralari bilan shoir yuragini she`rga solib, o'zbek tilining jozibador ohangini, insonning qalb sadosi va uning aks-sadosini, o'zbekona tasvir, tasavvur va tafakkur ko'lamini namoyon qildi.
O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kunni bayram qilishga haqlimiz. Chunki biz uchun ota-ona, el-yurt, qarindosh-urug' qanchalar qadrli bo'lsa, ota makon va ona til shu darajada azizdir. Shu ma`noda, muhtaram Prezidentimizning mazkur qarori tarixiy ahamiyatga ega.

Bahodir KARIMOV,
filologiya fanlari doktori, professor:

Qutlug' kunlar nashidasi

– Avar shoiri Rasul Hamzatovning «Mening Dog'istonim» kitobida ibratli bir voqea hikoya qilingan. O'g'li urushda bedarak yo'qolgan avar ayoli uzoq yillar uning yo'liga ko'z tikib yashaydi. «Kelib qolar» degan umididan voz kechmagan ona shu ilinj­­da keksayadi, sochlari oqarib, qomati bukchayadi. Hayot esa tasodiflarga to'la. Ittifoqo, o'g'lining tirik ekani, Yevropaning qaysi bir davlatida yashayotgani, taniqli rassom ekani haqida xabar keladi. Onaning quvonchi chek-chegara bilmaydi. Shu asno u jiddiy tortib, xushxabar olib kelgan kishidan «O'g'lim sen bilan qaysi tilda ­gaplashdi?», deb so'raydi. Savoliga «O'zimizning tilimizni unutgan ekan, tilmoch orqali so'zlashdik», degan javobni oladi. Ayol ma`yus tortib qoladi. So'ng o'rnidan turib uyiga kirib ketadi-da, qora kiyib chiqadi va «O'g'lim tirik deb yursam allaqachon o'lgan ekan», deb aza ochadi.
Hikoyadan ko'rinadiki, tildan voz kechish, unutish – o'zligidan qaytish demakdir. Inson uchun bu ma`naviy fojia. Odamzod ona tilisiz millat sifatidagi qiyofasini saqlab qololmaydi. Ona tilimizga har xil ta`sirlar ko'paygan paytda har bir o'zbek farzandi, ayniqsa, qalam ahli uni asrash uchun qattiq jon kuydirishi, yozuvchi, shoirlarimiz asarlarida ona tilining boy imkoniyatini bor bo'y-basti bilan ko'rsatib berishi lozim. Men dunyoning mashhur yozuvchilarini bilaman. Ular to'rt-beshta tilni mukammal biladi. Ammo faqat bitta tilda – o'z ona tillarida yozadi. Chunki ular, birinchidan, faqat o'z tilidagina maromiga yetkazib tasvirlab, his-tuyg'ularini ifoda eta olish lozimligini yaxshi anglaydi, ikkinchidan, o'z ona tiliga bo'lgan hurmat boshqacha yozishiga yo'l qo'ymaydi.
Prezidentimizning davlat tilimizning o'ttiz yilligini keng nishonlash haqidagi qarori tarixiy voqelik hisob­lanadi. bu kunni munosib nishonlash burchimizdir.

Xosiyat RUSTAMOVA,
«Kitob dunyosi»
gazetasi bosh
muharriri:

Qadring ham, qadding ham mudom tik bo'lsin

– Prezidentimizning «Davlat tili haqida»gi qonunning o'ttiz yilligini keng nishonlash haqidagi qarori javobini kutayotgan ba`zi savollarga yechim, mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma`naviy boyligimiz bo'lgan o'z ona tilimizga davlat miqyosida bo'lgan e`tiborning munosib e`tirofi bo'ldi.
Ha, aytish joizki, til o'zligimizni anglashning bosh belgisidir. Xalqimizda «O'z qadrini bilmagan o'zganing qadrini bilmas», degan hikmat bor. Bu bejiz aytilmagan. Avvalo, ona tilimiz qadriga yetsak, o'zga tillar ahamiyatini anglaymiz, his qilamiz. Chet tillarni chuqur o'rganib, kerakli o'rinda foydalanishimiz foydadan xoli bo'lmaydi. Ammo, ularni bo'lar-bo'lmasga tilimizga qorishtirish yaxshi emas. Ona tilimizga o'zga so'zlarni chog'ishtirish go'yoki bulbul kuyiga to'tiqush sayrog'i qo'shilgandek bir hodisa. Fikrli, so'z qadriga yetgan inson buni yaxshi ang­laydi, vatandek aziz, onadek tabarruk o'z ona tilining kelajagi yo'lida qayg'uradi. Bu haqda O'zbekiston xalq shoiri Erkin Vohidov shunday degan edi: «O'zbek tilim boshqalarga qandoq, bilmayman, lekin men uchun dunyoda eng boy, eng go'zal, eng barkamoldir. O'zbekcha gapirib tilim chiqqan, qo'limga qalam olib o'zbekcha yozganman. Qalbim sevinchlari va iztiroblarini o'zbekchada tushirganman, ona tilimning ko'rki, barvasta qomati sahifalardan jahonga bo'y ko'rsatib tursa deyman».
Qarorda «o'zbek adabiy tilining asos­chisi, buyuk mutafakkir shoirimiz Alisher Navoiyga Toshkent shahridagi Milliy bog'da, shuningdek, viloyat va shaharlarda o'rnatilgan haykallar poyiga gul qo'yish marosimini uyushtirilsin», degan jumlani o'qib qalbimizda faxr tuydik. Bir necha asr avval turkiy tilning latofati, go'zalligi va boyligini ilmiy, badiiy jihatdan isbotlab bergan hazrat Navoiy bobomizga har qancha ehtirom ko'rsatsak kam.
Tilini yo'qotgan el xalq sifatida ham unutiladi. Shunday ekan, yosh avlodni o'z ona tiliga muhabbat ruhida tarbiya­lashimiz, tilni e`zozlashga, bu tilda ravon va shirali so'zlashga o'rgatishimiz shart.

Sharofat
TOShMIRZAEVA,
«Mehnat shuhrati» ordeni sohibasi, Xalq ta`limi a`lochisi:

Salim ABDURAHMONOV yozib oldi

:

Boshqa xabarlar