Narx-navoning bunchalik tez o'zgarayotgani nimaga bog'liq?

19

So'nggi paytlarda narx-navoning o'zgarishi misli ko'rilmagan voqelikka aylanmay qoldi. Boisi jamoat transporti chiptalari narxi 1400 so'm bo'lganiga o'rganmasimizdan burun non narxi oshdi. Mashina olish uchun pul jamg'arayotganlar esa mo'ljalni qanday olishni bilmay halak. Narx-navo tez-tez o'zgarib turgandan keyin shu-da: rejali qilingan ish ham yakunda o'xshamay qoladi.  Xo'sh, avvallari vaqti-vaqti bilan, yilda bir, ko'pi bilan ikki marta amalga oshiriladigan narx-navodagi o'zgarishlar sur`ati bugun nega tezlashdi?


Bizda «investisiya chanqoqligi» degan tushuncha paydo bo'ldi

Mamarizo NURMUROTOV,

Markaziy bank raisi:

— Haqiqatan ham, oxirgi ikki yilda bizda inflyasiya darajasi ma`lum bir darajada boshqa davlatlarga nisbatan yuqori bo'ldi. Bu nima bilan izohlanadi? Eng avvalo, boshqa davlatlar 30 yil oldin qilingan bozor tamoyillariga o'tishni biz haqiqiy hayotda oxirgi 3 yilda amalga oshirdik. Ya`ni narxlarni erkinlashtirdik. Biz shu paytgacha boshqariladigan narxlarni haqiqiy bozor holatidan kelib chiqib emas, aksincha xo'jalik yurituvchi sub`ektlarga zarari bo'lsa-da, narxni past darajada ushlab turdik. Lekin buni bozor ko'tarmaydi. Shuning uchun birinchi qilayotgan ishimiz — boshqariladigan narxlarni erkinlashtirish orqali kelgusi faoliyat uchun zaminni mustahkamlashdan iborat bo'ldi.

Ikkinchi sababi, bu ham ob`ektiv sabab, bizda «investisiya chanqoqligi» degan tushuncha paydo bo'ldi. Ayni paytda hududlarda investision faollikni oshirishga e`tibor qaratilmoqda. Albatta, bu qo'shimcha mablag' va resursni iqtisodiyotga chiqarishni taqozo etdi. Bank kreditlari ham, investision kreditlar ham davlat resurslarini chiqarish orqali amalga oshirildi. Bu o'z-o'zidan iqtisodiyotdagi pul miqdorining ko'payishiga olib keldi. Natijada inflyasiya saqlanib qoldi.

Uchinchi sababi, bu — valyuta bozorini erkinlashtirishdir. Hamma davlatlar valyutasini erkin ayirboshlashni tashkil qilganda inflyasiya bir necha barobar oshib ketgan. Bizda ­val­yuta siyosatini erkinlashtirish qariyb 9 oy tayyorgarlik ko'rish orqali amalga oshirildi. Shuning uchun inflyasiya 2-3 barobar oshib ketmadi. Agar e`tibor beradigan bo'lsak, valyuta kursimiz qariyb 2 barobar oshdi. Bu o'z-o'zidan narxlarning ham 2 barobar oshishiga asos bo'lishi mumkin edi. Yo'q, olib borilgan iqtisodiy, pul-kredit va soliq-byudjet siyosati narxlarning haddan ziyod oshib ketishining oldini oldi.

Endi masalaning mohiyatiga nazar solsak, yuqori darajadagi inflyasiya iqtisodiyotga ham, aholiga ham o'zining salbiy ta`sirini ko'rsatadi. Shu nuqtai nazardan kelib chiqqan holda, biz 2020 yildan boshlab bu borada Markaziy bankka bevosita bog'liq bo'lgan hamda inflyasiyani jilovlash uchun Hukumatga bog'liq bo'lgan ishlarni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqqanmiz. Dastur asosida mo'ljallangan tadbirlarimiz amalga oshadigan bo'lsa, 2021 yildan boshlab bir raqamli inflyasiyaga tushish va 2023 yildan boshlab inflyasiyani targetlash mexanizmi asosida 5-6 foizlik inflyasiyaga erishish mo'ljallangan.

To'g'ri, har qanday iqtisodiy o'sishlar ma`lum bosqichlarni bosib o'tish orqali amalga oshiriladi. Ammo ularning amalda o'zini nechog'li oqlashini vaqt ko'rsatadi, natijalar isbotlaydi.


Bozor narxini talab va taklif boshqaradi

Mehmonali ALIQULOV,

Toshkent moliya instituti o'qituvchisi:

— O'zbekistonda narx-navoning tez-tez o'zgarishi bir nechta omillarga bog'liq. Ulardan birinchisi, inflyasiya darajasini yuqori ekanligi, ikkinchisi, eksport va import hajmining mutanosib emasligi, uchinchisi, bu tovarlarga nisbatan talab va taklifni keskin o'zgarishidir. Aslida bozordagi narx-navoni 4 unsur: talab, taklif, narx va raqobat boshqaradi. Shu paytgacha bozorlarimizda aholining quyi qatlamini himoya  qilish maqsadida ko'pchilik tovarlarga demping, ya`ni pasaytirilgan narxlar qo'llanilardi. Endilikda erkinlashtirilgan narxlar joriy qilinmoqda. Narx-navoning tez-tez o'zgarayotgani ayni shu jarayonga ham bog'liq.

Birgina misol: avvallari bir dona non 600 so'mdan sotilar edi. Vaholanki, uni ishlab chiqarish undan qimmatga tushardi. Erkinlashtirilgan narxlar tizimida ishlab chiqaruvchilar barcha xarajatlarni inobatga olgan holda, mahsuloti narxini o'zi belgilash huquqiga ega bo'ladi. To'g'ri, avval ham ishlab chiqaruvchi o'z tovari narxini belgilagan. Ammo kundalik iste`moldagi zaruriy oziq-ovqat mahsulotlari uchun pasaytirilgan narx amal qilardi. Erkinlashtirilgan narx tizimiga o'tilishi shuning uchun ko'pchilikda narx-navo tez-tez o'zgaryapti, degan tasavvurni uyg'otmoqda. Qolaversa, bizda mahsulot ishlab chiqarishda foydalaniladigan texnologiyalar ham nisbatan eski, ya`ni samaradorligi yuqori emas. Bu ko'p xarajat talab qiladi, natijada tovarlarning  narxi ham oshadi. Agar tadbirkorlarimiz ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish tizimlariga yangicha yondashuv, zamonaviy texnika va texnologiyalarni, zamonaviy boshqaruv uslublarini joriy etib sog'lom raqobat muhitini shakllantirmas ekan, mahsulot va xizmatlar narxlari tez-tez oshib yoki tushib turishi kuzatilaveradi.

Demak, xulosa qilishga hali shoshmaslik kerak. Boisi iqtisodiyotimizda erkinlashtirilgan narx tizimi endigina joriy qilindi. Agar u o'zini to'la oqlasa, ishlab chiqaruvchilar ham iste`molchilar bilan hisoblashishga majbur bo'ladi. Axir, talab yuqori bo'lgan joyda mahsulot turi ham ko'payadi. O'zaro raqobatda esa sifatli va hamyonbop tovarlargina «yashab» qoladi. Shu tariqa mahsulot tannarxidagi o'zgarishlar ham juda yuqori bo'lmasligi ta`minlanadi.

Sirasini aytganda, erkinlashtirilgan narxlar tizimi narx-navo o'zgarib turishiga sabab bo'lsa-da, ishlab chiqaruvchilar o'rtasida o'zaro sog'lom raqobat muhiti boshlanishiga ham imkon yaratadi.

Sadoqat MAXSUMOVA

Manba: «Mahalla» gazetasi

Boshqa xabarlar