Qodiriy kasabaqo'm yetakchisi bo'lganmi?

76

Chin vatanparvar va millatparvar adibimiz Abdulla Qodiriy tavalludining 125 yilligi mamlakat miqyosida keng nishonlanmoqda. Mazkur sana munosabati bilan bunyod etilayotgan yozuvchi nomidagi madaniyat va istirohat bog'ida adabiy muzey, ijod maktabi, kutubxona va jadidchi bobomizning haykali o'rin olishi ko'zda tutilgan. Yozuvchi yashab ijod qilgan uyda esa Abdulla Qodiriy uy-muzeyi tashkil etilyapti. Bulardan tashqari, Respublika teatrlarida uning asarlari asosida spektak­l­­lar sahnalashtiril­yapti. Adib hayoti va faoliyati haqida badiiy film, asarlari asosida qisqa met­rajli film yaratilmoqda. Ta`lim muassasalarida esa adabiy-badiiy tadbirlar, davra suhbatlari, ijodkorlar bilan uchrashuvlar uyushtirilmoqda. Ma`naviy hayotimizdagi bunday keskin evrilishlar yangilanayotgan O'zbekiston fenomeni bilan bevosita bog'liq, albatta. Bu iliqlik barcha yurtdosh­larimiz qatori adib avlodlarining ham ko'ng­lini shod qilgani shubhasiz. Shu ma`noda adibning nevarasi Sherkon Qodiriy bilan bog'lanib, uning ko'ngliga qo'l soldik…
– Suhbatlarning birida Qodiriyning avlodi bo'lish juda katta mas`uliyat degan edingiz. Bu o'shanda ko'pchilikka kalondimog'likday tuyulgandi. Negaki, bu sharif ostida yashash hamisha so'nmas shon-sharaf, g'urur va iftixor bag'ishlaydiganday edi…
– Nima demoqchiligingizni tushundim. Bu aslo manmanlik emas. Savolingizga javob berishdan oldin Qodiriy familiyasiga qanday o'tganimiz haqida gapirish kerak, deb o'ylayman. Dadam Habibullo Qodiriy ToshMIning 3-kursida o'qiyotganida hibsga olingan va qamoqdan qaytgach tibbiyot texnikumiga o'qishga kirgan. ToshMIning o'sha paytdagi rektori Abdumalik G'ulomov u kishini chaqirtirib, «Sizga feldsher bo'lish yarashmaydi, o'qishni ins­titutda davom ettirishingiz kerak. Xohlagan fakultetingizni tanlang», degan ekan. Olti yillik o'qish tugagach, diplom rasmiylashtirilayotganda rektor otamni yana yoniga chorlab, «Siz Qodiriy nasli davomchisisiz, hujjatlarda familiyangiz Abdullaev bo'lib turibdi, borib o'zgartirib kelasiz, Qodiriy nomi so'nmasligi lozim», deb maslahat beribdi… Shu bilan akam, men va singlimning familiyalari ham o'zgartirilgan va Qodiriy bo'lganmiz. Dadam har doim «Sizlar ko'chada, uyda Qodirovsizlar, agar ijodga oid ish bo'lsa, Qodiriy bo'lasizlar», deb o'git berardilar. Biz uchun Abdulla Qodiriyning avlodimiz deyish faxr bo'lgan bo'lishi mumkin, biroq u jamiyat va siyosiy tuzimda bir «atoqli ot» o'laroq hech narsani anglatmasdi. Aksincha, Qodiriy nomidan begonasirash, hadiksirash bor edi. Ichimda aytadigan gaplarim mo'l, der edilar dadam. U paytlar Qodiriy to'g'risida kam gapirilardi. Bizning tarbiyamiz, qolaversa, sharoit shunday ediki, bizning qalbimiz va yelkamizni faxrdan ko'ra bobomizga munosib bo'lish mas`uliyati bosib turardi. Ya`nikim, bir ish qilib qo'ysangiz, shu odamning farzandi shu ishni qilibdimi, degan malomatdan qo'rqardik.

