QALBGA KO'ChGAN SIYMO

64

Xalqimizning buyuk farzandi, iste`dodli aktyor G'ani A`zamov nomi tilga olinganda har qanday insonning yuziga tabassum yuguradi. Ustoz san`atkorning betakror obrazlari kino, teatr sohasidagi yuzlab rollari uning xalq qalbidan chuqur joy olishi va cheksiz muhabbatini qozonishiga sabab bo'ldi.

O'zbekiston teatr arboblari uyushmasi, Madaniyat vazirligi hamda O'zbek Milliy akademik drama teatri hamkorligida G'ani A`zamovning 110 yilligiga bag'ishlangan xotira kechasi bo'lib o'tdi. Unda teatr aktyorlari, ijodkorlar, kino ixlosmandlari, san`atkorning oila a`zolari, yaqinlari va shogirdlari ishtirok etishdi. 

G'.A`zamov 1909 yili Toshkent shahrida tavallud topgan. Dastlab teatr aktyorlariga lotin yozuvidan saboq berish uchun muallim bo'lib kelgan pedagog keyinchalik teatr san`atiga umrini baxshida etishini xayoliga ham keltirmagandi. Ijodiy faoliyatini ommaviy sahnalardan boshlab, ilk bor “Qaltis hazil” komediyasida Mamarasul obrazida chiqib, katta muvaffaqiyat qozondi.

– G'ani aka juda samimiy, kamtarin va hokisor inson edi, – deydi Rihsi Ibrohimova. – Ustozimiz 60 yillik ijodiy faoliyati davomida  “Qutlug' qon”,  “Qonli sarob”, “Alisher Navoiy”, “Tog'a-jiyanlar”, “So'nggi nusxalar”,  “Revizor”, “Oltin devor”, “Kuyov” kabi  yuzdan ortiq spektakllarda mukammal obrazlarni sahnaga olib chiqdi. U kishida hech qachon kibr va manmanlikni ko'rmaganmiz. Qalbi ham rollari kabi sodda va samimiy edi. Shuning uchun xalqimiz har bir chiqishini yuksak olqishlar bilan kutib olardi. Oilasida ham, ijodida ham baxtli inson sifatida ko'rganim uchun barchamizga ham G'ani akaning yo'llarini berishini tilayman.

Tadbirda san`atkorning ijod yo'liga bag'ishlab tayyorlangan film namoyish etildi. Shuningdek, barcha teatrlar ijodkor xotirasiga atab tayyorlab kelgan badiiy chiqishlarini namoyish etdi. San`atkorlarning diltortar navolari va ustoz aktyorning shogirdlari hamda  yaqinlari  tomonidan bildirilgan qiziqarli va iliq  xotiralar kechaning yuksak badiiy saviyada o'tishini ta`minladi.

Zebo NAMOZOVA,

ishonch.uz”   

Boshqa xabarlar