Majburiy mehnatga qarshi kurashda o'zbekiston tajribasi o'rganilmoqda

292

O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasida Malayziyaning birlamchi sanoat vazirligi delegasiyasi bilan uchrashuv o'tkazildi. mazkur delegasiya AQSh mehnat vazirligining odam savdosi jabrdiydalarini himoya qilish vakolatini qayta rasmiylashtirish bo'yicha dalolatnomasida qayd etilgan majburiy mehnat va bolalar mehnati masalalarini muvaffaqiyatli hal qilishda O'zbekiston tajribasini o'rganish maqsadida tashrif buyurgan.

Uchrashuvda O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi faoliyati to'g'risida batafsil ma`lumot berildi. Mamlakatimizdagi eng yirik jamoat tashkilotlaridan biri hisoblangan kasaba uyushmalari 14 ta tarmoq kasaba uyushmasi va 32,4 mingdan ortiq boshlang'ich tashkilotlarda 5,1 milliondan ortiq ishchi-xodimni birlashtiradi. Bugungi kunga qadar kasaba uyushmalarining himoya funksiyalari asosan bandlik, ish haqi, mehnat xavfsizligi, huquqiy va ijtimoiy himoya kabi yo'nalishlarda amalga oshirilayotgani, ratifikasiya qilingan xalqaro qonunlar hamda milliy qonunchilik talablariga rioya etish borasida amalga oshirilgan ishlar mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Ta`kidlanganidek, bugun O'zbekiston kasaba uyushmalari xodimlarning ijtimoiy-iqtisodiy manfaatlariga taalluqli bo'lgan normativ-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish jarayonida faol ishtirok etmoqda.
Jumladan, «Kasaba uyushmalari to'g'risida»gi qonun loyihasini deputatlar ma`qullangani hamda Senatga yuborish haqida quyi palataning qarori qabul qilinishi kasaba uyushmalari qonunchiligini mustahkamlashda muhim qadam bo'ldi.
Mehmonlarga, shuningdek, O'zbekis­ton kasaba uyushmalari tomonidan majburiy mehnatning oldini olish, bunda fuqarolarga bepul huquqiy yordam ko'rsatish, xalqaro mehnat standartlari, shu jumladan, XMT Konvensiyalarini tatbiq etish borasida olib borilayotgan tizimli ishlar to'g'risida ma`lumot berildi. Kasaba uyushmalari Federasiyasi Yuridik klinikasi qoshida tun-u kun faoliyat ko'rsatayotgan «Call center»ni o'z ichiga olgan aholi bilan Qayta aloqa mexanizmi to'g'risida alohida to'xtalib o'tildi. Kasaba uyushmalarining ijtimoiy muloqotni rivojlantirish borasidagi faoliyatini kuchaytirishga yo'naltirilgan ishlar va shu maqsadda jamoa muzokaralari va ­jamoa-shartnomaviy munosabatlarni yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan tadbirlar yuzasidan mufassal so'z yuritildi.
– Bolalar mehnati va majburiy mehnatning oldini olish masalasiga jahon miqyosida katta e`tibor qaratiladi, – dedi O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi raisi o'rinbosari Baxtiyor Mahmadaliev. – Malayziya delegasiyasi tashrif davomida majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qo'yishda O'zbekiston tajribasi bilan tanishadilar. Xalqaro mehnat tashkilotining «Uchinchi tomon monitoringi» vakillari bilan uchrashuv, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi va boshqa hamkor tashkilotlar bilan uchrashadilar. Zarurat bo'lsa, paxta dalalaridagi holat, amalga oshirilayotgan ishlarni o'z ko'zlari bilan ko'rib baho berishlari mumkin.
Shundan so'ng delegasiya vakillari O'zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasi Kengashi qoshidagi Yuridik klinika faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Murojaat yo'llanganidan keyin hududlarda majburiy mehnat va bolalar mehnatidan foydalanish holatlari qayd etilganida ko'riladigan choralar, tashkil etilgan ishchi guruhlar monitoringi hamda muammoni hal etishda e`tibor qaratiladigan jihatlar mehmonlarda qiziqish uyg'otdi. Bu borada o'zlarini qiziqtirgan amaliyotga oid savollarga javob olishdi.
– O'zbekistonning majburiy mehnat va bolalar mehnatiga chek qo'yishdagi faoliyati xalqaro hamjamiyat tomonidan e`tirof etilmoqda, – deydi Malayziya birlamchi sanoat vazirligi bosh vaziri o'rinbosari Toisin Gantor. – Xususan, yurtingizda bu boradagi ilk qadamlar 2010 yilda boshlangan bo'lsa, bugungi kunga kelib to'liq barham topishiga erishildi. Bu juda katta yutuq. Biz bu tajribani o'rganib, ma`lumotlarni tahlil qilib, o'zimizga moslashtirish mumkin bo'lgan jihatlarni Malayziyada amalga tatbiq ish niyatidamiz. Ayni chog'da olgan ma`lumotlarimizdagi o'xshash va farqli jihatlarni belgilab olyapmiz. Masalan, O'zbekistonda majburiy mehnat va bolalar mehnati asosan paxta yig'im-terimi bilan bog'liq bo'lsa, bizda biroz boshqacharoq. Bu holat, xususan, palma yog'i yetishtirish, ishlab chiqarish va boshqa yo'nalishlarda uchraydi. Hamma yo'nalishlarni belgilab, chegaralash biroz qiyin. Shu bois, hamkorlikni yo'lga qo'yganimizdan mamnunmiz. Kelgusida ham tajriba almashishni davom ettirish umididamiz.

A`zam ABULFAYZOV,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar