Ishonch oqlandi(mi?)

25

2017 yilning 28 dekabrida Ichki ishlar vazirligi va Davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi o'rtasida 2018-2019 yillarga mo'ljallangan Tarmoq kelishuvi imzolandi.

Unga asosan Qashqadaryo viloyatida ham ichki ishlar organlari xodimlari hamda ishchi-xizmatchilarining ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida tizimda boshlang'ich kasaba uyushma qo'mitalari tuzildi. Boshlang'ich tashkilotlarning salohiyatini yuksaltirish, faoliyatini mus­tahkamlash maqsadida Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar xodimlari Birlashgan kasaba uyushma qo'mitasi ham tashkil etildi.
O'tgan vaqt mobaynida xodimlar va ularning oila a`zolari, farzandlariga dam olishi va davolanishi uchun imtiyozli yo'llanmalar ajratildi. Tog'li hududda joylashgan 25 ta bolalar sog'lomlashtirish oromgohi, 4 ta davolash muassasasi va yana bir qancha dam olish maskanida ichki ishlar xodimlari va ularning oila a`zolari sog'ligini mustahkamlashdi.
Kam ta`minlangan, ehtiyojmand xodimlarga moddiy yordam berish, uzoq yillar ichki ishlar organlarida xizmat qilgan faxriylarga, xizmat vaqtida halok bo'lgan xodimlarning oilalariga g'amxo'rlik ko'rsatish ham kasaba uyushmalari faoliyatining muhim yo'nalishlariga kiradi.
– Tizimda 300 nafar xotin-qiz faoliyat yuritadi, – deydi davlat muassasalari va jamoat xizmati xodimlari kasaba uyushmasi Qarshi shahar kengashi raisi Munojot Norova. – Har yili Xotin-qizlar bayrami munosabati bilan ma`naviy-ma`rifiy tadbirlar uyushtiriladi va ularga esdalik sovg'alari taqdim etiladi.
Har ikki yilda bir marta «Eng faol yosh ichki ishlar xodimi» ko'rik-tanlovini o'tkazish yo'lga qo'yildi.
2018 yilda viloyat bo'yicha ichki ishlar xodimlariga 33 ta yo'llanma ajratildi. Shuning­dek, 29 nafar xodimning yaqin qarindoshlari ham sog'ligini tiklash imkoniyatiga ega bo'ldi. Joriy yilning to'qqiz oyida 21 nafar xodim ota-onasi uchun sanatoriyga yo'llanma olgani esa g'amxo'rlikning o'ziga xos ko'rinishi sifatida baholandi.
– Otam umrida biron marta sihatgohda dam olmagan edi. Kasaba uyushmalari ko'magi bilan «Chinobod» sanatoriysida hordiq chiqardi, – deydi viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimi Elyor Normanov. – biz ham bundan nihoyatda xursandmiz.
Shuni alohida e`tirof etish o'rinliki, Ichki ishlar vazirligi hamda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiya­­sining qo'shma qaroriga asosan, xizmat chog'ida halok bo'lgan xodimlarning oila a`zolariga yoki olgan jarohati tufayli nogiron bo'lib qolgan xodimlarga ham sanatoriylarga bepul yo'llanmalar ajratish belgilangan.
Ichki ishlar xodimlarining kasaba uyushmalariga bo'lgan ishonchi kundan-kunga ortib borayotir.

Akmal ABDIEV,
«Ishonch»

Boshqa xabarlar