Yangi qonundan mehnatkashlarga qanday manfaatdorlik bor?

43

Kasaba uyushmalari deganda ko'z oldimizga ishlovchilarning mehnatga oid huquq va manfaatlari himoyasi masalasi keladi. Chunki mazkur jamoat tashkilotining faoliyati ayni shu maqsadga qaratilgan. Ya`ni u xodimlarning vakillik organi bo'lib, ishlovchilar tarafidan turib ish olib boradi. Shu ma`noda kasaba uyushmalarining huquqiy imkoniyatlari kengayishi mehnatkashlarning haq-huquqlari samarali himoya qilinishini anglatadi.

O'tgan hafta Oliy Majlis Qonunchilik palatasida deputatlar tomonidan «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun ma`qullandi va uni Senatga yuborish haqida qaror qabul qilindi. Xo'sh, yangi qonun zarur huquqiy bosqichlardan o'tib, hayotga tatbiq etilsa kasaba uyushmalari faoliyatida qanday o'zgarishlar ro'y beradi? Mehnatkashlar uchun qanday manfaatdorlik keltirishi mumkin?

Asosiy yangiliklar nimalardan iborat?

 — Parlament quyi palatasida tasdiqlangan yangi qonunda kasaba uyushmalari faoliyatini tartibga solishning aniq mexanizmlari ko'rsatib berilgan, — deydi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi yuridik bo'limi boshlig'i Hamidulla Pirimqulov. — Ahamiyatlisi, yangi qonun bilan kasaba uyushmalariga xodimlarni ijtimoiy himoya qilish, bandlikka ko'maklashish, mehnat nizolarini ko'rib chiqishda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish, xodimlarning manfaatlarini muhofazalash, ularning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlarini ta`minlash masalalarini hal etishda qatnashish, normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqishda ishtirok etish bo'yicha keng huquqlar berilmoqda. Yana bir e`tiborga molik jihati, qonun kasaba uyushmalari faoliyatining prinsiplari, kasaba uyushmalarini tashkil etish, qayta tashkil etish va ularning faoliyatini tugatish tartibi, huquqlariga rioya etilishining kafolatlari, kasaba uyushmalari faoliyatining iqtisodiy asoslari, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish va mehnat sohasidagi ijtimoiy sheriklik to'g'risidagi yangi boblar bilan boyitilgan.

Ish beruvchi bilan tengma-teng munosabatga qanday erishiladi?

Konstitusiyamizning 59-moddasida xodimlarning kasaba uyushmasiga ixtiyoriy a`zo bo'lish huquqi nazarda tutilgan. Sohaga oid amaldagi qonunda esa besh nafardan ortiq xodim istagi bilan ular ishlayotgan korxonada boshlang'ich kasaba uyushmasi tuzilishi mumkin. Sir emas, bugungi kunda xususiy tadbirkor qo'l ostida 2-3 nafar odam yollanib ishlashi holatlari ham bor. Ularning huquqi nima bo'ladi? Shu jihatdan yangi qonun ishlovchilarning kasaba uyushmasiga birlashishiga keng imkoniyat yaratadi. Masalan, bir korxonada 2 kishi ishlaydi, boshqasida ham shuncha odam mehnat qiladi. Ular o'zaro kelishgan holda, birgalikda kasaba uyushmasi tashkil etishlari mumkin. Hujjatga ko'ra, boshlang'ich tashkilot tuzish uchun kamida 3 nafar a`zo bo'lsa kifoya. Bu esa ularga mehnatga oid huquq va manfaatlari yuzasidan ish beruvchi oldiga qonuniy talablarni qo'yish imkoniyatini yaratadi.

Mehnat inspeksiyasi ma`muriy chora ko'radimi?

Jiddiy yangiliklardan yana biri — kasaba uyushmalarining mehnat inspeksiyalari tuzilishidir. Aslida to'qsoninchi yillar o'rtalarigacha jamoat tashkiloti qoshida shunday tuzilma bo'lgan. Ular endi yangi ko'rinishda qayta tiklanadi. Mehnat inspeksiyasiga qanday vakolatlar berilyapti? Ma`lumki, kasaba uyushmalari vakillari tizim xizmatiga olinmagan, ya`ni boshlang'ich tashkilotlari bo'lmagan korxonalarga kirib borish huquqiga ega emas. Endi mehnat inspektorlari xohlagan ish joyiga kirib, u yerda mehnatga oid, mehnat muhofazasi yoki kasaba uyushmalari to'g'risidagi qonunchilikka qanchalik rioya qilinayotganini o'rganishadi.

To'g'ri, kasaba uyushmasi mehnat inspeksiyasida qonunchilikka rioya qilmagan rahbarlarga ma`muriy chora ko'rish, ish o'rni mehnat muhofazasi talabiga javob bermasa, uni to'xtatib qo'yish huquqi bo'lmaydi. Chunki kasaba uyushmasi nodavlat jamoat birlashmasi bo'lib, bunday vakolatga ega emas. Lekin kasaba uyushma mehnat inspeksiyasi shunday holatlar aybdorlariga chora ko'rishni so'rab davlat mehnat inspeksiyasiga yoki prokuraturaga murojaat qilishi mumkin.

Mehnat muhofazasi vakili qanchalik zarur?

— Qonun ish joylarida mehnat muhofazasi jonlanishiga jiddiy ko'mak beradi, — deydi Federasiyaning mehnatni muhofaza qilish bo'limi boshlig'i Nodira Karimova. — Ya`ni har bir korxona-tashkilotda xodimlar tomonidan mehnat muhofazasi bo'yicha vakil saylanadi. U ishxonada xodim hayoti va salomatligi uchun xavf soluvchi holatlarni bartaraf etish bo'yicha ish olib boradi. Korxonada xodimlarni baxtsiz hodisalardan himoyalash komissiyalarida boshlang'ich kasaba uyushmasining ham ishtiroki ta`minlanadi. Mehnat muhofazasi bo'yicha vakil mazkur komissiya tarkibiga kiritiladi.

Ijtimoiy sheriklik qaysi asoslarga suyanadi?

Kasaba uyushmalarining ish beruvchilar, ijroiya hokimiyati organlari bilan o'zaro munosabatlarining samarali mexanizmlari, ularning ijtimoiy sheriklikda ishtirok etish shakllari qonunda aniq belgilangan. Ish beruvchilarga kasaba uyushmalari uchun sharoitlar yaratish majburiyatini yuklash, ya`ni ko'maklashish, takliflarini o'z vaqtida ko'rib chiqish, ish joylariga to'siqsiz kirish imkonini berish, kerakli hujjatlarni taqdim etish kabi normalar kiritilganki, bularning barchasi tizimning yanada samarali ishlashi uchun muhim omil hisoblanadi.

Xullas, «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun ijtimoiy mehnat sohasida kasaba uyushmalari huquq va kafolatlarini yanada mustahkamlash barobarida, mehnat ahlining huquq va manfaatlari himoyasini mukammal aks ettirishi, ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni hal etishda qulay sharoit va kafolatlar yaratishi bilan e`tiborga molik.

To'lqin ShERNAEV

Manba: “Mahalla” gazetasi

Boshqa xabarlar