Kogon tumanida bolalar paxta yig'im-terimiga rostdan ham jalb qilingan edimi?

106
Foto: UzA

Joriy yilning 29 sentyabrida Buxoro viloyatining Kogon tumanidagi ikkita fermer xo'jaligiga qarashli paxta dalalariga maktab o'quvchilari “oq oltin” terimiga chiqqani haqida yurtimizdagi qator internet saytlarida, ijtimoiy tarmoqlarda xabarlar tarqagan edi. “Buxoronoma” gazetasi muxbiri Erkin Yodgorov o'z maqolasida o'sha xabarlarning asossiz va yolg'on ma`lumotlar ekani xususida so'z yuritadi.

Kalavaning uchi topildi

yoxud Kogon tumanida bolalar paxta yig'im-terimiga rostdan ham jalb qilingan edimi?

Joriy yil 3 oktyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda, aniqrog'i, dastlab www.repost.uz saytida Kogon tumanidagi 15-umumiy o'rta ta`lim maktabi o'quvchilarining paxta yig'im-terimiga majburiy tarzda jalb etilganligi mazmunidagi maqola e`lon qilindi.

Unda keltirilishicha, bu haqda saytga ma`lum qilgan kishi, ya`ni Kogon shahrida yashovchi shaxs “joriy yil 29 sentyabrda Kogon tumanining “Tuniroq” mahalla fuqarolar yig'inidagi Taytal (materialda qayd qilinganidek, Paytal emas!) qishlog'ida yo'ldan o'tayotib, 5-6-sinf o'quvchilarining bir guruhi katta yoshli kishilar bilan birga soat 11-12 larda dalada paxta terishayotganiga ko'zi tushadi hamda ularni suratga oladi”.

Manbaning ta`kidicha, “dalada bo'lgan 15-umumiy o'rta ta`lim maktabi va fermer xo'jaligi vakillari bu suratlar tarqalib ketmasligini undan iltimos qilgan. Bundan tashqari, ular va boshqa tanishlari bolalar yig'im-terimga tuman hokimi Yo'ldosh Jumaevning bevosita buyrug'iga asosan, tuman xalq ta`limi bo'limi rahbarining ko'rsatmasiga muvofiq jalb etilganini aytishadi”. Manbaning ta`kidlashicha, “maktab o'quvchilari sentyabr oxiridan boshlab, dam olish kunlari, hatto O'qituvchi va murabbiylar kunida ham paxta yig'im-terimiga chiqishganiga guvoh bo'lgan”.

Muallif o'z materialida holat yuzasidan tuman hokimi Yo'ldosh Jumaev va xalq ta`limi bo'limi mudiri bilan telefonda bog'lanishga uringanligi, ammo telefonni hech kim ko'tarmaganligini iddao qiladi.

Xo'sh, yuqoridagi fikrlar nechog'lik haqiqatga yaqin? Biz bu savolga oydinlik kiritish maqsadida Kogon tumanidagi “Alinoz Shergiron” fermer xo'jaligi va 15-umumta`lim maktabi joylashgan “Tuniroq” mahalla fuqarolar yig'iniga bordik.

Maktabga borganimizda, tuman xalq ta`limi bo'limi rahbari Bahron Qurbonovni uchratdik. U ham maktab direktori va o'qituvchilari kabi ijtimoiy tarmoqdagi materialdan taajjubga tushgan.

– Tumanimizdagi 22 ta maktabda 12 ming 63 nafar o'g'il-qiz tahsil olmoqda, – deydi u. – Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonidan xalq ta`limi sohasini isloh qilish, o'qituvchi va o'quvchilarni ijtimoiy qo'llab-quvvatlash, xususan, ularni o'qitish, o'qishdan tashqari har qanday ko'rinishdagi yumushlarga jalb etmaslik bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar ta`lim sifatini yanada yaxshilashga xizmat qilayotganini hayotning o'zi ko'rsatib turibdi. 15-umumiy o'rta ta`lim maktabi o'quvchilarining bir guruhi paxta yig'im-terimiga olib chiqilganligi haqida bugun ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan yolg'on xabar hammamizni ranjitdi.

www.repost.uzda 29 sentyabr, yakshanba kuni 13 nafar maktab o'quvchisi “Alinoz Shergiron” va shuningdek, “Barno Bahrom” (asl nomi “Barno Bahrom chorvasi”) fermer xo'jaliklari dalalariga paxta chiqishgani ta`kidlanadi.

– Dam olish va bayram kunlarida o'quvchilar to'lig'icha ota-ona qaramog'ida bo'lishadi. Qolaversa, o'sha kunlarda maqolada aytilganidek, maktab o'quvchilaridan u yoki bunisi paxta dalasiga chiqqanligi, bu butun boshli maktab jamoasi, ta`lim sohasi vakillarining majburiy tarzda paxta yig'im-terimiga jalb qilinganligini anglatmaydi. Biz ushbu masalada doimiy tushuntirish ishlarini olib boryapmiz, – deydi Bahron Qurbonov.

