Kadrlar tayyorlash siyosatida yangi bosqich

65
Foto: "Ma'rifat" gazetasi

Davlatimiz rahbarining “O'zbekiston Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida alohida e`tirof etilgan quyidagi masala haqida o'qib, ko'nglim quvonchga to'ldi: “O'zbekistonning 10 ta oliy ta`lim muassasasi 2030-yilga borib xalqaro tashkilotlar reytingining mingtaligidan joy olishi kerak”. Bu vazifa boshqalarni ham, umuman, jamiyatimizdagi har bir insonni mulohaza yuritishga chorlaydi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, oliy ta`lim tizimini isloh qilish jarayoni bir necha o'n yil davom etdi. Bozor iqtisodiyotiga mos ta`lim tizimini joriy etish, oliy ta`lim muassasalarini yetuk pedagog kadrlar bilan ta`minlash, moliyaviy qo'llab-quvvatlash, yoshlarni talab va ehtiyojdan kelib chiqqan holda zamo­naviy mutaxassisliklar bo'yicha o'qitish, moddiy-texnik bazani shakllantirish, eng asosiysi, ta`lim jarayoniga innovasion yondashish birmuncha murakkab kechdi, ammo natijaga erishildi. Yurtimizda ko'plab xorijiy davlatlarning yetakchi oliy ta`lim muassasalari filiallari ochili­shi hamda chet elda o'qish, malaka oshirishga alohida e`tibor qaratildi. Biroq qator kamchiliklarga ham yo'l qo'yilganidan ko'z yumib bo'lmaydi. Jumladan, rivoj­langan davlatlarda tahsil olgan yetuk mutaxassislarimiz chet elda ishlagani qoldi, ko'plab oliy ta`lim muassasalari, ilmiy-tadqiqot institutlarining moddiy-texnik bazasi yangilanishiga, sharoitlari yaxshilanishiga e`tibor berilmadi.

Eng asosiysi, professor-o'qituvchilar, umuman, pedagog kadrlarni moddiy jihatdan qo'llab-quvvatlash, maoshini oshirish kabi muhim masalalar to'laligicha hal etilmadi. Mutaxassislar o'zlariga taalluqli bo'lmagan, keraksiz yumushlarga ko'mib tashlandi, byurokratiya, ortiqcha hujjat to'ldirish kuchayib ketdi. Boz ustiga, zamon talabidan kelib chiqqan holda o'quv adabiyotlari yaratish ishlari ham talab darajasida rivojlanmadi. Yaqin-yaqingacha bundan ellik yil avval foydalanilgan adabiyotlar talabalarga o'qish uchun tavsiya etildi. Yaratilgan yangi kitoblar ham zo'rma-zo'raki, chet ellik mutaxa­s­sislardan olingan tezis, tarjima-ko'chirmalardan nariga o'tmadi. Natijada yetishib chiqqan kadrlar bandligini ta`minlash, ularning faoliyatini tashkil etishda qator muammolar yuzaga keldi. Mamlakatimiz kadrlar tayyorlash siyosatida ayrim kamchiliklar kuzatildi. Bir qator sohalarda, ayniqsa, tibbiyot, sud-huquq, moliya, hatto pedagogikada ham ko'zbo'yamachilikka yo'l qo'yish, kasbga mas`uliyatsizlik bilan yondashish va ko
rrupsiya holatlari bo'lganini yashirolmaymiz. Yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi ta`lim, xususan, oliy ta`lim sohasiga borib taqalar ekan, bu yo'lda xato qilish kechirilmas oqibatlar keltirib chiqarishi mumkinligini bugun yaxshi anglab turibmiz.

Shu bois ham davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev so'nggi ikki-uch yil ichida uzluksiz ta`lim tizimini tubdan modernizasiya qilish, xalqaro darajada yetuk kadrlar tayyorlashga qaratilgan o'ndan ortiq qaror va farmonga imzo chekdi. Oxirgi yillardagi o'zgarishlarni sarhisob etsak, dastlab o'zini oqlamagan, yoshlarning vaqtini o'g'irlayotgan va jamiyatda ehtiyoj yuqori bo'lmagan o'rta maxsus, kasb-hunar mutaxassisliklari bekor qilinib, ulardan qolgan moddiy-texnik baza umumiy o'rta ta`lim maktablari ixtiyoriga berildi va 11 yillik ta`lim joriy etildi. Alohida vazirlik sifatida maktabgacha ta`lim tizimi qaytadan tashkil qilindi, oliy ta`limga kirish imtihonlari qayta isloh etildi, bakalavriat, magistratura, doktorantura, malaka oshirish, qayta tayyorlash tizimi yangidan ko'rib chiqildi.

Davlatimiz rahbarining shu yil 23-avgustda o'tkazilgan videoselektordagi mu­ro­jaat­nomasida birinchi galda o'qituv­chining obro'si, maqomini ko'tarish, pedagog kadrlar safini kengaytirish, ayniqsa, keyingi yillarda kamayib ketgan erkak pedagoglarni ko'paytirish, o'quv muassasalaridagi sharoitlarni yaxshilash, maktablarga oliy ta`limdan professorlar, fan doktorlarini jalb etish vazifasini qo'ydi. Eng muhimi, Prezident tomonidan “O'zbekiston Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonning imzolanishi oliy ta`lim tizimi rivojini yangi bosqichda tashkil etish imkonini beradi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 11-iyuldagi “Oliy va o'rta maxsus ta`lim sohasida boshqaruvni isloh qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoniga ko'ra, yillar davomida samarasiz faoliyat ko'rsatib kelgan turli tashkilotlar faoliyati yangidan tashkil etildi. Xususan, Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi­ning Kasb-hunar ta`limi markazi tugatilib, Oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limini rivojlantirish markazi negizida Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Oliy ta`limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazi tashkil etildi. Bu bilan yangi innovasion pedagogik texnologiyalarga asoslangan o'quv-ta`lim standartlari va adabiyotlari yaratilishiga, bu borada ilmiy-tadqiqot ishlarining samarali yo'lga qo'yilishiga va xalqaro talab darajasida ilg'or kadrlar tayyorlashga erishiladi. Shu o'rinda Oliy ta`limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazi oldida qanday vazifalar turibdi, umuman, markaz o'tgan vaqt davomid
a soha rivoji yo'lida qanday ilmiy-tadqiqot ishlarini olib bordi, degan savollarga javob izlaymiz.

Avvalo, ta`lim standartlari va o'quv adabiyotlarini ishlab chiqish markazning asosiy faoliyat mezoni ekanini eslatib o'tmoq joiz.

Ta`lim standartlari, malaka talablari, o'quv rejalarini takomillashtirish bo'yicha: 2019-2020-o'quv yili uchun oliy ta`lim yo'nalishlari va klassifikatoriga muvofiq, 4 ta`lim sohasi bo'yicha davlat ta`lim standartlari, 45 bakalavriat ta`lim yo'nalishi va 52 magistratura mutaxassisligining malaka talablari hamda o'quv rejalari iqtisodiyot tarmoqlarining soha mutaxassislarini jalb qilgan holda xalqaro tajribalar asosida ishlab chiqildi, tasdiqlandi va kelishuvdan o'tkazildi hamda oliy ta`lim muassasalari o'quv jarayoniga joriy etildi.

Klassifikatorga muvofiq, yana 53 bakalavriat ta`lim yo'nalishi va 93 magis­tratura mutaxassisligi bo'yicha malaka talablari va o'quv rejalari tayanch oliy ta`lim muassasalarida tashkil etilgan ijodiy ishchi guruhlar tomonidan xalqaro tajribalar asosida qayta ishlab chiqilmoqda.

Fan dasturlarini takomillashtirish bo'yicha:

2019-2020-o'quv yilida bakalavriat ta`lim yo'nalishlari o'quv rejalari asosida 3830, magistraturada 2173 fan o'qitilishi rejalashtirilgan. Joriy yilda bakalavriatning 3561, magistraturaning 1632 fan dasturi vazirlikning Muvofiqlashtirish kengashida muhokama qilinib, o'quv jarayoniga tavsiya etildi.

O'quv adabiyotlarini yaratish va OTM axborot-resurs markazlarining fondini boyitish hamda yangilash bo'yicha:

2018-2019-o'quv yili yakunlari bo'yicha oliy ta`lim muassasalari tomonidan 3012 o'quv adabiyoti kiritilgan bo'lib, ularning 2820 tasiga (872 ta darslik, 1458 ta o'quv qo'llanma) Muvofiqlashtirish kengashi tomonidan ijobiy xulosalar berilgan, qolgan 394 tasi esa qayta ishlashga tavsiya etilgan.

2018-2019-o'quv yili uchun tasdiqlangan o'quv rejasi bo'yicha fanlarning o'quv adabiyotlari bilan ta`minlanganlik holati inventarizasiyadan o'tkazilganda, 3758 fan uchun 2552 o'quv adabiyoti zarurligi aniqlandi. 2019-2020-o'quv yiliga puxta tayyorgarlik ko'rish maqsadida oliy ta`lim muassasalariga zarur bo'lgan 4859 nomdagi o'quv adabiyotlari ro'yxati shakllantirildi. Ularni ekspertizadan o'tkazish natijasida 3034 nomdagi o'quv adabiyotlarini bosqichma-bosqich chop etish va elektron variantini tarqatish rejasi ishlab chiqildi.

Hozirgi kunda Oliy va o'rta maxsus ta`lim vazirligi huzuridagi Oliy va o'rta maxsus, kasb-hunar ta`limi yo'nalishlari bo'yicha o'quv-uslubiy birlashmalar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi kengash qarori va vazirlik buyruqlari asosida nashr etish­ga ruxsat etilgan 1528 nomdagi o'quv adabiyotlarining elektron shakllari Ta`lim muassasalarida elektron ta`limni joriy etish markazi orqali Axborot-resurs markazlari elektron bazasiga joylashtirilmoqda.

Oliy ta`lim muassasalari Axbo­rot-resurs markazlarining o'quv xonalarini namunaviy holatga keltirish ishlari amalga oshirilyapti. Bundan tashqari, 203 nomdagi 55350 o'quv adabiyoti oliy ta`lim muassasalari bo'yicha taqsimlandi va joylarga yetkazildi. Shu yilning 26-iyulida Yaponiyaning yurtimizdagi elchixonasi beg'araz taqdim etgan 259 nomdagi adabiyotlar qabul qilib olindi va ekspertlar tomonidan ko'rib chiqilib, OTMlarga taqsimlanmoq­da. Singapurdan 1350 ga yaqin ilmiy va o'quv adabiyotlarini qabul qilib olish rejalashtirilgan.

2018-2019-o'quv yili uchun tasdiqlangan o'quv rejasidagi fanlarni o'quv adabiyotlari bilan ta`minlash uchun Muvofiqlashtiruvchi kengashga Farg'ona davlat universiteti va Jizzax davlat peda­gogika institutidan bor-yo'g'i 6 tadan, Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universite­tidan 3 ta, Farg'ona politexnika institutidan 5 ta, Guliston davlat universite­tidan 4 ta, Namangan muhandislik-qurilish institutidan 1 ta o'quv adabiyoti taqdim etilgan. Markaz jamoasi shu kabi kamchilik va nuqsonlarga barham berish, o'z faoliyatini bugungi kun talablari asosida tashkil etish choralarini ko'rmoqda. Taj­ribali mutaxassislar va yosh kadrlar hisobiga jamoaning ilmiy-amaliy faoliyati mustahkamlanyapti.

Markaz olimlari bir necha o'quv predmetini o'zida birlashtirgan, ta`lim, fan va amaliyotni integrasiyalashtiruvchi, dunyo ta`limidagi tajribalarni tahlil etib, talaba va pedagoglar hamda iste`molchilarning innovasion qarashlarini ro'yobga chiqarishda ko'maklashuvchi hamda katalizator vazifasini o'tovchi, bir necha kasbiy yo'nalishlarni bog'lovchi universal o'quv predmeti hisoblanmish “Faoliyatshunoslik” fani darsligini yaratish, “Faoliyatshunoslik” kasbiy yo'nalishi bo'yicha pedagog-faoliyatshunoslar tayyorlash yu­za­sidan yangi loyiha ustida ish olib bor­yapti.

Davlatimiz rahbarining “O'zbekis­ton Respublikasi oliy ta`lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida”gi farmonida oliy ta`lim sohasida davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish, hududlarda davlat va no­davlat oliy ta`lim muassa­salari faoliyatini tashkil etish asosida oliy ta`lim bilan qamrov darajasini 50 foizdan oshirish, sohada sog'lom raqobat muhitini yaratish; O'zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini mamlakatimiz oliy ta`lim muassasalarining flagmaniga aylantirish; respublikadagi kamida 10 ta oliy ta`lim muassasasini xalqaro e`tirof etilgan tashkilotlar rey­tingining birinchi 1000 ta o'rindagi oliy ta`lim muassasalari ro'yxatiga, shu jumladan, O'zbekiston Milliy universiteti va Samarqand davlat universitetini birinchi 500 ta o'rinda­gi oliy ta`lim muassasalari ro'yxatiga kiritish vazifalari belgilangan. O'zbekiston oliy ta`lim tizimini Markaziy Osiyoda xalqaro ta`lim dasturlarini amalga oshiruv­chi “xab”ga aylantirish; oliy ta`limning investi
siyaviy jozibadorligini oshirish, xorijiy ta`lim va ilm-fan texnologiyalarini jalb etish; talaba-yoshlar ta`lim-tarbiyasi uchun qo'shimcha sharo­itlar yaratishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni o'z ichiga olgan beshta tashabbusni amaliyotga tatbiq etish kabi masalalarni bajarishda Markaz oldida juda katta ilmiy-tashkiliy vazifalar turibdi.

Markaz oldida hali hal etilishi zarur bo'lgan bir qator muammolar bor. Jumladan, Markaz xodimlari, professor va fan doktorlarining xorijda tajriba almashishiga sharoit yaratish, xalqaro ta`lim tashkilotlari bilan hamkorlikni amaliy yo'lga qo'yish, jahonning barcha ilg'or mamlakatlari qo'lga kiritgan ta`lim sohasidagi yangiliklarni o'rganish uchun sharoit yaratish, o'quv adabiyotlarini tayyorlash, chop etish, tadqiqot ishlarini olib borish bilan bog'liq murakkab jarayonlarni soddalashti­rish, umuman, Markaz ilmiy salohiyatini oshirish uchun kerakli barcha masalalarga e`tibor qaratish lozim.

Dadaxon YoQUBOV,

Oliy ta`limni rivojlantirish tadqiqotlari va ilg'or texnologiyalarni tatbiq etish markazi bosh mutaxassisi,

O'zbekiston san`at arbobi

Boshqa xabarlar