2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini tasdiqlash to'g'risida

27

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining

f a r m o n i

Mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, sanitariya va ekologik holatni yaxshilashni ta`minlash sohasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, bu borada o'tkazilgan tahlil natijalari atrof- muhitni muhofaza qilish sohasida davlat funksiyalarini amalga oshirishda kompleks yondashuv va strategik rejalashtirishning mavjud emasligi, shuningdek, qo'yilgan vazifalarni samarali bajarish uchun tabiatni muhofaza qilish organining vakolatlari yetarli emasligidan dalolat beradi.

Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlarini belgilash, tabiatni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari buzilishlari profilaktikasi, ularni aniqlash va oldini olishning samarali mexanizmlarini joriy etish, respublika aholi punktlarining sanitariya va ekologik holati uchun davlat organlari, xo'jalik yurituvchi sub`ektlar rahbarlari va fuqarolarning shaxsiy javobgarligini kuchaytirish, shuningdek, 2030 yilgacha bo'lgan davrda barqaror rivojlanish sohasidagi Milliy maqsad va vazifalarga erishishni ta`minlash maqsadida:

1. Quyidagilar:

a) 2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi (keyingi o'rinlarda – Konsepsiya) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va unda quyidagi chora-tadbirlar nazarda tutilsin:

atrof-muhit ob`ektlarini (atmosfera havosi, suv, yer, tuproq, yer qa`ri, bioxilma-xillik, qo'riqlanadigan tabiiy hududlar) antropogen ta`sir hamda boshqa salbiy ta`sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta`minlash;

ekologik jihatdan eng kam xavf tug'diruvchi materiallardan, mahsulotlardan, ishlab chiqarish ob`ektlari va boshqa ob`ektlardan ustuvor darajada foydalanish;

qo'riqlanadigan tabiiy hududlarni kengaytirish;

zaharli kimyoviy va radioaktiv moddalardan ekologik xavfsiz foydalanishni ta`minlash;

chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirishning ekologik xavfsiz tizimini takomillashtirish;

aholining ekologik madaniyatini shakllantirish, atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat organlari faoliyatining shaffoflik darajasini oshirish va fuqarolik jamiyatining rolini kuchaytirish;

b) 2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining Atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasini 2019-2021 yillarda amalga oshirish bo'yicha “Yo'l xaritasi” (keyingi o'rinlarda – “Yo'l xaritasi”) 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Belgilab qo'yilsinki, Konsepsiya erishilgan natijalar, maqsadli ko'rsatkichlar va atrof-muhitni muhofaza qilish bo'yicha tegishli davrga mo'ljallangan asosiy yo'nalishlardan kelib chiqqan holda, O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan uch yil muddatga alohida-alohida tasdiqlanadigan “Yo'l xaritalari” asosida bosqichma-bosqich amalga oshiriladi.

2. O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi (keyingi o'rinlarda – Davlat ekologiya qo'mitasi):

2021 yil 1 dekabrgacha bo'lgan muddatda “Yo'l xaritasi”ni amalga oshirish yakunlarini puxta o'rganish asosida keyingi davrga mo'ljallangan “Yo'l xaritasi” loyihasining ishlab chiqilishi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun kiritilishini ta`minlasin;

“Yo'l xaritalari” amalga oshirilishi bo'yicha ta`sirchan monitoring yuritsin.

3. Quyidagilar:

O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari – transport vaziri A.J.Ramatov zimmasiga – Konsepsiya va “Yo'l xaritasi”ni amalga oshirish doirasida mas`ul vazirlik va idoralar faoliyatini samarali tashkil etish va muvofiqlashtirish yuzasidan;

O'zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo'mitasi raisi B.T.Qo'chqorov zimmasiga – Konsepsiyaning maqsadli ko'rsatkichlariga erishish yuzasidan shaxsiy mas`uliyat yuklansin.

4. Davlat ekologiya qo'mitasi, O'zbekiston Ekologik partiyasi va jamoatchilikning davlat o'rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga moratoriy (keyingi o'rinlarda – moratoriy) joriy etish to'g'risidagi taklifi ma`qullansin.

Belgilansinki:

a) moratoriy 2019 yil 1 noyabrdan 2020 yil 31 dekabrgacha amal qiladi;

b) moratoriy amal qilish davrida vakolatli davlat organlariga davlat o'rmon fondiga kirmaydigan daraxtlar va butalar qimmatbaho navlarining kesilishiga ruxsatnoma berish man etiladi, ushbu bandda belgilangan holatlar bundan mustasno;

v) moratoriy:

tabiiy omillar yoki zararkunandalar, o'simliklar kasalliklari ta`sirida zararlangan, qurib borayotgan yoki qurib qolgan, shuningdek, fuqarolarning hayoti va sog'lig'iga, yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulkiga xavf tug'diruvchi daraxtlar va butalarni sanitar kesish va qirqishga;

yog'och va mevalar olish uchun o'stirilayotgan daraxtlar hamda butalarni (terak va tez o'suvchi boshqa navlar, tut plantasiyalari, mevali daraxtlar va butalar) kesishga;

plantasiyalarda o'stirilayotgan va/yoki yuridik va jismoniy shaxslarning mulki hisoblangan daraxtlar hamda butalarni kesishga joriy etilmaydi.

Vazirlik va idoralar, shuningdek, xo'jalik boshqaruvi va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari ob`ektlarni qurish va qurishni loyihalashtirish uchun yer maydonlarini tanlash va ajratish bosqichida, shuningdek, muhandislik-kommunikasiya infratuzilmasini (elektr, gaz va suv ta`minoti, kanalizasiya, temir yo'l hamda avtomobil yo'llari va boshqalar) barpo etishda, shu jumladan, daraxtlar va butalarni ko'chirib o'tkazish amaliyotini qo'llash orqali ularning saqlab qolinishini qat`iy ta`minlasin.

5. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi daraxtlar va butalarni himoya qilish tizimini tubdan takomillashtirish bo'yicha, shu jumladan, daraxtlar va butalarni noqonuniy kesish, ularga zarar yetkazish yoki yo'q qilish uchun javobgarlikni kuchaytirishni nazarda tutuvchi kompleks tashkiliy-huquqiy chora-tadbirlarni ikki hafta muddatda tasdiqlasin.

O'zbekiston Respublikasi O'rmon xo'jaligi davlat qo'mitasi Davlat ekologiya qo'mitasi va “Hunarmand” uyushmasi bilan birgalikda xalq badiiy hunarmandchiligi va amaliy san`at mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi hunarmandlarni yog'och, shu jumladan, daraxtlarning qimmatbaho navlaridan olingan yog'och bilan ta`minlash bo'yicha bir oy muddatda O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

Davlat ekologiya qo'mitasi 2020 yil 1 noyabrgacha bo'lgan muddatda daraxtlar va butalarni muhofaza qilish bo'yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar samaradorligidan kelib chiqqan holda, moratoriyning amal qilishini uzaytirish maqsadga muvofiqligi yuzasidan taklif kiritsin.

6. Fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'yicha respublika kengashi Davlat ekologiya qo'mitasi bilan birgalikda hamda nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini jalb etgan holda, ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish, obodonlashtirish va ko'kalamzorlashtirish bo'yicha fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari komissiyalari tomonidan yashil dov-daraxtlarni sanitar qirqish va kesishda, shuningdek, ularni qayta ishlash va chiqindilarini utilizasiya qilish, shu jumladan, yog'ochlardan tijorat maqsadida foydalanishda ekologiya talablariga rioya etilishi yuzasidan nazorat amalga oshirilishini ta`minlasin.

7. Quyidagilar:

O'zbekiston yoshlar ittifoqining O'zbekiston Ekologik partiyasi bilan birgalikda yoshlarda atrof-muhitga nisbatan ehtiyotkorona munosabatda bo'lishni shakllantirish, tabiatni saqlash, havo, suv va tuproq ifloslanishiga, o'simlik va hayvonot dunyosiga ziyon yetkazilishiga yo'l qo'ymaslikka qaratilgan ekologik aksiyalarni tashkil etish;

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish respublika markazining atrof-muhitni muhofaza qilishning dolzarb masalalari bo'yicha jamoatchilik fikrini o'rganish yuzasidan yiliga kamida bir marta ijtimoiy tadqiqotlar o'tkazish to'g'risidagi takliflari ma`qullansin.

8. 2019 yil 1 noyabrdan boshlab shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq:

Qoraqalpog'iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasining raisi, viloyatlar hamda Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalarining boshliqlari har yili hududda atrof-muhitni muhofaza qilishning holati to'g'risida tegishli ravishda Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesiga, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga hisobot taqdim etadi;

ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat bo'yicha tuman (shahar) inspeksiyalarining boshliqlari har yili tumanda (shaharda) atrof-muhitni muhofaza qilishning holati to'g'risida tegishli ravishda xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlariga hisobot taqdim etadi.

9. 2019 yil 1 noyabrdan boshlab shunday tartib o'rnatilsinki, unga muvofiq Davlat ekologiya qo'mitasining davlat inspektorlari quyidagi holatlar aniqlanganda tezkor nazorat tadbirlarini nazorat organlari faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ bilan oldindan kelishmasdan, o'tkazilgan tekshiruv haqida Tekshiruvlarni elektron ro'yxatga olish yagona tizimida ro'yxatdan o'tkazish orqali tekshiruv boshlangan paytdan boshlab yigirma to'rt soat ichida vakolatli organni majburiy ravishda xabardor qilgan holda amalga oshiradi:

yonuvchi moddalar va qurilish materiallarini bir joyga to'plash yoki ochiq olovda yoqishda atmosfera havosini muhofaza qilish bo'yicha talablarga rioya etmaslik;

dalalar va aholi punktlarida maxsus texnik vositalarni qo'llamasdan bitumni eritish, ang'izni, to'kilgan barglarni va daraxt shoxlari yoki boshqa o'simlik qoldiqlarini yoqish;

oqava suvlarni joy relefiga yoki ochiq havzalarga, shuningdek, kommunal kanalizasiya tizimiga normadan ortiqcha yoki ruxsatsiz oqizish;

tabiiy suv ob`ektlaridan suvdan maxsus foydalanish yoki suv iste`moliga ruxsatnomasiz suv olish;

daraxtlarni qonunga xilof ravishda kesish, yovvoyi holda o'suvchi o'simliklarni yig'ish va tayyorlash yoki yo'q qilish, yovvoyi hayvonlarni (shu jumladan, baliqni) ovlash yoki qo'lga kiritish;

chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasida qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik;

daryolar, soylar, kichik daryo va ko'llarning o'zanlari va suvni muhofaza qilish zonalarini tozalash, shuningdek, ularning qirg'oqlarini mustahkamlash ishlarini amalga oshirishda qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik.

10. Quyidagilar:

2020 yil 1 yanvardan boshlab “Evro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg'isini ishlab chiqarish bo'yicha yangi quvvatlarni ishga tushirish;

2022 yil 1 yanvardan boshlab “Evro-3”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg'isini, 2023 yil 1 yanvardan boshlab esa “Evro-4”dan past ekologik toifadagi motor yoqilg'isini “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish;

2022 yil 1 yanvardan boshlab zaharlilik darajasi “Evro-4” ekologik toifa talablariga mos kelmaydigan gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalaridagi g'ildirakli transport vositalaridan foydalanish va ularni sotish maqsadida “vaqtincha olib kirish” va “erkin muomala (import) uchun chiqarish” bojxona rejimiga joylashtirish man etilsin.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi O'zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan “M” va “N” toifalardagi g'ildirakli yangi transport vositalarining ekologik toifa talablariga muvofiqligini ekologik sertifikatlash tartibini ikki oy muddatda tasdiqlasin.

