ILK VA SO'NGGI SO'ZIMIZ: VATAN!

355

«Vatanga qo'riqchilar emas, posbonlar kerak», degan edi fransuz shoiri Rene Shar. Qo'riqchilar emas, posbonlar ­deyilyapti, demak, farq bor. Zotan, polizga o'rnatilgan «qo'riqchi» – tulumning ham vazifasi bor – hosilni xavfdan qo'rimoq!.. Posbon so'zi esa harchand biz bugun huda-behuda takrorlayverib, qiymatini tushirib yuborgan bo'lsak-da, mohiyat-e`tibori bilan o'zida jonfidolikni ifoda etadi.
Albatta, Vatanni sevish, unga fidoyi bo'lish uchun o'lish shart emas. Balki shu yo'lda, kerak bo'lsa, o'limni bo'yinga olish, millat va ona tuproq sha`ni uchun bilvosita har qanday xatar yuziga tik boqishni anglatadi bu muhabbat. Vatan millat idroki bilan mavjuddir. Yanayam soddaroq aytsak, millat Vatanning ustunidir. Shu tuproq ustida yashagani uchun emas, uni sharaflagani, shuhratga burkagani va nihoyat, shu zaminni Vatan bilgani uchun ham unga uyg'undir.
Qullarning tarixi bo'lmaydi, degan gap bor. Buni oqsuyaklar aytgan bo'lsa-da, bunda qisman haqiqat ham yo'q emas. Zotan, mustamlaka elning tarixini istilochilar yozadi. Biz ana shunday achchiq kunlarni ko'rgan, azobini totgan millatmiz. Biroq ko'ngilda bir ishtiboh borki, mana shu ulug' ne`mat qadrini anglayapmizmi yoxud ozodlik degan totli so'z bir estetik tushuncha o'laroq bizga nelarni anglatadi? Vatanga fidoyi bo'lish, millatparvarlik, yurt qayg'usida riyozat chekish bugun qanchalar o'rinli va ahamiyatli?!.

1
Qatag'on davri qurboni bo'lgan buyuk jadidchi bobomiz Abdurauf Fitrat «Ey ulug' Turon, arslonlar o'lkasi! Senga ne bo'ldi? Ey, Chingizlarning, Temurlarning, O'g'uzlarning, Otillalarning shonli beshiklari! Qani u chiqdig'ing yuksak o'rinlar?»… deya o'kinganda, shu mo'`tabar tuproq erki uchun shirin jonini tikkanda nelarni o'ylagan, ko'zidagi qonli yosh bilan ne o'rinlarni iddao qilgan?! U bundayin jur`atni qaydan olgan, qalbidagi cho'ng otashning oti ne?.. Aslini olganda, vatanparvarlik, milliyotchilik kabi tuyg'ular bizga begona emas. Mo'`tabar zaminimiz Alp Er To'nga, To'maris, Shiroq, Jaloliddin Manguberdi, Amir Temurdek minglab buyuk vatanparvar farzandlari bilan tarix sahnida o'z o'rnini topgani bunga bir misoldir. Dunyo ahlini lol qoldiradigan buyuk o'tmishimiz, madaniyat va san`atimiz, qadriyat-u an`analarimiz shu ulug' ajdodlarimiz zakosi mevasi, aslida.
Xo'sh, insoniyat to'liq taraqqiyotga erishgan, deya iddao etilayotgan, barcha qadriyatlarga umuminsoniy nuqtai nazardan fatvo berishga urinilayotgan bugungi kunda ­VATAN va MILLAT tushunchalarining o'rni qaerda bo'lishi kerak?! Quyidagi mulohazalarimiz shular xususida…

2
Darvoqe, bu jabhada bir narsaga oydinlik kiritib olish kerakki, bu taqriban shunday: yangilanayotgan O'zbekiston zamonaviy hamjamiyatga o'z milliy qiyofasi bilan yuz tuta oladimi, umuman, madaniyatlar qorishib ketayotgan bugungi global ­dunyoda mafkuraning o'zi kerakmi? Umummilliy taraqqiyotimizda mafkuraning o'rni qanday? Ziyolilar, rahbarlar, oddiy odamlar uchun milliy mafkura nima? Mamlakatimizda milliy mafkurani shakllantirish va targ'ib etish siyosati mavjudmi?..
Bu savollar mohiyat-e`tibori bilan 130 yil qaramlikda bo'lgan milliy tafakkurimizni «qutqarishda» muhim ahamiyat kasb etadi. Tan olish kerakki, kechayotgan 30 yilga yaqin vaqt ichida jamiyat «siyrati»ning o'zgarishi qiyin kechdi. Bu bir tomondan o'tish davridagi mahdudlik bilan baholansa, ikkinchidan, davlatning o'zi jamiyatning milliylashuvidan cho'chidi, uni keskin nazoratda ushlab turdi. Bugungi O'zbekiston hukumati harakatlari esa bu borada qozilikni emas, mazkur ijtimoiy jarayonga rag'batni nazarda tutadi. Zotan, jamiyatni hukumatning siyosiy mayllariga qarab emas, balki milliy an`analar va tarixiy o'zlikka mos tarzda modernizasiyalash ko'zlanayotgan maqsad – davlatning milliy qiyofasini shakllantirishda muhim rol o'ynaydi. Shu narsa bugun aniq ko'rindiki, boya aytganimizdek, ortda qolgan chorak asrdan oshiq vaqt davomida ham biz to'liq milliylasha olmabmiz. Bu fenomen, eng avvalo, tafakkurimizda ko'rinib turibdi.
Men umrimning ko'p qismini mafkuraviy sohada o'tkazganim uchun g'oya, ayniqsa, milliy g'oyaning jamiyat hayotiga ta`sirini chuqurroq his etaman. Shu ma`noda, bugun Prezidentimiz deyarli har bir yig'ilishda, joylardagi uchrashuvlarda milliy g'oya, vatanparvarlik haqida to'lqinlanib gapirganida, zarur topshiriqlar berganida, bu borada odamlarga kuyinib murojaat qilganida, uning qiyofasida bir vatanparvar inson siymosini ko'raman. Yurtparvarki, bitmas yerosti va usti boyliklariga, mehnatkash va fidoyi xalqqa, saxiy tabiatga ega yurtning abgor ahvolidan ko'ngli o'ksik, biroq ko'zlarida o't chaqnagan chin Vatan o'g'loni…
Bu jarayonlar, muarrixlar tili bilan aytganda, tarixiy zaruratdir. Negaki, «oqqan daryo oqadi» deganidek, daryo o'z o'zaniga qaytishi adolatdan edi. Zotan, o'zingiz o'ylang, tarixda o'nlab saltanatlar tuzgan, jahonga minglab allomalar bergan, zimiston davrlarda insoniyat tamadduni g'ildiragini hidoyat sari boshlagan, o'z aql mash`ali bilan kishilik jamiyati yo'lini yoritgan millat shu o'ringa munosibmidi? Ehtimol, Fitrat dunyoning mana shu adolatsizligiga qarshi isyon qilgandir? Uning Vatan va millat sevgisiga to'la yuragini shu otash kuydirgandir?.. O'rni kelganda shuni aytish kerakki, bugun endi yashirishning hojatiyam, ilojiyam qolmagan bir haqiqat – biz ham iqtisodiy, ham ijtimoiy parametrlarda dunyoda ancha quyida ekanimizni tan oladigan vaqt keldi. Nafaqat iqtisodiy-ijtimoiy, balki madaniy-ma`rifiy sohada ham saflarning so'nggida ekanmiz. Lekin kulgili holat shundaki, uzoq yillar shuni go'yo yashirdik, yolg'on raqamlarga qarsak chaldik. Oqibatini esa bugun ko'rib turibmiz…
…Milliy tafakkurning shakllanishi mohiyat-e`tibori bilan ozodlikni qo'lga kiritish bilan barobardir. Zotan, shaxs o'zligini anglamas ekan, u mustabiddir. Bugungi jamiyatimizdagi og'riq esa ongimizdagi mana shu turg'un «instinkt» bilan ko'p jihatdan bog'liq. Bu ko'proq katta avlod harakatlarida ko'zga tashlanadi. Til, tarix, milliy qadriyatlar, madaniyat va san`atimizga bo'layotgan nopisandlikni ko'pchilik hollarda biz, kattalar bolalarimizga «yuqtiryapmiz». Deyarli ko'pchiligimiz haliyam «sovetcha» madaniyatimiz bilan farzandlarimizga o'rnak bo'lmoqchi bo'lamiz. Ko'p masalalarda ular bilan chiqisholmaymiz.
Yaqinda bir tanishim nabirasi pas­port olayotib, sharifdagi bir-ikki harf­­ni o'zgartirib, ya`ni familiyasini «Yarkulov» o'rniga «Yorqulov» deb to'g'rilab kelganiga xunob bo'lib, bugungi yoshlar quloqsiz bo'lib ketdi, deya jiddiy zorlandi. Aslini olganda esa, bizning milliy o'zandan uzoqlashuvimiz aynan mana shunday mayda detallarda zuhur bo'ladi. Biz shunday ­«tarbiyalandik-ki», ota-bobolarimizning ismidan uyaladigan bo'ldik. Ona tilimizda gapirish madaniyatsizlik belgisidek tuyula boshladi. Holbuki, Til – millatning joni, tomirda oqayotgan qonidir. Usiz hech bir millat barkamol emas. Mana, ma`rifatparvar bobomiz Alixonto'ra Sog'uniy bu haqda nima degan edi: «Arabcha, forsiychalarni yozish-so'zlashgina emas, balki bu ikki tilda kitob yozish, she`r aytish qobiliyati menda bo'lsa ham, o'z turkiy ona tilimni boshqa tillardan ortiqroq ko'rdim. Chunki, qaysi bir millatning ona tili o'z hojatini o'tayolmay, boshqa yot tillar oldida mag'lubiyatga uchrab tiz bukar ekan, unday millat ko'p uzoqlamay, insoniy tuyg'ularidan ajragan holda hayot daftari ustiga inqiroz qalami chekilishi shubhasizdir. Unday millatlar yolg'izgina Vatanlaridan emas, balki butun borlig'i bilan tarix yuzidan yo'qolishga majbur bo'ladi».
Tarixning guvohlik berishicha, har bir istilo xalq xotirasida o'nglanmas asorat qoldiradi. Hozirgi avlod buni oqposhsho istilosi, ayniqsa, sho'ro siyosati, kommunistik mafkura zulmi misolida yaqqol ko'rishi mumkin. Albatta, o'tgan tarixiy silsilalar milliy o'zligimizga yetkazgan ziyon va tushunchalar yuqorida aytganimizdek, hamon ong ostida yashab kelayotir. Haliyam millatning qoni toza, iymoni salomat ekanki, mudom aslini saqlab keldi. Holbuki, tarixda qanchadan-qancha xalqlar tillarini yo'qotibgina qolmay, o'zi ham yo'q bo'lib ketgan. Bunga bir misol. Hazar (bugungi Kaspiy) dengizi bo'yida qadimda Hazar saltanati bo'lgan. Undan bugun urvoq ham qolgan emas. Bilasiz, lotin tili o'z zamonida ko'plab tamaddunga beshik bo'lgan. Qani u hozir? Ularni yemirgan begona madaniyatlar, yot urf-odat, ya`ni ekspansion mafkuralar. Bugun tobora globallashib borayotgan, bizdan farzandlarimizni tortib olishga urinayotgan dunyoda bir millat sifatida o'zligimizni, ota-bobolarimiz tutgan tutumni saqlab qolishga ham ruhan, ham ma`nan tayyormizmi?! Yetti yot mafkuraviy tazyiqlarga qarshi qanday choralar qo'llamog'imiz kerak?
Shu ma`noda gapiradigan bo'lsak, milliy g'oya va mafkura bugun suv va havodek zarur. Eng avvalo, TA`LIM TIZIMIni milliylashtirish, sohaga yangi uslublar joriy etish kechiktirib bo'lmas masaladir. Ta`lim-tarbiyada ehtiyotkorlik, ­buzg'unchi va vayronkor g'oyalardan bolalarimizni asrash ertangi porloq kunimiz garovi ekanini unutmasligimiz kerak. Zotan, bolaning tafakkuri bog'cha va maktabda shakl­lanadi. Shu yerda u Vatan, Millat degan tuyg'ularni qalbiga singdiradi. Demak, maktabgacha ta`lim tizimida milliy metodika yaratishimiz kerak bo'ladi. Bu bizda hozirgacha yo'q. U nima degani? Bu avvalo, tizimni tamomila milliylashtirish, bog'chalarimizdagi tarbiyani milliylashtirish deganidir. Farzandlarimiz bog'chada xalq ertaklari, dostonlarimiz qahramonlari jasoratlari va xalq og'zaki ijodi namunalari, milliy musiqa va qo'shiqlarimiz jozibasidan bahramand bo'lib ulg'aysa, o'zbekcha salom-alik, muomala madaniyatini o'rgansa, o'ylaymizki, bizni bugun qiynayotgan muammolarga o'rin qolmaydi. Qolaversa, «oila inqirozi» xatarga aylanayotgan bugungi zamonda bu yanada muhimroq ahamiyat kasb etadi. Aks holda, bugun qo'lidagi telefondan bosh ko'tarmay, murg'ak bolaga «svoloch» deb o'shqiradigan bog'cha opadan farzandimiz nima o'rganadi? Bunday tarbiyasiz tarbiya bizni qayoqqa olib boradi?!
O'rni kelganda shuni qayd etish kerakki, Yaponiya boshlang'ich ta`limida o'qish bilan birdek milliy tarbiya masalasiga ham jiddiy e`tibor qaratiladi. Ya`ni yapon bolalari ovqatlanish madaniyati, kiyinish va salomlashish-u milliy til va qadriyatlarga hurmat ko'nikmasini murg'akligidayoq ongiga singdiradi. Buni davlat o'z zimmasiga olgan. Shuning uchun ham yaponlar milliylik jihatdan beqiyos bir millatdir.
Xalq ta`limida ham uzoq yillardan buyon faqat gapirilib, ammo amalga oshishi qiyin kechayotgan muammolar serob. Xususan, maktablar ta`lim dasturini to'liq qayta ko'rish, bu borada maxsus hukumat komissiyasi tashkil etish bugun muhimdir. Darsliklar saviyasi, sifati va mazmun-mohiyati keskin islohga muhtoj. Ayniqsa, bolalarimizga o'qitilayotgan tarix, ona tili va adabiyot kitoblari mundarijasi va dars soatlarini o'ylab ko'rish, xususan, adabiyot darsliklarini qadimgi turkiy xalqlar og'zaki ijodi va folklori, yozma adabiyoti namunalari bilan yanada boyitish, turkiy xalqlar tarixini, tilini izchil o'rgatish lozim. Negaki, ajdodlarimiz shu zaminda palak yoygan. Bizning chin tariximiz umumturkiylar tarixidir. Achinarlisi, maktab darsliklari sovet davri pedagogikasi metodologiyasidan to'liq voz kecha olgani yo'q.
Vaholanki, bu metodologiyaning bosh maqsadi milliylikdan begonalashtirish edi. Milliy tarbiyani shakllantirish va ta`limni milliylashtirish biz, katta avloddan farzandlarimizgayam «yuqqan» sovetcha tafakkurni yemiradi, milliy ong shakllanishida yetakchi omil bo'ladi. Bolalarimiz qalbida qadim millatimiz tarixiga faxr-iftixor uyg'otadi.
Lekin bugun, zamon shundayki, global dunyoda madaniyatlar qorishuvi yuz bermoqda. Bolalarimiz chet ellarda ta`lim olmoqda, xorij o'quv yurtlari mamlakatimizda sho'`balarini ochmoqda. Bu zamon talabi, albatta. Lekin ijtimoiy tarmoqlarni kuzatgan odam, mamlakatda ta`lim tizimiga o'zga davlatlar o'quv muassasalarining kirib kelishi milliy kayfiyatdagi ziyolilarga xush kelmayotganini darrov payqaydi. Ular bir jihatdan haqdir. Negaki, bunda mamlakatda chet tilida dars o'tilsa, xorijiy zabon orqali o'zga jamiyatlar mafkurasi kirib keladi va oxir-oqibat ma`naviy mustaqilligimiz yana xavf ostida qoladi, degan hadik bor. Albatta, til o'rganish shart. Rivojlangan davlatlar ta`lim tajribasini ham. Lekin bular bizning tilimiz va milliy o'zligimizga ta`sir etmasligi kerak.

3
Prezidentimizning bugun kuyib-pishib vatanparvarlik va milliy g'oya haqida gapirishlari bejiz emas. Chunki mustaqil bo'lganimizga qariyb 30 yilga yaqin vaqt bo'layotirki, milliy masalaning ko'pgina jabhalarida hali-hamon aniq qarorimiz yo'q. Masalan, tarix, til va imlo, etnik lug'at, oliy ta`lim-u maorif sohalaridagi beqarorlik hamda eskicha tutum, davlat va jamiyat bo'g'inlarida, ilm-fan va siyosatda xorijiy tildan foydalanishimiz ma`nan to'liq mustaqil bo'la olmaganligimizni ko'rsatib turibdi. Istiqlolning ilk yillarida boshlangan milliyotchilikdagi islohotlar boshqalariga o'xshab shundoq qolib ketgan.
So'zimiz boshida ko'ndalang qo'yilgan savollarga javoban shuni aytamizki, jamiyatni rivojlantirish va davlatni mustahkamlashda milliy g'oyaning o'rni beqiyos. Zotan, bugun eng qudratli, deya e`tirof etiladigan AQSh, Angliya, Germaniya, Xitoy, Rossiya, Turkiya, Yaponiya kabi davlatlar siyosati ham milliy bir g'oya ustiga qurilgan. Shu ma`noda, Prezidentimiz bugun eng global darajaga olib chiqayotgan vatanparvarlik va milliy mafkura masalasi xalqimiz uchun hayot-mamot masalasidir. Bu borada, eng avvalo, yuqorida eslaganimizdek, ta`lim sohasi va ona tilimizga bo'lgan munosabatimizni qayta ko'rishimiz kerak bo'ladi. Zotan, vatanparvarlik ham millatni sevish ko'nikmasi, avvalo, oiladan, maktabdan, qolaversa, biz har kuni muomala qiladigan tildan oziq oladi. Milliy til mafkuraning muhim asosi ekan, demak, bu boradagi harakatlarni jadallashtirishimiz kerak bo'ladi. Buning uchun hukumatimiz barcha jabhalarda davlat tilini qo'llab-quvvatlashi, uning tom ma`noda davlat tiliga aylanishi uchun zarur choralar qo'llashi kerak.
Ko'pincha ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan hukumatga nega chiqarilayotgan qaror va hujjatlar rus tilida tayyorlanib, keyin o'zbek tiliga o'giriladi, deganga o'xshash haqli savollar beriladi. Buning ikki sababi bor, nazarimda. Birinchidan, bu o'sha hujjatlarni tayyorlayotgan mutaxassislarning o'zbek tilida ish yuritishda yetarli malakasi yo'qligi bilan baholansa, ikkinchidan, bizda mustaqillikdan keyin tilning isloh qilinmagani bilan bog'liq. Zotan, sovet zamonida yaratilgan o'zbek adabiy tili bugungi milliy taraqqiyotimiz bilan hamohang emas. Buning ma`naviy hayotimizdagi asoratlarini allaqachonlar sezib ulgurdik. Xususan, adabiy til me`yorlarining qat`iylashmagani, bir butun xalq so'zlashuv tilini qamrab olmagani jamiyatda «ko'povozlikka», shevalarga yo'l ochib berdi. Bu esa nafaqat davlat ish yurituvida, balki kino va teatrda, san`atda sovetcha «jargon» so'zlarning tegirmoniga suv quymoqda. Milliy tilimiz rivojlanayotgan, texnika asri «ummoni» o'zanlaridan uzoqda qolib ketdi. Bizda bugungacha huquqiy yoki iqtisodiy milliy terminologiya yaratilgan emas. Shuning uchun ham oddiy odamlar chiqarilayotgan hujjat va qarorlarning «tili»ni tushunolmay xunob bo'lishadi. Yana bir ­e`tiborli jihat shundaki, bugun zamonaviy mavzularda sof o'zbekcha suhbat qurishning imkoni bo'lmay qoldi. Ehtimol, shuning uchun tilimizda ajnabiy so'zlar miqdori ­keskin oshib ketdi.
