Prezident regbini rivojlantirish dasturini tasdiqladi

45
Foto: "Gazeta.uz"

O'zbekiston prezident Shavkat Mirziyoevning 29 oktyabrdagi qarori bilan 2019−2022 yillarda respublikada regbini yanada kompleks rivojlantirish bo'yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Bu haqda Gazeta.uz nashri xabar berdi.

Hujjatda qayd etilishicha, moddiy-texnik baza va infratuzilmaning yetarli emasligi, regbi bo'yicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning uyg'un tizimi yaratilmaganligi sohaning yanada rivojlanishiga hamda O'zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda munosib ishtirokini ta`minlashga to'sqinlik qilmoqda.

Qaror bilan har bir ixtisoslashtirilgan olimpiya zaxiralari maktab-internatlarida regbi bo'limlarini ochish belgilandi. Bolalar-o'smirlar sport maktablariga ishga qabul qilinayotgan regbi bo'yicha murabbiylar nomzodlarini O'zbekiston regbi federasiyasi bilan majburiy kelishish tartibi joriy qilish ko'zda tutilmoqda.

Chora-tadbirlar dasturini amalga oshirish doirasida quyidagi ustuvor yo'nalishlar va vazifalar belgilandi:

iqtidorli sportchi yoshlarni tanlab olish (seleksiya ishlari) faoliyatining samaradorligini oshirish va regbi bo'yicha o'quv-mashq jarayonini sifatli tashkil etish;

regbini ommalashtirish, yoshlarni sport klublari, seksiyalar va to'garaklarga faol jalb qilish, ulardan keng foydalanish imkoniyatini ta`minlash;

trenerlar, hakamlar va regbi bo'yicha boshqa mutaxassislarni tayyorlash tizimini takomillashtirish;

regbi bo'yicha O'zbekiston milliy terma jamoasining nufuzli xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi uchun sifatli va samarali tayyorgarligini ta`minlash;

xalqaro musobaqalarning g'oliblari va sovrindorlarini rag'batlantirish, shuningdek, trenerlar, hakamlar va regbi bo'yicha boshqa mutaxassislarni ijtimoiy va moddiy qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish;

regbining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va infratuzilmasini takomillashtirish.

Mudofaa vazirligi, O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi, Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetining sport klublari stadionlari Regbi federasiyasiga biriktirildi.

Kelgusi yilning bahoriga qadar «Yoshlik», «Talaba», «MHSK», «Dinamo», «Lokomotiv», «Kasaba uyushmalari» va boshqa regbi klublarini tashkil etish belgilangan.

Mamlakat terma jamoasi mashg'ulotlari uchun Toshkent viloyatining Bo'stonliq tumanidagi Chorvoq qishlog'ida Regbi federasiyasi sport bazasi quriladi.

2020/2021 o'quv yilidan O'zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetida hamda Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universitetida regbi bo'yicha mutaxassislarni tayyorlovchi yo'nalishlar ochiladi.

Oliy Majlis Senati raisining birinchi o'rinbosari Sodiq Safoev O'zbekiston Regbi federasiyasi raisi hisoblanadi.

Boshqa xabarlar