Inson nega semirib ketadi?

43

Bugungi kunda semizlik dunyoda jiddiy muammoga aylanib bormoqda. U, ayniqsa, ayollarni ko'proq tashvishga soladi va chiroyli tashqi ko'rinishiga putur yetkazmaslik maqsadida  ortiqcha vazndan saqlanishga doimo e`tibor qaratishadi. Xo'sh, organizmdagi qanday o'zgarishlar semirishga olib keladi?

Aytish joizki, semizlik iste`mol qilingan ovqatning energetik quvvati bilan organizmning sarf qilgan energiyasi o'rtasidagi muvozanatning buzilishi, ya`ni kam energiya sarf qilib ko'p qabul qilish natijasida ortiqcha energiya yog' shaklida tananing har xil qismlarida to'planib qolishi natijasida yuzaga keladi. Odam organizmi, evolyusion tarzda ovqat yetarli bo'lgan paytda uni zaxira sifatida to'plash va ovqat yetarli bo'lmaganda uni sarflashga moslashgan. Biroq uning haddan tashqari ko'p to'planishi va sarf etilmasligi kasallikka olib keladi.

Semizlikka sabab nima?

— Tanada ortiqcha yog'larning to'planishini bir qancha omillar keltirib chiqaradi, — deydi oliy toifali shifokor Nodira Hamroeva. — Eng asosiylari kam harakatlanish, genetik faktorlar, ya`ni lipogenez (yog' hosil qiluvchi) fermentlar faolligining oshishi va lipoliz (yog'larni parchalovchi) fermentlar faolligining pasayishi, noto'g'ri ovqatlanish yoki psixologik buzilishlar (ovqatlanishning psixogen buzilishi) hisoblanadi. Shu bilan birga, endokrin kasalliklar (gipogonadizm, gipotireoz, insulinoma), stresslarga beriluvchanlik, gipotalamus funksiyasining buzilishi, psixotrop dori vositalarini iste`mol qilish, uyqusizlik, gormonal kontraseptivlarni qo'llash, insulin va insulin sintezini kuchaytiruvchilar iste`mol qilish ham shunday oqibat sababchisidir.

Hammasiga gormonlar aybdormi?!

Ko'p ovqatlanish, kamharakatlilik va o'tirib ishlash, yoshga bog'liq o'zgarishlar hamda gormonal buzilishlar qorin paydo bo'lishiga sabab bo'ladi. Ammo qorinni yo'qotishda yog' qatlam turlarini ham inobatga olish darkor. Yog' qatlami 2 xil bo'ladi: teri ostida va visseral — qorin bo'shlig'i ichidagi yog' qatlamlari.

Teri ostiga yig'ilgan yog' qatlamini yo'qotish u qadar qiyin emas. Buni maxsus parhez va jismoniy mashg'ulotlar yordamida uddalasa bo'ladi.

Yog' teri ostiga yig'ilganini bilish uchun qorinni ushlab ko'ring: u yumshoq, burmalar bo'lib oson yig'iladi. Visseral yog' qatlami esa boshqa gap. Bunday holatda qorin qattiq va aniq dumaloq shaklda bo'ladi. Odatda uni burma qilib yig'ib bo'lmaydi.

Ichki a`zolarga qanchalik xavfli?

Yog' qatlami qorin bo'shlig'ining ichki tomonida yig'ilgani uchun u ichki a`zolarni qamrab oladi. Yog' ko'paygani sari a`zolar «siquvga olinadi». Yog' ichida «nafas ololmay» qolgan a`zo va tizimlar esa to'laqonli ishlay olmasligi tabiiy. Qorin ichki yog' qatlamlari ortib borayotgan ekan, qandli diabet, qonda lipidlar va xolesterin miqdorining ortishi, ateroskleroz, uning ketidan tromblar, infarkt yoki insult, qon bosimi bilan bog'liq muammolar uzoq kuttirmaydi.

Boz ustiga, vazn ortib ketishi oqibatida harakatlanishning qiyinlashishi, hansirash, tayanch-harakat apparatining zo'riqishi kabi muammolar ham yuzaga keladi.

Ortiqcha vazndan qutulish usullari

Semizlikni davolashda dietoterapiya, jismoniy tarbiya, dori vositalari qabul qilish, psixoterapiya, xirurgik usullar qo'llaniladi. Jumladan, dietoterapiyada iste`mol qilinadigan ovqat tarkibining asosiy qismini kletchatka va vitaminlar (meva-sabzavotlar, yong'oq, ko'katlar va boshqalar) hosil qilishi va tez hazm bo'ladigan uglevodlarni cheklash (qand, shirinliklar, pishiriqlar, non, makaron va oliy navli undan tayyorlangan mahsulotlar) talab etiladi.

Dori vositalari bilan davolash esa faqat vaqtincha tana vaznini kamaytirishga yordam beradi, xolos. Agar dori vositalari qabul qilgandan so'ng bemor o'z hayot tarzini o'zgartirmasa, tana vazni yana oshib boraveradi.

