VATAN BAYROG'INI BALAND KO'TARIB…

59

Iftixor

Koreya Xalq Demokratik Respublikasining Pxenyan shahrida o'smirlar va yoshlar o'rtasida Osiyo chempionati bo'lib o'tdi. Unda Og'ir atletika bo'yicha O'zbekiston terma jamoasi vakillari muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Jismoniy tarbiya va sport sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasining Respublika ixtisoslashgan kompleks bolalar va o'smirlar sport maktabi o'quvchisi Kumushxon Fayzullaeva chempionatning vazni 64 kilogrammgacha bo'lgan yoshlar o'rtasida o'tkazilgan bahslarida uch yo'nalishda oltin medalni qo'lga kiritdi.

– G'oliblik shoxsupasidan turib Vatanimiz bayrog'ining eng yuqorida xilpirab turishini kuzatish har qanday sportchiga cheksiz faxr-iftixor bag'ishlaydi, – deydi 3 karra oltin medal soxibi, ikki karra yangi jahon rekordini o'rnatishga muvaffaq bo'lgan sportchimiz Kumushxon Fayzullaeva hayajon bilan. – Yurtimizga yorug' yuz bilan, murabbiylarimning ishonchini oqlagan xolda qaytganim menga yanada yuksak marralarni zabt etishda madad bo'ladi.

Eslatib o'tamiz 17 yoshli Kumushxon dast ko'tarishda 97 kilogramm, siltab ko'tarishda esa 125 kilogramm, ikki kurash natijasiga ko'ra 222 kilogramm natija bilan qit`a chempionligini qo'lga kiritdi. Shuningdek, u bu natija bilan o'smirlar o'rtasida dast ko'tarishda o'ziga tegishli jahon rekordini takrorlagan bo'lsa, siltab ko'tarish va ikki kurash bo'yicha yangi jahon rekordini o'rnatishga muvaffaq bo'ldi.

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Jismoniy tarbiya va sport sog'lomlashtirish ishlari boshqarmasining Respublika ixtisoslashgan kompleks bolalar va o'smirlar sport maktabi o'quvchisi, zahiradagi sportchi Toshtemirov Muhammadqodir esa 81 kg vaznda siltab ko'tarishda, 186 kg dast ko'tarishda, 156 kg umumiy 342 kg.da 3 ta oltin medal soxibi bo'ldi.

Osiyo birinchiligida umumjamoa hisobida yigitlarimiz ikkinchi pog'onaga ko'tarilgan bo'lsa, qizlarimiz kuchli uchlikdan o'rin egalladi.

Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Milliy olimpiya qo'mitasi mutasaddilari, Og'ir atletika Federasiyasi vakillari hamda sportchilarning oila a`zolari, yaqinlari kutib olishdi.

Muqaddas RAZZOQOVA,

«Ishonch» 

Boshqa xabarlar