11. Davlat ekologiya qo'mitasining yovvoyi hayvonlarni ovlashga va o'simlik dunyosi ob`ektlaridan maxsus foydalanishga ruxsatnomalar berish bo'yicha o'z vakolatlarini Qoraqalpog'iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish qo'mitasiga, viloyatlar va Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmalariga berish to'g'risidagi taklifiga rozilik berilsin.

12. Davlat ekologiya qo'mitasi:

a) uch oy muddatda quyidagilarni ishlab chiqsin va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

davlat ekologik ekspertizasi o'tkazilgunga qadar, atrof-muhitga ta`sir ko'rsatishning I va II toifalariga mansub (yuqori va o'rtacha xavf-xatar) faoliyatning mo'ljallanayotgan turlari bo'yicha atrof-muhitga ta`sirni baholash loyihalarining majburiy jamoat muhokamalari va eshitishlarini o'tkazish tartibini;

atrof-muhitga ta`sir ko'rsatishning I va II toifalariga mansub (yuqori va o'rtacha xavf-xatar) faoliyat turlari bilan shug'ullanadigan xo'jalik yurituvchi sub`ektlarni tozalash inshootlari bilan ta`minlanganligi, shuningdek, qonun hujjatlariga muvofiq ularni majburiy o'rnatish chora-tadbirlari amalga oshirilganligi yuzasidan xatlovdan o'tkazish to'g'risidagi takliflarni;

b) g'ildirakli transport vositalarini ishlab chiqarishda “Evro-4”dan past bo'lmagan talablarni bajarish bo'yicha g'ildirakli transport vositalarini eksport qiluvchi davlatlarning qonun hujjatlarini identifikasiyalash yoki murojaatchilar tomonidan taqdim etilgan, mazkur g'ildirakli transport vositalarining zaharli moddalar chiqarish darajasi bo'yicha “Evro-4”dan past bo'lmagan ekologik toifa talablariga muvofiq ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida O'zbekiston Respublikasiga olib kiriladigan, gaz, benzin va dizel dvigatellari bilan jihozlangan “M” va “N” toifalardagi yangi g'ildirakli transport vositalari uchun ekologik sertifikatlar berish tashkil etilishini ta`minlasin;

“O'zstandart” agentligi, “O'zavtosanoat” AJ, Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan birgalikda 2019 yil 1 dekabrga qadar Davlat ekologiya qo'mitasi huzuridagi “Davlat ekologik sertifikatlashtirish va standartlashtirish markazi” DUK negizida g'ildirakli transport vositalarining ekologik toifasini aniqlash bo'yicha zamonaviy laboratoriya kompleksini tashkil etish yuzasidan O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin;v) aholining ekologik madaniyatini oshirish, shuningdek, ekologiyava atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish hamda chiqindilar bilan bog'liq ishlarni amalga oshirish sohasidagi huquqbuzarliklarning oldini olishga alohida e`tibor qaratgan holda keng ko'lamli targ'ibot faoliyatini tashkil etish ishlarini kuchaytirsin;

g) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Sog'liqni saqlash vazirligi, Innovasion rivojlanish vazirligi, Sanoat xavfsizligi davlat qo'mitasi bilan birgalikda 2020 yil 1 oktyabrga qadar xalqaro tajribani hisobga olgan holda, jumladan, quyidagilarni nazarda tutuvchi “Chiqindilar to'g'risida” yangi tahrirdagi O'zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ishlab chiqsin va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritsin:

beshta xavf-xatar toifasi tizimi o'rniga sanoat tarmoqlari va/yoki kimyo-fizik parametrlar asosida chiqindilarni tasniflash tizimini joriy etish;

