SALLA O'RNIGA KALLA

322

Shu kunlarda Majburiy ijro byurosining Andijon tumani bo'limi har tong, hali ish vaqti boshlanmasidanoq gavjum. Bino ichida oyoq qo'ygani joy yo'q, odam ko'pligidan nafas olib bo'lmaydi. Asosan ayollar. Bamisoli do'ppi bozori. Surishtirsangiz, aksariyati davlat idoralarida ishlovchilar – o'qituvchi, bog'cha tarbiyachisi, hamshira…

Kommunal to'lovlardan qarzlari bordir-da, MIBga boshqa nima yumush bilan keladi mijozlar, dersiz? Bo'lishi mumkin. Ammo birgina to'lov, aytaylik, elektr yoki tabiiy gazdan qarzdorlikni «yopish» uchun naq besh soat (!) vaqt ketadimi? Har holda, ko'p­lab hamyurtlarimiz «Ertalab soat to'qqizda ­navbatga yozilgandik, ishimiz bitguncha vaqt peshindan o'tib ketdi», deya jiddiy e`tiroz bildirishyapti. Axir, abonent hisob-kitob daftarchasini ko'rsatib, pulni to'lasa kifoya-ku – nari borsa, besh daqiqada masala hal bo'lmaydimi? Hal bo'ladi! Lekin muammo boshqa yoqda ekan.
Surishtiruvlardan ayon bo'ldiki, mijozlarning juda ko'pchiligi to'lovni amalga oshirishga emas, kommunal xizmatlardan qarzi yo'qligi xususida ikki enlikgina ma`lumotnoma olish uchun kelishayotgan ekan.
– Qarzingiz yo'q bo'lsa, ma`lumotnomani nima qilasiz? – deb so'raymiz ulardan.
– Nima qilardik, ishxonadagi rahbarimizga ko'rsatamiz-da!
– Rahbaringizga ularning nima keragi bor? – Qiziqsiz-a, rahbar ham xodimlarining kommunal to'lovlardan qarzi yo'qligi haqida hokimiyatga hisobot topshiradi-da…
Ajab, ajab…
Aniqlanishicha, viloyat hokimligida o'tgan yig'inlarning birida aholi hamda yuridik shaxslarning kommunal to'lovlardan qarzdorligini kamaytirish masalasi muhokama qilingan. Byudjet tashkilotlari rahbarlariga «Xodimlaringiz orasida qarzi borlari bo'lsa, sizlar ham birrov eslatib qo'yinglar-a?!» degan mazmunda topshiriq berilgan. Aslida, ayni mavzuning kun tartibiga qo'yilishi har jihatdan o'rinli – elektr, suv va gazdan foydalangan har bir iste`molchi hisob-kitobni joy-joyiga qo'yishi shart. To'lov intizomi ­mustahkamlanib borsa, kommunal xizmat sifati ham oshadi. Xullas, niyat – yaxshi.
Ammo yillar davomida salla deyilsa, kallani mo'ljalga olishga odatlangan aksar mutasaddilar o'sha yig'ilishdan keliboq qo'l ostidagi xodimlariga buyruq berishadiki, «qarzing bormi, yo'qmi, har biring «ma`lumotnoma olib kelasan…» Bunday ish tutumi ta`lim tizimida ham, tibbiyotda ham, qo'yingki, juda ko'p sohalarda ko'zga tashlandi.
Endi bir o'ylab ko'ring. Masalan, Andijon tumani tibbiyot birlashmasi tizimida 2 ming 100 nafardan ziyod xodim ishlaydi. Aytaylik, shulardan 200 nafari elektr energiyasi yoki tabiiy gazdan qarzdor. Nega endi o'sha qarzdorlarga qo'shilib barcha xodim – haqdorlar ham ma`lumotnoma so'rab MIBga yugurishi kerak? Boz ustiga, hudud tarqoq – masalan, Hakon qishlog'i markazdan 20 kilometr olisda joylashgan bo'lsa, Orol qishlog'idagi QVPda ishlovchilar salkam 25-30 kilometr yo'l bosib kelishadi. Bunga MIB idorasidagi besh-olti soatlik navbat kutish ham qo'shilsa, xodimning bir kun vaqti havoga sovurildi, degani. Muammoni hal etish uchun ko'rilgan bunday «donishmandona» yondashuv tizimdagi ish sifatiga putur yetkazmasligiga kafolat bormi? Axir, boya aytdik – ma`lumotnomaga navbatda turganlarning qay biri shifokor, boshqasi o'qituvchi, yana kimdir bog'chada tarbiyachi.
E`tirozli jihatlardan biri shuki, tashkilotlar ishchilariga qarzdor emasligi haqida berilayotgan ma`lumotnomalarda MIB monitoring va hisob sho'`basining elektr, tabiiy gaz, ichimlik suvi hamda maishiy chiqindi xizmati bo'yicha mas`ul xodimlarining imzosi (xulosasi) bo'lishi shart.
Holbuki, tumanning juda katta hududiga tabiiy gaz yetib bormagan – asosan suyultirilgan gazdan foydalaniladi. Maishiy chiqindi xizmati xususida ham xuddi shu fikrni aytish mumkin – hozircha «Toza hudud» DUKning qadami yetmagan o'nlab yirik qishloqlar bor. Gulobod shaharchasi, Nayman, Bo'taqora, Orol, Guliston kabi aksariyat qishloqlar «Suvoqava» tashkiloti xizmatidan foydalanmaydi, chunki suv nasos yordamida artezian quduqdan chiqadi. Demak, iste`mol qilinayotgan obi hayot uchun aholidan yig'ilayotgan pullar «Suvoqava» xizmatiga emas, elektr tarmoqlari korxonasiga topshiriladi. Shunday ekan, nega endi byudjet tashkiloti xodimlari ko'rsatilmaydigan xizmat turlari uchun ham ma`lumotnoma olish maqsadida soatlab sarg'ayishi kerak?
Qarzdorlik muammosini odamlarni huda-behuda ovora qilmasdan bartaraf etishning yo'li yo'qmi? Juda bor-da!
Mana, Prezidentimiz tomonidan 2017 yil 29 may kuni qabul qilingan «Elektr energiya­­si va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste`mol qilish sohasida to'lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmonida aniq-tiniq yozib qo'yilibdi: «Majburiy ijro byurosi yetkazib berilgan energiya resurslari uchun eng kam oylik ish haqining ikki baravaridan ko'p bo'lmagan miqdordagi qarzdorlikni iste`molchilarning ish haqidan ushlab qolish to'g'risida ish beruvchilarga talabnomalar yuborish vakolatiga ega».
Demak, MIBning kompyuter bazasida qaysi tashkilotda ishlovchi qaysi xodimning qancha qarzi borligi xususida ma`lumot bor. Barchani bezovta qilish o'rniga qarzdorlar ro'yxatini tashkilotlar kesimida shakllantirib, ish beruvchilarning qo'liga tutqazib ­qo'yilsa, kifoya emasmi? Agar shunda ham belgilangan muddatda to'lovlar tushmasa, tartibga ko'ra iste`molchini tarmoqdan uzish kerak. Axir MIBchilar bu yumushning hadisini olib ulgurishdi-ku! Yo «qarzlarni undirish haftaligi» doirasida byuroga yordam berayotgan mutasaddilar mana shu oddiy arifmetikani tushunishmaydimi?
Darvoqe, Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 yanvardagi «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi qarorida hududiy elektr tarmoqlari korxonalari «maishiy iste`molchining arizasiga asosan ariza berilgan paytning o'zida to'lovlarning holati va iste`mol qilingan elektr energiyasi uchun qarzdorlikning mavjud emasligi (mavjudligi) to'g'risida ma`lumotnomalar taqdim etish»ga majbur ekanligi ta`kid­lanadi. Andijon tumanida esa mana shu tartibga ko'ra, elektr tarmoqlari korxonasi emas, Majburiy ijro byurosi tomonidan ma`lumotnomalar berilayotganini qanday tushunish mumkin?
Ayni holatni byurodagilar «elektr tarmoqlari korxonasi ko'pincha noto'g'ri ma`lumotnoma beryapti, ikki tashkilot kompyuter bazalaridagi raqamlarda farq chiqyapti, shu sabab ma`lumotnoma berishni zimmamizga oldik», deb izohlashdi.
Bu javob nimadan dalolat? MIB yuzaga kelganiga salkam ikki yarim yil bo'lsa-da, doimiy birga «nafas oladigan» ikki tashkilot – byuro hamda elektr ta`minoti idorasining hanuzgacha bir-birini tushunmayotganligidan, ikki yarim yildirki, aniq ishlaydigan yagona mexanizm yo'qligidan dalolat! Modomiki, hamkorlikda faoliyat yuritish peshonasiga yozilgan ekan, Energetika vazirligi hamda Byuro rahbariyati obdan o'ylab, yuqoridagi masalalar yuzasidan oqilona yechim ishlab chiqmasa, odamlar ikki idora o'rtasida sargardon yuraveradilar. Nima dedingiz?

Nurillo NO'`MONOV,
«Ishonch»

PS. Odamlarni ishdan qo'yib, ovora qilishni hamda ma`lumotnomabozlikni xush ko'radigan mutasaddilarga tekin maslahat. Shu kungacha deyarli barcha xodimlaringiz ma`lumotnoma keltirgani bor gap. Ulardan sizga bergan ma`lumotnomalarning haqqoniyligi haqida yana bitta ma`lumotnoma olib kelishlarini talab qiling. Bilib bo'ladimi, MIBchilar ham xom sut emgan banda – ur-to'polonda xato yozib bergan bo'lishlari mumkin. Ishni puxta qilish kerak, deymiz-da!

Boshqa xabarlar