Ehtirom shodiyonasi

40

Prezident Shavkat Mirziyoevning o'zbek
tiliga davlat tili maqomi berilganining
30 yilligiga bag'ishlangan tantanali
marosimdagi nutqini tinglab…

Yangi davr boshlanishi

O'zbekiston Respublikasining «Davlat tili haqida»gi qonuni qabul qilinganining 30 yilligiga bag'ishlangan tantanali yig'ilish Xalqaro Kongress markazida o'tkazilishini ko'pchilik kutmagandi.
– Nima, «Toshkent-Siti»da qurilish ishlari shu qadar qisqa muddatda tugallandimi?
– Xalqaro Kongress markazi shuncha izdihomni sig'dira oladimi?
– Tag'in…

Shoshmang, birodar, «tag'in-mag'in»ga o'rin qolmadi, baraka topgur! 80 gektar maydonning 1 million 600 ming kvadrat metrida yoppasiga qurilish ishlarini olib borish bo'yoqchining qil qalamda nil tortishi emas. Siz uning bitgan, qad rostlagan, pardozdan chiqqan binolarini bir ko'ring, hayratdan og'zingiz ochilmasa, mana men kafil! Mana-man degan mamlakatlardagi hashamatli saroylarni ko'rish nasib etgan kishi sifatida aytaman – me`morlik san`ati, nafis did, mahobat borasida zarracha kam joyimiz yo'q. Ana, ne-ne dunyo kezgan xorijlik siyo­satdon diplomatik korpus vakillari ham hayratlarini yashirishmayapti, bahri dillari ochilgancha kirib borishmoqda koshonaga. Yangilik, kenglik, yorug'lik dillardagi kin-g'uborlarni haydab soladi, kishi kayfiyatini osmonlar sari ko'taradi, degan hikmatnamo gapning isbotini ko'rib turgandek edim. Zero, yoshidan, jinsidan, mavqeidan qat`i nazar, anjumanga oshiqayotgan – tashrif buyurayotgan qatnashchilar ko'tarinki kayfiyat timsoliga aylangan edilar, nazarimda. Davlatimiz rahbari bu kayfiyatni ikki og'iz jumlada ifodaladi: «Toshkent-Siti» markazi mamlakatimizda qurilish va arxitektura sohasida taraqqiyotning yangi davri boshlanganini ko'rsatadi.
Shoyad! Binokorlik sohasidagi yangi davr milliy ma`naviyatimiz poydevori, o'zagi bo'lmish davlat tiliga bo'lgan munosabatimizdagi yangi davrni boshlab berdi, tom ma`nodagi yangi davrni!

Bamisoli ming yillik chinor!

Prezident o'zbek tilining olis tarixiga alohida urg'u berdi. Darhaqiqat, o'zbek tili kecha paydo bo'lgan emas. Tilimiz tarixi xalqimizning, davlatimizning olis tarixiga tutashib ketgan. Ota-bobolarimiz o'z so'zini o'zbek tilida aytgan. Dos­tonlarimiz, ertaklarimiz, maqomlarimiz, laparlarimizgacha o'zbek tilida kuylangan, avloddan-avlodga o'tgan. Ajdodlarimiz qanchadan-qancha zafarli onlarni boshidan kechirgan bo'lsa, taassuflar bo'lg'aykim, qanchadan-qancha istilolar, azob-uqubatlar, kulfat va musibatlar komiga tortilgan bo'lsa, ona tilimiz ularning hech biridan chetda qolgan emas. Kurashlarga dosh bergan, sayqal topgan, boyib borgan – nafaqat saqlangan, balki ming yillik chinor yanglig' qaddi-basti, ko'rki, ma`no-mazmuni, salohiyati biron daqiqa rivojlanishdan, takomillashishdan to'xtamagan – YaShAGAN!

Ilk qadam

O'tgan yuz yillik yer kurrasi aholisi, jumladan, o'zbek xalqi uchun favqulodda voqea-hodisalarga to'lib-toshgan asr sifatida tarix sahifalariga bitildi. Xususan, asrning so'nggi 10 yilligi o'nlab davlatlar, millionlab insonlar, taqdirlar, qismatlar uchun ro'shnolik voqealari bilan boshlandi. Mustaqillikning hayotbaxsh shamollaridan bahramandlik tarixiy, siyosiy va ayniqsa, milliy-ma`naviy ma`nodagi uyg'onishni bosh­lab berdi. Bu palla O'zbekistonda g'oyatda o'zgacha kechdi: davlat mustaqilligi e`lon qilinishidan qariyb ikki yil ilgari ona tilimizga davlat tili maqomi berildi!
Istagancha talqin etilishiga izn beradigan voqea bu! Ona tilimizning yashovchanligidan, tarix to'fonlari oldida o'zi-o'zligini saqlay olish qudratidan dalolat edi bu voqea! Sho'rolar saltanati ayni jilovni mahkam tutgan, biron-bir qardosh milliy tilga ro'shnolikni ravo ko'rmagan mafkura tazyiqlari ostida o'zbek tilimizning siyosiy mavqei qaror topishi unikal voqea edi! Bu borada, ya`ni 1989 yilning 21 oktyabriga qadar kechgan mashaqqatli va mardonavor kurash bosqichlarini endigi avlod vakillari uchun ro'y-rost hikoya qilish mavridi keldi. Zero, ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi o'zbek tili, demakki, o'zbek xalqi mustaqil yashashga qodirligidan dalolat beruvchi muborak va qutlug' ilk qadam edi!

Istagancha talqin etilishiga izn beradigan voqea bu! Ona tilimizning yashovchanligidan, tarix to'fonlari oldida o'zi-o'zligini saqlay olish qudratidan dalolat edi bu voqea! Sho'rolar saltanati ayni jilovni mahkam tutgan, biron-bir qardosh milliy tilga ro'shnolikni ravo ko'rmagan mafkura tazyiqlari ostida o'zbek tilimizning siyosiy mavqei qaror topishi unikal voqea edi! Bu borada, ya`ni 1989 yilning 21 oktyabriga qadar kechgan mashaqqatli va mardonavor kurash bosqichlarini endigi avlod vakillari uchun ro'y-rost hikoya qilish mavridi keldi. Zero, ona tilimizga davlat tili maqomi berilishi o'zbek tili, demakki, o'zbek xalqi mustaqil yashashga qodirligidan dalolat beruvchi muborak va qutlug' ilk qadam edi!

Armon emas, orzulardan so'ylaylik

O'zbek tiliga davlat tili maqomi berilganiga roppa-rosa 30 yil to'ldi. Eh-he-e, ozmuncha ishlarni amalga oshirish mumkin edimi bu davrda?! Gazetxonlar kechirsinlar-u, hayotda u yoki bu aybni o'zgalar zimmasiga ag'darishdan osoni yo'q. Rostini aytadigan bo'lsak, men nima qildim, deya o'z-o'zimizni ko'ndalang savolga tutadigan payt keldi. Yanayam aniqrog'i, armonlardan tegishli xulosa chiqarib, bugungi dorilomon kunlarda do'ppini yerga olib qo'yib, orzulardan tiniq rejalar tuzish, AMALIY ishlarga kirishish davroni yetdi. Keyingi uch yillik nihoyatda qisqa fursatda ko'z o'ngimizda ma`naviyat va ma`rifat borasida yuz berayotgan voqealar shuni ko'rsatmoqda. Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o'zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilishi, atoqli adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablarining ochilgani, jahon adabiyotining eng sara namunalarini o'zbekchalashtirish borasida yangi pog'onalar zabt etilayotgani, xosiyatan, ona tilimizning xalqaro maydondagi nufuzining orta borayotgani dalda beruvchi, da`vat etuvchi, olg'a boshlovchi kuchga aylanmoqda. Zero, yangi davr kuch-g'ayratlarni yangicha safarbar etishni, milliy g'urur – milliy salohiyatni yangicha maqomlarga ko'tarishni taqozo etadi.

Milliy g'urur timsoli

Davlatimiz rahbarining tilidan: «Milliy tiklanishdan – milliy yuksalish sari» degan so'zlarni eshitish o'zgacha ruh, o'zgacha g'urur baxsh etdi tinglovchilarga. Xususan, ona tilimizga bag'ish­langan tantanada, yuksak minbardan turib jaranglagan bu so'zlar mohiyatidagi ham ijtimoiy-siyosiy, ham ma`naviy, ham milliy, ham tarixiy, ham ilmiy, ham axloqiy ma`no-mazmunni ifodalash jild-jild kitobga jo bo'ladi. Prezidentimizning: «Men bugun «O'zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi farmonga imzo chekdim» degan xushxabari anjuman ruhini avj pardalarga ko'tardi! Olqish­larga sazovor bo'ldi. 21 oktyabr sanasi yurtimizda «O'zbek tili bayrami kuni» deb belgilandi!
Ochig'i, bunday yangiliklar davlat rahbari tilidan yangrashining ahamiyati, nufuzi, salmog'i milliy g'urur yuksalishiga qanchalar ta`sir ko'rsatishini tasavvur qilib, entikib ketasan kishi! Til millatimiz taqdiri, qismati, orzu-havasi, shukuhi, or-nomusi, nafsoniyati, buguni va istiqboli, axir!
Nutqda tilga olingan quyidagi birgina raqamga e`tibor beraylik: «Hozirgi vaqtda o'zbek tilida so'zlashuvchilar soni jahon miqyosida 50 million kishiga yaqinlashib qoldi».
Nufusi milliardlardan oshib ketgan mamlakatlarni bilamiz, tili milliardlab muloqotlar vositasiga aylanganlar ham ma`lum. Lekin baribir «50 million» ham kichik raqam emas. Bu raqam tinimsiz ortib borishiga shak-shubha yo'q. Lekin gapning muhimi boshqa yoqda: biz 50 millionlik millatmiz! Tilimiz 50 million insonning boshini qovushtirib turibdi, dilini diliga payvand etmoqda, g'ururiga g'urur qo'shmoqda! Ana shu g'urur olovi, alangasi bu yorug' ochunda hech kimdan kam emasligimiz, yuzimiz yorug'ligi, qaddimiz sarafrozligi timsoli ekanligini har bir o'zbek bilib qo'ymog'i, anglab yetmog'i shart!

Tilning begonasi yo'q

O'z ona tilini mukammal bilish, uning qadr-qimmatini joyiga qo'yishning hikmati ko'p. Chunonchi, ona tiliga hurmat bajo aylash o'zga tillarni egallash sari yo'l ochadi. Yuksak intellektual va jahongashtalik cho'qqisiga chiqqan hozirgi zamon kishisi uchun tilning begonasi yo'q.
Hozirda o'zbekning oyog'i yetmagan manzil-maskan qolmadi hisob yer yuzida. Binobarin, ajnabiy tillarni o'rganish, o'sha tillarda maqsad-maslagini izhor eta olish juda-juda oddiy va tabiiy hol bo'lib qoldi. Prezident mazkur masalaga alohida e`tibor qaratdi. Buyuk alloma ajdodlarimiz o'nlab tillarni puxta bilganliklariga urg'u berdi. Bu azaliy xayrli an`ana mamlakatimizda yuqori zamonaviy mavqega ega bo'la borayotgani yanada quvonarli holdir. O'rta maktab o'quvchilari, oliy o'quv yurti talabalari, yosh-yosh mutaxassislar istalgan tilda nafaqat oddiy-maishiy mavzuda, balki turfa ixtisosliklar yuzasidan emin-erkin muloqot qila olayotganliklari ko'rgan ko'zni quvontirmoqda. Boshqacha aytganda, o'zbek tilini astoydil o'rganayotgan xorijlik O'zbekiston do'stlari nechog'li ko'paysa, dunyo bilan do'stlashayotgan o'zbek vatandoshlarimiz safi ham shunchalar ortib borishi muqarrar.
Ha, o'zbekona bag'rikenglik jahonga yuz tutish, til o'rganish borasida ham qo'l kelmoqda.

