Ona tili darsligi boshlang'ich sinf darajasida qolib ketganmi?

29
Foto: Mahalladosh.uz

Ona tili darsidan besh baho olgan o'quvchi ham ba`zan so'zlashuvda duduqlanadi. «Anaqa», «haligi», «nima desam ekan» kabilarni har ikki so'z orasida «bog'lama» sifatida qo'llaydi. Aksariyat o'quvchilar oddiy ariza yozishni-da bilmaydi. So'zlashuvda fikrini lo'nda va aniq tushuntirib bera olmaydi. Eng yomoni, ayrim ona tili o'qituvchilari ham davrada mikrofondan o'zlarini olib qochishadi. Vaholanki, ular unli tovushning til oldi va til orqaligi, lablangan-lablanmagani, quyi keng, o'rta keng, yuqori torligi kabi bilimlarni egallagan! 

Shu o'rinda savol tug'iladi: bu kabi bilim bizning yozma va og'zaki nutqimizga ijobiy ta`sir ko'rsatmaydimi yoki undan qanday foydalanishni bilmaymizmi?  

Ona tili darsligi: zaruratdan ziyongacha

XIX asrning ikkinchi yarmida g'arbda sanoatlashuv davri boshlandi. Katta-katta, zavod va fabrikalarga mamlakatning turli burchaklaridan kelgan har xil shevada so'zlashuvchi ishchilarning o'zaro muloqotlarida, zamonaviy texnika bilan «tillasha» olishlarida, albatta, muammolar mavjud edi. Shu tariqa sanoatning shiddatli yuksalishi milliy tillarning adabiy me`yorlarini ishlab chiqish, yagona adabiy tillarni shakllantirish va uning ta`limini tashkil etish zaruratini kun tartibiga qo'ydi. 

Xuddi shuningdek, o'tgan asrning ilk choragida hozirgi o'zbek adabiy tili (aslida tili emas, balki nutqi) shakllanmagan, me`yorlari ishlab chiqilmagan edi. Busiz ta`limni ham, ish yuritishni ham yo'lga qo'yib bo'lmasdi. Adabiy til taraqqiyot uchun suv va havodek zaruratga aylandi. Ma`lumki, adabiy til umumxalq tilining me`yorlashtirilgan ko'rinishi hisoblanadi. Bu me`yorlar esa talaffuz, imlo va grammatik (gap qurilishi) hamda uslubiy (so'z tanlash va qo'llash)larni o'z ichiga oladi. 

Adabiy til ilmiy asoslangan me`yorlardan iborat bo'ladi. Shuning uchun ilk boshlang'ich sinflar tashkil etilib, o'quvchilarga adabiy tilning zarur qoidalari o'rgatila boshlangan. Bu qoidalar harf va tovushlar, undosh tovushning turlari va o'zgarishi, imlosi, bo'g'in va urg'u, so'z ma`nolari, so'z turkumlari, shakl yasovchi qo'shimchalar va ularning imlosi, gap bo'laklari, sodda va qo'shma gap, tinish belgilari, talaffuz va imlo qoidalari, til birliklarining uslubiy xususiyatlaridan iborat bo'lgan.

Adabiy nutqqa o'rgatish uchun shuning o'zi, uning ta`limi uchun boshlang'ich sinf yetarli edi. Bu bilimlar to'la ma`nodagi ZARUR VA IShLAYDIGAN BILIM edi. Keyinchalik yetti yillik ta`limga o'tilgach, adabiy til ta`limidagi zaruratning an`anaga aylanishi yuz bera boshladi. Ta`limdagi miqdor o'zgarishlari natijasida sifat yomonlashib bordi. O'n bir, bora-bora o'n ikki yillik o'rta ta`limga o'tilgach, ilk zarurat butunlay unutildi — ona tili ta`limi o'zining asl mohiyatini yo'qotib, to'la-to'kis tilshunoslikka aylanib qoldi. 

Masalan, hozir oliy o'quv yurtiga kiruvchilar uchun test topshiriqlarida yuzlab so'z yasovchi qo'shimchalar bo'yicha minglab savollar bor. Lekin biz aslida so'z yasaymizmi yoki tayyor (tub/yasama) so'zlardan foydalanamizmi? Boshqalarni qo'ya turaylik, atoqli so'z san`atkorlaridan kimlar qanday yangi so'z yasagan? Ikkilanmasdan aytish mumkinki, nutqimizda yangi so'z yasash amaliyoti yo'q. Shunday ekan, so'z yasalishi haqidagi amaliy tatbiqdan xoli cheksiz bilimlar o'quvchi uchun nimaga kerak? Bunday dalillarni «Ona tili»ning «Grammatika» bo'limidan istagancha topish mumkin.  

Bilib olish zarur bo'lgan keraksiz qoidalar

Ona tili darsligidan ko'chirma: «Bilib oling. Nisbat va bo'lishsizlik shakllari yetakchi fe`l tarkibida ham, ko'makchi fe`l tarkibida ham kelishi mumkin. Zamon, shaxs-son qo'shimchalari, fe`lning vazifa shakllari faqat ko'makchi fe`llarga qo'shiladi».
Buni «bilib olmagan» o'quvchi mazkur qo'shimchalarni qo'shishda adashadimi? Yo'q! Ammo o'quvchi ona tili ta`limi mobaynida mingga yaqin ana shunday qoida va ta`riflarni o'zlashtirishi kerak. Yoki maktab o'quvchisi «Ot, sifat, son, olmosh, fe`l va ravish nima uchun mustaqil so'z turkumlari deyiladi?», «Ot so'zlar gapda qanday sintaktik vazifalarda keladi?» va «Otlashuv va sifatlashuv hodisalari nima? Ularga misollar keltira olasizmi?» kabi og'ir yuklamalarni o'zlashtiradi. 

Oqibatda maktab ta`limi uchun xos bo'lgan asosiy vazifa — to'g'ri talaffuz, imlo, uslub, so'z san`ati(yangi so'zlarni o'zlashtirish, tanlash, to'g'ri qo'llash)ga doir ko'nikma va malakalarni shakllantirish ikkinchi darajali masalaga aylanib qoldi. Buning natijasida eng a`lochi o'quvchi ham hatto maktab darsligida duch keladigan junbushga kelmoq, chapdast, rutubat, jarohat, yara kabi minglab so'zlarning ma`nolarini tushunmaydi. Aslida maktabda so'z, ibora, maqol, matallar, ularning qo'llanishi, imlosi kabi masalalar ona tili ta`limining asosi, o'zagini tashkil etishi lozim. 

SO'Z, SO'Z va yana SO'Z!

O'quvchini so'z saltanatiga olib kirish uchun til va adabiyot fanlari integrasiyasi masalasini mutlaqo qayta ko'rib chiqish kerak. Ma`lumki, 8-sinf adabiyot darsligida, asosan, mumtoz adiblarimiz ijodi o'rganiladi. Demak, shunga muvofiq ravishda, bu sinfda ona tili darslari «Ona tili. Mumtoz so'z» deya nomlanib, o'quvchilar mumtoz matnlar mazmunini o'rganishlari, tahlil qilishlari, so'zlarning zohiriy, botiniy, ramziy ma`nolarini o'rganishlari, lug'atlar bilan ishlashlari, ma`no «mag'iz»larini chaqishlari zarur. 

Bu yoshlarimizning mumtoz adabiyotga ongli ravishda oshno bo'lishida, ularning so'z boyligi, demakki, nutqi muttasil boyishiga va eng muhimi, milliy ma`naviyatimiz avlodlar dunyoqarashida yanada boyib, yuksalishida muhim ahamiyat kasb etadi. Buni o'zbek tilining har bir davrdagi xususiyatlarini o'zida aks ettiradigan va vazirlik tomonidan tasdiqlangan o'quv lug'atlarini chop etish hamda darslarda lug'at daftarini tutish orqali amalga oshirsa bo'ladi.  

Xulosa o'rnida

Bugun tilimiz bilan bog'liq minglab muammolar mavjud. Qaerga qaramang, ajnabiy so'zlar va qo'pol imloviy xatolarga duch kelamiz. Buning uchun, albatta, «Davlat tili to'g'risida»gi qonun amaliy natijasini ko'rsatishi shart. Shu bilan birga, ona tilimiz dunyoga dong'i ketgan tillarga qaraganda boy va serjilo ekanini ongli ravishda his etmasak, bu borada maqtangulik natijaga erisha olmaymiz. Buning uchun «Ona tili» darsligini tilshunoslik kishanlaridan xalos qilish zarur. 

Baxtiyor MENGLIEV,

filologiya fanlari doktori, professor

Manba: “Mahalla” gazetasi

Boshqa xabarlar