Ba`zilar palonchining pistonchisiman, deb ishini bitiradi. Menga esa bu narsalar juda erish tuyuladi, nafaqat menga, balki barcha oila a`zolarimizga ham. Lekin guruch kurmaksiz bo'lmaydi deganlaridek, o'zimizning avlodda ham Qodiriyning nomini bayroq qilib yuradiganlar bor. Hatto ba`zi to'y-hashamlarimizda huda-behuda Qodiriyning avlodi, degan nom tinmay takrorlanadi. Bizkim undoq, bizkim bundoq, deganga o'xshash yolg'on-yashiq hayqiriqlar, qadah so'zlari jaranglaydi… Bundan mening ensam qotadi. Shunday tasavvur qilamanki, u odamning nomini tilga olish uchun, nomidan ish qilish uchun, avvalo, shunga munosib bo'lish kerak. Munosib bo'lish esa bobomiz qoldirgan adabiy merosni mukammal bilish, deganidir. O'ylashimcha, o'sha odamlarning ko'pi hatto «O'tkan kunlar»ni ham o'qimagan, agar o'qiganida edi, o'zlarini bunday tutishmas edi…
Men ham qaerlardadir xato qilgandirman, lekin isnodga yo'l qo'yishdan doim xavotir qilaman. Shu ma`noda, u zotning nomini olib yurish biz uchun katta sharaf, shu bilan birga katta mas`uliyat hamdir deyman.
– Abdulla Qodiriyning ijodi va hayot yo'lini adabiyotshunoslar bilan bir qatorda siz avlodlar ham yaxshi o'rgangansiz. Biroq uning hayoti bilan bog'liq arxiv bildirgilarda turli chalkashlik­lar uchraydi. Masalan, u tug'ilgan oila erkin lug'at bo'lmish «Vikipediya» va boshqa bir necha manbalarda boy savdogar xonadon, deyilsa, O'zbekis­ton milliy ensiklopediyasida bog'bonlar sulolasidan, deb ko'rsatilgan. Bobokaloningiz Qodir boboni xon, beklar qo'lida sarbozlik qilgan, deyilgan. Bu bir anglashilmovchilikmi yoxud haqiqatdan ham aniq ma`lumotning o'zi yo'qmi?
– Buvamizning otasi Qodirmuhammad bobo otasining ismi Hoji Muhammad bobo. Qodir boboning uch o'g'li – Rahimberdi, Abdulla, Qudratilla. Qodirmuhammadbobo Xudoyorxonning jangchisi – sarbozi bo'lgan. Muhammad Yoqubbek ruslar kelishidan ilgari 62 nafar yigiti bilan Qoshg'arga borib, Yettishahar davlatini barpo etgan shaxs. Shu 62 yigitning biri Qodirmuhammad bobo bo'lgan. Endi ona tomonidan Josiyat buvi Qodir boboga to'rtinchi xotin bo'ladi. Qodirboboning oldingi xotinlari vafot etgan. Josiyat buvi o'qimishli bo'lgan. Buvamizning o'z tarjimai holida yozishicha, 1300 sarjin yerdagi bog'dan olingan daromaddan oila kun ko'rgan. Shu narsadan ma`lum bo'ladiki, ular mehnat bilan katta bo'lishgan.
– Mashhur sharqshunos olim Yevgeniy Bertels Qodiriyning «O'tkan kunlar» va «Mehrobdan chayon» romanlarini «Qodiriy romanlari kompazisiyasiga ko'ra o'ziga xos uslubda yozilgan o'zbek romanlaridir. Dunyoda 5 ta, ya`ni fransuz, rus, ingliz, nemis va hind romanchiligi maktablari bor edi. Endi oltinchisi, ya`ni o'zbek romanchiligi maktabini Abdulla Qodiriy yaratib berdi», deya yuksak baholagan. Sizningcha, Qodiriydagi bunday ulkan salohiyat qanday paydo bo'lgan?
