O'rganishga molik asarlar

35

Mustaqillikning dastlabki yillari tetapoya bo'layotgan barcha davlatlar uchun oson kechmadi. G'alla – don mustaqilligiga erishish, sanoatni rivojlantirish, yoshlarni ish o'rinlari bilan ta`minlash, tanazzulga uchragan zavod va fabrikalarni «ushlab» qolish kabi qator muammolar Hamdo'stlik mamlakatlari uchun o'ziga xos sinov bo'ldi. Jumladan, yon qo'shnimiz – qardosh va birodar turkman xalqi ham o'zining birinchi rahbari boshchiligida ushbu sinovlarni birin-ketin yengib o'tishiga to'g'ri keldi.

Bugungi kunda izchil islohotlar olib borayotgan rahbar – Gurbanguli Berdimuhamedovning oqilona siyosati tufayli mamlakat iqtisodiyotida barqaror o'sish va farovonlikka erishilyapti.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedovning «Turkmaniston – farovonlik va taraqqiyot mamlakati», «Arkadag'ning baxtiyorlik zamoni», «Turkmaniston barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish yo'lida», «Turkmaniston qudrat va saodat davrida» kabi asarlari taqdimotiga bag'ishlab o'tkazilgan konferensiyada bu haqda batafsil so'z yuritildi.
– O'tgan yillar mobaynida Turkmaniston iqtisodiyotni modernizasiya qilish va diversifikasiyalash, jumladan, sanoat infratuzilmasi, neft-gaz sohalari, elektroenergiya, qurilish, to'qimachilik, yo'l-transport infratuzilmasi, qishloq xo'jaligini isloh qilish kabi jabhalarda salmoqli yutuqlarga erishdi. Muallifning asarlarida ham uning keng mushohadali tahlilchi, nuktadon siyosatchi – davlat yetakchisi ekanligi ko'rinib turibdi, – deydi O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi, iqtisodiyot fanlari doktori Qalandar Abdurahmonov.
Darhaqiqat, 2016 yillarda dunyoda kuzatilgan iqtisodiy inqiroz davrida ayrim rivojlangan davlatlarda yalpi ichki mahsulotning o'sishi 2-3 foizni tashkil etgan bir paytda Turkmanistonda bu ko'rsatkich 6 foizdan pasaymay kelmoqda. Mamlakatda tadbirkorlik faoliyatini olib borish uchun qulay sharoit yaratilib, barcha jabhalarni texnologiyalashtirish jarayoni ketmoqda. «Davlat – inson uchun» shiori ostida ayollarni ish bilan ta`minlash, maktabgacha ta`limni rivojlantirish, oliy va o'rta ta`lim sohasidagi pedagoglar uchun qulay sharoit yaratish kabi masalalarga katta e`tibor qaratilmoqda.

Gurbanguli Berdimuhamedov o'z asarlarida turkman xalqining tarixi va madaniyati o'ziga xosligini qayd etish bilan birga, aholining farovon turmush darajasini ta`minlash bilan bog'liq masalalarni chuqur va atroflicha ilmiy tahlil qilgan. Darvoqe, muallifning shu paytgacha chop etilgan asarlari 35 taga yetdi.
Taqdimotda taniqli iqtisodchi olimlar, moliya sohasining yetuk mutaxassislari hamda Turkmanistonning mamlakatimizdagi elchixonasi vakillari ishtirok etishdi. Konferensiyada ma`ruzachilar har bir asar va uning mazmuniga alohida to'xtalib, iqtisodiyot yo'nalishida ta`lim olayotgan talabalar, tadqiqotchilar va mutaxassislarga atroflicha o'rganishni tavsiya qilishdi.

Zebo NAMOZOVA,
«ISHONCH»

Boshqa xabarlar