Psixoterapiya usuli o'z-o'zini boshqarish hissini uyg'otishga, ovqatga bo'lgan munosabatni va u bilan bog'liq odatlarni o'zgartirishga, jismoniy harakatni doimiy oshirib borishga va ishonchli ijtimoiy quvvatlash hosil qilishga qaratilgan.

Yuqoridagi davolash usullari foyda bermagan taqdirda xirurgik davolash usullarini qo'llash mumkin.

Xulosa o'rnida…

Organizmda ortiqcha yog' to'planishiga hech ham befarq bo'lmaslik kerak. Eng avvalo, mazkur holat kelib chiqmasdan uning oldini olish maqsadga muvofiq hisoblanadi. Buning sharti esa sog'lom turmush tarziga amal qilish, salomatlikni doimo nazorat qilib borishdan iboratdir. Chunki semizlik kelib chiqqanda esa vaziyatni ortga qaytarish uchun yanayam kuchli irodali bo'lish talab qilinadi.

Darvoqe…

Ovqatdagi yog'larning me`yori qanday bo'lishi kerak?

Katta yoshli odamlar uchun bir sutkalik oziq-ovqat mahsulotlari tarkibidagi yog' miqdori o'rtacha 80-100 g., shundan 25-30 g. o'simlik moylari, 3-6 g. o'ta to'yinmagan yog' kislotalari, 1 g. xolesterin va 5 g. fosfolipidlar bo'lishi kerak. Yog' miqdori mehnat qobiliyatiga ega bo'lgan 18 yoshdan 59 yoshgacha bo'lgan insonlarning jinsi va yoshiga qarab belgilanadi. Bolalar va o'smirlarda yog'larga bo'lgan fiziologik ehtiyoj ularning tana vazni va yoshi hisobga olingan holda belgilanadi.

Bolalar va 17 yoshgacha bo'lgan o'smirlar uchun hayvon yog'lari, (sariyog') solishtirma og'irligi kattalarnikidan birmuncha ko'proq bo'lishi kerak.

Katta yoshli kishilarda moddalar almashuvi sekinlashib borishi munosabati bilan, yog' iste`molini bir qadar cheklash tavsiya etiladi. Yoshi qaytgan va semirishga moyil hamda yurak-qon tomir kasalliklari (ateroskleroz va boshqalar) bilan og'rigan bemorlarning ovqat rasionida, albatta, o'simlik moyi hayvon yog'idan miqdor jihatidan ko'proq bo'lishi lozim. Bolalar va o'smirlar uchun tavsiya qilinadigan bir sutkalik ovqat tarkibidagi yog'ning miqdori bir sutkalik quvvat sarfining 36 foizini tashkil qilishi kerak.

Xirurgik davolash qanday bajariladi?

Hozirgi kunda semizlikni davolashda butun dunyoda uch xil xirurgik usul eng ko'p qo'llaniladi:

Me`dani shuntlash (gastric bypass) — me`dani «katta va kichik» bir-biri bilan ulanmaydigan ikki qismga bo'lishdan iborat. «Kichik me`da»ga ingichka ichak ulanadi va ovqat qisqa yo'l bilan yo'g'on ichakka tushadi. Ushbu operasiya 2 xil ta`sirga ega: biri (restriktiv – me`da hajmining kamayishi) me`da hajmining 50 ml. gacha kamayishi va ikkinchisi esa ovqatning qisqa yo'l orqali o'tib (malabsorbtiv) kam so'rilishi.

Me`dani bandajlashda, me`da bilan qizilo'ngach orasiga silikondan halqa (bandaj) qo'yiladi. Bandaj ovqatning o'tishiga qarshilik ko'rsatadi va me`da tubidagi reseptorlarni qo'zg'atib to'yinish hissini uyg'otadi. Barcha zamonaviy bandajlar boshqariluvchan, ya`ni bemor holatiga ko'ra ovqat o'tkazish halqasini kengaytirish yoki toraytirish mumkin.

Engli gastroplastika (Sleevegastrectomy)da me`daning katta egriligi olib tashlanadi va kichik egriligi bo'ylab ingichka trubka hosil bo'ladi. Ovqat ingichka trubka orqali o'tib tezda to'yinish hissini uyg'otadi va me`daning katta egriligi hamda tubida joylashgan grelin (och qolish gormoni) hosil qiluvchi reseptorlar yo'qligi tufayli och qolish hissi so'nadi.

Yana bir narsaga e`tibor qaratish lozim, plastik xirurgiyaga kiruvchi liposaksiya va abdominoplastika operasiyalari semizlikka qarshi kurashish uchun emas, balki estetik kamchiliklarni bartaraf etish uchun ishlab chiqilgan. Liposaksiya va abdominoplastikada tana vazni biroz kamaysa-da, ularning sog'liqni tiklash uchun hech qanday foydasi yo'q.

Ikkinchidan, bu operasiyalarda teri osti yog' kletchatkasi olinadi, sog'liq uchun zararlisi esa ichki a`zolardagi yog' (visseral yog') hisoblanadi. Ayrim tadqiqotlarda aniqlanishicha, teri osti yog' qatlami olingandan so'ng ichki a`zolardagi yog' (visseral yog') tez ko'payadi.

To'lqin ShERNAEV

Manba: «Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar