Virtual tilanchilik — yangi illatni kim rivojlantiryapti?

34
Hacker in front of his computer

Texnologik taraqqiyot global internet tarmog'ini inson hayotiga simsiz ulab qo'ydi. Endi undan kechib ham, chetlab ham o'tib bo'lmaydi. Internet yangi imkoniyatlar bilan birga,  ijtimoiy hayotimizda yangidan-yangi illatlarga ham yo'l ochdi. To'g'rirog'i, real hayotdagi yaxshiyu yomon odatlarimiz onlayn platformaga ko'chmoqda.

Muhtojlarga yordam berish, savob ilinjida yaxshilikka intilish xalqimizning ibratli odatlaridan. Ammo shu odatni suiiste`mol qiluvchilar ham topiladi. Virtual tilanchilik buning bir ko'rinishi deyish mumkin. Yaxshilar ko'magi bilan internet tarmog'ida chindan ko'makka muhtoj yurtdoshlarimiz uchun tez-tez xayriya aksiyalari o'tkazib turiladi. Ammo firibgarlarning kasriga begunoh insonlar qolayotgani, kimdir majburlikdan yordam so'rasa, uni ham tovlamachiga chiqarish hollari, afsuski, uchrab turibdi.

Asosan, mayda firibgarlik deb baholanadigan bunday holatlar onda-sonda uchrab turibdi. Biroq bularni mayda desak, kattalariga yo'l ochib bergan bo'lmaymizmi?

Masalan, telefoningizga SMS keladi: «Dovonda qolib ketdim. Shu nomerga falon so'm «paynet» qilib bering, iltimos». Kimdir unga ishonib yordam berishga tutinadi. Ammo qarasa, bu «bechora» tez-tez «dovonda qolib ketadi»gan bo'lib chiqadi. Internet tilanchilik haqiqiy hayotdagi tilanchilikdan farq qiladi. Uni amalga oshiruvchilar anonim, o'zlarini jamoat oldida oshkor qilmaydilar, yolg'on aytayotganini yuzlariga qarab bilishning imkoni yo'q, chunki ularning yuzini hech kim ko'rmaydi.

Sizga ham katta pul taklif qilishdimi?

Bir kun «Facebook»dagi sahifamga Isaak Oddentem degan foydalanuvchidan xabar kelib tushdi. Ganadagi qandaydir bankda ishlaydigan bu shovvoz jiddiy taklif berdi. Aytishicha, bank mijozlaridan biri, Gabriel Ziyo degan kimsa vafot etibdi. Uning hisobida million dollar mablag' bor ekan. Buni qarangki, uning familiyasi meniki bilan bir xil chiqib qolibdi. Marhumning farzandlari ham yo'q ekan. Isaak tog'aning taklifiga ko'ra, men marhumning vorisi sifatida bankka murojaat qilishim va pullarni bo'lishib olishimiz kerak ekan. Yo'qsa, bank rahbarlari bu mablag'ni o'zlashtirib olishini aytdi. O'zbek tilini qaydan o'rganganini so'rasam, «Google» tarjimon» yordamida yozganini bildirdi. Ketma-ket savollardan keyin Isaak tog'a o'zini tushunmaganga sola boshladi. Inglizcha savollarga ham dovdirab javob berdi. Unga ishonmasligimni aytganimdan so'ng barcha yozganlarini o'chirib yubordi.

Bu global muammomi?

90-yillarning oxirida ­dunyoda elektron pochtalar rivojlandi. Undan foydalanishni bilmaydigan odamlar kiber-tilanchilarning tuzog'iga ilina boshlagan. Elektron tijorat taraqqiy topgach, tovlamachilarning ham ovi yurishdi.

Shu kecha-kunduzda bunday tovlamachilikning boshqa turi yuz bermoqda. Telefoningizga siz omadli mijoz sifatida millionlab odamlar orasidan tanlab olinganingiz haqida xabar kelib tushadi. Eng so'nggi rusumdagi mobil qurilma yutganingiz aytiladi. Xabarni ochsangiz, ma`lum qiymatda to'lovni amalga oshirish kerakligi ko'rinadi. Ma`lum bo'lishicha, tovlamachilar maxsus brend yasab, o'zlari qurilmalarga e`lon tarqatayotgan bo'lib chiqqan.

Ba`zida elektron pochtalarga foydalanuvchining bir necha million yutgani haqida xabar yuboriladi. Pulni olish uchun internet hisob raqamingizni kiritishingiz talab etiladi. Keyin esa sizga pulni o'tkazib beruvchi komissiya mavjud ekani, ularga siz o'z hisobingizdan pul to'lashingiz kerakligi, shundan so'ng mavjud mablag'ni olishingiz mumkinligi aytiladi. Pulni o'tkazib bersangiz, siz kirgan sahifa qayta ishga tushadi va ma`lumotlaringizni ham qayta kiritishingiz so'raladi. Yana o'sha komissiya, yana o'sha pul mukofoti haqida gaplar…

