Blogerlikning jurnalistikadan qanday farqi bor?

54

Talabalikning ilk kunlari, kursdoshlar bilan tanishayotgan paytimiz edi. Kim nimaga qiziqadi, kim qaydan kelgan, kim nima bilan shug'ullangan? Bir qiz: «Blogerlik bilan shug'ullanaman», deb qoldi. Dunyoda shunday kasb bor ekan-da! «Blogerlik chempionatiga qatnashganman», deganida bu ham jiddiy mashg'ulot ekaniga iqror bo'ldim. Bir lahzalik hayrat uning: «Eng mashhur postim go'zallik saloniga qancha xarajat ketishi haqida» degan so'zidan keyin yakun topdi.

Bu atama jamiyatimizga kirib kelganiga ko'p bo'lmadi. Avval unda-bunda ko'zga tashlanadigan ko'ngilochar mavzularni muhokama qilib yurgan «azamatlar» asta-sekin ijtimoiy masalalarga da`vo qila boshlashdi. Buni jamoatchilik nazorati, fuqarolik jurnalistikasi deb ham ta`riflashadi.

«So'zchi holin boqma, boq so'z holini…»

«Men sizning fikringizga qo'shilmasligim mumkin, lekin uni aytishingiz uchun jonimni berishga tayyorman» degan edi g'arb dunyosining haqparastlaridan biri. Demokratik jamiyatda har kim fikr aytish huquqiga ega.

Internet olamida bir xabar lop etib paydo bo'lgan chog' unga turli munosabatlar yog'iladi. Blogerlardan tortib, oddiy internet foydalanuvchilari biri olib, biri qo'yib mavjud hodisani yo inkor etadi, yo olqishlaydi. Ularning fikricha esa, bu olamda ancha-muncha obro'ga ega blogerlar ta`sir etadi. Bu hodisalar haqida chuqur mulohaza va aniq takliflar paydo bo'lganda, voqelik boshqa shov-shuvlar orasida ko'rinmay ketgan, internet tili bilan aytganda, «trenddan tushgan» bo'ladi. Xo'sh, bunday vaziyatda nima qilishimiz kerak?

Mashhur bo'lishni kim istamaydi, deysiz. Ana shuncha maydon turibdi, odamlarga yoqadigan fikr ayt-da, qahramon bo'l. Mana, shu joyda «blogerlik sindromi»ning bir belgisi oydinlashadi. Ya`ni, o'z shaxsiy qarashlari va ilg'or fikrlarga ega blogerlar qatori shov-shuv ko'tarib, o'z nomini el aro doston qilishga uringichlar uchrab turibdi.

Blogerlar voqealar jarayoni buloqdek qaynab yotgan, mutasaddilar tayinli izoh bermayotgan, ziyolilar esa mumtoz sukutni afzal ko'rayotgan sharoitda paydo bo'ladi. Undan «beminnat» obihayot olib «tashna»larga uzatadi. Mana sizga jamoatchilik nazorati va fuqarolik jurnalistikasi. Aslida ham shunday bo'lishi kerakmi? Jamoatchilik nazoratini amalga oshiruvchi, butun faoliyati shundan iborat bo'lgan shaxslar ham bor-ku! Deputatlar, jurnalistlar, yozuvchi-shoirlar…

Davlat rahbarining turtkilashlaridan so'ng ozgina jonlangan deputatlar hali «o'z pozisiyasi»ni egallab ulgurmadi. Ammo ba`zi blogerlardan ko'ra, tezkorroq ishlayotgan deputatlarning borligi quvonarli.

Jurnalistlarga kelsak… biz juda odoblimiz. Xalqqa to'g'ri ma`lumot yetkazish, davlat va jamoatchilikni murosaga keltiruvchi axborotlar bilan ishlash bizning asosiy kasbiy yo'nalishimizga aylanib qolmoqda. Bir zumda bildirilgan, bir zumdan keyin boshqa yo'nalishga burilib ketayotgan fikrlar po'rtanasida o'zimizning tezkor, mulohazali va rad etib bo'lmas tahlillarimizni berib borish vazifasini uddalash og'ir kechmoqda. Ammo bu ish bizning gardanimizda. Toki, biz muammo haqida gapirmas ekanmiz, boshqalar bizning ishimiz bilan shug'ullana boshlaydilar. Ammo ularning jazavaga o'chligi, axborot bilan ishlash madaniyatining yo'qligi asoratlari bizning faoliyatimizga o'z salbiy ta`sirini ko'rsatishi ehtimoli bor. Aytmoqchimizki, hozir blogerlar ot surib yurgan maydon yuqorida tilga olingan soha vakillarining asl o'rnidir. Toki, ular o'z o'rnida mahkam turmas ekan, o'rtamiyona fikr sohiblari jamoatchilik fikrini shakllantiruvchilar bo'lib qolaveradi.

Hazrat Navoiyning «Vale har bir rost ham degulik emas» degan ogohlantirishini bugungi axborot olamining bir aspekti sifatida belgilab olish maqsadga muvofiq bo'lardi. Bugungi blogerlarimiz haqiqatning beomon jarchilari sifatida xalqqa berilgan axborot uning halovatini o'g'irlashi, uni bundan ham jiddiy bo'lgan muammolardan chalg'itishi mumkinligi, bu orqali esa kimlarningdir tegirmoniga suv quyishi mumkinligini unutmasliklari kerak.

Odamlar nima deydi?

Xo'sh, axborot olamidagi nomutanosibliklarni qanday qilib o'z o'rniga qo'yish mumkin? Mutasaddilar tomonidan taklif etilayotgan chora blogerlik faoliyatini lisenziyalash bo'lib turibdi. Bu nimani anglatadi va qanday natijalar berishi kutilmoqda? Soha mutaxassislarining fikri bilan qiziqdik.

— Aksariyat blogerlar tomonidan ko'tarilayotgan ijtimoiy muammolarga mutasaddi rahbarlar o'z e`tiborini qaratib, ular yechimini topayotir, — deydi jurnalist, filologiya fanlari nomzodi, dosent Nargis Qosimova. — Hattoki, jurnalistikada to'rt yil o'qishning keragi yo'q, jurnalistlar uddalay olmagan ishni endilikda blogerlar uddalashyapti, degan gaplar ham yuribdi. Jurnalistlar bo'lmasa, blogerlar auditoriyaga sifatli axborot yetkazib bera olishadimi? Jurnalist ma`lum muammoni ko'targanida, uni har tomonlama o'rganib, bir nechta manba orqali mavjud faktlarni tekshirib, mutasaddi rahbarlar, voqea ishtirokchilaridan intervyu olib, muammoga tahliliy yondashadi. Bu orqali jurnalistikaning asosiy tamoyillaridan bo'lgan xolislik (ob`ektivlik) va ishonchlilik ta`minlanadi.

Blogerlar mazkur masala bo'yicha o'zlarining sub`ektiv fikrlarini bildirishadi. Aksariyat holatda muammo bir tomonlama yoritiladi. Albatta, jurnalistika asoslaridan xabardor bo'lgan blogerlar bundan mustasno. Ammo ular juda kamchilik. Agarda mamlakatimizda jurnalistika bo'yicha ta`lim beradigan yo'nalishlar yopilib, sodir bo'layotgan voqea-hodisalarni yoritish faqatgina blogerlarga qolsa, tasavvur qilavering, jurnalistika sifatining qay darajaga tushishini?! Bugun «YouTube»dagi mashhur rossiyalik va boshqa xorijlik blogerlarni, o'zimizning blogerlarni kuzatsangiz, ba`zida dahshatga tushasiz. Internetdan foydalanuvchilarning aksariyati yoshlar bo'lganligi sababli ularning mutlaqo adabiy til me`yorlariga to'g'ri kelmaydigan nutqi, nomaqbul xatti-harakatlari kishini ham taajjublantiradi (tarbiya ma`nosida), ham ziyoli odamning jahlini chiqaradi. Avvalo, ularning maqsadi ko'proq o'z postlariga layk yig'ish. Bu orqali mo'maygina daromadga ega bo'lish mumkin.

O'zbekistonda o'ta ommalashgan telegramm mesenjeridagi mashhur blogerlarning aksariyati jurnalistika fakultetlarini bitirishgan. Shu sababli ular axborot olish va uzatishning qonun-qoidalari, mualliflik huquqi kabi tushunchalarga egadirlar. Ammo mazkur qoidalarni qo'pol ravishda buzayotgan, faqatgina ko'chirmakashlik, plagiat bilan shug'ullanayotganlar ham yo'q emas. Demak, blogerlik faoliyatini lisenziyalash, avvalo, ular jurnalistlarning o'rnini bosadi, degani emas. Balki bugungi kundagi axborot maydonidagi mavjud informasiyani uzatishni tartibga solish, blogerlar faoliyatini nazorat qilish, auditoriyaga sifatli, soxta va yolg'ondan holi xabarlarni yetkazishga sharoit yaratish, demakdir.

Dard borki, davo istar

Uyga mehmon kelsa, uyning sarishtaligi, oila a`zolarining muomala madaniyati, ularning bir-birlarini tinglay olishiga qarab ushbu xonadon haqida muayyan xulosa chiqariladi. Eramizning ikkinchi ming yilligida mehmonlar darvozamizdan emas, eng avvalo, virtual ostonamizdan hatlab kiradigan bo'lishdi. Shu sababdan ham bugun internet orqali O'zbekiston imijini oshirish bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar ko'rilmoqda.

Faqat bir narsani unutmaylik. Muammosiz uy bo'lmaydi. Hammaning o'z muammosi bor. Bizning saviyamiz muammomiz bor-yo'qligi bilan emas, shu muammoni qanday hal etayotganimiz bilan belgilanadi. Blogerlik faoliyatini cheklashga hech kimning haqqi yo'q. Bu «sindrom»ga chalingan virtual olam vakillariga butun boshli xalq nomidan hech narsaga hukm chiqarishga haqlari yo'qligini eslatib qo'yishning o'zi kifoya. Fikr aytuvchi o'z fikriga boshqalarni targ'ib qilar ekan, bu fikrning to'g'riligi uchun ham javob berishi kerak. Shuni eslatib qo'ymoqchimizki, fikrning mas`uliyati og'ir, ammo uning ortidan kelayotgan omma fikrini chalg'itishning javobi undan ham og'ir bo'ladi.

Ma`lumot uchun:

Birinchi blog links.net — 1994 yilda kollej talabasi Jastin Xoll tomonidan yaratilgan. Ammo u buni blog deb atamagan. «Blog» so'zi «veb-sahifaga kirish» ma`nosini bildiruvchi «veb» va «log» so'zlarining birikishidan hosil bo'lgan. Bu so'z 1999  yilda dasturchi Piter Merxolz tomonidan atama sifatida qo'llangan. 1999 yil tuzilgan ro'yxatga ko'ra, internet tizimida 23 ta blog mavjud edi.  2006 yil bu ko'rsatkich 50 millionga yetdi.

Blogerlik faoliyatining rivojlanib ketishiga AQSh siyosiy hayoti imkon yaratib bergani aytiladi. 2001 yilda «meta bloglar» — blog yuritish haqida tushuntiruvchi bloglar ommalashib ketdi. 2003 yilda ishga tushgan ADSens reklama platformasi ishga tushishi bilan bloggerlar o'z bloglaridan pul ishlay boshladilar. Mikrobloglar ham mavjud bo'lib unga biz bilgan yorqin misol — Twitter. Facebook platformasi ham mikroblog uchun qulay maydon.

Qisqagina rivojlanish tarixi davomida blogerlik faoliyati siyosatga ta`sir eta oluvchi kuchga aylana oldi. Ammo uning ommaviy axborot manbasi sifatidagi taraqqiyotidan ko'ra kishilarning internet muhitidagi onlayn personasi targ'ibotchisi sifatida rivojlanishi taxmin qilinmoqda.

Suhrob ZIYo

«Mahalla» gazetasi

(45-son, 17 oktyabr 2019 yil)

Boshqa xabarlar