Non narxining sun`iy ravishda oshib ketishi oldini oluvchi qaror qabul qilindi

90
Foto: Sof.uz

“Don, un va non yetkazib berish tizimiga bozor mexanizmlarini to'liq joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida” O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori qabul qilingani (866-son, 14 oktyabr, 2019 yil) xabar qilindi.

Qaror matnida joriy yilda 7 mln tonnadan ortiq g'alla yetishtirilgani, joriy yil hosilidan qabul qilingan g'allaning o'rtacha xarid narxi bir tonnasi uchun 1 420 ming so'mni tashkil etib, o'tgan yilga nisbatan deyarli ikki barobarga oshgani ta`kidlandi.

“O'zdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi tizimidagi tashkilotlar tomonidan 2018 yilda 1 470 ming tonna va 2019 yilning 9 oyida – 1077 ming tonna un ishlab chiqarilgan, shuningdek, 2018 yilda tadbirkorlar tomonidan 650 ming tonna un va deyarli 2,3 mln tonna don, 2019 yilning 9 oyida esa 345 ming tonna un va 1,7 mln tonna g'alla import qilindi.

“I nav unning ulgurji va chakana narxlarini ma`muriy tartibda belgilash narxlarni shakllantirishning to'laqonli bozor mexanizmlarini joriy qilish imkonini bermayapti va un ishlab chiqaruvchi tashkilotlar ishlab chiqarilgan va sotilgan har bir tonna undan salkam 900 ming so'm zarar ko'rmoqda” deyiladi qarorda.

Davlatning iqtisodiyotga aralashuvini yanada kamaytirish, don ishlab chiqarish va qayta ishlash sohasiga hamda un narxlarini shakllantirishga to'laqonli bozor munosabatlarini joriy etish, aholining ehtiyojmand qatlamlari ijtimoiy himoyasining manzilligini ta`minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qildi:

Un narxi keskin oshib ketishining oldini olish maqsadida 2019 yil hosilidan tayyorlangan bugdoyning tonnasi un ishlab chiqarishga 1 300 ming so'mdan ulgurji narxlarda sotiladi. Bunda, bug'doyning o'rtacha xarid narxi va ulgurji narxi o'rtasidagi 120 ming so'm miqdoridagi salbiy farq O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan qoplanadi;

O'zbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qo'mitasi O'zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda ichki bozorda narxlarning sun`iy ravishda oshib ketishi va bozordagi boshka salbiy holatlarning oldini olish maqsadida, zarur hollarda, bir savdo sessiyasida bir xaridor tomonidan xarid qilinadigan un va donning maksimal mikdorini (limitini) belgilaydi hamda talab va taklifdan kelib chiqib ushbu hajmlarga tuzatishlar kiritadi.

Qarorning to'liq matni bilan lex.uz saytida tanishishingiz mumkin.

Boshqa xabarlar