Trent KELLI: «O'zbekiston — mintaq​aviy lider»

43
Foto: "Xalq so'zi"

Keyingi yillarda ko'p qirrali O'zbekiston — AQSh munosabatlari izchil rivojlanmoqda. 2018 yilning may oyida Vashingtonda bo'lib o'tgan oliy darajadagi uchrashuvlar mamlakatlarimiz strategik sherikligida yangi davrni boshlab berdi.

Intervyu

Xo'sh, ikki davlatning o'zaro hamkorligi nima uchun muhim? “Amerika ovozi” teleradiosi muxbiri Navbahor Imamova AQSh Kongressi Vakillar palatasi a`zosi, AQSh Kongressida “O'zbekiston bo'yicha Kokus” — do'stlik guruhi rahbari Trent KELLIdan shu haqda intervyu oldi. Mazkur suhbatning eng muhim jihatlarini e`tiboringizga havola etamiz.

— Kongressmen Kelli. Siz tug'ilgan Missisipi shtati O'zbekiston bilan o'ziga xos rishtalarga ega. Shu sabab siz bilan O'zbekiston haqida gaplashgani keldik…

— Xush kelibsiz! Bu men uchun juda sevimli mavzu. Uch kun oldin Missisipi shtati gubernatori bilan gaplashdim. U yaqinda O'zbekistonga borib keldi. O'zbekiston va Missisipi orasida o'xshashliklar ko'p.

—  O'zbekiston va Missisipi o'rtasidagi hamkorlik qanday boshlangan? Siz Kongressga 2015 yilda saylangansiz. Lekin O'zbekistonni ancha yaxshi bilasiz. Bu davlat bilan qanday qilib til topishgansiz?

— Bilasizmi, ezgu niyatli odamlar har doim bir-birini topadi. Missisipi Milliy gvardiyasi a`zosiman. Bu kuchlar O'zbekiston harbiylarini treningdan o'tkazib keladi. Uzoq yillik dastur bu (Pentagon dasturi). 2016 yilda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti bilan birgalikda Kongress delegasiyasi bilan O'zbekistonga bordim. O'shanda ­Shavkat Mirziyoev bilan tanishganman. U Prezidentlikka saylangach, juda yaxshi ishlar qila boshladi.

— Davlat departamenti ko'p yillardan beri xalqlarni xalqlar bilan bog'lash kerak, degan yondashuvda. Missisipi shtati ahli O'zbe­kiston va uning xalqi haqida qanchalik biladi?

— O'rganishyapti, bila boshlashgan. Ko'p narsalarni gapirib berishim mumkin. Juda yoqimli mavzu.

—  Marhamat, gapiring.

— Kongress delegasiyasini o'zim olib borganman. Sakkiz vakildan iborat edi. O'zbekistonga uzoq yillar mobaynida Kongressdan bunday katta qonunchilar guruhi tashrif buyurmagan edi. Boshqalarni ham O'zbekistonga qiziqtira boshladik. Doim gaplashamiz. Men o'zim Missisipida O'zbekiston haqida ko'p so'zlayman. Gubernatorimiz, iqtisod va harbiy masalalar bilan shug'ullanadigan bosh rasmiylarimiz borib kelishdi. Gap bu yerda faqat harbiy hamkorlikda emas. Biz boshqa sohalarda ham O'zbekiston bilan ishlashni xohlaymiz. Hamjihatmiz.

— Vakillar palatasidagi O'zbekiston guruhi haqida gaplashaylik. Bu guruhning maqsadi nima?

— Maqsad — O'zbekiston va AQSh o'rtasidagi aloqalarni mustahkamlash. Vakillarimiz O'zbekistondagi jarayonlardan xabardor bo'lsin. Hozirgi kunga kelib, aksariyat odamlar ko'p narsa biladi. Qaysi mavzuda bo'lmasin: diniy erkinlik, ­inson huquqlari, paxta dalalarida yoki ishxonada; siyosiy mahbuslarni ozod etish masalasimi… O'zbekiston uzoq davr mobaynida yopiq mamlakat edi. Endilikda u ochildi. U ayni paytda mintaqaviy lider. Dunyo bo'ylab sherik va hamkorlarga ega. Shavkat Mirziyoev kelib bizning ­Prezidentimiz, mudofaa vazirimiz, men singari vakillar, shuningdek, senatorlar bilan uchrashdi. Bu muloqotlar juda muhim. Aytganimdek, bir-birimizni yaqindan taniyapmiz. O'zbekiston guruhidagi demokrat sherigim Visente ­Gonzalez bilan rezolyusiya loyihasini taklif qildik. O'zbekiston bilan yaqindan hamkorlik qilamiz.

—  Har ikki partiya a`zolari bormi bu guruhda?

— Ha.

— Demak, O'zbekiston guruhi — ushbu davlatga qiziqqan, u bilan hamkorlikni yoqlagan, bir-biri bilan bu borada gaplashib, maslahatlashib turadigan qonunchilar doirasi, shundaymi? Kongressda uzoq payt O'zbekistondagi siyosat va ­vaziyatni tanqid qilib kelganlar bor. Ular bilan ham gaplashib ­turasizmi?

— Gaplashamiz.

— Sizga buni ko'p aytishsa kerak, O'zbekiston tomoni Amerikadan ko'p narsa kutmoqda. Ulkan umidlar bog'langan bu hamkorlikka, nafaqat harbiy, o'zingiz qayd etganingizdek, biznes va sarmoya, taraqqiyot, inson huquqlari va texnik yordam kabi juda ko'p sohalar qamrab olingan. Amerika ham O'zbekistonda ko'p ishlar qilmoqchi, ko'maklashmoqchi. Siz uchun eng dolzarb masalalar nima? Ustuvor maqsadingiz?

— Harbiy hamkorlik birinchi o'rinda. Ya`ni mintaqaviy barqarorlik. Afg'oniston ham buning ichida. O'zbekiston mazkur jarayonlarda muhim rol o'ynayapti, ­Tolibon va Afg'oniston hukumati til topishishi uchun harakat qilmoqda. O'zbekiston — mintaqaviy lider. Biz shunga qarab harakat qilyapmiz. Iqtisodiy jihatdan, o'zimizdagi yeryong'oq yetishtiruvchi fermerlar bilan gaplashyapman. Mahsulotlarimiz uchun O'zbekistonda omborxona, ta`minot markazi ochmoqchimiz. Fermer xo'jaliklari tajriba va bilim almashadigan joy bo'lsin. Qishloq xo'jaligi nihoyatda muhim soha biz uchun. AQSh Qishloq xo'jaligi vazirligining O'zbekiston tomoni bilan hamkorlikni kuchaytirishi yuzasidan muloqot olib boryapman.

— Vashingtonda va boshqa joylarda, hatto Toshkentda ham Amerika O'zbekiston bilan hamisha “sizdan ugina, mendan bugina” qabilida hamkorlik qilgan, degan tahlil chuqur ildiz otgan. Ya`ni siz O'zbekiston bilan muayyan maqsadlar uchun, masalan, Afg'oniston borasida ishlaysiz. Mintaqa sizga qaergadir o'tish yoki yetish uchun kerak. Yondashuv juda pragmatik, uzoqni ko'zlamaydi, deyishadi.

— Shunday fikrlaydiganlar men bilan gaplashsin. Bu noto'g'ri tahlil. Men bu galgi bo'lajak safarimni ham hisobga olsam, uch yildan beri har noyabr O'zbekistondaman. Doimiy aloqadamiz. Visente Gonzalez bilan taklif qilgan rezolyusiyamiz ham uzoq muddatli hamkorlikka undaydi. Biz — ulkan ­tizimmiz. Kongressda 535 a`zo bor. 435 vakil, 100 senator. Balki ayrim hollarda qisqa muddatli maqsadlar ham bordir, lekin O'zbekiston bugun Kongressda ishonchli do'stlarga ega. Qolaversa, mana, shtatlarning rahbarlari ham aloqa o'rnatmoqda. Shtatlar siyosati va hamkorligi o'zgacha. Ular Afg'oniston uchun borayotgani yo'q. Maqsad — iqtisodiy hamkorlik. Missisipi, masalan, O'zbekiston bilan chuqur aloqa o'rnatishni istaydi. Bizni tanqid ­qi­layotganlar haqiqatni ko'rmayapti, ­nazarimda.

—  Prezident Mirziyoevni o'tgan yili bu yerda iliq kutib oldingiz. Kapitoliyni aylantirdingiz.

— Ha, shunday. Linkoln xonasini, Linkoln prezidentlik paytida juda yaxshi ko'rgan joyni ko'rsatdik. Uchrashuv uchun juda mos zal.

—  Suratlarda ko'rdik. Siz ­Shavkat Mirziyoevga ishonasiz. ­Vaholonki, sizning ishonchingizni qozonish oson emas, to'g'rimi?

— Osonmas.

—  Shunday ekan, nima uchun O'zbekiston hukumati va xususan, ­Prezident Mirziyoev siz uchun ishonchli taraf?

— Birinchidan, biz hamkorlik tarafdorimiz. O'zbekiston Prezidenti ham shuni istaydi. Buning isboti ko'p. Kon­gressdan borganimizda, davlat rahbari vazirlari bilan xorijda edi. Katta delegasiya edik. Kunimiz bir-biriga to'g'ri kelmadi. Prezident Toshkentda bo'la olmasdi, chunki boshqa rahbarlar bilan uchrashuvlari rejalashtirilgan edi. Shunga qaramay, vazirlarining hammasini biz bilan muzokara qilishga yubordi. Bu uning irodasi kuchli ekanidan dalolat emasmi? Diniy mahbuslar masalasida ham maxsus elchimiz Braunbek va Davlat departamenti bilan muzokara olib borildi. Paxta terimi, bolalarni terimga olib chiqish masalasi ham muhokamada edi.

—  Majburiy mehnat, bolalar mehnati…

— Mazkur muammolar hal bo'ldi. Bu nimadan dalolat? O'zbekiston to'g'ri yo'ldan bormoqchi. Amerika hukumati sekin ishlaydi. O'zbekiston hukumati ham sekin ishlaydi. Hech kim biz xohlaganimizdek tez harakat qilmaydi. Mening kuzatishimcha, O'zbekiston muntazam ravishda oldinga qadam tashlamoqda, progress ketidan progress. Yaqinlashayotgan saylovlardan ham umidlar katta. O'zbekiston hukumati eshikni ochib, keling, jarayonni kuzating, deyapti xalqaro hamjamiyatga. O'zbekistonda oshkoralik davri boshlangan. Bu juda yaxshi.

—  Oliy Majlis a`zolari bilan uchrashgansiz, gaplashgansiz. Ular haqida qanday fikrdasiz?

— Senator Safoev — yaqin do'st. Parlament a`zolari bilan ham tanishman. Ularga yordam berib, quvvatlashimiz kerak. Ular xalqning ovozi bo'lishi kerak. Prezident ham shuni xohlaydi, fikrimcha. U parlament kuchli bo'lsin, deyapti.

Davlat rahbari ishonchni kuchaytirib, tuzumga tayansa bo'ladigan, xalq uchun ishlaydigan odamlarni olib kirishni xohlaydi. Saylovlar ham shuni ko'rsatishi kerak. Dunyoni, saylov jarayonini kuzating, deb taklif qilib turibdi. Hokimiyatini mustahkamlayotgan odam bunday yo'ldan bormaydi.

— Borsangiz, har ikki partiya vakillari ham hamroh bo'ladimi?

— Balki… Yo men o'zim, yo ikkala partiya vakillaridan iborat guruh. Ko'ramiz. ­Xalqaro tashkilotlarni ham taklif qilishgan, BMT va boshqalarni. Bu galgi saylov oldingilaridan erkin va yangicha bo'ladi.

  “Do'stlik” ordeni muborak bo'lsin. Toshkentda edim eshitganimda.

— Ajoyib…

—  Bu haqda qanday xabar topdingiz?

— Elchi menga xabar berdi. Mukofot men uchun sharaf. Do'stligimiz  timsoli. Qanday inson ekanimni sizga aytdim: kim bilan do'stlashmay, men chin do'stman. 15 — 20 yil oldin shahrimda prokuror edim. O'sha paytda orttirgan do'stlarim, polisiyachilar, masalan, hamon qadrdonlarim. 10 — 15 yil oldin birga xizmat qilgan harbiylar bilan hozirgacha yaqinman. Do'stlikni va do'stini qadrlaydigan odamman. Do'st — bir umrga do'st. Buni hamisha isbotlay olaman. Aytganimdek, orden meni quvontirdi va ruhiy kuch berdi.

— Suhbat uchun rahmat.

«Xalq so'zi» gazetasi

(215-con, 17 oktyabr 2019 yil)

Boshqa xabarlar