ishlab chiqarishda chiqitsiz va kam chiqitli texnologiyalarni, shuningdek, konchilik va qayta ishlash korxonalari chiqindilarini qayta ishlash texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy etishni iqtisodiy rag'batlantirish;

sanoat ob`ektlarida xavfli chiqindilarni ekologik xavfsiz saqlashni tashkil etishni ta`minlash;

o'zining iste`mol xususiyatlarini yo'qotgan va tarkibida xavfli moddalar mavjud bo'lgan tovarlarni (simobli termometrlar, batareykalar, tarkibida simob mavjud lampalar va boshqalar) yig'ish, foydalanish va/yoki zararsizlantirish tizimini tashkil etish;

tibbiyot chiqindilarini yig'ish, zararsizlantirish, utilizasiya qilish va ko'mib tashlash tizimini tashkil etish.

13. O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi uch oy muddatda quyidagilarni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda kiritsin:

Davlat ekologiya qo'mitasi davlat inspektorlarining tekshirish o'tkazishiga to'sqinlik qilganlik, xo'jalik yurituvchi sub`ektlarning hududlari va inshootlarini ko'zdan kechirishga qo'ymaslik yoxud ular tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarishga boshqacha tarzda to'sqinlik qilganlik, shuningdek, jismoniy yoki yuridik shaxslarning ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi qonun hujjatlari talablarining buzilishini bartaraf etish to'g'risidagi ko'rsatmalarni bajarmaganligi uchun javobgarlikni kuchaytirish;

ekologik ekspertiza organlarini qayta tashkil etish va optimallashtirish, atrof-muhitga ta`sir ko'rsatishning IV toifasiga mansub (mahalliy ta`sir) faoliyat turlari bo'yicha atrof-muhitga ta`sirni baholash materiallarini soddalashtirilgan shaklda taqdim etish, hujjatlarni topshirish va qabul qilishning elektron tizimini joriy etish, atrof-muhitga ta`sir ko'rsatadigan faoliyat turlari ro'yxatini qayta ko'rib chiqish.

14. O'zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi mazkur Farmondan kelib chiqadigan vazifalarni bajarish maqsadida Davlat ekologiya qo'mitasiga Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri, shuningdek, tumanlar (shaharlar) ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida nazorat bo'yicha tahlil laboratoriyalari va inspeksiyalarni bittadan maxsus avtotransport bilan ta`minlashni hisobga olgan holda, Davlat ekologiya qo'mitasining byudjetdan tashqari mablag'lari hisobidan 184 ta avtotransport vositalarini saqlash uchun qo'shimcha limit ajratsin.

15. O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administrasiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikasiyalar agentligi, O'zbekiston Milliy axborot agentligi va O'zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi ommaviy axborot vositalarida mazkur Farmonning maqsad va vazifalarini, shuningdek, Konsepsiya va “Yo'l xaritasi” amalga oshirilishini yoritishga oid maqolalar va mavzuga oid teleko'rsatuvlarni tashkil etsin.16. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 27 iyuldagiPF–5490-son Farmoni bilan tasdiqlangan Tekshiruvlarni elektron ro'yxatga olish yagona tizimida ro'yxatdan o'tkazish orqali vakolatli organni xabardor etish tartibida o'tkaziladigan tekshiruvlar ro'yxatiga 3-ilovaga muvofiq o'zgartirish va qo'shimchalar kiritilsin.

17. Davlat ekologiya qo'mitasi O'zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o'zgartirishva qo'shimchalar to'g'risida O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;

o'zlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu Farmonga muvofiqlashtirsin.

18. Mazkur Farmonning ijrosini nazorat qilish O'zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o'rinbosari A.J.Ramatov va O'zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi R.A.Gulyamov zimmasiga yuklansin.

O'zbekiston Respublikasi

        Prezidenti                                                                    Sh.MIRZIYoEV

Toshkent shahri,

2019 yil 30 oktyabr

Boshqa xabarlar