YaNGILANAYoTGAN YuRTIMIZ QIYoFASI

30

Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan o'zgarishlar va bunyodkorliklar odamlarning turmushi va ongini ham o'zgartirayotir. O'zbekistonga ilgari kelgan mehmon ikkinchi safar uning tanib bo'lmas darajada o'zgarib ketganini e`tirof etmoqda.
Albatta, buning zamirida yangilanishga intilish, fidoyilik va mehnatsevarlik mujassamdir. Bunday ta`rif-u sifatlar Samarqand­­ga ham tegishli.

Buni birgina Samarqand tumanidagi eshkak eshish kanali atrofida qurilayotgan turistik markaz misolida ham yaqqol ko'rish mumkin. Xorijiy va mahalliy sayyohlar, viloyat aholisi uchun qulay shart-sharoit yaratish maqsadida 360 gektarlik maydonda bugun qurilish ishlari avjida. Loyi­haga ko'ra, turistik markaz ikki hududdan iborat bo'lib, eshkak eshish kanalining shimoliy hududida zamonaviy anjumanlar saroyi, ikkita besh yulduzli, ikkita to'rt yulduzli mexmonxona va boshqa inshootlar quriladi. Boshqacha aytganda, biznes uchun mo'ljallangan hududda tadbirkorlarga zarur bo'lgan sharoit muhayyo etiladi.

