O'zbekistonlik harbiylar Angliyada o'tkazilgan xalqaro «Kembriya patruli» tanlovida g'olib bo'ldi

70
Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Joriy yilning 6 – 21 oktyabr kunlari Buyuk Britaniyaning Brekon shahrida qo'shin razvedkachilari o'rtasida o'tkazilgan  xalqaro tanlovda O'zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi jamoasi britaniyalik, nepallik va shveysariyalik hamkasblari bilan birga birinchi o'rinni qo'lga kiritdi. Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamentining Ishonch’ga ma`lum qilishicha, tanlov shartiga ko'ra har bir sovrinli o'rin bir nechta jamoaga berilishi ham mumkin.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Ikkinchi o'rin Buyuk Britaniya, Fransiya va Hindiston jamoalariga, uchinchi o'rin ham mezbonlarga nasib etdi. Mazkur musobaqada 39 mamlakatdan jami 144 ta jamoa qatnashdi. Qayd etilishicha, mezbon davlat tanlovda 63 ta jamoa bilan ishtirok etgan.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

9 bosqichdan iborat tanlov davomida ishtirokchilar navigasiya vositalarisiz Kembriya tog'lari bo'ylab 25 kg yuk bilan 70 km masofaga marsh yurish, 1000 metrdan ortiq balandlikka ko'tarilish va 750 metrlik pastlikka tushishni amalga oshirdilar. Bunda ularning yetakchilik qobiliyati, amaliy ko'nikmasi, ruhiy va jismoniy quvvati sinovdan o'tdi.

 Marsh yurish davomida har bir jamoa, tog'li va suv to'siqlaridan o'tish, hudud razvedkasini olib borish, shartli dushman joylashgan hududni aniqlash va ularni yo'q qilish bo'yicha o'quv-jangovar operasiyalarni amalga oshirish, shartli yaradorlarga birinchi tibbiy yordam ko'rsatish, noqonuniy kuchlar tomonidan garovga olinganlarni ozod etish, murakkab tog'li hududlarda pistirmalarni tashkil etish kabi vazifalarni bajardi.

Bugun, 21 oktyabr kuni Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida O'zbekiston vakillarini tantanali kutib olish tadbirida Mudofaa vazirligi mas`ul ofiserlari, Qurolli Kuchlar faxriylari, o'quvchi yoshlar, ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Foto: Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar departamenti

Ta`kidlash joizki, bu – razvedkachilarimizning ilk g'alabasi emas. 2018 yilda ham «Kembriya patruli» xalqaro tanlovida vatandoshlarimiz tengsiz ekanliklarini isbotlashgan.

Joriy yilda soha mutaxassislari o'rtasida o'tkazilgan musobaqalar: Qozog'istonda “Oltin ukki” va Hindistonda “Qo'shin razvedkasi a`lochilari” bellashuvlarida ikkinchi o'rin aynan yurtdoshlarimizga nasib etgan edi.

Boshqa xabarlar