Siyosiy partiyalarning bugungi holati talabga javob beradi…(mi?)

30

So'nggi yillardagi o'zgarishlar sabab xalqimiz deputatlarni taniy boshlagani rost. Buning sabablaridan biri — deputatlarning hukumatga so'rovlar yuborib, ko'pchilikni qiynayotgan ayrim muammolarga qonuniy yechim topganidadir. Biroq tan olish kerakki, bunday ijobiy o'zgarishlar ham keng jamoatchilik orasida siyosiy partiyalarga nisbatan kuchli ishonch uyg'ota olgani yo'q.

Shu bois ba`zi yurtdoshlarimiz siyosiy partiyalarning ayni kunlardagi faolligi saylov o'tishi bilan tugaydi, deb hisoblamoqda. Bu o'z-o'zidan siyosiy partiyalar oldida saylovchilar ishonchini qozonishdek ulkan vazifa turganini anglatadi. Ishonch qozonishda esa saylovoldi targ'ibotlari muhim o'rin tutadi. Xo'sh, saylov targ'iboti aslida qanday bo'lishi kerak? Hozirgidek muhim jarayonda siyosiy partiyalar mamlakatda bo'layotgan jarayonlarga o'zining qat`iy munosabatini bildirish o'rniga bir-birini huquqiy savodsizlikda, ko'chirmakashlikda ayblashi qanchalik to'g'ri?

Shu kabi savollar bilan saylovoldi jarayonlarida bevosita ishtirok etayotgan mutaxassislarga murojaat qildik.


«Piar»ning turli usullari bor, ammo…

Akmal BURHONOV,

«Yuksalish» umummilliy harakati rahbari:

— Xalqaro tajribadan ko'rinadiki, siyosiy partiyalarning birinchi o'rindagi maqsadi — hokimiyatni egallash. Ya`ni hukumat darajasida o'z vakillarini ko'paytirish va shu orqali saylovoldi dasturida nazarda tutilgan rejalarni amalga oshirish hisoblanadi. Bunga erishish uchun esa «qora», «antipiar» usullaridan foydalanish holatlari ham kuzatiladi. Buni normal holat, deb qabul qilish kerak.

Lekin siyosiy partiyalarimiz dolzarb masalalar yoki hukumat tomonidan amalga oshirilayotgan ishlarga, uning faoliyatiga munosabat bildirish o'rniga maishiy masalalar bo'yicha ham bir-birlarini tanqid qilishi kuzatilyapti. Buni ham qaysidir ma`noda tabiiy hol deb qabul qilish kerak. Chunki siyosiy partiya shu kabi yo'llar bilan saylovchilar diqqatini o'ziga qaratishga haqli. Lekin eng dolzarb masala — mamlakatni rivojlantirish bo'yicha har bir partiyaning aniq dasturi bo'lishi kerak. Shundagina saylovchilar ishonchini qozonish mumkin.

So'nggi paytlarda o'tkazilayotgan so'rovlar natijasiga ko'ra, aksariyat yurtdoshlarimiz hamon qaysi partiyaga ovoz berishi haqida bir to'xtamga kelmagan. Bunga siyosiy partiyalar saylovoldi dasturini to'liq yakuniga yetkazmagani ham sabab bo'lishi mumkin. Boshqa tomondan, buni siyosiy partiyalarning shu kungacha bo'lgan faoliyati uchun baho, deb hisoblasa ham bo'ladi. Demak, «Yangi O'zbekiston: Yangi saylovlar» shiori ostida o'tkaziladigan saylovlar siyosiy partiyalar uchun haqiqiy sinov bo'ladi.

Partiyalar o'z nomzodlarini saylovchilarga tanishtira boshladi. Qisqa muddatda saylovoldi dasturlariga so'ngi nuqtani qo'yish ham belgilab olingan. Umid qilamizki, shundan so'ng siyosiy partiyalarimiz maishiy mavzularda emas, g'oyaga qarshi g'oya bilan kurasha boshlaydilar. Bu esa mamlakatimizning istiqboldagi siyosiy, ijtimoiy hayotida muhim ahamiyat kasb etadi.