Bunday tovlamachilikning turlari ko'p va hammasi jozibador va`dalar bilan boshlanadi. Masalan, qaysidir a`zo bo'lgan saytingiz sizga faolligingiz uchun mukofot puli bermoqchiligini aytishadi; ko'p reklama ko'rganingiz uchun o'zingiz bilmasdan pul ishlab topganingizni bildirishadi; sizga turli so'rovlarda qatnashishni aytishadi va katta kompaniyalar o'tkazadigan  bu so'rovlarda millionlar hech narsa emasligini eslatishadi; sizning elektron manzilingiz millionlar ichidan saralab olingani va buning pul yutug'i borligi bildiriladi va hokazo…

Himoya chorasi sifatida…

Agar feyk-xabar yuborilgan bo'lsa, elektron xat oxirida mail.ru, google.com, yandex.ru kabi ishonchli pochta manzillari bo'lmaydi. Soxta xabarlar qisqa va sodda bo'ladi. Harflari odatdagidan katta bo'ladi, turli ranglarda bo'ladi. Sizga elektron xat yuborgan pochtaga siz ham javob yuboring. Xat ketishi bilan bir necha daqiqa ichida elektron pochta xizmati sizga xat yuborgan pochta mavjud emasligini bildiruvchi xat yuboradi.

Holbuki…

— Internet tizimi bir-birini aldash, firibgarlik maydonidek taassurot qoldirmoqda. Aslida internet, ijtimoiy tarmoqlar orqali ko'plab savobli ishlar amalga oshirilmoqda. Hatto dunyo global tarmog'ida buning uchun alohida saytlar faoliyat yuritadi, — deydi Axborot texnologiyalari va kommunikasiyalarini rivojlantirish vazirligi axborot xizmati xodimi Javohir Qudratov. — Masalan, Websleuths sayti jinoyatlarni ochishga mo'ljallangan va havaskor tergovchilarni o'zida birlashtirgan forumdir, NamUs — shaxslarni aniqlash tizimi bo'lib minglab bedarak ketgan odamlarni topishga ko'mak beradi. Doe  tarmog'i esa shunday bedarak ketganlarning ma`lumotlar bazasidir. Bu tizim Shimoliy Amerika, Yevropa va Avtraliya uchun ishlaydi. Milliy axborot makonimizda ham shunday ijobiy loyihalarni amalga oshirish vazifasi oldimizda turibdi. Xuddi shunday muhtoj insonlarga ko'mak berishga mo'ljallangan jamoatchilik asosida ishlaydigan onlayn forum yaratish ham mumkin.

Internet tizimidagi jinoyatlarning quyidagi turlari mavjud:

Xakkerlik — turli dasturlar yordamida o'zgalarning shaxsiy kompyuterlariga kirish, shaxsiy ma`lumotlarni olish bilan bog'liq xatti-harakatlar. AQShda bu ish shaxsning daxlsizligiga ta`sir o'tkazish deb qaraladi va jiddiy jinoyat hisoblanadi.

O'g'irlik — bu jinoyat internet tizimidagi mualliflik huquqi buzilishi bilan bog'liq. Musiqa, filmlar, o'yinlar va dasturlarni yuklab olish jarayonida sodir bo'ladi. Ayrim davlatlarda noqonuniy yuklab olishlarga qarshi qonunlar mavjud.

Kiber tazyiq — internet foydalanuvchilarning onlayn xabarlari, elektron pochta xabarlarini cheklash orqali bo'ladigan tazyiqdir. Odatda bu ishni amalga oshiruvchilar o'z qurbonlarini aniq belgilab oladilar va uni internet tizimidan ajratib qo'yadilar. Kiber tazyiq ham kiber hujum kabi jiddiy jinoyat hisoblanadi.

«Shaxsiyat»ni o'zlashtirish — bu internetdagi to'lov operasiyalari va bank xizmatlarini amalga oshiruvchilar uchun jiddiy xavf. Jinoyatchi jabrlanuvchi nomidan xaridlar qiladi, uning kredit kartalari, bank hisob-raqamlaridan foydalanadi va javobgarlik jabrlanuvchi zimmasida qoladi.

Zararli dasturlar — qurilmalarning dasturiy ta`minotini buzishga xizmat qiluvchi dasturlar. Bu orqali jinoyatchi qurilmadagi maxfiy ma`lumotlarni o'zlashtiradi.

Xulosa o'rnida

Virtual tilanchi deb faqatgina o'zini muhtoj ko'rsatib, o'zgalardan yordam so'rab yuradigan kimsalarni emas, aldov, firibgarlik va soxta takliflar bilan kishining mulkiga daxl qiluvchi tovlamachilarni ham nazarda tutish maqsadga muvofiq bo'lar edi.

Xalqimiz orasida tog'day dardini bir chekkada yengib yashayotgan, muhtojligini birovga sezdirishdan iymanib boriga shukr qilib yurgan odamlar kammi? Shularning ko'z oldida muhtojlik niqobi ostida kimnidir chuv tushirib yurish insoniylikka to'g'ri kelarmikan? Internet biz uchun taraqqiyot bilan birga turli tahdidlarning ham yangi ufqlarini ochib berdi. Bundan himoyalanish har bir insonning farosatiga va axboriy madaniyatiga bog'liq.

Suhrob ZIYoDOV

«Mahalla» gazetasi

(43-son, 2019 yil 3 oktyabr)

Boshqa xabarlar