Hassamizni yana yo'qotmaylik…

97

Davlatimiz rahbarining «Davlat tili haqida»gi qonun qabul qilinganining 30 yilligiga bag'ishlangan tantanali yig'ilishdagi nutqi va tilimizning nufuzini oshirishga oid farmoni barchamizni behad quvontirib, to'lqinlantirib yubordi.

Yurtdoshlarimizning dilidagi orzu-­umidlarini ifodalovchi qarorda ta`kidlanganidek, «dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo'lgan o'zbek tili xalqimiz uchun milliy o'zlik va mustaqillik timsoli, bebaho ma`naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma`naviy-ma`rifiy taraqqiyotida g'oyat muhim o'rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir».

1989 yil 21 oktyabrda og'ir sharoitda, mustabid tuzum, hukmron mafkura zamonida, ochiq va pinhoniy qarama-qarshiliklar jarayonida qabul qilingan qonun ikki yilcha o'tib erishilgan istiqlol yo'liga to'shalgan yashil poyandoz edi go'yo.
Shunday boy, jozibador ona tilimiz yillar davomida ­soyada qolib, imkoniyati torayib, g'arib bir holga kelib qolayozgan edi. Ko'plar bisotidagi to'rt yuz-besh yuz, ming­­ga yetar so'zni aylantirib yurgani ham bor gap. Saksoninchi yillarning ikkinchi yarmida siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy hayotimiz, ekologiyamiz, ma`naviyatimiz tang ahvolga kelib qolgan kezlarda til muammosi ham qalqib chiqdi.
«Til to'g'risida»gi qonun ­loyihasi tayyorlanib, matbuotda e`lon qilinishi ehtiyojning zaruratga aylanishi natijasi edi. Ajab­lanarli jihati shunda ediki, loyiha rus tilida yozilib, o'zbek tiliga xom-xatala o'girilgan, matn qulluqnamo alfozda bitilgan edi. Ustiga-ustak, ikki tilga davlat tili maqomi berilsa, degan taklif bilan chiqib, o'z loyihasini taqdim etganlar ham bo'ldi.
Darhol noroziliklar bildirilgani, aks-sadolar yog'ilib ketganining boisi shunda. Erkin Vohidovning «O'zbekcha salomga o'zbekcha alik bo'lsin», Ibrohim Rahimning «Tilimizni hakka cho'qiganmi?», bir qur yosh ijodkorlarning «Davlat tili imtiyozsiz bo'ladimi?» singari ­tishli-tirnoqli, o'tkir mantiqli maqolalarda loyihalar xomligi, yaroqsizligi dalil-misollar bilan ko'rsatib berildi. O'sha kezlarda qop-qop xatlar kelgan, odamlar dilida saqlab kelgan fikr-mulohazalari, taklif-istaklarini ochiq, ro'y-rost bayon etishgan. Jamoatchilik ­fikri inobatga olinib, 1989 yil 21 oktyabrda «Davlat tili to'g'risida»gi qonun qabul qilindi, o'sha kun har yili til bayrami sifatida nishonlanishi belgilandi. O'zga tilli birodarlarimiz uchun tilimizni o'rganishga sharoit yaratilsa-da bunga kirishganlar oz, kirishmaganlar ko'p bo'ldi.
Prezidentimiz qarori, nutqi, farmonida butun e`tibor ona tilimiz tarixi, bugungi holati, ertangi kuniga qaratildi: Mahmud Qoshg'ariy «Devonu lug'atit turk»ni, Yusuf xos Hojib «Qudadg'u bilig»ni, Yassaviy «Hikmatlar»ini, Alisher Navoiy «Muhokamatul lug'atayn»­­ni, Bobur «Boburnoma»ni kelgusi avlodlarni, turkiy tillar taqdirini o'ylab qalam tebratgani, Behbudiy, Fitrat, Ibrat, Avloniy, Munavvar qori kabi ma`rifatparvarlarimiz maktablar ochishgani, tillar haqida kuyunchak maqolalar bitishgani, Qodiriy, Cho'lpon, Oybek, G'afur G'ulom, Hamid Olimjon, Mirtemir, Zulfiya­ singari ijodkorlar go'zal asarlar yozishganini odatdagidan ko'p eslaydigan bo'ldik…
