So'z erkinligi: huquqmi yo?..

124

So'z erkinligi har bir normal jamiyat uchun suv va havoday zarur. Zero, ochiq matbuot demokratiyaning ajralmas qismidir. Ekspertlarning fikricha, so'z erkinligi xalqchil davlat boshqaruviga, kuchli va odil hukumatni shakllantirishga xizmat qiladi. Haqiqatan ham, muammolar haqida ro'y-rost gapirish, ularni hal qilish yo'lida sobit siyosat yuritish samarasini biz o'tayotgan keyingi uch yillik hayotimiz misolida ko'rdik. Aksincha, yaqin o'tmishimizda fikr tutqunligi jamiyatni tanazzulga yetaklashi mumkinligini ham his etdik. Shu ma`noda, jurnalist Karim Bahriev «So'z erkinligini bo'g'adigan davlat o'z ildiziga bolta urayotgan, o'zi ichadigan daryoni quritayotgan, amaldorlarining qalloblik botqog'iga botishining oldini oladigan va xavfdan ogoh etadigan jarangdor qo'ng'irog'ini parchalayotgan, o'z miyasini el-ulusdan kelayotgan hikmatlardan mahrum etayotgan, demakki, o'zini fikrsizlik, turg'unlik o'pqoniga – tanazzulga sudrayotgan bo'ladi» deganida mutlaqo haq edi.

So'zlamayotgan odam o'ylashdan ham to'xtaydi. Negaki, so'z tafakkur mahsuli. Dunyoqarash qanchalik tor bo'lsa, nutq ham, ijtimoiy pozisiya ham shunday chuchmal bo'ladi. Xuddi «tilla baliqcha» (A. Oripov) yanglig' dunyoni ko'lmakdan iborat, deb o'ylaydi kishi. Bunga hayotiy misollar ko'p. «Biz hammadan baxtlimiz, bizdagi imkoniyatlar dunyoning boshqa davlatida yo'q», degan fikrlar shuurimizni shu qadar egallab oldiki, o'z yolg'onimizga o'zimiz qovurilib, o'zimiz mahliyo bo'lib yuraverdik muayyan muddat.

Bugun demokratiya hayotimizga tobora chuqurroq singib bormoqda. So'z erkinligi jamiyat taraqqiyotini ta`minlovchi omillardan biri sifatida namoyon bo'lmoqda. Mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy rivoji yo'lida chuqur tahlilga, mus­tahkam asosga ega qator ilg'or fikrlar ilgari surilmoqda. Bugun ijtimoiy tarmoqlar ham, matbuot va televidenie ham erkin bayon qilishga harakat qilmoqda va buning samarasi sezilmoqda. Biroq shu bilan birga, so'z erkinligini qadrlamaslik, uni suiiste`mol qilish holatlari ham uchramoqdaki, bu yangilanayotgan jamiyat yuzidagi husnbuzar kabi ortiqchalik kasb etmoqda.

Bugun axborotga tashnalik ham, uni tarqatishga bo'lgan ishtiyoq ham har qachongidan oshgan. Biroq … taqdim etilayotgan xabar nechog'lik haqqoniy? Ko'p hollarda qabul qilayotgan axborotimizning rost-yolg'onligi, uning zamirida qanday maqsad borligi haqida o'ylab ko'rmasdan boshqalarga ham ulash­yapmiz. Va oqibatda ko'proq g'iybatchiga o'xshab qolyapmiz. Taassufki, ko'pchiligimiz so'z erkinligi deganda asosli-asossiz turli fikrlarni ilgari surishni tushunmoqdamiz. O'ylamasdan so'zlash, xayolga nima kelsa, tahlil qilib o'tirmasdan tilga, to'g'rirog'i, ijtimoiy tarmoqlarga ko'chirish urfga aylandi. Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, ko'pchilik hollarda bugungi erkinlik jamiyatda «shaxsiy manfaat» tegirmoniga suv quyayotganday. Shaxsiy g'araz, xusumat va manfaat ko'p hollarda ustun kelmoqda. Xususan, «kimningdir tovug'i tuxum qo'ymagani uchun, kimnidir yo'tal tutsa ham davlat aybdor» qabilidagi fikrlar shakl­lanmoqda. Ba`zi birovlarga hech nima xush kelmaydi. Quyosh chiqsa, oftob urishidan noliydi, bahor kelsa, allergiyasi qo'ziydi, qishqi sovuqda tumov bo'ladi. Bunday pessemist kimsalar barcha jamiyatlarda bor. Biroq hamma narsadan kir qidirish ham insofdan emas-ku?! Deyl Karnegining kitobida o'qigandim: qamoqxonadagi ikki maxbus deraza tirqishlaridan tashqariga boqarkan, ulardan biri osmon to'la yulduzlarni ko'rsa, ikkinchisi ro'paradagi axlatxonani. Mavlono Rumiy esa buni yanada chiroyliroq tasvirlaydi: bog' xayoli boqqa, do'kon xayoli do'konga olib boradi…

Ha, har kim o'zi xohlagan, ko'rolgan narsani ko'radi va shunga yarasha nasibasini oladi…
Yuqorida ta`kidladik, so'z erkinligi, bu — huquq. Ammo bir narsani yodda tutish kerakki, huquq bor joyda, albatta, burch va majburiyat ham bo'ladi.

Ijtimoiy tarmoqlar orqali o'zgalarni haqorat qilish, bu — so'z erkinligi emas. O'zining shaxsiy manfaatlarini ko'zlab, yolg'on-yashiq axborotlar tarqatishning ham so'z erkinligiga mutlaqo aloqasi yo'q.
Afsuski, bugun mana shunday holatlar ko'proq ko'zga tashlanmoqda. So'z aytishda xolislikni unutib qo'yyapmiz. Adovatga berilib, adolatdan yiroqlashayapmiz.
So'z erkinligi fikrni erkin ifodalash va aytilgan gap uchun javob berishdir. Faqat, rahbarlar emas, balki har bir inson o'z aytgan so'ziga javob bera olishi kerak. Har kim xayoliga kelgan gaplarni aytaversa, nima bo'lishini tasavvur qilish qiyin emas. Xalqimiz bekorga «o'ynab gapirsang ham, o'ylab gapir» demaydi.
XXI asr nafaqat axborot asri, balki axborot urushi asri hamdir. Buni esdan chiqarmasligimiz kerak. So'z erkinligi insonning boshqa huquqlarini poymol qilishi, ijtimoiy tarmoqlar orqali yo'llanayotgan turli chaqiriqlar etnik urushlarni keltirib chiqarishi mumkin. Bugun o'z axborotlari bilan odamlarni boshqarishga urinuvchilar ko'paymoqda. Ularning qarmog'iga ilinishdan ehtiyot bo'laylik.
Erkin so'zimiz faqat ezgulikka xizmat qilsin!

Muhabbat TO'RABOEVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar