Talabalar nega ko'zlariga ishonishmadi?

30

Qarshi muhandislik iqtisodiyot institutining 2-talabalar turar joyi 1974 yilda qurilgan bo'lib, 108 o'ringa mo'ljallangan edi. Mazkur yotoqxona kapital rekonstruksiya qilinib, kengaytirildi. Endilikda bu yerda 130 nafar talaba istiqomat qiladi.

Yotoqxonaning har bir qavatida talabalarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan. Jumladan, Prezidentimizning yoshlar ma`naviyatini yuksaltirish yo'lida belgilab bergan besh tashabbusiga asosan kutubxona, musiqa xonasi, kompyuter va internet xonasi, sport bilan shug'ullanish imkoniyati bor.

Oshxonalarga zamonaviy rusumdagi gaz plitalari, muzlatgichlar, 10 ta suv isitgich, 6 ta kir yuvish mashinasi, oshxona buyumlarini saqlash uchun shkaflar va shunga o'xshash ko'pgina qulayliklarga ega maishiy texnika vositalari qo'yilgani e`tiborga loyiq. Shuningdek, yotoqxona hovlisida sport bilan shug'ulanish uchun trenajyorlar qo'yilgan, voleybol va stol tennisi maydonchalari hozirlangan.

– “Neft va gaz” fakultetining 3-bosqichida o'qiyman, – deydi Abdulla Hamidov. – Ushbu yotoqxonada o'tgan yili ham yashaganman. Bu yil ilk kelgan kunimiz taniy olmay qoldik. Bizga shunday sharoitlarni yaratib berganlardan minnatdormiz.

– Nogironlar uchun maxsus xona tashkil qilingani yaxshi bo'libdi, – deydi Dilbek Rahmonov. – Xonada kompyuter bor, kitob javonida yangi adabiyotlar. Juda xursand bo'ldim. Institutning magistratura bo'limida ham o'qish niyatim bor. Olgan bilimlarimni jonajon Vatanim ravnaqiga sarflamoqchiman.

Fayziddin TILOVATOV,

Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti

 xodimlari va talabalari kasaba uyushma qo'mitasi raisi

Boshqa xabarlar