– O'quvchilarimiz paxta terimiga jalb qilinmagan, – deydi yana bir suhbatdoshimiz, maktab direktori Jamol Saidov. – Biz ota-onalarni bolalarning darsdan keyin paxta tergan dalaga chiqishiga yo'l qo'ymaslik haqida qat`iy ogohlantirganmiz. Qolaversa, yangi o'quv yili boshida mahalla fuqarolar yig'ini raisi maktabimizga fermerlarni taklif qilib, shu masalada suhbat o'tkazdi.

O'qish ikki smenada olib borilayotganligi tufayli biz tushdan so'ng maktabga keladigan 5-6-sinf o'quvchilari bilan uchrasholmadik. Shu bois 10-11-sinflarda o'qiyotgan o'g'il-qizlar bilan muloqot qilishni lozim topdik.

– Darsdan so'ng ota-onalaringizga yig'im-terimga yordamga chiqyapsizlarmi? – so'radik ulardan.

– Yo'g'-e! Paxta terimiga chiqmayapmiz. Bu mumkin emas, deyishgan ustozlarimiz bizga. Ota-onamizning talabi ham shunday, – dedi ulardan biri Nigina Hamroqulova.

…Biroq 29 sentyabr va 1 oktyabr kunlari chindan ham ayrim o'quvchilar ota-onalariga qo'l-qanot bo'lish (o't-xashak jamg'arish), ularga yordam berish maqsadida paxta dalasida bo'lishgan. Bu haqda sal keyinroq batafsil to'xtalamiz…

Biz Taytal qishlog'idagi “Alinoz Shergiron” fermer xo'jaligi joylashgan hududga bordik. Dala bo'yida fermer xo'jaligi rahbari Hoji Fayziev bilan uchrashdik. U maktab o'quvchilari paxta terimiga jalb etilmagani, hosil esa qishloqlar aholisi, uyushmagan yoshlar vakillaridan iborat otryad tomonidan yig'ishtirib olinayotganini ma`lum qildi. Qolaversa, maqolada o'quvchilarni paxta terimiga jalb etishga oid tuman hokimi buyrug'i va xalq ta`limi bo'limi mudirining ko'rsatmasi bo'lgani haqidagi gaplar asossiz ekanligini aytdi.

Shu o'rinda yana bir asossiz iddaoni esga olishga to'g'ri keladi. Ijtimoiy tarmoqda e`lon qilingan maqolada muallifdan kimligi sir tutilishini istagan kishidan ichki ishlar organining mahalla fuqarolar yig'inidagi tayanch punkti profilaktika inspektori dalada ko'rganlarini oshkor etmaslikni iltimos qilganligi ta`kidlanadi. Biz profilaktika inspektori Sunnatillo Xolovga qo'ng'iroq qildik.

– Yuragim og'rib, qon bosimim oshib ketgani sababli 13 sentyabrdan boshlab shifoxonada davolanyapman, – dedi u. – 29 sentyabrdagi holat haqida ijtimoiy tarmoqda tarqalgan xabarni palatadoshimdan eshitdim. Materialda mening ma`lumotni tarqatgan kishidan ko'rganilarini oshkor etmaslik to'g'risida iltimos qilganim ta`kidlanadi. Bu qanaqa gap? Shifoxonada davolanayotgan, 29 sentyabrdagi holat tafsilotlarini keyinchalik eshitgan bo'lsam, qanday qilib, men uchun noma`lum bo'lgan kishiga qo'ng'iroq qilishim mumkin? Ijtimoiy tarmoqdagi da`vo mantiqsiz.

Qiziq, ijtimoiy tarmoqda e`lon qilingan maqolada kimligi sir tutilgan, dalada surat olgan kishi kim o'zi?

Bu borada yig'im-terim otryadining rahbari Mirxon Temirovning fikrlari masalaga oydinlik kiritdi.

– Tushlikka yaqin, soat 12 larda terimchilar tergan paxtani navbatma-navbat taroziga tortarkanman, ortimda ikki kishining ovozini eshitdim. Burilib qarasam, ulardan biri o'tgan yili bizga qo'shni “Samad o'g'li Maqsud” fermer xo'jaligi rahbari sifatida faoliyat yuritgan Abdusamat aka ekan. Ikkinchi kishini esa tanimadim. Shu payt Abdusamat aka daladagi kishilarni suratga ola boshladi. “Aka, nima qilyapsiz, nimaga rasmga olyapsiz, maqsadingiz nima?” degandim, u kishi miyig'ida kulib, “Keyin bilasiz, gap bor, gap” deya javob berdi va yonidagi kishi bilan jo'nab qoldi. Bor gap shu.

– O'rtalaringizda bir gap o'tganmi? – so'radik Mirxon Temirovdan.

– Yo'q. U odam bu yerdan taxminan 22 kilometr narida, Kogon shahrida yashaydi. Bizga tutash yonma-yon hududda joylashgan fermer xo'jaligiga ko'p yillar rahbarlik qilgan. Eshitishimcha, surunkasiga uch yil paxta sotish bo'yicha davlat shartnomasini bajarmagani sababli uning yerlari boshqa fermer ixtiyoriga o'tkazilgan. Shu masalada biror muddaosi bo'lmasa, boshqasini bilmadim.

…Ijtimoiy tarmoqda “Barno Bahrom chorvasi” fermer xo'jaligi dalasida ham o'quvchilar yakshanba kuni paxta terimiga jalb qilingani ta`kidlanadi. Mazkur xo'jalik tumanning boshqa chekka qismi – “O'ba Cho'li” MFY hududida joylashgan. Bu yerda bo'lganimizda Xalq banki xodimlari tomonidan terimchilarga terilgan paxta uchun haq to'lanayotgan ekan. Bizni, albatta, maktab o'quvchilarining hosilni yig'ishtirib olishga jalb etilishi masalasi qiziqtirdi.

– Bu gap qaerdan chiqdi? O'quvchilar paxta tergani dalaga chiqmayapti, –dedi o'zini fermer xo'jaligi mas`ul xodimi deb tanishtirgan Nodir Zoirov. – Bunga hojat ham yo'q. Chunki paxta otryadchilardan ortmayapti.

Mutasaddi bizni bu yerdan birmuncha olisdagi ekin dalasiga taklif qildi.

U yerda esa voyaga yetmagan ikki-uch nafar yigitchaga ko'zimiz tushdi.

– Ko'ryapsizmi, anavi yerda mollar o'tlayapti, – dedi fermer xo'jaligining mas`ul xodimi. – O'smirlar darsdan keyin ota-onalari tayinloviga ko'ra podaga qarashadi. O't yig'ishadi. Biz ham yoshligimizda shu ishlarni qilganmiz. Paxta dalasiga kirayotgan bolalar, albatta, paxta teryapti, degani emas-ku.

Masalaga aniqlik kiritiladigan yana bir manzilga – Kogon shahridagi Bobur nomli mahalla fuqarolar yig'iniga yo'l oldik. Bu yerga kelishimizning boisi bor. Sobiq “Samad o'g'li Maqsud” fermer xo'jaligi rahbari Abdusamat Qurbonov joriy yil may oyida mazkur mahallaga rais etib saylangan.

Gapni ijtimoiy tarmoqda e`lon qilingan maqoladan boshladik. Suhbatimiz avvalida negadir fikrini ochiqroq bayon etolmagan Abdusamat aka ko'p o'tmay gapning dangalini aytdi.

– Ha-ha, bu ishni men qildim, – dedi u. – Shunga majbur bo'ldim. Mening tugatilgan fermer xo'jaligim yerlari qo'shib berilgan “Turon Kogon” fermer xo'jaligi o'rtasida mulkiy munosabatlarda muammolar paydo bo'ldi. Qator idoralar, jumladan, tuman hokimiga qilgan murojaatlarim yechim topmadi. Shundan so'ng mutasaddilar e`tiborini tortish maqsadida o'quvchilarning paxta yig'im-terimiga jalb etilishi haqidagi gapni asoslash uchun daladagilarni suratga oldim. Internetga chiqartirdim…

Abdusamat Qurbonov bilan kechgan suhbatimiz uzoq cho'zildi. Shunga yarasha kalavaning uchi ham topilgandi.

Shu o'rinda masalaga to'la aniqlik kiritish maqsadida biz viloyat prokuraturasining joriy yil 3 oktyabrda ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabarni o'rganish yakunlari yuzasidan axborotiga murojaat qilishni maqsadga muvofiq deb bildik.

Axborotdan ma`lum bo'lishicha, Abdusamat Qurbonov Kogon tumanida 2005 yilda tashkil etilib, 2018 yilning dekabr oyiga qadar faoliyat yuritgan “Samad o'g'li Maqsud” fermer xo'jaligiga rahbarlik qilib kelgan.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009 yil 9 yanvarda qabul qilingan “Fermer xo'jaliklari va boshqa qishloq xo'jaligi ekin yerlaridan samarali foydalanishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qaroridan kelib chiqib, fuqaro Abdusamat Qurbonovning fermer xo'jaligiga tegishli yer maydonlarini hokimlikning zaxira fondiga qaytarish to'g'risidagi ixtiyoriy ravishda bergan arizasiga muvofiq (paxta sotish bo'yicha shartnomaviy rejalarni surunkali ravishda bajarmaganligi sababli) tuman hokimining 2019 yil 28 martdagi qarori asosida mazkur fermer xo'jaligining jami 96 gektar, jumladan 32,7 gektar ekin, 46,8 gektar qishloq xo'jaligida foydalanilmaydigan, 16,5 gektar bog' va boshqa maqsadlarda foydalanib kelgan yer maydonlari zaxira fondiga qaytariladi.

Aniqlanishicha, bu maydonlar tuman hokimining 22 apreldagi 870-sonli qarori asosida fuqaro Rahim Safarov rahbarlik qilayotgan “Turon Kogon” fermer xo'jaligiga qo'shib beriladi. Ammo keyinchalik fuqaro Abdusamat Qurbonov tuman hokimining mazkur qaroridan norozilik bildirib, bir necha marotaba “Turon Kogon” fermer xo'jaligiga qo'shib berilgan yer maydonlarini qaytarib berish yoki bo'lmasa 13 yil davomida o'zi rahbarlik qilgan sobiq fermer xo'jaligi yer maydonlariga sarflagan mablag'larini to'lab berishni talab qilgan. Tuman hokimligi tomonidan unga ushbu masala yuzasidan tegishli sudlarga murojaat qilish huquqi tushuntirilgan. Ammo Abdusamat Qurbonov mazkur tushuntirishlardan qanoatlanmasdan, o'ziga e`tiborni jalb etish, tuman hokimligi tomonidan sobiq fermer xo'jaligiga qarashli yer maydoni qaytarilishi yoki qilingan xarajatlarni undirib olinishiga erishish maqsadida joriy yilning 29 sentyabr kuni “Tuniroq” MFY hududidagi “Alinoz Shergiron” va “O'ba cho'li” MFY hududidagi “Barno Bahrom chorvasi” fermer xo'jaliklariga qarashli paxta dala maydonlariga borib, o'quvchilarni terimda qatnashayotgan aholi bilan suratga tushishga undaydi. Ma`lum bo'lishicha, Abdusamat Qurbonov tushlik paytida hosil yig'ishtirib olinayotgan maydonga (“Alinoz Shergiron” fermer xo'jaligi) yaqin hududda joylashgani uchun uyidan ota-onasining oldiga zarurat (choy olib borib berish, xabarlashish) maqsadida kelgan hamda paxta dalalaridan chorva mollari uchun o't-xashak terayotgan bolalarga rag'batlantirish evaziga ularni suratga tushishni taklif qilgan, ularning ota-onalari unga rad javobini berib, suratga tushirmaslikni talab qilgan bo'lishlariga qaramasdan, tasvirga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatgan.

Ushbu holatni 102-sonli otryad rahbari Mirxon Temirov, onasi Sh. Rajabova ishtirokida so'ralgan voyaga yetmagan K. Toshpo'latov, onasi X. Botirova ishtirokida so'ralgan voyaga yetmagan U. Zaripova, onasi A. Abdullaeva ishtirokida so'ralgan voyaga yetmagan D. Hamroev hamda boshqalar tasdiqlagan.

Biz, jurnalistlar yuqorida nomlari keltirilgan ota-onalar va ularning majburiy ravishda dalada suratga olingan farzandlari bilan A. Qurbonov ishtirokida muloqotda bo'ldik. Ular noxolis xatti-harakati uchun A. Qurbonovga jiddiy e`tiroz bildirishdi.

Bu holat juda yoqimsiz edi. Fuqaro A. Qurbonov qilmishidan pushaymonligini tan olib, takror va takror kechirim so'radi.

Ta`kidlash kerakki, prokuratura axborotida qayd etilishicha, o'rganishlar davomida, maktab o'quvchilarning paxta yig'im-terimiga umuman jalb qilinmaganligini tumandagi 15-umumiy o'rta ta`lim maktabi ma`muriyati, o'qituvchilari, tuman hokimligi, tuman xalq ta`limi bo'limi mutasaddilari ta`kidlab, tushuntirish berishgan. Shuningdek, tushuntirish bergan fuqaro Abdusamat Qurbonov ham o'z xatti-harakatlaridan pushaymon ekanligini, yuqorida qayd etilgan fermer xo'jaligiga qilingan sarf-xarajatlarini qaytarilishiga erishish maqsadida asossiz xabarlarni ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganligini va bu xabarlar haqiqiy holatga mos emasligini bayon qilgan. Fuqaro bu to'g'rida ijtimoiy tarmoqlarga videomurojaat ham qilganligini bildirdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqatilgan xabar yuzasidan o'rganishlar davom ettirilmoqda. Ularning natijasi bo'yicha shaxslarning harakatlariga tegishli huquqiy baho beriladi.

Erkin YoDGOROV,

“Buxoronoma” gazetasi

( 81-82-sonlar, 2019 yil 8 oktyabr)

Boshqa xabarlar