Biror nima tashlab keting…

45

Xavfsizlik kamari taqilgan, hujjatlar joyida. Shunday bo'lsa-da, inspektorning hushtagi chalinib, uning ishorasi bilan yo'l setida to'xtadim. U keldi, o'zini tanishtirdi. Yukxonani ko'rdi, hujjatlarni tekshirdi, og'zimni hidladi. Uning xatti-harakatlari shunchalik sekin ediki, shoshayotganimni, davlat ishida xizmat qilishimni bildirdim.

— Biz-chi, biz, — dedi u norozi ohangda. — Biz ham chalpak yog'ishini kutib o'tirganimiz yo'q, davlat ishini qilyapmiz.

— Nima demoqchisiz?

— Biror nima tashlab keting…

Bezbetlarcha aytilgan bu gapdan jahlim chiqdi, ammo rahmim ham keldi. Yukxonadan ikkita nonni unga uzatdim.

Indamay oldi.

Yuzimga otar, kim deb o'ylayapsiz bizni, deb aytishini kutdim, ammo g'urursiz, orsiz bunday kimsalarga buguni, hoziri o'tsa, bas, qolgani bilan ishi yo'q.

Davlatimiz rahbari faoliyatining ilk kunlaridanoq korrupsiyaga qarshi kurashish, poraxo'rlikka ayovsiz munosabatda bo'lish haqida gapiradi. Zero, korrupsiya taraqqiyot kushandasi. Qaysi mamlakatda korrupsiya avj olsa, davlat nochor va tabaqalashib boraveradi. Yurtimizning boy va farovon bo'lishi esa Prezidentimiz talablariga “labbay” deb javob berish, bugungi buyuk islohotlarga kamarbasta bo'lish, nohaqlikka qarshi kurashish, halol bo'lishga intilishimizga bog'liq.

Ammo, shifokorga borishdan oldin uning tanishini izlaymiz, shunday qilmasak, shifokor bizni befarq qarshi oladi, degan o'y ongimizga o'rnashib qolgan. Farzandimizning o'qituvchisini “sovg'a salom” bilan tez-tez yo'qlab turamiz, biroq, hech narsa o'zgarmaydi. Savod masalasi nolga teng.

Demak, asosiy aybdor o'zimiz emasmi?

O'zimiz emasmi, avtomobil olishdan avval uning “shapkasi”ga qiziqqan. “Shapka”ni berishga “odam” qidirgan.

Yaqinda xastalik tufayli bir oyog'i to'pig'idan kesilgan tanishimiz birinchi guruh nogironligiga o'tolmayotgani, o'tish uchun esa tumandagi mutasaddi “dadilgina” so'rayotganini aytib qoldi. O'yga toldim: buning qonuniy yechimi yo'qmi? Agar bor bo'lsa, janob “mutasaddi” qaysi yuz bilan shundoq ham bir oyog'i yo'q bemordan pul talab qilyapti.

— Uning kimligini ayting, ism-sharifini ochiq yozib, tegishli idoralarga murojaat qiling, — dedim.

— E, andishaga bordim-da, har holda pensiyamni yozadigan shular…

Ommaviy axborot vositalari orqali avval viloyatlardan birining, keyin poytaxtdagi tuman hokimlaridan biri katta pora bilan qo'lga tushgani haqidagi xabar tarqalgach, yurtdoshlarimiz ijtimoiy tarmoqlarda bu holatdan hayratga tushdi. Chunki Prezident tomonidan ishonib topshirilgan lavozimni qo'rqmasdan suiiste`mol qilgan kishining bunchalik dadil harakatiga nima sabab bo'ldi ekan. Kelinlar qo'zg'olonidagi Boqi amaki aytganidek: “Hatto Horun ar-Rashid ham buncha xazinani ko'rmagan”. Harom luqma yuqmaydi, bir kuni teshib chiqadi, degan pandlar esa jig'ildon tobelariga ta`sir etmaydi, afsus.

2017 yil 4 yanvardan kuchga kirgan O'zbekiston Respublikasining «Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida»gi qonuni korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha yil davomida qilingan eng katta amaliy qadam bo'ldi. Bir oy o'tib, ya`ni 2 fevralda Prezident «Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida»gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorni imzoladi. Joriy yilning 27 may kuni esa korrupsiyaga qarshi kurash dasturi tasdiqlandi. “2019 – 2020 yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish Davlat dasturi” qabul qilindi. Davlat xizmatchilari daromadlarini deklarasiya qilishga kirishiladi va eng korrupsiyalashgan sohalardan ikkitasi: kapital qurilish va oliy ta`lim sohalarida «Korrupsiyasiz soha» loyihasi amalga oshiriladi.

Bu hujjatlar to'la-to'kis ishlashidan hammamiz manfaatdormiz. 

Poraxo'rning uyida halovat yo'q. Qalbida xotirjamlik yo'q. Uning ko'zlari doimo o'ynab turadi. Unda samimiyat yo'q. Unda hamma narsa bo'lishi mumkin, ammo vijdon yo'q, iymon yo'q.

Maqsud JONIXONOV

Manba: Bong.uz

Boshqa xabarlar