Tarix va madaniyat ko'zgusi

33

Qardosh turkman xalqi azal-azaldan o'zbeklar bilan yaqin bo'lgan. Yurtimizga kelin bo'lib tushgan turkman qizlari, birodar yurtda yashayotgan o'zbek opa-singillar – qavm-u qarindoshlarimiz oz emas. Demak, turkman xalqining madaniyati, urf-odatigina emas, bu yurtda ro'y berayotgan ijobiy o'zgarishlar ham xalqimiz uchun doimo muhim va ahamiyatli.

Keyingi paytlarda qardosh o'zbek va turkman xalqlari o'rtasidagi do'stlik aloqalari yanada yuksalmoqda. Ikki yurt o'rtasida barcha sohalarda bo'lgani kabi madaniy-gumanitar yo'nalishdagi aloqalar ham butunlay yangi bosqichga chiqdi.
Alisher Navoiy nomidagi O'zbekiston Milliy kutubxonasida Turk­maniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov asarlarida madaniyat hamda san`atning xalqlar o'rtasidagi do'stlik hamda birodarlik aloqalarini ­mustahkamlashdagi ahamiyatiga bag'ishlangan tadbirda shu xususda so'z yuritildi.

Anjumanda Turkmanis­ton Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov qalamiga mansub «Madaniyat – xalqning bebaho javohiri», «Turkman madaniyati», «Tinchlik musiqasi, do'stlik va birodarlik musiqasi», «Baxshi – xalq baxtining darakchisi» kitoblari mazmuni, ularda ilgari surilgan g'oya xaqida fikr-mulohazalar bildirildi.
Turkman xalqi ildizlari necha-necha asrlarga borib taqaladigan o'zining boy madaniyati, ­qadriyat va an`analari bilan haqli ravishda faxrlanadi. Turkmanis­ton Prezidentining turkman, ingliz va rus tillarida nashr qilingan «Madaniyat – xalqning bebaho javohiri» kitobi bilan tanishish jarayonida turkman xalqining milliy madaniyatini yanada rivoj­lantirish borasida keng ko'lamli ishlar amalga oshirilganiga guvoh bo'lish mumkin.

Mazkur kitobda muallif mustaqillik yillarida mamlakatda bosib o'tilgan muvaffaqiyatli taraqqiyot yo'lini chuqur tahlil qilish bilan birga, madaniyat va san`at sohalari xodimlarining oldiga yangi-yangi vazifalar qo'ygan. Xususan, madaniyat va san`atni yanada rivoj­lantirish bo'yicha ilgari surilgan g'oya va tashab­buslari o'zining dolzarbligi hamda ko'lamdorligi bilan o'quvchi e`tiborini tortadi.

Tadbirda mashhur turk­man musiqachisi Shukur baxshining hayoti va ijodi haqida hikoya qiluvchi «Tinch­lik musiqasi, do'stlik va birodarlik musiqasi», «Baxshi – xalq baxtining darakchisi», «Turkman madaniyati» kitob­lari mazmuni haqida madaniyat va san`at namoyandalari, yozuvchi-shoirlar, Turkmanistonning O'zbekistondagi elchixonasi vakillari o'z fikr-mulohazalarini bayon qilib, mazkur asarlar turkman xalqi tarixi va madaniyatini yuksak badiiy va ilmiy-ommabop usulda yoritib berganligi bilan ahamiyatli ekanini ­e`tirof etishdi.

Zebo NOMOZOVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar