Kelajagimizni o'zimiz quramiz

36

«Urganchtransgaz» unitar korxonasi kasaba uyushma qo'mitasi ma`muriyat va boshqa jamoat tashkilotlari hamkorligida «Yoshlar – kelajak bunyodkori» shiori ostida qator tadbirlar tashkil qilindi.
– Biz ushbu kun yoshlar qalbida bir umr muhrlanib qolishini va ularga ishtiyoq va kuch-g'ayrat bag'ishlashini niyat qildik, – deydi korxona kasaba uyushma qo'mitasi raisi Ravshan Eshchanov.

O'tmishga nazar

Unitar korxona tarixi, taraqqiyot bosqichlari, bu yerdagi uzoq yillik faoliyati bilan soha rivojiga barakali ulush qo'shgan insonlar haqida hikoya qiluvchi muzey tashkil qilingan. Bunga ma`muriyat va kasaba uyushmasi bosh bo'ldi. Tasarrufdagi barcha korxonalar uni eksponatlar bilan boyitishga hissa qo'shishdi. Magist­ral quvurlar loyihalari, fotosuratlar, korxona rivojini kafolatlagan buyruq va qarorlar, korxonada ishlatilgan aloqa vositalari va boshqa qator buyumlar, ko'rgazma vositalari muzeydan joy oldi. Eksponatlar soni mingdan ziyod.
Muzeydan o'rin olgan ma`lumotlarga ko'ra, 1963 yilning 28 martida «Glavgaz»ning 92-sonli buyrug'iga asosan «Buxoro-Ural» magistral gaz quvurlari qurilish direksiya­­si Urganch bo'limi tashkil qilingan. Korxona o'tgan yillar davomida turli nomlar bilan atalgan. Biroq, uning zimmasidagi vazifa o'zgarmagan. Hozirda «Urganchtransgaz» unitar korxonasi Xorazm viloyati va Qoraqalpog'iston Respublikasi iste`molchilariga tabiiy gazni yetkazib berish hamda davlatlararo shartnomalarga asosan «Gazli-Nukus», «Buxoro-Ural», «O'rta Osiyo-Markaz» va «Xiva-Beyneu» magistral gaz quvurlari orqali tabiiy gaz transportirovkasi, jumladan, O'zbekiston gazining MDH mamlakatlariga eksporti, ­Tur­k­­­maniston va Qozog'iston gazi tranzitini amalga oshirib kelmoqda.

Ustozlar ibrati

Tadbir uzoq yillar korxonaga rahbarlik qilgan mehnat faxriysi Zufar Botirov va korxona o'quv-sog'lomlashtirish markazi direktori Bahrom Avezov bilan samimiy suhbatdan boshlandi. Zufar Botirov har bir yosh mutaxassis korxona hayotida o'z o'rniga ega bo'lish uchun harakat qilishi lozimligi, tor sohaga doir bilimlar bilangina cheklanib qolmay, adabiyotga oshno tutinib, tarixni chuqur o'rganishi zarurligini ta`kidladi. Bahrom Avezov esa o'quv markazida yosh kadrlar salohiyatini oshirish uchun yaratilgan sharoitlar haqida so'zlab berdi.

Ochiq muloqot, oshkora tahlil

Korxona rahbari va yoshlarning ochiq muloqoti tadbirlarning avj nuqtasi bo'ldi.
– Bu yerda rahbar yo'q, men sizning safdoshingizman, – dedi korxona rahbari Aminboy Aminov. – Mana shu yondashuv asosida fikr va takliflaringizni bildirishlaringiz mumkin.
Muloqotga korxona faoliyatini yanada rivojlantirish yuzasidan takliflar bilan kelgan yoshlar o'rtasida jonlanish ko'zga tashlandi.
– Ustyurt tekisligida gaz quyish shoxobchasi tashkil qilinib, korxona mashinalari ham metandan foydalanish joriy etilsa, mablag' iqtisod qilinadi, boshqa mashinalarga xizmat ko'rsatish esa qo'shimcha daromad olib keladi, – dedi Qo'ng'irot magistral gaz quvurlari bo'limi xodimi Umarbek Hayitmetov.
Muloqot davomida yosh mutaxassislar o'rtasida turli tanlovlar uyushtirish, o'rta maxsus ma`lumotli yoshlarning oliy ma`lumot olish­lariga sharoitlar yaratish, sog'lom raqobat muhitini ­shakllantirish, sohaga doir adabiyotlarning elektron bazasini yaratish, issiqxonalardan samarali foydalanish va boshqa masalalarda o'nlab takliflar berildi.
Tadbirdan so'ng yoshlar Urganchdagi yoshlar markazida bo'lishdi. O'zbekiston yoshlar ittifoqi Xorazm viloyati kengashi, viloyat prokuraturasi, ma`naviyat va targ'ibot markazi vakillari bilan uchrashuv tashkil qilinib, dolzarb mavzularda muloqotlar olib borildi.
Yoshlar ittifoqi ijodiy havaskor jamoasi tomonidan tashkil qilingan teatrlashtirilgan tomoshalar ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi.

Muhabbat TO'RABOEVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar