Yaqin sharq yana yangi «olov o'chog'i»ga aylanadimi?

47

Turkiyaning Suriya hududida, aniqrog'i, uning shimoliy kengliklarida «xavfsizlik zonasi»ni yaratish maqsadida aksilterror operasiyalarni boshlagani dunyo miqyosida kuchli rezonans keltirib chiqardi. Suriyadagi kurdlarning Suriya demokratik kuchlariga qarshi boshlangan urush Yaqin Sharqda yangi olovli nuqtaning paydo bo'lishiga olib keldi, deyish mumkin.

Shubhasiz, huquqlari toptalgan, o'z yashash joyidan badarg'a qilinayotgan, asrlar bo'yi o'z davlatiga ega bo'lish orzusida yongan, dunyo bo'ylab tarqalgan 40 millionli nufuzga ega kurdlar jangovar harakatlarni Turkiya hududiga ko'chirishi ehtimoli yuqori. Turkiya janubiy qismlarida yashaydigan kurdlar o'z millatdoshlarini himoya qilish iddaosi ostida mamlakatda qo'poruvchilik amaliyotlariga qo'l urishi mumkin. Eron, Iroq va Turkiyada yashaydigan kurdlar Suriyadagi quroldoshlariga yordam ko'rsatishlarini inkor etib bo'lmaydi.

Turkiya Suriyadan nima istamoqda?

Yaqinda bo'lib o'tgan BMT Bosh Assambleyasida prezident Rejep Tayyib Erdo'g'on Turkiya Suriya bilan chegarada o'z nazoratiga olishni istayotgan uzunligi 480 kilometr va Suriya tomon 30 kilometr kirib boruvchi «xavfsiz hudud» xaritasini namoyish qilgan, hozirda Turkiyada yashayotgan 3,6 million suriyalik qochqinning 2 millionga yaqini mazkur hududga ko'chirilishini aytgan edi. Biroq Turkiya o'zining Suriya shimolidagi asosiy maqsadi «suriyaliklarning o'zi va mintaqa tinchligi uchun zarur xavfsiz hudud» yaratish ekanini iddao qilsa-da, u shimoli-sharqiy Suriya bilan chegara bo'ylab o'rnashib olgan kurd jangchilariga hujum uyushtirish bilan muntazam tahdid qilib keladi.

Turkiya, asosan, Suriya Demokratik Kuchlari bilan birga, boshqa kurd qurolli guruhlarini o'z hududida o'ttiz yildan buyon taqiq ostida bo'lib kelgan va Kurd Avtonomiyasi uchun kurashgan Kurdiston Ishchilar Partiyasining kengaytirilgan ko'rinishi, deya hisoblaydi. Boshqa sabablar ham yo'q emas. Gap shundaki, 1960 yillarda AQShdagi ayrim strateglar tomonidan Eron, Iroq, Turkiya va Suriyadagi kurdlardan iborat yagona Kurdiston davlatini tuzish g'oyasi ishlab chiqilgan. 2003 yildagi AQSh boshliq xalqaro koalisiyaning Iroqqa hujumidan keyin kurdlar birmuncha mustaqillikka erishdi. 2011 yilgi Suriyada boshlangan «arab bahori»dan keyin shimoldagi kurdlar ham deyarli mustaqillikka erishdi. Endi navbat Eron va Turkiyaga keldi. Turkiyaning asosiy xavotiri ham kurdlarning o'z mustaqil davlatiga ega bo'lish ehtimoli.

Shu nuqtai nazardan, Turkiya qo'shinlarining Suriya hududiga kirishini rasmiy Damashq agressiya va suveren davlatga tajovuz deb baholayotganiga qaramay, avvaliga birmuncha bosiq pozisiyada turdi. IShIDga qarshi urushda kurdlarning Rossiya bilan emas, amerikaliklar bilan ittifoqchilikka qo'l urishi ularning an`anaviy ittifoqchisi — Moskvani Turkiya operasiyalariga nisbatan betaraf pozisiyada qolishiga sabab bo'ldi. Ammo Turkiya harbiy havo kuchlari va artilleriyasining kuchli zarbalari oqibatida va AQShning deyarli kurdlardan yuz o'girishi, qo'shinlarini olib chiqishga kirishgani kurdlarning yana ruslarga bo'yin egishiga olib keldi.

Turkiya qopqonga tushib qoldimi?

Ommaviy axborot vositalari xabarlariga ko'ra, Rossiya vositachiligida Suriya hukumati va kurdlarning Suriya Demokratik kuchlari o'rtasida ruslarning Xmeymim bazasida muzokara bo'lib o'tgan va uning natijasida Suriya hukumat qo'shinlari kurdlar yashaydigan barcha shimoliy hududlarda o'z nazoratini o'rnatadigan bo'ldi. Suriya armiyasining bo'linmalari Rakka yaqinidagi Tobka shahriga kirib kelgan va endi mintaqaning boshqa aholi punktlariga ham yo'l olishgan. Bu esa 2011 yilda IShIDga qarshi mamlakatning markaziy qismlarida jang olib borish uchun Suriya — Turkiya chegarasidan olib ketilgan Suriya harbiylarining kurdlar ustidan qayta nazorat o'rnatishiga va mamlakatning hududiy yaxlitligini ta`minlashiga olib kelishi mumkin. Ammo Turkiya prezidenti harbiy operasiya oxirigacha davom etishini da`vo qilib kelmoqda. Bu esa Turkiyaning nishoni faqat kurdlar emas, balki Suriyaning shimoli-sharqiy qismlari ustidan nazorat o'rnatish va Suriya Ozodlik armiyasi timsolida bu yerlarda o'ziga moyil hokimiyat o'rnatish ekani ayonlashib bormoqda.

Turkiyaning hozirgi ahvolini «qopqonga tushib qolish» deya tasvirlash o'rinli bo'lardi. Chunki bir tomondan, Anqaraning harakatiga NATOdagi barcha ittifoqchilari — AQSh, Germaniya, Fransiya hamda Yevropa Ittifoqining barcha davlatlari qarshi chiqmoqda. Hatto Fransiya va Germaniya Turkiyaga qurol-yarog' yetkazib berishga sanksiya qo'ydi. Arab davlatlari Ligasi, Saudiya Arabistoni, BAA, Misr kabi davlatlar ham Turkiyadan qurolli agressiyani to'xtatish va qo'shinlarini Suriyadan olib chiqishni talab qilmoqda. Ikkinchi tomondan, Rossiya prezidenti Vladimir Putin barcha davlatlardan Suriyani tark etishni talab qildi. Putinning aytishicha, agar rasmiy Damashq Moskvadan ham qo'shinlarini olib chiqishni talab qilsa, RF bu talabga yon berishini ma`lum qildi. Uchinchidan, Suriya hukumat qo'shinlari chegarani nazorat ostiga olishga kirishmoqda. Bu, shubhasiz, Suriya va Turkiya o'rtasida urush ehtimolini yuzaga keltiradi.

Mabodo urush kelib chiqsa, Rossiya Suriyaning hududiy yaxlitligi uchun kurashga qo'shiladi. «Ostona jarayoni»ning yana bir ishtirokchisi Eron ham Asad rejimini qo'llab-quvvatlashini hisobga olsak, Anqara mushkul ahvolda qoladi. Demak, Erdo'g'on Suriya Demokratik kuchlarini to'la bartaraf eta olmaydi. Negaki, kurdlar juda katta jamoa, katta kuch. Buning uchun mintaqadagi butun kurdlarni qirib tashlashga to'g'ri keladi. Na AQSh, na Rossiya, na Eron Turkiyaga muayyan doiradan chiqib ketishiga imkon bermaydi.

Xalqaro maydondagi reaksiya

BMT Xavfsizlik kengashi 10 oktyabr kuni YeIning besh davlati — Buyuk Britaniya, Polsha, Fransiya, Germaniya va Belgiya iltimosiga ko'ra, Suriya shimolidagi vaziyatni muhokama qildi. Bu davlatlar Turkiyani hujumni to'xtatishga chaqirib, harbiy harakatlar faqat mintaqadagi vaziyatni beqarorlashtirishidan ogohlantirmoqda. BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish ham jiddiy xavotirlarini bildirib o'tdi. AQSh prezidenti Donald Tramp o'z twitterida ziddiyatning barcha tomonlari bilan aloqani saqlab turgani haqida yozgan. U tomonlar o'rtasida vositachilik qilishga tayyorligini bildirdi.

Tramp pozisiyasini tushunsa bo'ladi. U juda murakkab dilemma qarshisida qolgan. Bir tomondan, Vashington NATOdagi ittifoqchisi Turkiyani butkul o'z qanoti ostidan chiqarib yubormoqchi emas. Ikkinchidan, okeanorti mamlakati butun Yaqin Sharq ustidan hukmronlik qilishiga imkon beradigan, katta tepalikda joylashgan Kurdiston davlati tuzish maqsadidan qaytmagan. Kurdlar yashayotgan hududda AQSh qo'shinlari keyinchalik nazorat o'rnata olsa, bu mintaqani oson nazorat qilishiga yo'l ochadi.   

Erdo'g'onning po'pisasi

Evropa Kengashi raisi Donald Tusk Yevropa Ittifoqi hududiga millionlab qochqinlarni jo'natish bilan tahdid qilgan Turkiya prezidenti Rejep Tayyib Erdo'g'onni shantaj qilishda aybladi.

«Ey, Yevropa Ittifoqi, uyg'on. Men yana bir marta takrorlayman: agar siz bu amaliyotni okkupasiya deb atasangiz, unda eshiklarni ochamiz va 3,6 million qochqinni siz tomonga jo'natamiz», degandi Erdo'g'on 10 oktyabr kuni. Tuskning so'zlariga ko'ra, Yevropa Turkiya qochqinlardan foydalanishiga toqat qilib turmaydi: «Turkiya tushunishi kerakki, biz bu davlatning harakatlari yangi gumanitar falokat olib kelishi mumkinligidan tashvishdamiz». Tusk tashvishlarini inkor qilib bo'lmaydi. BMT hisobiga ko'ra, yangi urush o'chog'ini 100 mingga yaqin kurdlar tashlab chiqqan. Keyinchalik bu raqamning 500 mingga yetishi ehtimoldan uzoq emas. 

Turkiya yetakchisi, shuningdek, Anqaraning Suriyadagi harakatlarini qoralagan Saudiya Arabistoni va Misrni ham ayab o'tirmadi. «Saudiya Arabistoni ko'zguga bir qarasin. Yamanni shu ahvolga kim olib keldi? Oldin shu narsa uchun javob berishsin. Sizning bizga gapirishga umuman haqqingiz yo'q. Misr umuman jim o'tirsin, u yerda o'z davlatida demokratiyani o'ldirgan odam hukmronlik qiladi».

Amerikaliklar qanday fikrda?

Turkiyaning Suriyada harbiy operasiya o'tkazish niyati Donald Tramp uchun jiddiy bosh og'riq bo'ladi. Demokratlar uni xoinlikda, «Anqara ixtiyoriga» amerika ittifoqchisi — kurdlarning Suriya Demokratik kuchlari guruhini topshirib, «qo'zichoqni bo'riga yem qilish»da ayblashmoqda. Ayniqsa, Oq uy rahbarining amerikalik askarlarning turk qo'shinlari o'z operasiyasini o'tkazayotgan Suriya shimoli-sharqidan olib chiqilishi haqidagi bayonoti Tramp muxoliflarining tanqidiga sabab bo'ldi.

Vakillar palatasi spikeri Nensi Pelosi prezidentdan «bu xavfli qarorni bekor qilishga» chaqirdi. Uning so'zlariga ko'ra, Vashington pozisiyasi AQShning barcha do'stlariga amerikaliklar bundan buyon ishonchli sherik emasligini namoyish etadi, xolos. Tramp qaroriga qarshilar orasida uning partiyadoshlari ham bor. Ularning fikricha, Amerika qo'shinlarining «shoshilinch chiqarilishi» «Rossiya, Eron va Asad rejimi» foydasiga xizmat qiladi.

Muhim ittifoqchi

O'z navbatida, AQSh prezidenti Twitter’dagi o'z sahifasida qoldirgan xabarida agar Turkiya uning «buyuk va cheksiz donoligi» bo'yicha «chegaradan chiquvchi» biror amalga qo'l ursa, mamlakat iqtisodiyotini «butkul vayron etish» bilan tahdid qildi.

Ammo Suriya, Iroq va Eron kabi davlatlarga chegaradosh bo'lmish Turkiya bilan siyosiy va strategik hamkorlikning o'ta muhim ekanidan kelib chiqib, AQSh amalda unga ziyon keltirishni istamasligi ehtimoli yuqori. Turkiya AQSh mudofaa anjom-aslahalarini qabul qilib olishda Isroil va BAAdan keyingi o'rinda turuvchi yirik ittifoqchidir. Mamlakat harbiy havo kuchlarining katta qismi ham aynan AQSh tomonidan ta`minlanadi. Shuningdek, AQSh va NATO kuchlari Turkiya janubidagi Injirlik havo bazasidan foydalanadi. Shunday ekan, Turkiyaning iqtisodiyoti zaif nuqtalarga boy bo'lishi mumkin, lekin u strategik jihatdan muhim ittifoqchi sifatida qolaveradi. Demak, Anqara Suriya shimolida harbiy operasiyalarini bemalol amalga oshiraverishi mumkin. Faqat urushning cho'zilib ketishi Turkiya iqtisodiyotini muqarrar halokatga yetaklaydi.

Abduvali SAYBNAZAROV,

siyosiy sharhlovchi.

«Mahalla» gazetasi

(45-son, 17 oktyabr 2019 yil)

Boshqa xabarlar