Gyote, Pushkin, Abay, Maxtumquli, Berdaq, Ayniy, Tagor, Ayt­matov va boshqa so'z san`atkorlari shoh asarlari barobarida ona tillari taqdiri, istiqboli haqida qayg'urib, teran maqola, tadqiqotlar yozishgani ham ayni haqiqat.
Zamondosh olim, adib, shoirlar ijodi, yaratilgan lug'at, qomuslar, she`rlar, kitob, tarjimalar ko'pchilikka ma`lum. ­Keyingi vaqtda paydo bo'lgan ilmiy, badiiy, publisistik tadqiqotlar ichida P.Qodirovning «Til va el», E.Vohidovning «So'z latofati», B.To'ychiboev va Qozoqboy Qashqirlining «Zominning til qomusi», A.A`zamning «Til nomusi», E.Shukurning «Boboso'z izidan» kitoblari, Sh.Sirojiddinov, N.Mahmudov, B.Abdushukurov, I.G'afurov, E.A`zam, A.Meliboev, O.Madaev, M.Kenjabek hamda A.Abdurahmonov kabi ijodkorlarning maqolalari, televideniedagi mavzuga oid dolzarb ko'rsatuvlar alohida ta`kidga loyiq. Prezidentimiz qarori matni e`lon qilinishi bilan darhol tezkor munosabat boshlanib ketgani masalaning qanchalik dolzarb ekanligidan dalolatdir.
Shu o'rinda aytish lozimki, peshxat, lavhalarda milliy tilimizning mavqeini tiklashimiz kerak, hozir ahvol ko'ngildagiday emas. Mabodo, mo'`jiza yuz berib, Amir Temur bobomiz tirilib qolsa-yu muhtasham binolarimiz, ulkan qurilishlarimizni ko'rib quvonch, iftixor hissiga to'lar, lekin poytaxtimizdagi o'z nomiga qo'yilgan ko'cha lavhalariga ko'zi tushib, dili xufton bo'lishi aniq…
Birgina «Interkontinental» mehmonxonasi qarshisidagi ko'chada joylashgan binolar lavhalariga nazar tashlang: naqshin yozuvlar, reklamalar kechalari porlab turadi, lekin so'z, iboralar asosan ingliz, rus tillarida, bir nechtasigina o'zbekcha. Pochta bo'limi (kichik harflar bilan), dorixona, gilam yuvish, suratga tushish, pardoz qilish, soch bo'yash, tirnoq olish… bari xorijiy tillarda. Bo'y-basti bilan tushgan qizning rasmi… Yevropacha shimining ikki tizzasi yirtiq…
Poytaxt tugul yirik shaharlarimizda ham shu ahvol. Ba`zi mamlakatlarda o'zga tilda biror narsa so'rasangiz javob berishmaydi. Abdulla Oripov davralarda bir voqeani gapirib berardi. Sobiq ittifoq zamonida Andrey Voznesenskiy bilan Janubiy Koreyaga borishib, ijodiy uchrashuvlar o'tkazishibdi, ­she`rxonliklar bo'libdi, qalam haqi olishgach, u-bu xarid qilish uchun bozorga tushishibdi. «Qoshiqday bir tufli ko'zimga yaxshi ko'rinib, rus tilida «ko'rsating», deb iltimos qildim. Xushfe`l sotuvchi qiz birdan rangi o'zgarib, o'z tilida dag'al so'zlar aytib, ters o'girilib oldi. Hayron qoldim. Nariroqdagi do'konda ishlayotgan, ruschani sal-pal biladigan sotuvchiga mehmonligimiz, qaerdanligimni aytgan edim, u kelib dugonasiga tushuntirdi. Qiz birdan yuzi yorishib, uzr so'rab, avvalgiday xushmuomala bo'lib qoldi».
Mayli, biz bag'rikeng, ko'ngli ochiq xalqmiz, lekin peshxatlar eng avval o'z milliy tilimizda bitilsin-da!
Mamlakatimizda 130 ga yaqin millat, xalq ahil, hamjihat bo'lib yashaydi, bir-birlari bilan o'z va boshqa tillarda gapirishadi, yetti tilda gazeta nashr etiladi, kitob­lar chiqariladi. Xalqimizning til, musiqa o'rganishga alohida qobiliyati borligiga faxrlansak arziydi, buni xorijliklar ham e`tirof etishadi. Hozir, yurtimizda Behbudiy bobomiz orzu qilganidek, to'rt tilda gapiradigan, maqola, kitoblar yozadigan, dissertasiyalar yoqlaydigan, chet ellarga borib ma`ruzalar o'qib keladiganlar anchagina. Bog'chalarda ingliz, rus, fransuz, koreys, yapon, xitoy tillarida chiroyli chuldiraydigan bolakaylarni ko'rib, havas qilamiz…
O'zbek dialektologiyasi ­bo'yicha qator tadqiqotlar yozgan, shogirdlar yetishtirgan V.Reshetov, o'zbekcha-ruscha lug'atlar tuzgan Gel Mixaylov, Navoiy g'azal va ruboiylarini mohirona tarjima qilgan Sergey Ivanovni chuqur hurmat qilamiz. Shogirdimiz, arman qizi Arivat Grigoryan har kuni ekranda sof o'zbek tilida turfa yangiliklardan xabardor qilib turadi.
Yurtimizda chet tillarni, ayniqsa, ingliz tilini o'rganishga qiziqish yildan-yilga kuchayib bormoqda. Metroning Amir Temur nomidagi bekatidan Yunus Rajabiy bekatiga o'tiladigan uzun yo'lakning ikki tarafiga boshdan oxirigacha har besh qadamda (jami qirq-­ellik chog'i) bir xil ramkalarda «Ingliz tili. Uch oyda» degan yozuv va telefon raqamlari porlab turadi. Hayron qolasiz. Shu e`lon uch joyda – boshi, o'rtasi, oxirida bo'lsa, qolganlariga «Nemis, fransuz, ispan, italyan, koreys, yapon, xitoy tillarini, boringki, ba`zilarga, shuningdek, o'z tilini unutganlarga o'zbek tilini o'rgataman, telefonim falon» degan yozuv ilinsa bo'lmasmidi, ham tejog'li-bejog'li, ham kerakli, foydali edi.
Axir, yo'lakdan bir kunda ming­lab odamlar o'tadi, qanchasi til o'rganishga talabgor. Ko'p mamlakatlardagidek bizda ham xalqaro til – ing­liz tiliga qiziqish kuchli. Lekin bunda ham me`yor bo'lmog'i kerak. Bir tilni o'rganish o'z tiliga kam e`tibor hisobiga bo'lmasligi zarur. zero, vaqtida bir tilga sajda qilish oqibatini ko'rganmiz, hassamizni boshqa yo'qotmaylik.
Mustaqillik, Navro'z bayramlari singari Til bayramini ham qoyil qolgulik, mehmonlar havas qilgulik darajada o'tkazishimizga shubha yo'q. Shu bilan birga, bayramlarni nishonlashning eng yaxshi yo'li yetilgan, yechimini kutayotgan muammolarga e`tibor qaratmoqdir, degan hikmatni ham unutmaganimiz ma`qul. «O'zbek tili bayrami kunining belgilangani, Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish departamenti tashkil etilayotgani, Atamalar komissiyasi tuzilayotgani tarixiy voqelik. Umumta`lim maktablari o'quvchilari o'rtasida o'zbek tili mavzusida insholar tanlovini o'tkazish ham ayni muddao.
Kelgusida o'qituvchilar, shifokorlar, katta-kichik rahbarlar o'rtasida ham shunday tanlovlar o'tkazillishi zarur. Chunki insho savodxonlik, saviyani aniqlab berishning samarali vositasi, o'ziga xos lakmus qog'ozidir.

Sir emaski, yillar davomida oktyabr oyida tilimizga durust e`tibor qaratdik, maqolalar yozdik, ekranda chiqish­lar qildik, uchrashuvlar o'tkazdik, keyin harakatlarimiz susaydi, kelgusi oktyabrgacha «xudo poshsho», degan ma`noda xotirjamlikka berildik. Umid qilamizki, endi bunday bo'lmaydi, til komissiyasi muntazam nazorat qilib, hisobotlar olib, tadbirlar o'tkazib boradi. Yana bir taklifim: milliy tilimizga oid barcha maqolalar, fikr-mulohazalar, maqol-matallar, hikmatli so'zlar, tadqiqotlardan parchalar jamlanib adadi katta, salmoqli kitob qilib chiqarilsa, ko'pchilik, ayniqsa, o'qituvchilarning doimiy yo'ldoshi, qo'ldoshi bo'lsa…

Saydi UMIROV,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi,
filolog olim, publisist

Boshqa xabarlar