Ish beruvchi Kasaba uyushmasining taqdimnomasini bee`tibor qoldirdi. Natijada…

55

Buxoro viloyati kasaba uyushma tashkilotlari Birlashmasi kengashiga o'ziga to'lanayotgan tovon pulidan norozi bo'lgan fuqarodan ariza kelib tushdi. Bu haqida O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi ma`lum qildi.

Buxoro viloyatining G'ijduvon tumanida joylashgan “206-son qurilish montaj korxonasi” MChJ da ishlagan Sharof Rahmatov 1973 yilning 24 sentyabrda yo'l-transport hodisasi natijasida og'ir tan jarohati olib, bir qo'lidan ajralgan. Sodir bo'lgan baxtsiz hodisa yuzasidan korxona tomonidan 1973 yilda 25 sentyabrda N-1 shaklidagi dalolatnoma rasmiylashtirilgan.

Oradan shuncha vaqt o'tib Sh.Rahmatov sog'lig'iga yetkazilgan zarar uchun to'lov olish huquqi mavjudlidan xabar topgan va viloyat Bosh bandlik boshqarmasiga tovon puli to'lanishini talab qilib murojaat qilgan. Shundan so'ng korxona Sh.Rahmatovga sog'liqqa yetkazilgan zarar uchun to'lanadigan to'lovlarni me`yoriy hujjatlar talablariga rioya qilmagan holda o'z bilganicha to'lab kelavergan, ammo fuqaro bundan qanoatlanmagani bois, Buxoro viloyati kasaba uyushma tashkilotlari Birlashmasi kengashiga ariza bilan murojaat qilgan.

O'rganishlar jarayonida korxona fuqarodan 9 784 380 so'm miqdorida qarz ekani aniqlanib, korxona rahbariyati bilan muzokara olib borildi. Muzokaralar natija bermaganidan so'ng korxona rahbariga kasaba uyushmalari tomonidan taqdimnoma kiritildi. O'z navbatida korxona taqdimnomani ijro etishdan bosh tortib, sudga murojaat qilish mumkinligini og'zaki ravishda bildirdi.

Buxoro viloyati kasaba uyushma tashkilotlari Birlashmasi kengashi tomonidan G'ijduvon tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritildi.

Sud Sh.Rahmatovga 7 252 896 so'm miqdoridagi zarar to'lovini to'lab berish to'g'risida qaror qabul qildi va fuqaroning talabi qondirildi.

Boshqa xabarlar