Saylovchilar kimga ovoz berayotganini bilishi kerak

Sherzodxon QUDRATXO'JAEV,

Markaziy saylov komissiyasi a`zosi:

— Bugun yurtdoshlarimizning siyosiy ongi o'sib, siyosiy jarayonga munosabat bildir­yapti. Ayni paytda hokim yoki vazir bilan deputatning vazifasini ajrata olmaydigan hamyurtlarimiz ham yo'q emas. Shu sabab jamoatchilik orasida «saylov unday o'tadi, bunday o'tadi» degan turlicha fikrlar bo'lyapti. Menimcha, hech qanday Nostradamuslarning keragi yo'q.

Ochig'i, siyosiy partiyalarni tanqid qilish tarafdori emasman. Nimaga? Keling, partiyalarimizning uch-to'rt yil avvalgi holatini, oldingi saylovlarni yodga olaylik. Bugun ular kechagi partiyalar emas! Ular orasida rang-baranglik paydo bo'ldi. O'zaro ziddiyatlarga boryapti. Muhokamalarga kirishyapti, bu evolyusion o'zgarish!

Qolaversa, har bir okrugda 135 ming atrofida saylovchi borligini hisobga olsak, nomzodlarga saylovchilar ishonchini qozonishi oson ish emasligini tushungan bo'lardik. Lekin mana shu qisqa muddat ichida, avvalo, ana shu ishonchni qozonish kerak va uni oqlash shart. Buning uchun barcha siyosiy partiyalarda birdek imkoniyat bor. Bunday ishonch bilan fikr bildirishga haqlimiz. Chunki bu yilgi saylovlar avvalgilaridan tubdan farq qiladi. Nomzodlarga savollar berishga, kerak bo'lsa, saylov­oldi dasturini tahlil qilishga shay turgan yurtdoshlarimiz bor. Bugungi nomzodlar ana shunday holatlarga tayyor bo'lib borishi kerak.

Saylovchilar ham kimga va qanday g'oyasi uchun ovoz berayotganini yaxshi bilishi kerak. Saylovchilarga yo'lini ta`mirlash, gaz ta`minoti bilan bog'liq ishlarni va`da qilib, adashtirish kerak emas. Deputat, bu — butun mamlakatning taqdiri uchun muhim bo'lgan qonunlarni qabul qilishda mas`ul bo'lgan shaxs. Agar qonunlar yaxshi bo'lsa, u Toshkent uchun ham, Yozyovon uchun ham, Qorako'l uchun ham yaxshi bo'ladi.

Qaniydi, nomzodlarimiz joylardagi korxona, davlat idoralari, shifoxonayu maktablarda, kerak bo'lsa, xonadonma-xonadon yurib, saylovchilar bilan yuzma-yuz ko'rishib muloqotga kirishsa. Bizda ilgari nomzodlar yopiq zallarda bir-ikkita uchrashuv o'tkazish bilan cheklangani ham rost. Lekin endi deputatlikka nomzod o'sha xududga borib yashashi kerak. Bu «Yangi O'zbekiston: Yangi saylovlar» shiori ostida o'tkaziladigan saylovlarning talabi.

Saylovchilar bilan ochiq muloqotlar nomzodlar uchun faqat foyda keltiradi. Ular o'zi deputat bo'ladigan hududlardagi muammolarni o'rganadi. Saylovdan muvaffaqiyatli o'ta olmagan taqdirda ham ana shuncha insonlarning taqdir bilan tanishish, ularning dardiga quloq tutish har qanday kishi uchun katta hayotiy maktab bo'ladi. Bugungi deputat aynan shunday maktab sabog'ini olgan bo'lishi kerak. 

Xulosa o'rnida

Bu yilgi saylovlar avvalgilaridan tubdan farq qilishi ta`kidlanyapti va Markaziy saylov komissiyasi tomonidan haqiqiy bahoni saylovchilar berishi kerak, degan shior ilgari surilmoqda. Xalq bahosini olish uchun esa quruq hisobotlar, balandparvoz gaplar emas, saylovchilar bilan ular tushunadigan tilda muloqotga kirishish va muammolarga qonun bilan barham berishni taklif etish kerak. Buning uchun partiyalar bir-biri bilan maishiy mavzularda bahslashishga sarflayotgan vaqtini bugungi saylovchilarni qiziqtiradigan savollarga javob berishga sarflasa, maqsadga muvofiq bo'lardi. Zero, saylovchilarni siyosiy partiyalarning nafaqat kelgusi ish rejalari, balki o'tgan muddatda bajargan ishlari ham qiziqtiradi va shunga qarab ularga baho beradi.

Boboravshan G'OZIDDINOV

Manba: «Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar