O'zbekiston Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a`zo bo'ladimi?

58
Foto: Xabar.uz

Bir necha kundirki, keng jamoatchilik va ekspert doiralarida O'zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (EOII)ga a`zo bo'lish-bo'lmaslik masalasi qizg'in muhokama qilinyapti.
Qarashlar ikki xil: tarafdorlar ham, qarshilar ham o'z fikrlariga dalillar keltirishmoqda.

Prezident Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligida Rossiya Federasiyasi Federal Majlisi Federasiya Kengashi Raisi Valentina Matvienkoning mamlakatimizga tashrifi yakunlariga bag'ishlangan matbuot anjumanida Oliy Majlis Senati Raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoev bugungi kunda O'zbekiston tomoni ushbu tashkilotga qo'shilish imkoniyatlarini chuqur tahlil qilgan holda ko'rib chiqayotgani, YeOIIning barcha mamlakatlari bilan maslahatlashuv olib borilayotgani, hozircha bu borada hech qanday qaror yo'qligini aytdi.

Xo'sh, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a`zo bo'lishning qanday ijobiy va salbiy jihatlari bor? A`zolik O'zbekistonga qanday imkoniyatlarni taqdim etadi?

O'zbekiston uchun katta bozor eshiklari ochiladi   

Ta`kidlash o'rinliki, YeOIIga a`zolik biz uchun, eng avvalo, 185 milliondan ziyod aholi istiqomat qiluvchi, qiymati esa 1 trillion 587 milliard AQSh dollariga teng bozorga kirish imkonini beradi. O'zbekiston bu bozorga o'zining nisbatan arzon mahsulotlarini eksport qilib, katta miqyosda foyda ko'rishi mumkin.

O'zbekiston tashkilotga kiradigan bo'lsa, o'z qoidalarini ittifoq standartlari bilan muvofiqlashtirib boradi va tadbirkorlarimiz uchun katta imkoniyatlar vujudga keladi. Buning natijasida YeOII bozorini ko'zlagan xorijiy investisiyalar oqimi yuzaga kelishi mumkin.

Zero, shu paytgacha 33 millionlik bozor uchun ishlab kelingan bo'lsa, hamjamiyatga kirish natijasida salkam 200 million kishilik bozorga hech qanday bojlarsiz kirish imkoni paydo bo'ladi. Bu esa O'zbekistonning investisiyaviy jozibadorligini oshiradi.
Hozirgacha ham YeOII biz uchun eng katta tashqi savdo hamkorlaridan biri bo'lib turibdi. YeOIIga kirish, bu ko'rsatkichni shak-shubhasiz yuqorilatadi. Bundan tashqari, YeOIIga a`zo davlatlarning mahsulotlari bozorimizga kirib kelishi raqobatning kuchayishiga xizmat qiladi. Bunday raqobat esa iste`molchi manfaatlariga mosdir.

O'zbekiston tashkilotga kirishi unga a`zo 5 davlat bilan standartlarni birlashtirish orqali chegaralardagi ortiqcha tekshiruv va ulardan kelib chiqadigan vaqt isrofining oldini olishi mumkin. Eksport qiluvchilarimiz mahsulotlarini YeOII hududiga ancha erkin chiqarishi mumkin bo'ladi.

Mehnat qilish uchun teng sharoitlar yaratiladi

O'zbekistonning tashkilotga a`zo bo'lishi mehnat migrantlari, ya`ni Rossiya va Qozog'istonda ishlaydigan vatandoshlarimizga patent olmasdan ishlash imkonini beradi.

Ular bu davlatlar mehnat qonunchiligi bilan himoyalanadi. Shuningdek, ularning ittifoqqa a`zo davlatlar hududida to'lagan solig'i o'z yurtida ham tan olinadi. Bu esa pensiya va soliqlar, ijtimoiy himoya borasida ularga katta yengillik tug'diradi.
EOIIga a`zo mamlakatlar mehnat migrantlari uchun lisenziya va ruxsat olish talablarini o'zaro jiddiy kamaytirgan.
Agar migrant rasmiy ravishda ishga yollangan bo'lsa, unda uning farzandlari o'sha mamlakatdagi bog'cha va maktablarda o'qishi mumkin bo'ladi, shuningdek, uning barcha oila a`zolari majburiy tibbiy sug'urta bilan qamrab olinadi.

Barcha (farmasevtika, tibbiyot, huquq va pedagogika sohalaridan tashqari) diplomlar o'zaro tan olinadi. Demak, O'zbekiston YeOIIga a`zo bo'lsa, deylik, muhandislik sohasida universitetni tamomlagan O'zbekiston fuqarosi Rossiya yoki Qozog'istonga borib, u yerdagi fuqarolar bilan teng sharoitlarda ishlash huquqiga ega bo'ladi.

Pensiya ta`minoti kabi hal etilmagan muammolar mavjud bo'lsa-da, umumiy mehnat bozorining YeOIIda birmuncha shakllanganini tan olish zarur.

Shuningdek, Rossiya va Qozog'iston kabi iqtisodiy jihatdan qudratli davlatlar bilan ikki tomonlama emas, balki institutlashgan-huquqiy me`yorlar orqali aloqalarimizni qaytadan tartibga solish imkoniga ega bo'lamiz.

Yana bir muhim omil, bu — davlat institutlari ishlashining yaxshilanishi. Rossiya, Belarus va Qozog'iston kabi davlatlar bilan yaqindan ishlash davlat xizmatchilarining darajasi yuksalishiga va davlat institutlari tomonidan ishlab chiqiladigan loyiha va xizmatlar sifati yaxshilanishiga olib keladi.

Sayyohlik sohasida ham jiddiy, tub o'zgarishlarga yo'l ochiladi. Rossiya va YeOII mamlakatlari bilan vizasiz rejim sayyohlar oqimining ko'payishiga xizmat qilishi tayin.

Boshqa davlatlar bilan to'g'ridan-to'g'ri savdo bitimi tuzolmaymiz 

Xo'sh, ittifoqqa a`zolikning qanday salbiy jihatlari bo'lishi mumkin? Qayd etish o'rinliki, tashkilot amalda bir tomonlama erkin bozor hududi bo'lib, Jahon savdo tashkilotiga a`zo bo'lgan taqdirimizda ham Qozog'iston, Qirg'iziston va Armaniston kabi bojlarni ko'tarishga majbur bo'lamiz. Bu esa yurtimizga keladigan texnika va texnologiyalar narxi qimmatlashuviga sabab bo'ladi.
Ilmiy tahlillar orasida, ayniqsa, Armaniston va Qozog'istonning YeOIIga kirishi ularning iqtisodiga salbiy ta`sir ko'rsatgani borasida tahlillar mavjud.

Hozirda savdo urushlari, hatto YeOII ichida tez-tez kuzatilmoqda. Misol uchun, Rossiyaning Yevropa Ittifoqi, Gruziya va Moldovaga nisbatan bir tomonlama kiritgan sanksiyalari natijasida YeIga a`zo davlatlardan kirib keladigan mahsulot va xizmatlarning boshqa YeOII davlatlariga o'tishi qiyinlashmoqda.

Bundan tashqari, Rossiya va Qozog'iston o'rtasidagi go'sht, mayonez, shokolad, qovun va sut yoki Qozog'istonning Qirg'izistondan keladigan kartoshka mahsulotlari bo'yicha qo'yilgan cheklovlar ichki bozorning normal faoliyatiga to'siq bo'lyapti.

Go'sht va sut mahsulotlari bo'yicha Rossiya va Belarus o'rtasidagi savdo urushi hammaga ma`lum. Natijada shu kungacha Armanistondan tashqari deyarli barcha ittifoq a`zolari bir-birlari bilan savdo urushlarini boshlaridan o'tkazishga ulgurishdi.

EOII o'zining har bir a`zosini tashqi boj siyosatini shakllantirishga oid suveren huquqini cheklaydi. Natijada ikki davlat to'g'ridan-to'g'ri ikki tomonlama savdo bitimi tuza olmay qoladi.

O'rniga YeOII komissiyasi muzokara o'tkazadi. Har doim uchinchi davlat bilan bitim tuzishda tashkilotga a`zo davlatlar roziligi kerak. Bu esa tashqi iqtisodiy siyosatda erkinlikning katta qismini qo'ldan chiqarish, deganidir. YeOIIning uchinchi davlatlar bilan tuzilishi mo'ljallanayotgan erkin savdo bitimlari esa yurtimiz uchun kelajakda foydali bo'ladimi, yo'qmi, buni ham bilmaymiz.

Ittifoq ayrim holatlarda tashkiliy tuzilma sifatida zaif

Integrasiyadan keyin shubhasiz, Rossiya tovarlarining respublikamizga oqimi oshadi.

Olaylik, 4 milliard AQSh dollaridan ziyod savdo aylanmasining atigi 1 milliarddan ko'prog'ini O'zbekistondan Rossiyaga eksport tashkil qiladi. Qolgan summa Rossiya mahsulotining importidir.
Rossiya bilan o'zaro savdoda ulkan disbalans bor. YeOIIning yana bir mamlakati Qozog'iston bilan ham savdoda salbiy saldo saqlanib turibdi. Tashkilotga kirish dastlabki paytda bu jarayonlarni kuchaytirib yuboradi.

Garchi boshida Yevropa ittifoqi tuzilmasi o'rnak qilib olingan bo'lsa-da, YeOII davlatlari tashqi savdo siyosatini yetarlicha muvofiqlashtirish quvvatiga ega emasligi ko'rinib qolyapti. Misol uchun, a`zo davlatlar Yevroosiyo komissiyasiga, xususan, ittifoq qoidalarini buzgan davlatni ittifoq sudiga berish kabi o'ta muhim vakolatni taqdim etishmagan. Natijada YeOII a`zo mamlakatlar o'rtasida yuzaga keladigan nizolarni bartaraf eta olmaydi.

Evroosiyo komissiyasi YeOII bitimi qoidalarining qanday ijro etilayotgani haqida umumiy nazoratni amalga oshirgani holda qoida buzilishlari bo'yicha a`zo davlatlarni xabardor qiladi, xolos.
Modomiki, O'zbekiston YeOIIga kiradigan bo'lsa, tashqi savdo siyosatimizda katta o'zgarish yuz berishini, ham ichki, ham tashqi ishlab chiqaruvchilarga ta`sir etishini hisobga olib, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi tadbirkorlarga va umuman, aholiga YeOIIga kirishning ijobiy va salbiy tomonlari haqida yetarlicha ma`lumot berishi, mavzu soha mutaxassislari o'rtasida muhokama etilishini ta`minlashi zarur.

Shu bilan birga, O'zbekiston tashqi savdo aloqalari qaysi traektoriya bo'yicha rivojlanadi, degan savolga imkon qadar tez va aniq javob berish zarur.

Shubha yo'qki, hukumatimizdan bunday aniq signalni ishlab chiqaruvchilar va investorlar kutmoqda. Mamlakatimiz rahbariyati uch yildan beri tashkilotga a`zolikdan ko'riladigan foyda va zararlarni, plyus va minus jihatlarni sinchkovlik bilan o'rganib chiqayotgani bejiz emas. Zero, tanlovning oqilona, rasional, emosiyalardan xoli bo'lgani yaxshi.

Darvoqe:

Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi qanday tashkilot?
Evroosiyo iqtisodiy ittifoqi — 2015 yil 1 yanvardan Rossiya tashabbusi bilan rasman faoliyat boshlagan xalqaro tashkilot hisoblanadi.

Bugungi kunda ittifoqqa Rossiya, Armaniston, Qozog'iston, Qirg'iziston va Belarus a`zo. Shuningdek, ittifoq va Vetnam o'rtasida erkin savdo shartnomasi imzolangan. Moldova, Suriya ittifoqqa a`zo bo'lish xohishini bildirgan.

Evroosiyo iqtisodiy integrasiyasi markazida mahsulotlar, xizmatlar, kapital va mehnat kuchi uchun yagona bozorni tashkil etish g'oyasi yotadi. Tashkilotning nizolarni hal etuvchi alohida sudi, Yevroosiyo taraqqiyot banki, shuningdek, Barqarorlik va rivojlanish jamg'armasi mavjud.

Abduvali SOIBNAZAROV,

siyosiy sharhlovchi.

“Mahalla” gazetasi

(2019 yil 10 – 17 oktyabr, 44-son)

Boshqa xabarlar