E`tibor qiling, bugungi yoshlar gaplashayotgan o'zbekcha bilan katta avlod gurung­lashayotgan ona tilimiz orasidagi farq xiyla kengaygan. Bunday jiddiy sabablar til bilan bog'liq siyosatimizni qayta ko'rishimizni taqozo etadi, albatta. Qolaversa, davlat tilining sofligini saqlashda, uning amalda ijrosini ta`minlashda fuqarolarimiz, jamoatchilik ham faol bo'lmog'i kerak. O'zingiz o'ylang, olis Zafarobodning chekka bir ovulida ish yuritayotgan oshxona peshtoqiga «Mы otkrыlis» degan yozuvni ilib qo'yish kimga kerak?! Bu ovloqda o'ris tilini biladigan mardumning o'zi bo'lmasa, ayniqsa! Taassufki, mana shunday beparvolik, tilimizga bepisandlik bugun zamonaviylik belgisi tusini olgan.
Gap ko'chadagi reklama yozuvlari, e`lonlar-u yorliqlar hamda bezaklar haqida ketar ekan, bu borada yana talay nuqsonlarimiz ko'zga tashlanadi. Shaharlarimiz badiiy-ma`naviy landshaftini yaratishda bu ishga javobgar bo'lgan tashkilotlar, xususan, hokimliklar, Madaniyat vazirligi va Badiiy akademiyaning ishtiroki umuman sezilmaydi. Keyingi vaqtlarda kentlarimiz ko'cha va xiyobonlarini bizning ruhiyatimizga begona bo'lgan yevropacha bezaklar egalladi. Birgina keyingi yilda poytaxt ko'chalari G'arb syurrealizm va avangard san`atiga taqlidan qilingan illyustrasiyalarga to'lib ketdi (Aslida, bu barcha katta shaharlarimizga xos holat). Bu, aslida milliy ruhiyatga tahdiddir. Qolaversa, chet ellik sayyohlar yurtimizga Sharq tarovatini, o'zbek xalqi tabiatini bilish va undan bahra olish uchun keladi. Shu ma`noda, mazkur idoralar milliy ornament (naqsh-u nigor)lar kolleksiyasini yaratishi va buning butun mamlakat bo'ylab unifikasiya qilinishini ta`minlashi kerakki, yurtimizga kelgan mehmonlar xalqimiz tarixi, san`ati, madaniyati bebaholigini ko'rsin, millatimizning buyuk o'tmishidan bahramand bo'lsin!..
Milliy mafkura aslida mana shunday millatning o'zligini ifoda etuvchi elementlar ustiga qurilsa, u tom ma`noda, milliy bo'ladi. Aksincha, u mavsumiydir. Mafkurachilarimiz yuragimizga 25 yil qutqu solib kelishdiki, matbuotni erkin qo'ysa undoq bo'ladur, mundoq bo'ladur, milliyatga urg'u bersak bosh­qalar o'ksinishadi, jamiyatda qutblanish boshlanadi, deb. Prezident ­Shavkat ­Mirziyoev ishga kirishganidan OAV yo'lidagi to'siqni oldi, nima bo'ldi?! To'g'ri, bugun ijtimoiy tarmoqlardagi talo­to'plar, axloqsiz matn­lar, andishasizlik – bu bor gap. Lekin bunga kim aybdor? Yigirma besh yil jamiyatning og'zini bekitib kelgan o'zimiz emasmi? To'g'on olingach, albatta, loyqa oqadi. Uning tinishi uchun esa vaqt kerak bo'ladi. Milliyat masalasi ham shunday. Biz haligacha jadidchilarimizni gapirishdan cheklanamiz, tarixiy shaxslarning ko'pidan begonasiraymiz, o'tmishimizdagi butun boshli davrlarni eslamaymiz. Masalan, yaqinda maktab yoshidagi bir nevaram «bosmachi degani nima, bobolarimiz bosmachi bo'lganmi?», deb so'rab qoldi. Ochig'i, unga jo'yali javob berolmadim. Chunki o'zimda ham bu borada tugal ilmiy fikr yo'q edi. Keyin o'ylab ko'rsam, nafaqat menda, balki jamiyatimizda ham bu davr borasida to'g'ri qarash shakllanmagan yoki shakllantirilmagan ekan.
Bunday misollarni, afsuski, yana ko'p keltirish mumkin. Ayniqsa, tariximizga bo'lgan munosabatimiz borasida. «Xalqning milliy tuyg'ulari uyg'onib ketadi, millat junbushga keladi», degan siyosiy tashxislar sovet mafkurachilariniki edi. Ozod bo'lganimizga 30 yilga yaqin vaqt bo'layotir. Hech bo'lmasa endi uyg'onishimiz kerak, hurmatli mafkurachilar! Bu yoqda dunyo ham, odamlar ham o'zgarib ketdi. Milliyatga yo'l bersak «iqlim» o'zgarib ketadi deb bir-birimizni aldashni bas qilaylik.
Mana, yaqindagi yig'ilishda Prezidentimizning o'zlari Milliy g'oyani shakllantiraylik, bolalarimiz milliy ruhda kamol topsin, Prezident maktabida o'qiyotgan farzandlarimiz davlat tilini bilishlari shart, shundagina biz rivojlanamiz, yuksaklikka erishamiz, dedi va bunga barchani jalb qildi. Nima yomon gap bo'ldi, kim bundan norizo bo'ldi? Qaytanga xalqimiz tilimizning Prezident tomonidan himoyaga olinganidan ko'ngli shod bo'ldi. Bu ishlar jamiyatga yangicha ruh bag'ishladi. Bunday qarash, yuqorida aytganimizdek, eskicha, «kommunistcha» fikrlash mevasi, aslida. Bugun ko'pchiligimiz milliyat haqida, vatanparvarlik haqida og'iz ko'pirtirib gapiramiz-u ortidan ehtiyotkorlik bilan biz tolerant davlatmiz yoki vatanimiz ko'pmillatli, deb qo'shib qo'yamiz. Ko'p jabhalarda eski aqidalardan ulgu olishga tirishamiz. Ko'pmillatli sovetlar davlati tugab ketganiga 30 yil bo'layotganini esimizdan chiqazamiz, ayni damda milliy va suveren davlat ekanimizni unutamiz. E`tibor qiling: Yaponiyada qancha millat vakillari yashashadi, Xitoyda-chi, Germaniyada, Koreyada, Turkiyada-chi? Ular ko'pmillatli emasmi? Lekin shulardan qaysi biri, masalan, ko'pmillatli Xitoy davlati, ko'pmillatli Koreya deydi? Aksincha, ular Turk xalqi yoxud biz – yaponlar deyishadi-ku!
Biz hanuzgacha nimadan qo'rqamiz? Kim bizning qo'limizni ushlab turibdi? Shu o'rinda bir mulohaza. Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda Yaponiya tashqi ishlar mahkamasi mulozimining rasmiy bayonoti tarqadi. Unda mulozim jahon jamoatchiligini yapon ism-shariflarini to'g'ri yozish va talaffuz etishga da`vat etgan. Bu vatanparvarlik emasmi?! Bizda-chi, biz hali-hamon o'zimizning qotma qarashlarimizdan voz kechganimiz yo'q. Nabiramiz buzilib, ma`nosini yo'qotib ketgan sharifimizni to'g'rilab kelsa, yoshlar quloqsiz bo'lib ketdi, deya jimitdek bola bilan yotib olib yoqalashamiz. Bu johillikdan boshqa yana nima?..
Albatta, vatanparvarlik mafkurachi do'stlarimizning yurtparvarlik haqidagi dogmatik seminarlari, shoirlarning ­she`rlari orqaligina shakllanadi desak, unchalik to'g'ri bo'lmaydi. Bu tuyg'u oyoqlanishi uchun aniq harakatlar, islohotlar kerak bo'ladi. Buyuk sohibqiron Amir Temur millati buyukligini yurt obodligida, saltanat qudratida, deb bilgan edi. U shu ma`noda «…Bizning buyukligimizga shubha qilsangiz, qurgan imoratlarimizga boqing» deganida mutlaq haq edi. Zotan, odam bolasi tabiatan ozodlikka, qudrat kasb etuvchi bir g'ururga tashna bo'ladi. Bunday sohir tuyg'u esa el bunyodkorligida, Vatan ravnaqida tetapoya qiladi.

4
O'tgan davrga xulosa berish tarixning ishi. Lekin biz bugunni «ziynatlash» uchun kechagi kunimizni bo'ralab so'kishni odat qilganmiz. Shunday qilsak go'yo «tepa»ga ko'proq yoqamiz, fikrimiz zalvorliroq chiqadi… Lekin e`tibor bering, zamon o'zgardi, endigi o'zgarish-u islohotlar qarsakbozlig-u madhiyabozligimizga muhtoj emas. U tilanchi emas, izzatparast emas, takabbur emas. Men bir respublika tashkiloti rahbari, bugungi siyosiy jarayonlarga aralashib yurgan odam sifatida shu paytgacha hukumatdan yoki biror mas`ul shaxsdan falon joydagi o'zgarishlar, qilinayotgan qurilish-u bunyodkorliklar haqida gazetada materiallar, televizorda ko'rsatuv berish kerak, degan topshiriq berilganini eslay olmayman. Aksincha, jarayondagi kamchiliklar matbuot orqali ham, ijtimoiy tarmoqlardayam tanqid qilinmoqda, lekin hech kim hech kimdan «siyosiy ayb» qidirayotgani, jazolayotgani yo'q, hozirgacha. Bu mutlaqo yangi zamon boshlanayotganidan darak emasmi?!.
Lekin nima bo'lganda ham atrofda yuz berayotgan voqealar haqida borini gapirish, qanday bo'lsa shunday ko'rsatish, yozish ijodkor odamdan ko'p narsani talab qiladi. Xususan, bu samimiyatni tilaydiki, bu tuyg'u bugun kamyob «matoh» kabi ko'pchiligimizning qalblarimizni kemtik qilib turibdi. 130 yillik mustamlaka siyosati tafakkurimiz bilan birga qalblarimizniyam «isloh» qilib yuborganday, go'yo.
Boylarga nafrat va g'araz bilan qarashdek sovetcha tafakkur haliyam ongimizda aylanib yuribdi. Aslida esa boylar (albatta, u halol bo'lsa) ko'p bo'lishi jamiyatga, davlatga foyda emasmi?!. Yaqinda bir ukamiz gapirib qoldi. Poytaxtda barpo etilayotgan Toshkent Siti majmuasidagi turar-joylarning katta qismini xorijda o'qiyotgan, ishlayotgan yoshlarimiz xarid qilib bo'libdi. To'g'ri qilishadi. Ular zamonaviy dunyoni ko'rishdi, odam bugun qanday yashashi kerakligini anglashdi, puli bormi, qaddini urishsin. Ular o'zlarining bolaligi o'tgan tor, biqiq «xrushchyovka»larda yashashni or bilishmoqda… Zamon o'zgarmoqda, dunyo ham, odamlar ham o'zgarmoqda… Mamlakatda qadam olgan bunyodkorlikning sababi aslida shu. Shaharlarimiz ko'rki, odamlarimiz turmushini zamonaviy dunyo talablariga moslash.
Yaqinda ish yuzasidan yaponiya­lik mehmonlar bilan uchrashishga to'g'ri keldi. Gap orasida poytaxtimiz haqida so'radim. Ulardan biri Toshkentimiz haqida gapira turib, shahringiz katta qishloqqa o'xsharkan, deganda, ochig'i, achchig'im chiqdi. Biroq bu haqiqat edi. Toshkentni uchoqda tepadan kuzatsangiz o'tgan asrning 70-yillari sovet me`morchiligi landshaftiga ko'zingiz tushadi. 30 yilga yaqin mustaqillik, 20 yillik uchinchi ming yillik davri ham shahrimizni o'zgartira olmadi. Qanday bo'lsa shunday, xuddi tosh qotganday. Buni kimdir o'zgartirishi kerakmi, kerak! Bugun shu ish amalga oshirilayotir. Nafaqat poytaxtda, balki yurtimizning barcha go'shasi bugun qurilish maydoniga aylangan. Bundan odamlar, oddiy odamlar naf ko'rayotgani bor gap. Men bir oilani bilaman. Er-xotin nogiron, uch bola nogiron. Yigirma yil uysiz sargardon kezishgan. Shuncha yil ularning ichidan o'tgan alamni, dard-u sitamni bilgan biladi, bilmagan latifasini aytib yuraveradi. Shu oila­­ga Sergelidan shinam uy berildi. Hamma sharoiti bor, tekin. Er-xotin xursandchilikdan yig'laydi, bolalar ota-onalarini yupatishga urinishadi… Bu hikoya uchun sentimental motiv emas, real hayot. Bunday oila­lardan minglariga uy berildi. Millionlab odamlarning qalbida nur miltiradi.
Endi ayting, shu ishlarni boshida turib amalga oshirayotgan odam vatanparvar emasmi?.. Zo'rni tan olish hammagayam yengil ish emas. Xususan, buning uchun odam mard bo'lishi kerak. Biroq masala umummanfaat borasida ketayotgan bo'lsa, odamda ozgina millatparvarlik ham kerak bo'ladi. Vatanni obod ko'rish, boshqalardan kam bo'lmaslik, Prezidentimiz aytganiday, ergashuvchi emas, ergashtiruvchi xalq bo'lishimiz yangilanayotgan O'zbekistonning strategik maqsad muddaosi desak, adashmagan bo'lamiz. Zotan, xalqimiz asrlar davomida ­dunyoni o'ziga qaratib kelgan. Sahnalarning to'rida bo'lgan, hal qiluvchi gapni ayta olgan millatdir.

5
Mana shular haqida o'ylaganda, beixtiyor kishilik jamiyati bosib o'tgan yo'lga murojaat qilasan, kishi. Dunyoda shunday qudratli xalqlar bo'ladiki, ular zimmasidagi tarixiy mas`uliyat go'yo toleiga xaloskorlik bitilgan afsonaviy qahramonlarning qismatiga o'xshab ketadi. Va bu ko'hna dunyo o'ta qaltis vaziyatlarda aynan o'sha xalqlarga yuz buradi, ularning ko'magidan madad oladi.
Misli yo'q kechmish hodisalar talqini shundan dalolat beradi.
O'qigan bo'lsangiz, Dante Aligeri «Ilohiy komediya»da To'marisni shunday ulug'laydi: Dahshatli qasos olib, namoyon bo'lgan To'maris Kirga shunday deydi: «Sen qonga hamisha tashna eding, Qoniqmayin ichaber».
Tarixchi Pavel Oroziy «Jahon tarixi» asarida Vavilonni vayron qilgan Kir To'marisning Vataniga hujum qilganini va uning qahriga uchrab, halok bo'lganini alohida ta`kidlaydi.
Ayniqsa, mo'g'ul bosqini o'zining vahshiyligi bilan yurakni larzaga solgan. Odam avlodi shunday quturishi mumkin ekaniga ishonging kelmaydi. Bir misol: «Bo'ji keldi» desa, hamon bolalar cho'chib ketadi. Uning qo'rqinch to'la zolimligi hamon qonimizda yashab keladi. Ammo, Jaloliddin Manguberdi bu yovuz kuchga qarshi chiqib, uning dodini bergan.
Bosqinchilar 1221 yil dekabrida Sind daryosi bo'yida sulton Jaloliddinni qurshab oladi. Bahodirning lashkari oz miqdorda edi. Ammo, u yov bilan oxirigacha jang qiladi. «Qay tomonga ot surmasin, ­tuproqni qora qonga belar edi», deb yozadi Mirzo Ulug'bek «To'rt ulus tarixi»da. Bahodirning mislsiz matonati va jasorati oldida Chingizxon ojiz qoladi. Axiyri, Jaloliddin qurshovni yorib chiqib, azim daryoning u sohiliga kechib o'tadi. Shunda aytgan Chingizxon «Dunyo dunyo bo'lib, otadan bunday o'g'il tug'ilgan emas», deb…
Bu – tarix!
Amir Temur el-ul­usni mo'g'ul istilosidan xalos etib, odil va beqiyos saltanat tuzgani, salohiyatli harbiy maktab yaratgani, butun bir Uyg'onishni boshlab bergani, shuningdek, Yevropa tamadduniga yo'l ochgani ham jahon muarrixlari tomonidan birdek e`tirof etiladi.
Abu Ali Ibn Sinoning «Tib qonunlari» XII asrda Yevropa tillariga tarjima qilinganini, universitetlarda tabobat ilmi besh yuz yil davomida shu kitob asosida o'qitilganini kim inkor eta oladi?
Xilda Xukxem «Etti iqlim sohibi» kitobida yozishicha, Britaniyada XVII asrda Qirolning birinchi munajjimi ish boshlagan. U Mirzo Ulug'bekning «Ziji Ko'ragoniy» asariga tayangan holda tadqiqot olib borgan…
Bunday misollar ko'pdan-ko'p.
Forobiy, Beruniy, Xorazmiy zakovati o'sha zamondayoq butun bir olamga yorug'lik ulashgan. Yoki bo'lmasa, Islom olamining ustunlari bo'lgan Imom Buxoriy, Ahmad Yassaviy, Najmiddin Kubro, Mahmud Zamaxshariy, Bahouddin Naqshbandiyni esga olaylik. Bu yoqda – Termiziy, Moturudiy, Marg'inoniy… Shoirlar sultoni hazrat Navoiy…
Bu mo'`tabar siymolar kishilik jamiya­t­­i beshigini tebratib, tarix g'ildiragini to'g'ri yo'lga solish uchun dunyo yuzini ko'rgan desak, xo'sh, buni kim rad eta oladi?!
Siz bir e`tibor qiling: XX asrning ko'zga ko'ringan siyosatshunosi Zbignev Bjezinskiy yigirmanchi asrning saksoninchi yillari oxirida mintaqadagi vaziyatga baho berishda «O'zbekistonning mustaqilligi O'rta Osiyodagi boshqa davlatlarning yashab ketmog'i uchun juda katta ahamiyatga ega», deya ta`kidlagan. Albatta, olim bu o'rinda, nafaqat geosiyosiy joylashuvimiz, balki, eng avvalo, mehnatkash va zakovatli xalqimiz ma`rifiy va ilmiy salohiyatini ham hisobga olgani shubhasiz.
Yaqindagina mamlakatimiz Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga a`zo bo'ldi. Bugun Boku shahrida bo'lib o'tayotgan mazkur kengashning oliy darajadagi uchrashuvi azaliy birodar xalqlarning ravnaqi yo'lida rivojlanayotgan an`anaviy do'stlik, keng qamrovli va uzoq muddatli hamkorlik rishtalarini mus­tahkamlashga hissa qo'shadigan tarixiy voqeadir. U mamlakatimizning nafaqat tashqi, balki ichki siyosatida ham muhim ahamiyatga ega. Chunki millat qaddini tiklashda bu kabi oqilona ­sa`y-harakatlarning o'rni beqiyos.
Bu qadam, aytish mumkinki, O'zbekis­ton tarixida yangi sahifa ochdi. Oradan qariyb 30 yilga yaqin vaqt o'tib mamlakat bir milliy davlat o'laroq millat yuziga kommunistlar tashlagan pardani yirtdi – o'zligini baralla ifoda etdi, biz turkiy xalqmiz, deya tan oldi. Bu o'z-o'zidan bo'ladigan ish emas, albatta. Buning uchun odamda juda katta siyosiy iroda, metin qat`iyat va millatga cheksiz muhabbat kerak bo'ladi. Biz bugun Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev siymosida shu sifatlarni ko'rdik va dilimizda bundan iftixor tuydik.
Xulosa o'rnida aytadigan bo'lsak, har bir qarichi bir aziz avliyo, bir ulug' alloma yoki To'maris-u Shiroqday bir yovqur vatanparvarning xoki pokini bag'riga bosgan mo'`tabar zaminda yashayapmiz. Ularning bedor va kurashchan ruhi bugungi Tinchlik va Ahil-totuvlik, Obodlik va Ozodligimiz timsolida mujassam. Bu esa zimmamizga shukronalik, faxrlanish, g'ururlanish barobarida taraqqiyot sari intilish, o'zligimizni namoyon etish mas`uliyatini ham yuklaydi. Buning uchun fidoyilik, vatanparvarlik, Vatan manfaatlarini barchasidan afzal bilish talab etiladi. Shu ma`noda xalqimiz tarixiy burilish pallasini boshdan kechirmoqda. U dilimiz, tilimiz, bajarayotgan ishimizda bo'y ko'rsatadi.
Biz ana shu g'oyalarni chuqur anglasak, eng muhimi, amaliy harakatimizda namoyon qilolsakkina Vatanga sodiq farzand bo'lishimiz mumkin. Vatan esa Ona singari aziz va tanhodir. U bizning ilk va so'nggi aytar so'zimizdir!

Qudratilla RAFIQOV,
siyosatshunos

Boshqa xabarlar