Internet va til

Har qanday milliy til tillararo muloqot muhitida yashaydi. Bunday «yashash» tarzi natijasi o'laroq milliy tillar o'zga tillar, atamalar, tushunchalar hisobiga boyiydi. Globallashuv va shiddatli axborot oqimi har kuni, har soatda o'nlab yangidan-yangi so'zlarni o'zlashtirishni taqozo etmoqda. Dunyo muloqot maydoni internet sahifalariga ko'chgani endilikda hech kimga sir emas. Bu borada raqobat avj olgani ham barchaga ayon haqiqat. Galdagi vazifa bepoyon internet olamini zabt etish. Afsus, internet sahifalarini o'zbek tilidagi ma`lumotlar bilan boyitish, shu orqali O'zbekis­tonni, o'zbek tilini, o'zbekona tafakkur, aql-idrok salohiyatini targ'ib etish borasida oldimizda turgan vazifalar tog'-tog' bo'lib turibdi. Nutqda aytilganidek, o'zbek tilining kompyuter ­dasturlari, onlayn darsliklar, elektron lug'atlar qancha ko'paysa, shuncha oz. Zamonning talabi bu, Prezidentning chaqirig'i, da`vati bu!

Yozuvlar – savodxonlik ko'zgusi

Yozuvsiz ko'cha yo'q, atamasiz bino-inshoot yo'q. Ko'zga tashlanadigan yozuvlarning go'zalligi, bejirimligi – estetikasi alohida mavzu. Ularning qaysi tilda, alifboda yozilgani, imloviy to'g'riligi, ochig'i, tashvishli ahvolda ekanligini mamlakat rahbari afsus bilan tilga oldi. Toponomik nomlar, belgilar, hatto, xususiy idora, tashkilot, muassasalar, markazlar peshtoqidagi yozuvlar shunchaki yozuv emasligini anglab yetish milliy g'urur, siyosiy va ma`naviy hushyorlikni, oddiy savodxonlikni talab etadi. Hamonki, har bir yozuv aholi va keng omma e`tibori uchun mo'ljallanar ekan, bu xususiy-ixtiyoriy mazmundagi «Bo'zchi bilganini to'qiydi» qabilidagi ish emas, balki ijtimoiy-siyosiy, ma`naviy-ma`rifiy ahamiyatga molik vazifa, burch, majburiyat. «Bu davlat tili talablariga, milliy madaniyat va qadriyatlarimizga bepisandlikdan, umumiy savodxonlik darajasi esa tushib ketayotganidan dalolat beradi». Shu ma`noda Vazirlar Mahkamasida Davlat tilini rivojlantirish bo'yicha alohida tuzilma tashkil etilgani, Atamalar komissiyasini tuzish masalasi nazarda tutilgani ayni muddao bo'ldi.

Da`vat, shior

Tarixiy nutq pirovardida aytilgan quyidagi so'zlar vatandoshlarimiz – keksayu yosh, ayol-u erkak hayotida, har bir oila, har bir jamoaning kundalik turmushida bot-bot, takror va takror tilga olinmog'i, da`vatkor shior maqomiga ega bo'lmog'i zarur:
– Muxtasar aytganda, har birimiz davlat tiliga bo'lgan e`tiborni mustaqillikka bo'lgan e`tibor deb, davlat tiliga ehtirom va sadoqatni ona Vatanga ehtirom va sadoqat deb bilishimiz, shunday qarashni hayotimiz qoidasiga aylantirmog'imiz lozim.

…Prezidentimiz Shavkat ­Mirziyoevning nutqi yangragan anjuman davlat tili – Ona tilimizga ehtirom shodiyonasiga aylandi. Ehtiroslar yangitdan ko'z ochdi, umid uchqunlari yangilandi, yangi-yangi rejalar, vazifalar belgilandi. Oqillik, odillik va ezgu niyatlar ila boshlanajak amallar xayrli natijalar sari yetaklashiga imon keltirildi.

Xurshid DO'STMUHAMMAD,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a`zosi,
filologiya fanlari doktori

Boshqa xabarlar