– Men buni o'zimcha kashf etganman va matbuotda ham gapirganman. Bu, avvalo, uning ruhoniyati bilan bog'liq. Bizga ma`lumki, Abdulla Qodiriy o'z paytida hozirgi Abulqosim madrasasida Usmonxon domladan qur`on ilmini o'rgangan. Madrasani bitirganidan so'nggina qo'liga qalam olgan. O'zingiz o'ylang, «O'tgan kunlar» va boshqa asarlardagi diniy sahnalarni yaratish odamdan qanchalik diniy savod talab qiladi?! Romanlarning o'qish­li chiqishida, albatta, din bilan birga milliy qadriyatlarimiz hamda tarixdan yaxshi xabardorlik ham muhim rol o'ynagan. Dadamga qamalib chiqqan Maqsudov degan kishi o'z xotiralarini aytib bergan: «Qamoqdalik paytimizda kechasi kameraga bir notanish odamni kiritishdi. Kunlardan bir kuni u Sharq adabiyotidan gapirdi, biz uning so'zlarini eshitib Sharq olamini yaxshi biluvchi odam ekan, deb qo'ydik. Yana bir kuni esa u Yevropa adabiyoti to'g'risida gapirib, Kant, ­Feyerbax falsafasini tahlil qilib berdi va bizni yana hayron qoldirdi».O'sha notanish odam Abdulla Qodiriy edi. Bundan ko'rinadiki, bobomiz nafaqat sharq adabiyot-u falsafasini, balki g'arb so'z san`atiniyam yaxshi bilgan va ularni o'z ijodlarida uyg'unlashtira olgan.
Yozuvchi Tohir Malikdan bir adabiyotchi: «Abdulla Qodiriydan o'tadigani yo'g'-a?», deb so'raganida u: «Biz avval yetib olaylik, keyin o'tish to'g'risida gapiramiz», deb javob bergan ekan. Bobomdagi salohiyat tug'ma bo'lgan. Umarali Normatov xotirlaydi: Ozod Sharafuddinov bilan Mirtemir domlani kasalxonaga ko'rgani borganda shoir qo'lidagi «O'tgan kunlar»ni ko'rsatib, «Mo'`jiza, mo'`jiza, menimcha, yuzinchi marta o'qishim bo'lsa kerak», degandi. Dadamning aytishicha, kitobni hatto yod olgan insonlar bo'lgan…
– Otangiz Habibullo Qodiriy xalq dushmanining o'g'li sifatida hibsga olinganida uyda saqlanayotgan bobongiz arxivini ham olib ketishgani rostmi?
– Uch yuz ming varaq olib chiqib ketilgan, degan dalolatnoma tuzilgan. «O'tgan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Obid ketmon»ning asli, shuningdek, yozish rejalashtirilgan «Namoz o'g'ri», «Amir Umarxon kanizi» to'g'risidagi qo'lyozmalar olib ketilgan.
– Qo'lyozmalar so'roq paytida tergovchi tomonidan yozish va moxorka o'rab chekish uchun foydalanib, yo'q qilib yuborilgan ekan. «Amir Umarxon kanizi» to'g'risidagi asar haqida «Toshkent oqshomi» gazetasida Habibullo Qodiriyning maqolasi chiqqaniga ham salkam 35 yil bo'ldi, bugunga kelib bu borada, ya`ni, qo'lyozma taqdiri haqida biror yangilik bormi?
– 1990 yillarda «O'zbektelefilm» mendan hujjatli filmga ssenariy yozib berishni so'radi. Shu bahona Tohir Malik ko'magi bilan arxivga kirishga musharraf bo'ldim. Shunda birinchi marta buvamga oid hujjatlarni, uni yozib bergan kishilarning ism-familiyalarini ko'rdim. Eng achinarli va alamlisi shuki, Abdulla Qodiriyning boshini yegan o'sha odamlar keyinchalik buvam eslanganda birinchi bo'lib yetib kelardi, uyda o'tirardi, Abdulla Qodiriy unday bo'lgan, bunday bo'lgan deb, og'iz ko'pirtirishardi. Ularni ham qoralab bo'lmaydi, aslida.. Chunki o'sha davr talabi shu bo'lgan. Odamlar yozib berishga majburlangan. Bola-chaqasini o'rtaga solib qo'rqitishgan. O'sha paytlar og'ir va qo'rqinchli yillar edi-da axir.
– Yozuvchi Abdulhamid Ismoil Abdulla Qodiriy hayotining so'nggi kunlari haqida «Jinlar bazmi» nomli roman yozganidan xabardormisiz?
– U kitobni hali o'qimadim, ko'pchilik maqtayapti. Bu uning yondashuvi, Abdulla Qodiriy endi millatniki, meniki, deb monopoliya qilishga haqqimiz yo'q. U xalq qalbiga singib ketib bo'lgan.
– Tog'ning viqorini his etmoq uchun undan uzoqlashish zarur. Bu tashbehni buyuk shaxslar hayotiga ham qo'llash mumkin. Abdulla Qodiriyning so'nmas ijodi bahosining buyukligini ko'rish va tushunish uchun yarim asrdan ortiq vaqt talab etildi, deb yozgan ekan adabiyotshunos Izzat Sulton o'zining «Bir taqdir ko'zgusi» nomli maqolasida. Ushbu so'zlar aytilganiga ham 30 yil bo'ldi. Bu orada Qodiriy ijodi va asarlariga nisbatan e`tibor yanada oshdi. Shu o'rinda «O'tkan kunlar» filmiga ham to'xtalsangiz.
– Ko'pchilik 1990 yilda qayta nashr qilingan «O'tkan kunlar» kitobini o'qimagan. Kinosini ko'rgan, xolos. Film olishga san`at nuqtai-nazaridan emas, ko'proq siyosiy imij, obro' qozonish, pul ishlash uchun qilinganday, nazarimda. Unda syujet buzilgan. Ssenariyni o'qib chiqqanidan keyin dadam bu kino bo'lmaydi, buni qayta yozish kerak, yo bo'lmasa, Abdulla Qodiriyning nomini tushirib tashlash kerak, desa ham atayinmi bunga e`tibor berishmagan.
Otabekni hamma yaxshi ko'radi. Marg'ilonda 3 nafar odamni o'ldirib kelsa ham. Axir, odam o'ldirish gunoh-ku? Lekin o'g'il ko'rganlar farzandiga Otabek deb ism qo'yadi. Sababi, u ilmli, aqlli, tadbirkor… Shunday bir inson o'limga keta turib, qaynotasiga berayotgan savolini qarang: «Ota, mendan oldin Kumushga nechta odam sovchi bo'lib kelgan? Aravada ketyapti, qo'l-oyog'i zanjirda «3 ta sovchi kelgani rostmi?», deb so'rayapti. Buning uchun u juda ahmoq bo'lish kerak. Kim qaynotasiga shu savolni bera oladi? Ming o'limga ketayotgan taqdirda ham aqlli kishi bunday qilmaydi. Romanda umuman unaqa joylar yo'q. Sharq odobida, shariatda bunaqa deyish mantiqqa to'g'ri kelmaydi. Kitobni o'qiganlar buni yaxshi anglaydi, zalvorini his etadi. Shayx Abdullaziz Aloviddin Mansur Qodiriyni ilk islomiy romanlar muallifi, mening ­g'oyibona ustozim, deb ataydi.
Bu Qodiriy va uning ijodiga e`tiborni yanada oshiradi.
– «O'tkan kunlar»ni film qilish o'zi 30-yillarda mo'ljallangan ekan. «Qani endi aktyor bo'lganimda Otabek rolini o'zim o'ynardim, chunki Otabekni mendan yaxshi biladigan odam yo'q», degan fikrni aytgan ekanlar buvangiz. Agar bugun Abdulla Qodiriy haqida film olinganida avlodidan kim Qodiriy rolini o'ynagan bo'lar edi?
– Hozirgi kunda Abdulla Qodiriy to'g'risida film ishlansa, Qodiriyning rolini o'ynaydigan bizning avlod vakili yo'q, fikrimcha. Buning uchun u kabi salohiyatli, har taraflama yetuk odam bo'lish kerak, deb hisoblayman.
– Abdulla Qodiriy 1926 yilda «Mushtum»da bosilgan «Yig'indi gaplar» maqolasi tufayli qamalgan va sudda, advokatsiz o'zini himoya qilib, oqlangan. 1937 yilning 31 dekabrida esa «xalq dushmani» sifatida ikkinchi bor qamoqqa olinib, to'qqiz oylik qiynoq va azoblardan so'ng 1938 yil 4 oktyabrda Toshkent shahrida otib tashlangan. Bir marotaba bosh­lariga katta azob tushdi, qattiq sinov bo'ldi, lekin tanlagan yo'lidan qaytmadilar. Sabab nimada, deb o'ylaysiz ?
– Otamning xotiralaridan bir misol keltiraman. Yozuvchilar uyushmasida 37-yilda 4-5 kishidan iborat komissiya tuzilib, yozuvchilarni bitta bitta chaqirtirib ular bilan suhbat qilinadi. Buvam uydagilarga uni ham chaqirishgani va u yerda nimalar bo'lgani haqida gapirib bergan: «Xudo bormi, yo'qmi?» deb so'rashdi. Bor dedim. Isbotla, deyishdi. Men ularga xudoning bor yoki yo'qligini isbotlash siz o'ylaganchalik oson emas. Buning uchun arab, fors, turk, rus tillarini mukammal bilishingiz, o'sha tillarda manbaalarni o'qigan bo'lishingiz kerak. Shunda diniy munozaraga kira olasiz. Siz «Ixlos» surasini aytib bering, men ma`nosini aytib beraman, dedim. Rayosatda jim o'tirgan siyosiy idora vakillari bunday masalalarni qo'ying­lar, deb to'xtatishdi. Bobom hikoyasini yakunlagach akalari Rahimberdi «Dilingda bo'lmasa ham, tilingda yo'q deb qo'ya qolsang bo'lardi, uka», deganida u kishi «Endi men bir kishining ikki og'iz so'zi uchun qirq yillik iymonimdan qaytaymi?», deb javob qaytargan ekanlar…
– Adabiyotshunos olim Fathiddin Nasriddinovning «Mahorat jilolari» risolasida Abdulla Qodiriy inqilobdan keyingi dastlabki yillarda ijtimoiy hayotda faol qatnashgani, chunonchi Eski shahardagi hunarmand kosiblarni kasaba tashkilotlariga uyushtirishda fidokorlik ko'rsatgani qayd etilgan. Bu ishga tish-tirnog'i bilan qarshilik ko'rsatganlarga nisbatan matbuot orqali kurashgan. Afsuski, bu haqda kengroq ma`lumot topa olmadik. Siz bu borada qanday ma`lumotga egasiz? Biron, bir arxiv hujjatlarida, esdalik­larda bu haqda yozilganmi?
– Abdulla Qodiriyning suddagi nutqida boshidan o'tgan, qilgan ishlari yozilgan. O'sha joyda bu haqda ham gap bor. O'qimishli, ziyoli, ham ruschani bilgani uchun bobomni shu mas`uliyatli vazifaga qo'yishgan. Eng muhimi, oddiy odamlarning yonini olib, ularning dardini tushunib, ish olib borishi bilan bobom kasaba uyushmalarida faol bo'lgan.
– Bu yil Abdulla Qodiriyning 125 yilligi keng nishonlanmoqda. Hali yana oldinda tadbirlar ko'p. Bu boradagi ishlar to'g'risida ham bir-ikki og'iz gapirsangiz.
– Muzey ishlari bilan akamiz shug'ullanyapti. Shu o'rinda bir jihatga to'xtalish lozim. Abdulla Qodiriy kitoblari – 1958 yilda nashr qilinganda davlat yaxshigina mab­lag' bergan ekan. Mana, bunga ham 50 yildan oshdi. O'tgan davr mobaynida kitoblari bir necha marotaba qayta bosildi. Lekin sifati yaxshi emas. Endi Abdulla Qodiriy nashriyotini ochish niyatidamiz. Tegishli joylarga murojaat qildik. Biz pul uchun emas, bobomiz asarlarini sifatli va arzon narxlarda o'quvchilarga yetkazishni niyat qilganmiz. Hozirgacha uch nomdagi kitob tayyorlaganman. Qolaversa, otam haqidagi bir qancha kitoblarni nashr etishni mo'ljallaganmiz. Buning uchun mablag' kerak. Bu oson emas.
– Mushtariylarimizga tilaklaringiz.
– Ko'proq kitob o'qishlarini tilayman. U insonning dunyoqarashini o'stirib, porloq kelajakka eltuvchi buyuk kuch. O'z o'rnida, «Ishonch» ham nomiga munosib nashr bo'lib, xalqimiz ko'nglidagi gap­larni chop etaversin, o'quvchilari esa ko'paygandan ko'payaversin.

Irismuhammad ABDUKARIMOV,
Salim ABDURAHMONOV
suhbatlashdi

Boshqa xabarlar