Janubiy hudud esa ichki turizm uchun mo'ljallangan bo'lib, bu yerda ham oltita mehmonxona, akvapark, sport inshootlari, restoran va kafelar, milliy mahsulotlar bilan savdo qiluvchi shoxobchalar bunyod etiladi. Eng muhimi, mazkur hududda barpo etiladigan bog'da oilaviy hordiq chiqarish uchun keng imkoniyat yaratiladi. Bir vaqtning o'zida uch ming nafar kishi dam olishi mumkin bo'lgan hududda elektromobillar qatnovi yo'lga qo'yiladi. Bundan tashqari, bu yerda velosipedchilar hamda piyoda sayr qilish hadisini olganlar uchun alohida yo'laklar barpo etiladi.
Yana bir e`tiborli jihati shundaki, yangi markaz qurilishi davomida eshkak eshish kanalining tabiiy shart-sharoit va imkoniyatlari saqlab qolingan holda yirik xalqaro musobaqalar o'tkazish uchun yanada qulay, zamon talablariga mos sharoit yaratiladi.
Qolaversa, yurtimiz nufuzini oshirish, uning qanchalar keng imkoniyatlarga ega ekanini ko'rsatish hamda tashrif buyurayotgan mehmonlarga qulay shart-sharoitlar yaratish borasida ham keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 17 maydagi «Samarqand shahrida 2019-2022 yillarda amalga oshiriladigan ulkan bunyodkorlik ishlari to'g'risida»gi qarori doirasida qadimiy shaharning 42 ta ko'chasida muhandislik kommunikasiya tarmoqlari barpo etish, 26 ta ko'chani rekonstruksiya qilish hamda 10 ta tonnel va ko'priklar qurilishi bosh­landi. Rudakiy va Bo'stonsaroy ko'chalari kesishmasida uzunligi 534 metr va yer osti qismining uzunligi 93 metrlik tonnel hamda kengligi 6 metr, baland­ligi 3 metr bo'lgan piyodalar yer osti o'tish yo'lkasi qurilishi bosh­langani buning yorqin dalilidir. Sayyohlarni yanada ko'proq jalb etish uchun aviareyslarning sonini oshirish bo'yi­­cha qaror qabul qilinishi ham ayni muddao bo'ldi: Bu Samarqandni jahonga ko'z-ko'z qilish yo'lidagi yana bir muhim qadamdir.
Hozir islohotlar shiddat bilan amalga oshirilayotgani bois hayotimizda har kuni muhim o'zgarish, yangilik ro'y beryapti. Buni ko'pchilik ko'rib-bilib turibdi. Prezidentimizning tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan «Obod qishloq» va «Obod mahalla» dasturlari ijrosi misolida bu fikrni yanada teran ang­lash mumkin. Chunki ilgari aksariyat sohalarni rivojlantirish bo'yi­­cha amalga oshirilayotgan islohotlar ko'proq markazda o'z samarasini ko'rsatib, yangilik quyi bo'g'inlarga tushguncha ancha vaqt o'tar, buni odamlar o'z hayotida his etishi uchun ko'p vaqt kutishiga to'g'ri kelar edi.
«Obod qishloq» va «Obod mahalla» ­dasturlari doirasida Samarqandda qisqa fursatda 99 ta bozor infratuzilma ob`ekti, jumladan, 20 ta savdo majmuasi va 57 ta maishiy xizmat ko'rsatish hamda 18 ta kichik turdagi ishlab chiqarish ob`ekti barpo etilib, 213 ta yangi ish o'rni yaratildi. 697,3 kilometrlik masofada elektr va 17,3 kilometrlik tabiiy gaz tarmoqlari tortilib, 367 dona transformator yangidan o'rnatildi. Bundan tashqari, ko'plab transformatorlar ta`mirlandi. Tabiiy gaz yetib bormaydigan va tuman markazidan olis hududlarda istiqomat qiluvchi aholi xonadonlariga 5541 dona maishiy suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi.
Kundalik ehtiyojlar uchun zarur bo'lgan toza ichimlik suvi bilan ta`minlash uchun 304,4 kilometrlik masofada yangi tarmoqlar tortilib, 68 dona suv inshooti qurib, foydalanishga topshirilishi natijasida 164 ming nafardan ortiq aholi toza ichimlik suvini iste`mol qilish imkoniga ega bo'ldi. Xalqaro jamg'arma va fondlarning kredit mablag'lari hisobidan Qo'shrobot tumanida ichimlik suvi ta`minotini yaxshilash maqsadida qiymati 27,3 milliard so'mlik 112,5 kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari va inshootlari qurilishi amalga oshirilmoqda. Ayni payt­­da 2,7 milliard so'mlik 3,9 kilometrlik ichimlik suvi tarmoqlari qurib bitkazildi.
Shahar tipida yashovchi aholiga oqova suv xizmatlari ko'rsatishni tashkil etish maqsadida 94,2 kilometrlik masofada oqova tarmoqlari qurildi. Xalqaro moliya institutlari kreditlari hisobidan 2019-2020 yillarda «Buxoro va Samarqand shaharlarini oqova tizimini rekonstruksiya qilish» loyihasi asosida Farhod shaharchasida suv tozalash inshooti foydalanishga topshirildi. Bu yilgi rejaga muvofiq, 56,1 kilometrlik oqova tarmog'i bunyod etildi. «Obod markaz» dasturi bo'yicha Paxtachi tumanida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Tuman markazining yangi loyihasi ishlab chiqildi va unga asosan 15 ta yangi ob`ekt bunyod etildi. Bunday ro'yxatni uzoq davom ettirish mumkin.
Aholini uy-joy bilan ta`minlash dolzarb masalalardan hisoblanadi. Samarqandning Qorasuv mavzesida 7 ta besh qavatli xizmat uylari (210 xonadonli), 13 ta yetti qavatli (546 xonadonli) ko'p xonadonli arzon uy-joylar barpo etilmoqda. Turkiyalik investorlar bilan hamkorlikda 52 ta ko'p xonadonli turar joy binolari qurilishi ham avjida.
Joriy yilda uy-joyga muhtoj oilalar uchun 55 ta ko'p xonadonli va 370 ta namunaviy arzon loyihadagi uy-joylar qurilmoqda.
Iqtisodiyotning barcha sohalarida ijobiy o'zgarishlar ro'y bermoqda. Masalan, 5732 ta sanoat korxonasida 10,1 trln. so'mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi. Bundan tashqari, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi doirasida yirik ishlab chiqarish korxonalarining ishga tushayotgani ham quvonarli holdir. Bu aholi, ayniqsa, yoshlarning ish bilan ta`minlanishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Oqdaryo tumanida foydalanishga topshirilgan qiymati 36,8 mln. dollarlik toladan jinsi matosini to'qish, bo'yash va tayyor trikotaj mahsulotlarini ishlab chiqarishga mo'ljallangan «Afrosiab jeans textile» MChJning ishga tushirilishi natijasida 800 ta yangi ish o'rni yaratilgani, Ishtixon tumanida foydalanishga topshirilgan qiymati 22,5 mln. dollarlik ip kalava ishlab chiqarishga mo'ljallangan «Maroqand sifat tekstil» MChJning ishga tushirilishi natijasida 600 ta yangi ish o'rni yaratilgani buning isbotidir.
Viloyatda yosh avlodning tarbiyasiga katta e`tibor qaratilmoqda. Raqamlarga murojaat qilsak, joriy yilda 28305 o'rinli 931 ta maktabgacha ta`lim muassasasi ishga tushirilib, 2294 nafar xotin-qiz uchun yangi ish o'rni yaratildi. 540 o'rinli 1 ta umumta`lim maktabi yangidan qurilib, foydalanishga topshirildi, 48 tasida esa rekonstruksiya ishlari amalga oshirildi.
Sog'liqni saqlash tizimini isloh qilish, aholiga tibbiy yordam ko'rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish bo'yi­­cha ham islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Olis qishloqlarda 2 ta yangi tibbiyot muassasasi qurildi, 14 ta qishloq vrachlik punkti va oilaviy poliklinika to'liq ta`mirdan chiqarildi.
«Dehqon yerni, yer elni boqadi», degan naql bor dono xalqimizda. Darhaqiqat, ­dasturxonlarimiz to'kin-sochinligida deh­qon­­lari­mizning hissasi katta. Viloyatimiz iqtisodiyotida qishloq xo'jaligi salmoqli ulushga ega bo'lib, o'tgan davr mobaynida qish­loq xo'jaligi mahsulotlarining umumiy hajmi 10 trillion so'mni tashkil etdi. Jumladan, dehqonchilik mahsulotlarining haj­mi 3,7 trillion so'm, chorvachilik mahsulotlari 6,3 trillion so'mga teng bo'ldi.
O'tgan davr mobaynida viloyatimizda 433,9 ming tonna donli ekin, 295,9 ming tonna kartoshka, 279,7 ming tonna sabzavot, 13,4 ming tonna poliz mahsulotlari, 111,7 ming tonna meva va 5,4 ming tonna uzum mahsulotlari yetishtirildi. 140,6 ming tonna go'sht, 618,7 ming tonna sut va 623,9 million dona tuxum ishlab chiqarildi. Ayni chog'da dehqon-u tadbirkorlar 52,7 ming tonna mahsulotni xorijga eksport qilishni rejalashtirgan.
Xullas, mamlakatimizda, xususan, Samarqand viloyatida amalga oshirilayotgan ko'lamdor islohotlar va bunyodkorlik ishlari xalqimizning yaxshi yashashiga xizmat qilmoqda.

Hasan NORMURODOV,
«Nuroniy» jamg'armasi Samarqand viloyati
bo'limi raisi,
O'zbekiston Qahramoni:

Boshqa xabarlar